Apellatsiya qarorini chiqarish va e’lon qilish bosqichiga qo‘yiladigan talablar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini qabul qilish tartibi bilan deyarli bir xil. Faqat bunda qaror kollegial, ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinishiga asoslaniladi.
Iqtisodiy sud apellatsiya instansiyasida ishda mavjud va qo‘shimcha taqdim etilgan dalillar bo‘yicha ishni qayta ko‘radi. Qo‘shimcha dalillarni qabul qilish haqidagi masala hal etilayotganda birinchi instansiya sudida mazkur dalillarni taqdim qilmaganlik sabablari, ularni apellatsiya instansiyasi sudiga taqdim qilishning zarurligi, shuningdek nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarga dalillarning daxldorligi haqidagi arz qiluvchining tushuntirishlari e’tiborga olinadi. Agar manfaatdor shaxs birinchi instansiya sudida o‘zini insofsizlarcha tutganligi va sud jarayonini cho‘zish maqsadida mazkur dalillarni taqdim qilmaganligi aniqlansa, qo‘shimcha dalillar apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan qabul qilinmasligi mumkin.
Apellatsiya shikoyatiga (protestiga) bildirilgan yozma fikrni asoslash uchun taqdim etilgan qo‘shimcha dalillar apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan IPKning 276-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudida ko‘rishda taqdim etilmagan yangi talablarni qabul qilishga yoki ko‘rib chiqishga haqli emas. Bunda yangi talablar degandabirinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilmagan moddiy-huquqiy talablar hamda birinchi instansiya sudida ishni ko‘rishda ishtirok etmagan shaxsga nisbatan taqdim etilgan talablar tushunilishi lozim.
Agar apellatsiya shikoyatida (protestida) birinchi instansiya sudida ko‘rish predmeti bo‘lmagan yangi talablar taqdim etilgan bo‘lsa, apellatsiyainstansiyasi sudi qarorning asoslantiruvchi qismida ushbu talablar birinchi instansiya sudida ko‘rish predmeti bo‘lmaganligi sababli ko‘rib chiqilmasligini ko‘rsatishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |