Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Download 1.75 Mb.
bet14/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Nazorat uchun savollar:



  1. Xususiy va ommaviy huquq o’rtasidagi nisbatni fuqarolik huquqi misolida tushuntirib bering. Aynan qanday xususiyatlari bilan fuqarolik huquqi xususiy huquq tizimiga mansub sanaladi?

  2. Mulkiy munosabatlar fuqarolik huquqini predmetini tashkil etadi. Fuqarolik huquqi bilan tartibga solinadigan mulkiy munosabatlarning o’ziga xos xususiyatlarini ochib bering?

3. Reklama agentligi jismoniy va yuridik shaxslardan reklama buyurtmalarini qabul qilish uchun ommaviy oferta e’lon qildi. Bu e’longa asosan “Baraka” MChJ va xususiy tadbirkor Akramov agentlikka o’zlarining turdosh mahsulotlarini reklama qilish uchun murojaat qildi. Agentlik “Baraka” MChJdan ko’p foyda kelishini hisobga olib, xususiy tadbirkor Akramov bilan shartnoma tuzishni rad etdi.
Agentlikning harakatlari qonuniy asosga egami? Fuqarolik huquqida taraflarning tengligi deganda nimani tushunasiz?
4. Fuqaro Aliyev o’zinig yer uchastkasida yetishtirgan qo’ziqorin mahsulotini sotish uchun “Yerqo’rg’on” bozoriga olib keladi. Shu hududda aholi o’rtasida qo’ziqorindan zaharlanish hodisasi ro’y berganligi sababli sanitariya epidemiologiya markazi xodimlari insonlarni hayoti va sog’lig’ini himoya qilish maqsadida bu mahsulotni sotishni ta’qiqladi. Fuqaro Aliyev o’z mahsulotlarini respublika hududida erkin sotish huquqi borligini vaj qilib sudga murojaat qildi.
Fuqaro Aliyevning e’tirozi qonuniy asosga egami? Tovarlarning erkin harakatda bo’lishi tamoyilining mohiyati nima?


2-MAVZU. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLIK HUQUQINING MANBALARI

Fuqarolik huquqi manbalari tushunchasi va turlari. Fuqarolik qonunlarining vaqt, hudud va shaxslar bo‘yicha amalda bo‘lishi. Qonun analogiyasi va huquq analogiyasi. Fuqarolik-huquqiy normalarni sharhlash va ularning turlari.




Fuqarolik huquqi manbalari tushunchasi va turlari

Har bir huquq tarmog‘i muayyan ijtimoiy munosabatlar guruhini tartibga solar ekan bunda qo‘llaniladigan qoidalar, me’yorlar muayyan shaklda ifodalanadi. Ushbu manbalar o‘zining turli xususiyatlari bilan ya’ni rasmiylashtirish shakli bo‘yicha (qonun, qonun osti hujjati), yuridik kuchi bo‘yicha (Konstitutsiya, qonun, qonun osti hujjatlari), ta’sir doirasi bo‘yicha (qonun osti hujjati, lokal normativ hujjat) farq qiladi.


Fuqarolik huquqiy munosabatni tartibga soluvchi manbalar boshqa huquq tarmoqlaridan farqli ravishda huquqiy va nohuquqiy manbalar tizimiga bo‘linadi. Huquqiy manbalar davlat tomonidan yoxud muayyan korporativ tuzilma tomonidan qabul qilinib, belgilangan tartibda amal qiladi. Huquqiy manbalarning keng doirasini qonunlar, qonun osti hujjatlari tashkil etadi. Har qanday huquqiy hujjatlar fuqarolik huquqining manbasi bo‘lib hisoblanavermaydi. Fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi manba sifatida e’tirof etilish uchun u muayyan talablarga javob berishi lozim.
Birinchidan, huquq manbasi huquqni qo‘llovchi akt emas balki, normativ huquqiy hujjat xususiyatiga ega bo‘lishi shart. Ikkinchidan, ushbu normativ-huquqiy hujjat muayyan vakolatli davlat organi tomonidan yoxud vakolatli tuzilma tomonidan qabul qilingan yoki chiqarilgan bo‘lishi shart. Ushbu normativ huquqiy hujjat muayyan shaklda yuridik texnika qoidalariga asoslanib ishlab chiqilgan bo‘lishi shart. Ushbu normativ huquqiy hujjatning asosiy qismi adliya idoralarida tegishli ravishda ro‘yxatga olingan bo‘lishi va e’lon qilingan yoxud ijrochilarga yetkazilishi shart.
Demak, fuqarolik huquqi manbalari deganda, fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy xarakterdagi normativ huquqiy hujjatlar yoxud nohuquqiy xarakterdagi ijtimoiy normalar tizimi tushuniladi. Ish muomalasi odatlari, mahalliy urf-odat va an’analar odatda, ijtimoiy normalar hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining 3-moddasida fuqarolik qonun hujjatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra fuqarolik qonun hujjatlari fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va o‘zga majburiyatlarni, shuningdek, boshqa mulkiy hamda u bilan bog‘liq shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi. Shaxsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy munosabatlar, agar qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki bu munosabatlarning mohiyatidan o‘zgacha hol anglashilmasa, fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Shuni ham qayd etish kerakki, FK 2-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga va tabiiy resurslardan foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari bu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasiga ko‘ra normativ-huquqiy hujjatlarning quyidagi turlari mavjud:
- O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
- O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
- vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;
- mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
1) Fuqarolik huquqi manbalari tizimida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi alohida o‘rin egallaydi. Konstitutsiyaning ahamiyati birinchi galda uni bevosita fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi ta’sir kuchida namoyon bo‘lsa, boshqa jihatdan olganda asosiy qonunimiz boshqa fuqarolik qonunlari va qonun hujjatlarini ishlab chiqilishi va mohiyatini belgilashda o‘ziga xos qo‘llanma, o‘ziga xos doira, metodologik negiz vazifasini o‘taydi. Ya’ni, boshqa qonunlar va qonun osti hujjatlari Konstitutsiya asosida qabul qilinishi, unga zid bo‘lmasligi shart. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasi shaxsiy huquqlarni va erkinliklarni tartibga soluvchi o‘zak, g‘oya vazifasini o‘taydi va unda belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 18-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Konstitutsiyaning 27-moddasiga ko‘ra har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir.
Konstitutsiyaning 36-moddasida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqliligi, bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi belgilangan. Konstitutsiyaning 54-moddasida mulkdorning vakolatlari va mulk huquqini amalga oshirish shartlari belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 42-moddasi, ijod erkinligiga bag‘ishlangan. Konstitutsiyaning 53-moddasida esa, barcha mulk shakllarining tengligi va iste’molchilar huquqlarining ustuvorligi belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning ushbu normalar juda ko‘plab qonunlar va qonun osti hujjatlarida batafsil, chuqurlashtirilgan holda belgilab qo‘yilgan.
2) O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar tizimida yetakchi o‘rin egallaydi. Fuqarolik kodeksining 1-qismi 1995 yil 21 dekabrda, 2-qismi esa 1996 yil 29 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan va har ikkala qismi ham 1997 yil 1 martdan boshlab amalga kiritilgan. FK 6 bo‘lim, 71 bob, 1199-moddadan iborat. U hajmi bo‘yicha beqiyos bo‘lib, hech qaysi boshqa qonun unga tenglasha olmaydi.
Albatta mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Fuqarolik kodeksini muayyan darajada takomillashtirish zaruriyatini qo‘yishi tabiiy va bundan kelib chiqqan holda Fuqarolik kodeksining amal qilish jarayonida unga o‘nlab o‘zgarish va qo‘shimchalar, yangi normalar kiritilgan. Ayrim normalar esa chiqarib tashlangan.
O‘zbekiston Respublikasining ko‘plab joriy qonunlari ham fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi manba hisoblanadi. Bunday qonunlar jumlasiga tijorat va notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomini belgilovchi “Xususiy korxona to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonun, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonun va boshqalar kiradi. Bir guruh qonunlar intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarni tartibga soladi. Masalan, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlar.
Bir guruh qonunlar muayyan faoliyatlar sohasini tartibga solishga qaratilgan. Masalan, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunlar.
Shuningdek, muayyan qonunlar fuqarolik huquqlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilashga xizmat qiladi. Masalan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdor huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar.
3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga solsa, fuqarolik huquqining manbasi hisoblanadi.
4) Fuqarlik huquqi manbalari tizimi ierarxiyasida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar ya’ni, farmonlar, qarorlar va farmoyishlar muhim ahamiyatga ega. Prezident tomonidan chiqariladigan mazkur normativ-huquqiy hujjatlar iqtisodiyotda, ijtimoiy turmushda vujudga kelgan normativ-huquqiy ta’sir ko‘rsatish talab etiladigan masalalarni tezlik bilan maqsadli tartibga solishni eng qulay va ta’sirchan yuridik vositasi hisoblanadi. Ko‘p hollarda Prezident tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar qonunlarni amalga oshirish ijro mexanizmini belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti turli hokimiyat tarmoqlari faoliyatini muvofiqlashtirish vakolatiga ega. Shu munosabat bilan ba’zi holatlarda Prezident farmonlari va qarorlari kelgusi qonunlar uchun, qonun osti hujjatlar uchun o‘ziga xos konseptual negiz vazifani bajaradi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4725-son, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4720-son Farmonlari va h.k.
O‘zbekiston Respublikasida Vazirlar Mahkamasi ijro hokimiyatining asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-son qaroriga ilova bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 7 yanvardagi 1-son Qarori bilan tasdiqlangan Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom va h.k.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari fuqarolik huquqining manbai sifatida alohida o‘rin egallaydi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki Boshqaruvining 2007 yil 13 martdagi qarori (2007 yil 14 aprel, ro‘yxat raqami 1675) bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligi korxonalarining davlat ehtiyojlari uchun harid qilinadigan paxta va g‘alla yetishtirish xarajatlarini tijorat banklari tomonidan kreditlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (hozirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) bosh direktorining 2009 yil 4 yanvardagi 2-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish Qoidalari (2009 yil 6 fevral, ro‘yxat raqami 1900) qabul qilingan.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar amalga kiritilishining asosiy sharti ushbu hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilishi hisoblanadi. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas va huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari o‘zlariga berilgan vakolat doirasida O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq qarorlar va farmoyishlar qabul qiladi. Xalq deputatlari Kengashi va hokim o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan hujjatlari viloyat, tuman, shahar hududida joylashgan barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
Masalan, Toshkent shahar hokimining 2015 yil 18 avgustdagi “Toshkent shahri dehqon bozorlarida yoz mavsumida tez buziladigan go‘sht va go‘sht mahsulotlarining savdosini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 752-son qarori, Surxondaryo viloyati hokimining 2014 yil 1 fevraldagi “Viloyatdagi bozorlar va savdo komplekslarining ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymatining minimal miqdorlarini belgilash to‘g‘risida” 22-son qarori va h.k.
Lokal (korporativ) normativ hujjatlar keyingi paytlarda ko‘p qo‘llanilmoqda. Bunday hujjatlar ko‘proq tijorat yoki notijorat yuridik shaxslar tomonidan qabul qilinadi va o‘zaro ichki munosabatlari, uning a’zolari, ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘ladi. Masalan, “Korporativ boshqaruv kodeksi”, “Aksiyadorlik jamiyati umumiy yig‘ilishini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom, “Mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi to‘g‘risida”gi Nizom kabilar.
Bozor munosabatlar tizimida nohuquqiy manbalar qo‘llanish doirasi kengayib bormoqda. Fuqarolik kodeksining 6-moddasida ushbu nohuquqiy manbalar belgilab qo‘yilgan. Tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qo‘llaniladigan, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, biron-bir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qat’i nazar, ish muomalasi odati deb hisoblanadi. Masalan, Korporativ boshqaruv kodeksi qabul qilingan bo‘lib, ushbu kodeksni ish muomalasi odatlarini o‘ziga xos tizimlashtirilgan namunasi deb hisoblash mumkin. Ko‘plab kasb-korlarning o‘zining qoidalari, odatlari mavjud. Masalan, tadbirkorlikda, dehqonchilikda, avtotransportda qo‘llaniladigan ish muomalasi odatlari. Ish muomalasi odatlarida shuni unutmaslik kerakki, bular texnik qoidalar emas, balki u kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarda qo‘llaniladigan qoidalar hisoblanadi. Butun dunyo bo‘yicha Inkoterms qoidalari e’tirof etilgan va savdo munosabatlarida mulk huquqini sotuvchidan sotib oluvchiga o‘tish, tavakkalchilik xavf-xatarini kimga tegishli ekanligini belgilaydi. Shuningdek, fors-major holatlari bo‘yicha ko‘pgina qoidalar ham ish muomalasi odatlari hisoblanadi.
Mahalliy urf-odat va ana’analar ham ijtimoiy munosabatlarni tartibda solishda alohida o‘rin egallaydi. Masalan, chorva mollari sotilganda arqonini qaytarib berish, bitim tuzilish faktini belgilash bo‘yicha “bor-baraka qilinishi” kabilar. Shuni unutmaslik lozimki, fuqarolik qonun hujjatlarida tegishli normalar bo‘lmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va an’analar qo‘llaniladi. Shuningdek, tegishli munosabat ishtirokchilari uchun majburiy bo‘lgan qonun hujjatlari normalariga yoki shartnomaga zid bo‘lgan ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va an’analar qo‘llanilmaydi.

















Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling