Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet301/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   298   299   300   301   302   303   304   305   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

2-kazus
Da’vogar “Servis” XK sudga murojaat qilib, javobgar Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga nisbatan sud ijrochisining xatti-harakatlarini noqonuniy deb topish va ijro hujjati bo‘yicha undiruvni mol-mulkka qaratish borasidagi ijro harakatlarini to‘xtatishni so‘ragan.
Sud ijrochisining ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi 2012-
yil 7-sentabrdagi qarori hamda sud ijrochisining ijro harakatlari Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2011-yil 11-iyundagi qarori va 2011-yil 3-iyuldagi ijro varaqasi ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Vaziyatga huquqiy baho bering. Fikringizni qonun hujjatlari bilan asoslantiring.
XXIV BOB. CHET EL TASHKILOTLARI, XALQARO
TASHKILOTLAR VA TADBIRKORLIK FAOLIYATINI AMALGA
OSHIRAYOTGAN CHET ELLIK FUQAROLAR HAMDA

FUQAROLIGI BO‘LMAGAN SHAXSLAR ISHTIROKIDAGI
ISHLARNI YURITISH


  1. Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini
    amalga oshirayotgan chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan
    shaxslarning protsessual huquqlari


Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan, chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, (bundan buyon matnda chet ellik shaxslar) o‘zlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini himoya qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlariga murojaat qilish huquqiga ega.
Chet ellik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari va fuqarolari bilan baravar protsessual huquqlardan foydalanadilar va protsessual majburiyatlarni bajaradilar.
O‘zbekiston Respublikasi sudlarida tashkilotlari va fuqarolarining maxsus protsessual huquqlariga nisbatan maxsus cheklashlarga yo‘l qo‘yilgan davlatlarning shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan javob tariqasida cheklashlar belgilashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 17-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyekti hisoblanadi.
Turli davlatlarning tashqi iqtisodiy faoliyati hamda xo‘jalik aloqalarining tobora kengayib borayotgani chet el tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi nizolarni ko‘rish va hal qilishda qonun normalarini to‘g‘ri tatbiq etish muhim ahamiyatga egadir. Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlarida chet ellik shaxslar ishtirokidagi nizolarni ko‘rishga katta ahamiyat berilyapti, chunki ularning O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati erkinligini huquqiy himoya qilish, mamlakatimiz iqtisodiyoti xalqaro tizimga o‘zaro integratsiyalashuvining zarur shartlaridan biri sifatida qaraladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari aniq belgilangan. Jumladan, davlatimiz Konstitutsiyasining 23-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalarida bilan belgilangan burchlarni ado etadilar. O‘zbekiston Respublikasidagi chet ellik shaxslar sud ish yurituvining tartibi va shartlari O‘zbekiston fuqarolari va tadbirkorlik subyektlariniki kabi o‘xshashdir. Ayni paytda ayrim protsessual xususiyatga ham egadir. Iqtisodiy sudning chet ellik ishtirokchilariga asosda protsessual imtiyoz va yengilliklar beriladi, agar bu O‘zbekiston Respublikasi ishtirokidagi huquqiy yordam to‘g‘risidagi ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama shartnomada bunday imtiyoz berilishi nazarda tutilgan bo‘lsa. Chet ellik shaxslar shu jumladan sud xarajatlarini to‘lash bo‘yicha ham O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari bilan teng protsessual majburiyatlarga ega.
Chet ellik shaxslar tadbirkorlik sohasida o‘zlarining huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlariga taalluqlilik va sudlovlilikning umumiy qoidalari asosida murojaat qilishga haqlidirlar. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar iqtisodiy sudlariga o‘zlarining yuridik maqomi va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlaydigan dalillarni taqdim etishi shart.
Fuqarolik kodeksining 1169-moddasiga ko‘ra jismoniy shaxsning huquq va muomala layoqati uning shaxsiy qonuni bilan belgilanadi. Bu kollizion norma chet ellik jismoniy shaxsning huquq layoqati va muomala layoqatining darajasini aniqlashga imkoniyat yaratadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1169-moddasi 4-qismiga ko‘ra, jismoniy shaxsning xususiy tadbirkor bo‘lishi hamda shu bilan bog‘liq huquqlar va majburiyatlarga ega bo‘lish layoqati jismoniy shaxs xususiy tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan mamlakat huquqi bo‘yicha belgilanadi. Ro‘yxatga olish mamlakati bo‘lmaganda xususiy tadbirkorlik amalga oshiriladigan asosiy joy bo‘lgan mamlakatning huquqi qo‘llaniladi. Chet ellik yuridik shaxsning huquqiy maqomini tasdiqlaydigan hujjat uni ta’sis etgan davlatning savdo reyestridan ko‘chirma hisoblanadi. Shuningdek, davlatning bunday qonun hujjatlari bo‘yicha muassasasi, fuqaroligi yoki chet ellik shaxsi tan olinadigan boshqa hujjatlari bo‘lishi mumkin. Bunday hujjatlar taqdim etilmagan hollarda iqtisodiy sud o‘z tashabbusi bilan, shu jumladan sud topshiriqlarini ijrosi uchun nazarda tutilgan tartibda talab qilib olishga haqlidir.
Chet el shaxslari ishtirokidagi ishlarni ko‘rib chiqish muddati protsess ishtirokchilari joylashgan joyga nisbatan va sud muhokamasiga o‘z vaqtida xabardor qilishga muvofiq tarzda mutanosib va oqilona tarzda belgilanishi mumkin. Basharti chet ellik shaxs yoki uning boshqaruv organlari, filiallari, vakolatxonalari yoxud uning ishni yuritish uchun vakili O‘zbekiston Respublikasida joylashgan bo‘lsa yoki istiqomat qilsa, IPKda bunday toifadagi ishlar uchun belgilangan muddatda ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari chet ellik shaxslarga mamlakatimizning fuqarolari bilan teng tamoyilda o‘z huquqlariga ega bo‘lish imkoniyatini va sud himoyasini kafolatlaydi. Chet ellik shaxslar uchun respublikada huquqiy himoya qilishning ahamiyati, eng avvalo, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga o‘zlarining buzilgan yoki nizolashayotgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishi huquqlari kafolatlanganligi bilan izohlanadi. Chet ellik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari va fuqarolari bilan teng protsessual huquqlardan foydalanadilar va protsessual majburiyatlarni bajaradilar. Chet ellik shaxslarning protsessual maqomini o‘zgartiradigan hech qanday cheklashlar IPKda ham, boshqa qonun hujjatlarida ham belgilanmagan.
O‘zbekiston Respublikasining hududida chet ellik shaxslarga nisbatan iqtisodiy sudining vakolatlari cheklangan10. Bu holat iqtisodiy sud ishni ko‘rib chiqish jarayonida amalga oshiriladigan protsess ishtirokchilarini xabardor qilish tartibini belgilaydigan normalarni qo‘llashda ham namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston hududida joylashgan chet ellik shaxslar, boshqaruv organlari, filiallari, vakolatxonalar iqtisodiy sudlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IPKda nazarda tutilgan umumiy tartibda xabardor qilinadi. Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy protsessual qonun hujjatlaridagi yangi normalardan hisoblanadi. Bu normalarning qo‘llanilishi o‘ziga xos protsessual xususiyatlarga ega.
Iqtisodiy sudlarining taalluqliligi chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi nizolar tegishlidir. Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlariga murojaat qilish huquqiga egadirlar. Shuni ta’kidlash lozimki, iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarida ifoda etilgan yangi qoidalarning mohiyati shundan iboratki, bularni shartli ravishda xalqaro xususiy huquqning iqtisodiy protsessual normalari sifatida izohlash mumkin.
Xalqaro xususiy huquq fanida xalqaro iqtisodiy protsess deganda protsessual tusdagi masalalarning yig‘indisi tushuniladi, bular O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sud tomonidan chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liqdir. Shu bilan birga ta’kidlash lozimki, turli yangi xalqaro shartnomalar, bitimlar, konvensiyalar tuzgan, shuningdek amaldagilarga qo‘shilgan davlatlar o'xshash (analogik) yo‘l tutishlari mumkin.
Bunga 1992-yil 20-martda Kiyev shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning hukumatlari boshliqlari darajasida imzolangan “Xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq nizolarni hal qilish tartibi to‘g‘risida”gi Bitim qoidalari ham qo‘llaniladi. Mazkur Bitim O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning 1993-yil 6-martdagi qarori bilan ratifikatsiya qilingan. Bunda mazkur Bitimni ratifikatsiya qilgan har bir davlatning iqtisodiy subyektlari boshqa shunday davlatning hududida sudlarga, arbitraj (iqtisodiy) sudlariga, hakamlik sudlariga to‘sqinliksiz murojaat qilish huquqiga egadirlar, u erda murojaat qilish, tavsiyalar qilish, da’vo qo‘zg‘atish hamda boshqa protsessual xarakatlarni amalga oshirishlari mumkin (3-modda).
Shuningdek 1993-yil 22-yanvarda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo bo‘lgan davlatlar tomonidan Minsk shahrida imzolangan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1993-yil 6-maydagi qarori bilan ratifikatsiya qilingan “Fuqarolik, oila va jinoyat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish haqida”gi konvensiya muhim ahamiyatga egadir. Xuddi shunday mazmundagi normalar O‘zbekiston Respublikasi ishtirokidagi ikki tomonlama shartnomalarda ham mustahkamlangan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlari bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risida shartnomani (Seul, 2012-yil 20-sentabr) ratifikatsiya qilish haqidagi shartnoma shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Respublikasi IPKning 25-moddasi 4-qismiga ko‘ra agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sud o‘ziga taalluqli ishlarni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari, shuningdek yuridik shaxslari, xalqaro tashkilotlar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokida ko‘radi.
Chet ellik shaxslar, tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari va fuqarolari bilan barobar protsessual huquqlardan foydalanadilar hamda protsessual majburiyatlarni bajaradilar. O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari va chet ellik shaxslarning protsessual huquqlari qonun va sud oldida tengligi tamoyiliga asoslanadi. Ya’ni iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mulkchilik shaklidan, qayerda joylashganligi, kimga bo‘ysunishidan qat’i nazar, fuqarolarning esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan, shuningdek boshqa holatlardan qat’i nazar qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.
Chet ellik shaxslar ish materiallari bilan tanishishi, ulardan ko‘chirmalar olish, nusxa ko‘chirish, rad qilish to‘g‘risida arz qilish, iqtisodiy sudiga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni ko‘rish davomida tuziladigan masalalar bo‘yicha o‘z vajlarini, xulosalarini taqdim qilish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlariga e’tiroz bildirish sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) hamda ushbu kodeksda ularga berilgan boshqa protsessual huquqlardan foydalanish huquqiga ega.
Da’vo arizasining shakli va mazmuniga rioya etish, da’vo bo‘yicha davlat bojini to‘lash, ishning muhokamasi davrida manzilning o‘zgarganligi haqida sudni xabardor qilish o‘z talablarini asoslantirishda dalillarni taqdim etish kabi protsessual majburiyatlarga egadir.
Xorijiy tashkilotlarga nisbatan milliy rejimning qo‘llanilishi shuni anglatadiki, ular sud jarayonida nafaqat da’vogar va javobgar sifatida qatnashishlari, balki nizoning predmeti bo‘yicha mustaqil talablar qo‘ygan va qo‘ymagan uchinchi shaxslar bo‘lishlari mumkin (IPKning 41, 42-moddalari), bankrotlik ishlari bo‘yicha va yuridik ahamiyatga molik faktlarni tasdiqlash haqidagi ishlar bo‘yicha qatnashishlari, vakillar orqali ish yuritishlari mumkin (IPKning 61-moddasi). 1993 yildagi Minsk konvensiyasining 23-moddasi 3- bandiga asosan yuridik shaxslarning huquq layoqati davlat o‘z qonunlari bilan ta’sis etgan qonun hujjatlariga ko‘ra belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi FKning 41-moddasida ko‘rsatilganidek, yuridik shaxs o‘zining ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi FKning 1176-moddasiga binoan yuridik shaxsning fuqarolik huquqiy layoqati yuridik shaxsning qonuni bilan belgilanadi. Chet el yuridik shaxsi o‘z organi yoki vakilining bitim tuzish vakolatlaridagi, chet el yuridik shaxsining organi yoki vakili bitim tuzgan mamlakatning noma’lum bo‘lgan cheklovlarni vaj qilib keltirishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi FKning 7-moddasida mustahkamlangan qoidaning umumiy mazmuni shundan iboratki, agar xalqaro shartnomada yoki bitimda fuqarolik qonun hujjatlaridagiga qaraganda, boshqa qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining 1993-yil 22-yanvardagi huquqiy yordam to‘g‘risidagi konvensiyasining 20-moddasiga asosan turli Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarida istiqomat qiluvchi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi nizolar qoidaga ko‘ra, shaxs qayerda turar joyiga ega bo‘lsa, da’voni shu davlatda qo‘zg‘atadi, yuridik shaxslarga nisbatan esa yuridik shaxsning boshqaruv organi, vakillari yoki filiali qayerda joylashgan bo‘lsa shu davlat hududiga qarashli sudda da’vo qo‘zg‘atiladi.
Aniq toifadagi da’volar (ko‘chmas mulkning joylashishi va boshqalar) uchun sudlovga tegishliligining boshqa mezonlari Konvensiyada o‘z ifodasini topgan. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining sudlari boshqa holatlarda, agarda shu sudga nizoni o‘tkazish to‘g‘risida tomonlarning yozma ravishdagi kelishuvlari bo‘lsa va agarda sudlarning vakolatlari (o‘ziga xos vakolati to‘g‘risidagi qoida) konvensiyada aniq belgilanmagan bo‘lsa ham ishlarni ko‘rishlari mumkin. O‘zbekiston umumiy yurisdiksiya sudlari va iqtisodiy sudlari o‘rtasidagi vakolatlarni chegaralash haqidagi normalar buzilishining oldini olish uchun, sud majlisida xorijiy tashkilot o‘zining milliy qonun hujjatlari asosida bu tashkilot huquq subyektlilik huquqiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart.
Manfaatdor tarafning chet davlat sudi hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi iltimosnomasiga uning qonuniy kuchga kirganligini tasdiqlovchi rasmiy hujjat ilova qilinmagan bo‘lsa yoki hal qiluv qarorining mazmunidan uning qachon qonuniy kuchga kirganligini anglash mumkin bo‘lmasa, iltimosnoma iqtisodiy sud tomonidan qaytariladi.
Xususan, xususiy tadbirkor viloyat iqtisodiy sudiga iltimosnoma bilan murojaat qilib, Rossiya Federatsiyasining Kurgan viloyat arbitraj sudining A34- 109/2010-sonli ishi bo‘yicha 2010-yil 21-maydagi hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratishni so‘ragan. Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, xususiy tadbirkor Kurgan viloyat arbitraj sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, xususiy tadbirkordan 1.850043 rubl undirishni so‘ragan. Arbitraj sudining ajrimi bilan fuqaro ishga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan. Arbitraj sudining 2010-yil 21-maydagi hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilgan. Da’vogar xususiy tadbirkor Kiyev bitimiga muvofiq viloyat iqtisodiy sudiga iltimosnoma bilan murojaat qilib, arbitraj sudining yuqoridagi hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratishni so‘ragan. Viloyat iqtisodiy sud iltimosnomani qanoatlantirib, chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida ajrim chiqarib, sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamentining viloyat boshqarmasiga yuborgan.
Kiyev bitimining 8-moddasiga ko‘ra hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish manfaatdor tarafning iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi. Iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi: tan olish va ijroga qaratish so‘ralgan qarorning tegishlicha tasdiqlangan nusxasi; agar qaror matni mazmunidan anglashilmasa, uning qonuniy kuchga kirganligini ko‘rsatuvchi rasmiy hujjat; ko‘rilishi ikkinchi tarafga bildirilganligi haqida rasmiy xabarnoma; ijro varaqasi. Arbitraj sudi hal qiluv qarorining mazmunidan uning qachon qonuniy kuchga kirishini anglash mumkin bo‘lmagan, iltimosnomaga uning qonuniy kuchga kirganligini tasdiqlovchi rasmiy hujjat ham ilova qilinmagan. Iqtisodiy sud iltimosnomani ish yuritishga qabul qilmasdan, balki Kiyev bitimi shartlari to‘liq bajarilmaganligi uchun, kamchiliklarni qayd etgan holda iltimosnomani IPK 155-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqarishi lozim edi.
O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari va fuqarolarning protsessual huquqlariga nisbatan maxsus cheklashlar yo‘l qo‘yilayotgan davlatlarning shaxslariga nisbatan javob tariqasida O‘zbekiston Respublikasi cheklashlar belgilashi mumkin. Bunday choralar iqtisodiy sudlarining roziligi asosida emas balki, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining maxsus qarori asosida belgilanadi. Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan chet el fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar protsessual huquqlarni o‘z vaqtida va aniq qo‘llashlari o‘zlarining buzilgan va nizolashayotgan sud hokimiyati organlarida qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarini himoya qilish imkoniyatini yaratadi.

  1. Chet ellik shaxslar ishtirokidagi sud ishlarini yuritish

Chet ellik shaxslar ishtirokidagi sud ishlarini yuritish Iqtisodiy protsessual kodeksga muvofiq amalga oshiriladi. Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni ko‘rib chiqishda odatdagi ish tartibini qo‘llash iqtisodiy sud iqtisodiy nizosi manfaatdor ishtirokchilari aniq protsessual harakatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olishlari lozim. Xususan, qo‘llaniladigan huquqni aniqlash, chet ellik shaxslarning huquqiy maqomini belgilash, taqdim qilinayotgan xorijiy hujjatlarni qabul qilish, xorijda hujjatlarni taqdim qilish, hattoki xorijiy yuridik shaxslarning pochta rekvizitlarini va to‘liq nomlarini aniqlash bilan bog‘liq masalalarni ko‘rsatish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan 1993-yil 24-dekabrda Ashxobod shahrida “Turli davlatlarning iqtisodiy yurituvchi subyektlari o‘rtasidagi xo‘jalik nizolarini hal etishda davlat bojlari miqdori va uni undirib olish tartibi to‘g‘risida”gi bitimni imzolagan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari ishtirokchilarining birini hududida joylashgan iqtisodiy yurituvchi subyekti boshqa davlatning sudiga da’vo bilan murojaat qilganida, davlat boji ushbu Bitimda belgilangan tartibda va stavkalarda hisoblab chiqiladi hamda to‘lanadi. Umumiy qoidaga ko‘ra iqtisodiy sud dalil sifatida boshqa davlatlardan rasmiy hujjatlarni agar ular O‘zbekiston Respublikasining diplomatik yoki konsullik xizmatlarida legalizatsiya qilingan bo‘lsa qabul qiladilar. Chet el hujjatini legallashtirish iqtisodiy sudiga dalil sifatida taqdim etish uchun zarur, ammo sud tomonidan uning mohiyati bo‘yicha ma’lumotlarni ifoda etadigan holatlarning to‘g‘riligini aniqlashni istisno etmaydi. Rasmiy hujjatlarga (ular jumlasiga davlatning yurisdiksiyasiga bo‘ysundirilgan organ yoki mansabdor shaxslar hujjatlari hamda prokuratura, sud kotibi yoki sud ijrochisining hujjatlari, ma’muriy hujjatlar, notarial hujjatlar, rasmiy qaydlar, ro‘yxatga olish haqidagi qayd, muayyan sanani tasdiqlaydigan vizalar, notariusda guvohlantirish talab etilmaydigan hujjatlardagi imzolarni tasdiqlash) boshqa davlatning hududida foydalanadigan, maxsus vakolatli organ tomonidan taqdim etiladigan shtamp, undagi imzoning haqiqiyligi, sifati guvohlantiriladi, hujjatga imzo qo‘ygan shaxs, muhr yoki shtamp haqiqiyligini tasdiqlaydigan hujjatlar kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 5-iyuldagi “Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida apostil qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan organlar belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi sudyalar, adliya organlari va muassasalaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan ana shunday organlar sirasiga kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi qaroriga asosan “Apostil qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Apostil deganda hujjatni imzolagan sifatida ish ko ‘rgan shaxsning imzosi haqiqiyligini va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan Konvensiyaga muvofiq rasmiy hujjatga chet elda foydalanish maqsadida qo ‘yllcdigan maxsus shtamp tushuniladi.
Apostil chet elda O‘zbekiston Respublikasining elchixonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan sodir etilgan hujjatlarga tijorat hamda bojxona operatsiyalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lgan hujjatlarga va pasportga, harbiy biletga qo‘yilmaydi. Apostil qo‘yish, agar hujjat taqdim etiladigan davlatda amal qiladigan qonunlar, qoidalar yoki ular odatlar yoxud ikki yoki bir necha ahdlashuvchi davlatlar o‘rtasidagi ahdlashuv hujjatni legallashtirishni soddalashtirsa yoki ozod qilsa, talab qilinmasligi mumkin. Rasmiy hujjatlar apostil qo‘yish uchun asl nusxalarda yoki ariza beruvchining xohishiga ko‘ra notarial tasdiqlangan nusxalarda qabul qilinadi. Apostil shakli o‘zbek yoki ingliz tilida to‘ldiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari da’vogar bo‘lib ishtirok etayotgan chet ellik shaxslar zimmasiga da’voni to‘liq yoki qisman qanoatlantirilishida javobgarning sud xarajatlari va davlat bojini to‘lashini kafolatlovchi pul mablag‘larini sudning depozit hisobraqamiga oldindan o‘tkazish mas’uliyatini yuklamaydi. Bu masalalar ko‘p tomonlama va ikki tomonlama shartnomalar bilan tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikalari o‘rtalaridagi 1997-yil 2-iyundagi “Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy munosabatlar va huquqiy yordam haqida”gi shartnomaning 2-moddasiga muvofiq kelishayotgan tarafning har birining fuqarolari hamda uning hududida har doim yashayotgan boshqa shaxslar, ikkinchi kelishayotgan tarafning hududida sud va notarial boji va xarajatlarini to‘lashdan ozod qilinadi, shuningdek mazkur kelishayotgan taraf o‘zining fuqarolari foydalanayotgan bepul yuridik yordamdan shu shartlar va hajmdagi yuridik xizmatdan foydalanishga haqli. Qonunda ko‘rsatilgan imtiyozlar, aynan bir ish yuzasidan amalga oshirilayotgan protsessual harakatlarning, shuningdek qarorning ijrosiga ham hammasiga tegishli bo‘ladi.
Da’vogarni u chet el fuqarosi yoki mazkur davlatda doimiy yoki vaqtinchalik turar joyiga ega emasligi tufayli sud garovidan (yoki ta’minlashning qanday turi bo‘lmasin) ozod qilish, Fuqarolik protsessi masalalari bo‘yicha 1954- yildagi Gaaga konvensiyasida nazarda tutilgan. Boshqa davlatlar bilan tuzilgan huquqiy yordam ko‘rsatish haqidagi shartnomalar ayrim bir davlat fuqarolarining shaxsiy va mulkiy huquqlari boshqa davlat hududida shu davlatning fuqarolaridek himoya qilinishini mustahkamlaydi. Ularga boshqa davlatning sudlari, prokuratura, notarial idoralar va boshqa adliya idoralariga erkin va to‘siqsiz murojaat qilish huquqi berilgan. Ular shu davlatning fuqarolari bilan bir xilda iltimosnomalar kiritish yoki da’vo qilishlari mumkin.
Bunday qoidalar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtalaridagi 1994-yil 23-iyundagi “Fuqarolik, savdo ishlarida o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish haqida”gi shartnomada, huquqiy yordam haqidagi Latviya Respublikasi (1996-yil 23-may),
Turkmaniston (1996-yil 27-noyabr), Qirg‘izston Respublikasi (1996-yil 24-
dekabr), Litva Respublikasi (1997-yil 20-fevral), Qozog‘iston Respublikasi (1997-yil 2-iyun), Ozarbayjon Respublikasi (1997-yil 18-iyun), Ukraina (1998- yil 19-fevral) va Xitoy Xalq Respublikasi bilan (1997-yil 11-dekabr) tuzilgan shartnomalarda mustahkamlangan. Mazkur shartnomalardagi qoidalar kelishayotgan taraflarning hududida uning qonun hujjatlari bo‘yicha tashkil qilingan yuridik shaxslarga, shuningdek protsessual huquq layoqatiga ega bo‘lgan boshqa tashkilotlarga nisbatan qo‘llaniladi.O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari Gaaga konvensiyasiga qo‘shilmagan davlatlarning rezidenti bo‘lmagan shaxslar tomonidan qo‘zg‘atilgan protsessda bo‘lishi mumkin bo‘lgan sud xarajatlarini oldindan to‘lanishini nazarda tutmaydi. Ammo, bunday choralar retorsiya tartibida qo‘llanilishi mumkin (O‘zR IPKning 245-moddasi 4-qismi, O‘zR FKning 1167-moddasi).

  1. Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlarining vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlari chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni, basharti javobgar tashkilot O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan, fuqaro esa shu hududda yashash joyiga ega bo‘lsa, ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlari chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni quyidagi hollarda ham ko‘rishga haqli:
1)javobgar O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan yoki yashayotgan bo‘lsa yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududida javobgarning mol-mulki bo‘lsa;

  1. chet ellik shaxsning filiali yoki vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bo‘lsa;

  2. nizo O‘zbekiston Respublikasi hududida bajarilishi lozim bo‘lgan yoki bajarilgan shartnomadan kelib chiqqan bo‘lsa;

  3. talab chet ellik shaxs tomonidan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir bo‘lgan boshka holat bilan mol-mulkka zarar yetkazilishi tufayli yuzaga kelgan yoxud zarar O‘zbekiston Respublikasi hududida yuzaga kelgan bo‘lsa;

  4. nizo O‘zbekiston Respublikasi hududida asossiz boylik orttirishdan yuzaga kelgan bo‘lsa;

  5. ishchanlik obro‘sini himoya kilish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha da’vogar

O‘zbekiston Respublikasida turgan bo‘lsa;

  1. nizo O‘zbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarning muomalasi bilan bog‘lik munosabatlardan yuzaga kelgan bo‘lsa;

  2. yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi ish

bo‘yicha arizachi ushbu faktning O‘zbekiston Respublikasi hududida mavjudligini ko‘rsatayotgan bo‘lsa;

  1. nizo O‘zbekiston Respublikasi hududida nomlar va boshqa obyektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda Internet jahon axborot tarmog’ida xizmatlar ko‘rsatish bilan bog’liq munosabatlardan yuzaga kelgan bo‘lsa;

  2. bu haqida O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi yoki fuqarosi

bilan chet ellik shaxs o‘rtasida iqtisodiy kodeksning 241-moddasida belgilangan qoidalar bo‘yicha tuzilgan bitim mavjud bo‘lsa.
Binolarga, inshootlarga, yer uchastkalariga nisbatan mulk huquqini tan olish, binolar, inshootlar, yer uchastkalarini o‘zganing qonunsiz egaligidan talab qilib olish, mulkdorning yoki qonuniy egalik qiluvchining huquqlari buzilishini bartaraf etish bilan bog‘liq ishlar, basharti egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa, bino, inshoot, yer uchastkasi joylashgan joyda ko‘riladi.
Yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasidan kelib chiqadigan tashuvchilarga da’volar bo‘yicha ishlar, shu jumladan tashuvchi javobgarlardan biri bo‘lganda ham, transport tashkilotning organi joylashgan joyda ko‘riladi.
Iqtisodiy sud tomonidan ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda ko‘rish uchun qabul qilingan ish, garchi ish yuritish davomida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning turgan joyi o‘zgarishi yoki boshqa holatlar tufayli boshqa davlat sudining sudloviga o‘tsa-da, mazmunan hal qilinaveradi.
Iqtisodiy sudlarining “kompetensiyasi” va “vakolatlari” tushunchasi bir xil bo‘lib, chet el elementi ishtirokisiz bo‘lgan protsessual munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari bu tushunchani “sudlovga tegishlilik” atamasi bilan ifodalaydi. Sudlovga tegishlilik tushunchasini chet el elementi bilan bog‘liq fuqarolik-huquqiy munosabatlarga nisbatan tatbiq qilish haqidagi tushunchadan (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1158-moddasi) farqlash lozim. Uning mazmuni ayrim hollarda “sudlovga tegishlilik” va “sudga taalluqli” kategoriyalarga mos kelishi yoki o‘xshashi mumkin. Ammo chet el subyektlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi milliy qonun hujjatlarida xalqaro xususiy huquq doktorinasi vakolat tushunchasini keng qo‘llaydi. Bu normada hududiy va turlar bo‘yicha sudlovga tegishlilik hisobga olingan, shu bilan birga, birinchidan, turlari bevosita belgilangan bo‘lsa, ikkinchidan, IPKning 337- moddasi va 32-moddasi 2-qismini qo‘llanishini mantiqiy asoslaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 111-moddasiga muvofiq, mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar o‘rtasidagi, shuningdek tadbirkorlar o‘rtasida iqtisodiyot sohasida va uni boshqarish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy nizolarini hal etish Oliy sudi va iqtisodiy sudlari tomonidan ularning vakolati doirasida amalga oshiriladi. Iqtisodiy sudlari vakolatlarning taqsimlanishi O‘zbekiston Respublikasi IPKning 25 va 31, 32-moddalarida mustahkamlangan. Chet el subyektlari ishtirokidagi ishlarga IPKning 32-moddasi 2-qismida mustahkamlangan umumiy qoidalar qo‘llaniladi. Faqatgina ushbu o‘rinda ko‘rsatilgan ishlar bo‘yicha chet el subyekti arizani Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar iqtisodiy sudlariga berishi mumkin. Ular o‘rtalarida esa ishlar, chet el subyekti borligini hisobga olgan hududiy sudlovga tegishlilik normalariga asosan bo‘linadi.
Ko‘pgina huquqiy tizimlar uchun umumiy hududiy sudlovga tegishlilikka oid bo‘lgan qoida IPKning 239-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan. Odatda da’vo, boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, javobgar tashkilotni joylashgan joyi yoki javobgar fuqaroni yashash joyidagi sudga beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 21-moddasiga muvofiq fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi. Ushbu kodeksning 46- moddasi 3-qismida ko‘rsatilishicha, yuridik shaxsning joylashgan yeri, agar qonunga muvofiq yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lmasa, u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joy bilan belgilanadi.
Chet el subyektlariga nisbatan IPKning 33-moddasi 2-qismi to‘liq qo‘llaniladi: yuridik shaxsga nisbatan uning alohida bo‘linmasi faoliyatidan kelib chiqadigan da’volar alohida bo‘linma joylashgan joyda taqdim etiladi. Shu bilan birga, chet ellik (shuningdek, milliy) da’vogar tanlashi mumkin emas, u o‘z xohishi bilan protsessni alohida bo‘linmasi bo‘lgan yuridik shaxsni ro‘yxatdan o'tkazilgan joyida amalga oshira olmaydi. IPKning 239-moddasi 1-qismi 1-10- bandlarida mustahkamlangan holatlar mavjud bo‘lganda, chet el shaxslari ishtirokidagi ishlarni ko‘rib chiqish joyini aniqlashni, hududiy sudlovga tegishlilikning turi bo‘lgan, da’vogarning tanlashi bo‘yicha sudlovga tegishlilik toifasiga kiritish lozim (IPKning 34-moddasi). Barcha holatlar uchun umumiy jihat shundaki, O‘zbekiston Respublikasi hududida, xalqaro xususiy huquq chet ellik shaxslar ishtirokidagi nizoli huquqiy munosabatning qandaydir elementi bo‘lishi talab etiladi.
Tanlashning bir muqobili har doim umumiy vakolat qoidalariga asosan ishni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan sud hisoblanadi. Tanlash bo‘yicha sudlovga tegishlilikning yuridik qurilmasidan foydalanish esa unga nizoni hal qilishni ancha qulayroq iqtisodiy sudlariga o‘tkazishga imkoniyat yaratadi.
Da’vogarda protsess joyini o‘zi aniqlash vakolati bo‘lishini ta’minlaydigan holatlarning, ular vujudga keladigan iqtisodiy nizolarning turlaridek, doirasi juda keng. Aynan milliy sudlarga chet ellik javobgarlarga nisbatan da’vo arizalari bilan murojaat qilish imkoniyati yanada kengroq shunday holda paydo bo‘ladiki, agarda O‘zbekiston Respublikasida ularning filiallari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa filiallarga ularning ta’sischilari tomonidan berilgan vakolatlarning hajmi va mazmunidan qat’i nazar yoki javobgarlar shu yerda qiymati da’voni taqdim qilish huquqiga ta’sir qilmaydigan mulkga ega bo‘lsa. Talabnomani asoslovchi shartnomaning ijro qilinadigan joyi O‘zbekistonda mavjud bo‘lishi ham shunga o‘xshash holat sifatida qaralishi mumkin. Ushbu joy qonun hujjatlari, ish muomalasi odatlarida aniqlanishi mumkin, majburiyatlarning mazmunidan kelib chiqishi mumkin (FKning 236-moddasi).
Mulkga yetkazilgan zararni qoplash haqidagi ishlar yuzasidan jabrlanuvchi zarar yetkazuvchi joylashgan joydagi sudga va O‘zbekiston Respublikasining sudiga murojaat qilishga haqli. Ya’ni chet ellik shaxslar ishtirokidagi mol- mulkka yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talabni qo‘yishga asos bo‘lib xizmat qiladigan harakat yoki boshqa holat O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan bo‘lsa, iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ushbu tartib yuridik asoslanmagan holda egallab olingan yoki boshqa shaxslarning hisobidan tejab qolingan mol-mulkni qaytarib berish haqidagi talabga ham qo‘llaniladi. Da’vo O‘zbekiston Respublikasi hududidagi asossiz boylikdan kelib chiqqan taqdirda da’voni ham tegishli iqtisodiy sud ko‘rib chiqishga vakolatli hisoblanadi.
IPKning 239-moddasi 1-qismi 6-bandiga asosan sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha da’vogar O‘zbekiston Respublikasida turgan bo‘lsa, bunday ishlar O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlarida ko‘riladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlarida O‘zbekiston Respublikasi tashkiloti yoki fuqarosi bilan chet ellik shaxs o‘rtasida kelishuv mavjud bo‘lsa ham, shunday talab qo‘llaniladi. Ushbu o‘rinda ta’kidlash lozimki, chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni iqtisodiy protsessining odatdagi qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqishning muhim holatlari, shunday ishlarga “da’vogarning tanlashi bo‘yicha sudlovga tegishlilik” deb nomlangan IPKning 34-moddasini qo‘llanishiga yo‘l qo‘yadi. Manfaatdor shaxs O‘zbekiston Respublikasining turli yerlarida joylashgan, uning qonuniy huquqlari va himoya qilinayotgan manfaatlarini buzgan bir necha subyektlar bilan nizo vujudga kelgan taqdirda, protsessni ularning biri joylashgan joyda boshlash imkoniyati mavjud bo‘ladi (IPKning 34- moddasi 1-qismi). Shuningdek, javobgarlardan biri O‘zbekiston Respublikasi hududida na alohida bo‘linmasi, na mol-mulkga ega bo‘lmagan chet ellik shaxs bo‘lganda da’vogar protsessual tartibda shunday harakat qilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Chet ellik subyekt da’vogar yoki javobgar sifatida qatnashishidan qat’i nazar, binolarga inshootlarga, yer uchastkalariga nisbatan mulk huquqini tan olish, binolar, inshootlar, yer uchastkalarini o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish, mulkdorning yoki qonuniy egalik qiluvchining huquqlari buzilishini bartaraf etish bilan bog‘liq ishlar, basharti egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa, bino, inshoot, er uchastkasi joylashgan joyda ko‘riladi.
“Ko‘chmas mol-mulkka nisbatan mulk huquqi hamda boshqa ashyoviy huquqlar yuzasidan da’volar bu mol-mulk joylashgan mamlakatning iqtisodiy sudlari vakolatiga kiradi” (1993-yildagi Minsk konvensiyasining 20-moddasining 1-bandi).
Yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasidan kelib chiqadigan tashuvchilarga da’volar, bo‘yicha ishlar, shu jumladan tashuvchi javobgarlardan biri bo‘lganda ham, transport tashkilotning organi joylashgan joyda ko‘riladi. Turli davlatlarning huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlari shartnoma bo‘yicha sudlovga tegishlilikni aniqlashga yo‘l qo‘yadi, ya’ni bunday holda sudning davlat qonuni bo‘yicha ish joydagi sudga taalluqli bo‘lsa-da, davlatlarning kelishuvi bilan mazkur iqtisodiy ishi chet el davlati yurisdiksiyasiga berilishi mumkin yoki aksincha sud joylashgan joyning qonuniga asosan ish chet el sudiga taalluqli bo‘lsada, taraflarning o‘zaro kelishuvlariga muvofiq joydagi sudning, shu jumladan arbitrajning vakolatiga berilishi mumkin. Sudlovga tegishlilikni tanlash haqidagi tomonlarning kelishuvi prorogatsion bitimlar deb ataladi. Bunday turdagi bitimlar mamlakatimizning qonunchilik amaliyotida ham ma’lumdir. 2000-yil 26-maydagi O‘zbekiston Respublikasi “Tashqi
iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan (30-modda) tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish natijasida vujudga kelgan nizolar, shartnomada ko‘rsatilgan tartibda hal qilinadi.
Shartnomani tuzganda tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari shuni hisobga olishlari kerakki, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, uning huquqiy tizimining bir qismidir. Shuning uchun shartnomalarni tuzilishi jarayonida, iqtisodiy subyekti nafaqat O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarning qonun hujjatlariga, balki O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnomalarga asoslanishi lozim. Xususan, BMTning 1980-yildagi “Mahsulotlarni xalqaro oldi-sotdi qilish shartnomalari haqida”gi konvensiyasi (O‘zbekiston Respublikasi unga Oliy Majlisning 1996-yil 30-avgustdagi qarori bilan qo‘shilgan) oferta va aksept bilan shartnoma tuzish, zarar haqida, javobgarlikdan ozod qilish haqida, shartnomani bekor qilish haqidagi holatlarni o‘zida ifoda etadi. Shuni nazarda tutish lozimki, konvensiyada belgilangan qoidalar, shartnomada BMTning 1980-yildagi konvensiyasi bilan tartibga solingan qoidalar ko‘rsatilmagan bo‘lsa, qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-apreldagi “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasiga ko‘ra, chet el investitsiyalari bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq nizo (investitsiyaga oid nizo) taraflar kelishuviga ko‘ra ular o‘rtasidagi maslahatlashuvlar orqali hal etilishi mumkin. Agar taraflar kelishilgan hal qiluv qaroriga erisha olmasa, bunday nizo iqtisodiy sud tomonidan yoxud hakamlik vositasida investitsiyaga oid nizolarni hal etishga doir O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalar (bitimlar va konvensiyalar)ning qoidalari va tartibotiga muvofiq hal etilishi lozim. Investitsiyaga oid nizoga jalb etilgan taraflar o‘zaro kelishuvga ko‘ra bunday nizoni ko‘rib chiquvchi organni, shuningdek investitsiyaga oid nizo bo‘yicha hakamlik sudlovini amalga oshiruvchi mamlakatni aniqlashlari mumkin.
Investitsiyaga oid nizoning taraflari o‘zaro kelishuvga asosan bunday nizoni hal qiluvchi organni hamda bunday nizo bo‘yicha arbitraj sud ishlarini yuritish davlatini tanlashlari mumkin. Chet el investorlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi investitsiya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga asosan hal qilinadi, xalqaro huquq normalariga muvofiq shartnomada boshqacha tartib ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Shartnoma bo‘yicha sudlovga tegishlilik sudlovga tegishlilikning alohida turi bo‘lib, IPKning 239-moddasi 1-qismi 10-bandida ko‘rsatilgan. Ushbu qoida tashkilot va fuqarolarga ularning xorijiy hamkorlari bilan prorogatsion bitimlar tuzishga yo‘l qo'yadi. Bu - kontrakt taraflarining chet el yoki O'zbekiston huquqi yoki bo‘lmasa xalqaro hujjat normalariga asosan boshqa davlatning adliya organlariga yoki O‘zbekiston Respublikasining aniq ko‘rsatilgan iqtisodiy sudiga sudlovga tegishli bo‘lgan nizoni O‘zbekiston Respublikasining o‘z xohishi bilan tanlagan iqtisodiy sudiga ko‘rib chiqish uchun berish haqida o‘zaro kelishuvidir. Bunday bitim yuridik hujjat bo‘lib rasmiylashtirilishi mumkin, ammo ko‘pincha u tuzilayotgan moddiy mazmunli shartnomada (oldi-sotdi, kredit, xizmat ko‘rsatish va h.k.) alohida band bilan ko‘rsatiladi. Bunday usul shartnomaviy munosabatlarda davlatimiz iqtisodiy yurituvchi subyekt sifatida ishtirok etayotgan taraflarga ko‘proq ma’qul bo‘lib amaliy qo‘llaniladi.
Huquqiy tabiati bo‘yicha prorogatsion bitimlar (ya’ni sudni tanlash haqidagi bitimlar) xalqaro savdo muomalasida tarqalgan, ya’ni mavjud bo‘lgan nizolarni davlat sudlarining vakolatidan olib ularni hakamlik sudi tartibida ko‘rib chiqish uchun topshirish haqidagi kelishuvlarga yaqindir. Agarda nizoning ishtirokchisi ishni chet elda ko‘rib chiqish haqidagi prorogatsion bitim bo‘lishiga qaramay da’voni iqtisodiy sudiga bersa, bunda IPKning 34-moddasi 3-qismi normalarini qo‘llash lozim.
IPKning chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarning alohida va shartnoma bo‘yicha sudlovligi haqidagi normalari O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining normalariga muvofiq keladi. Chunonchi, 1993-yildagi Minsk konvensiyasining 21-moddasida mustahkamlanganidek, nizolashayotgan taraflar o‘rtasidagi yozma bitimga asosan nizolar boshqa davlatlar sudlariga hal qilish uchun berilishi mumkin. Bunday erkinlik, mazkur konvensiyada mustahkamlangan alohida sud vakolati haqidagi holatlar bilan hamda “tegishli kelishayotgan taraflarning ichki hujjatlari” bilan belgilanadi. Xalqaro huquqiy hujjatlar, sud vakolatini tartibga solish muammolarining mazmuni va hajmi nuqtayi nazaridan, o‘zining alohida xususiyatlariga ega.
1992-yil 20-martda Kiyevda imzolangan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari tashkilotlari o‘rtasida tovar yetkazib berishning umumiy qoidalari haqidagi Bitimga muvofiq xalqaro bitimlarga asosan tovar yetkazib berish shartnomalarini tuzishda kelib chiqadigan nizolar hamda ularni o‘zgartirish va bekor qilish haqidagi nizolar, ularni tuzilish asoslaridan qat’i nazar, tovar yetkazib beruvchi joylashgan joyidagi arbitraj (iqtisodiy) sudi tomonidan ko‘riladi (14-15-moddalar). Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, shartnomaviy va boshqa fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha javobgar o‘zining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yoki tovar yetkazib beruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi (ishni bajaruvchi) joylashgan davlatning sudi vakolatlidir, agarda nizo shartnomani tuzish, o‘zgartirish yoki bekor qilish bilan bog‘liq bo‘lsa.
Alohida sudlovlik Kiyev bitimining 4-moddasi 4-bandida ham mustahkamlangan. Xususan, davlat va boshqa organlarning normativ tusga ega bo‘lmagan hujjatlarini to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish haqidagi hamda shunday hujjatlar bilan iqtisodiy yurituvchi subyektlarga etkazilgan zararni undirish yoki ko‘rsatilgan organlar iqtisodiy yurituvchi subyektlarga nisbatan o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun ularga yetkazilgan zararni undirish haqidagi ishlar shunday organlar joylashgan joydagi sudda ko‘riladi. Bu Kiyev bitimining 4-moddasi va Minsk konvensiyasining 20- 23-moddalarining mazmuniga mos keladi. Mazkur xalqaro hujjatlarda ta’kidlanganidek, asosiy da’vo bilan bog‘liq huquqiy munosabatdan kelib chiquvchi qarshi da’vo arizasi hamda hisobga olish haqidagi talab, asosiy da’vo berilgan sudda ko‘riladi. 1993-yildagi Minsk konvensiyasining 22-moddasi 2- bandi va IPKning 160-moddasining tahlili shundan dalolat beradiki, qarshi da’voni berish asoslari va chegaralari har doim ham bir biriga to‘g‘ri kelmaydi. Birinchi (xalqaro hujjatlar uchun an’anaviy) talabni birlashtirib ko‘rish uchun birlashtirilayotgan predmetlarning o‘zaro aloqadorligini talab qiladi. Ular umumiy huquqiy munosabatdan kelib chiqishlari kerak. Qonun sudlarga asosiy da’voga asoslangan huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan va boshqa huquqiy munosabat bilan bog‘liq bo‘lgan nizolar bo‘yicha qarshi da’vo arizalarini qabul qilish huquqini beradi. Bundan tashqari, qarama-qarshi talablar o‘rtasida IPKning 160-moddasi 2-qismi 3-bandida aniqlashtirilmagan aloqa mavjud bo‘lishi mumkin. Ushbu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, ayrim holatlarni qarama-qarshiligi, xalqaro xususiy huquq amaliyoti va doktrinasida ma’lum bo‘lgan chet ellik elementlari ishtirokidagi ishlarni ko‘rishda xalqaro bitimlarning qoidalarini to‘ldiradigan milliy qonun hujjatlari qoidalarini qo‘llash zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Qarshi da’vo ishtirokidagi bunday holatlar yuzasidan shunday xulosa qilish mumkinki, chet ellik shaxslar ishtirokidagi nizolarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari IPKning 160-moddasini qo‘llashlari mumkin.
Shakllangan xalqaro amaliyotga ko‘ra, garchi sudlovlilik talablariga rioya qilgan holda ko‘rish uchun qabul qilingan ish bo‘yicha milliy sudning vakolatini nazarda tutadi. Ishning mohiyati bo‘yicha ko‘rish davrida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fuqaroligi, yangi joyi yoki joylashgan joyi o‘zgarishi mumkin. Iqtisodiy sud tomonidan ko‘rish uchun qabul qilingan ish, garchi ish yuritish davomida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning turgan joyi o‘zgarishi yoki boshqa holatlar tufayli boshqa davlat sudining sudloviga o‘tsa-da, mazmunan hal qilinaveradi. Ushbu holat ustuvor va qat’iy bo‘lib muayyan davlatning nizoni ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.
Xalqaro sud protsessida sudning o‘zgarmas vakolati instituti sud muhokamasining insofsiz ishtirokchilariga qarshi qaratilgan chet el shaxsining vakolatli sud yuridiksiyasidan sun’iy chiqilishining oldini olishga yordam beradi. Shuning uchun sudning ishni ko‘rib chiqishni o‘zgarmasligi arz qilingan talab muhokamasiga kirishganda hamda yuqori sud instansiyasida shikoyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishni yangitdan ko‘rish uchun o‘tkazishda ham saqlanib qolishini e’tiborga olinishi lozim.
Sudning immuniteti
Iqtisodiy sudda chet davlatga nisbatan da’vo taqdim etishga, uni uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilishga, chet davlatga qarashli bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan mol-mulkni xatlash va unga nisbatan da’voni ta’minlash bo‘yicha boshqa choralarni qo‘llashga, iqtisodiy sudning hal qiluv qarorini majburiy ijro etish tartibida undiruvni shu mol-mulkka qaratishga, agar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, tegishli davlatning vakolatli organlari roziligi bilangina yo‘l qo‘yiladi.
Xalqaro tashkilotlarning sud immuniteti O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.
Davlat iqtisodiy protsessual huquqiy munosabatlarning alohida ishtirokchisidir. Suverenitet barcha davlatlarning tengligiga asoslangan immunitetiga ega bo‘lishda namoyon bo‘ladi. Suverenitet davlatlarning o‘zaro tengligiga; har bir davlat ajralmas to‘liq suverenitet huquqidan foydalanishga; davlatning hududiy yaxlitlikka va siyosiy mustaqillikka ega bo‘lishga foydalanishga; har bir davlat o‘z burch va majburiyatlarini vijdonan bajarishga asoslanadi. Davlat immuniteti mutlaq va funksional immunitet ma’nosida ham tushuniladi.
Mutlaq immunitetga ko‘ra davlat fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishishda o‘zining roziligisiz chet el sudiga tortilmaydi, xorijiy qonunlarning amalda bo‘lishiga bo‘ysunmaydi, da’vo bo‘yicha ta’minlash va majburiy choralar, sud qarorlarini ijro etish, shuningdek mulkka arest solish va rekvizitsiya qilishdan ozod etiladi.
“Funksional” (cheklangan) immunitet deganda davlatning immuniteti rad etilishi va xususiy huquqiy munosabatlarda yuridik shaxs ishtirokini tartibga soladigan normalar, shu jumladan davlatning boshqa ishtirokchilari bilan javobgarligi to‘g‘risidagi normalar davlatga nisbatan tatbiq etilishi tushuniladi. Funksional immunitet AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Kanada, Avstraliya, Argentina, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Ispaniya va boshqa bir qator davlatlar qonunchiligiga xos xususiyatdir. Chet el davlati sud immunitetining protsessual maqomi qonun bilan belgilanadi. Sud immuniteti deganda davlatni boshqa davlatning yurisdiksiyasidan chiqarish tushuniladi. Chet el davlati uning roziligisiz sudga javobgar sifatida jalb qilinishi mumkin emas. Bu qoidaning asosini davlatning suverenitet tengligi tamoyili tashkil etadi. Sud suvereniteti so‘zining mazmuni quyidagilardan iborat: birinchidan, sudning immuniteti - bu bir davlat ikkinchi davlat sudloviga tegishli emas degani; ikkinchidan - da'voni oldin ta'minlashning immuniteti; uchinchidan - sud hujjatini majburiy ijro qilish immunitetini o‘z ichiga qamrab oladi. Immunitet tamoyilini “odil sudlovdan voz kechish” deb tushunmaslik kerak. Davlatga da’vo uning o‘zini sudlariga berilishi mumkin, boshqa davlatning sudlariga esa faqat uning roziligi bilan taqdim etiladi. Mazkur norma xalqaro ommaviy va xususiy huquqda keng ma’lum bo‘lgan chet el davlatining sud immuniteti tamoyilini mustahkamlaydi.
Sudning immuniteti tamoyilini qo‘llashning yuridik asosini birinchi davlat ikkinchi davlatni uning roziligisiz sud hokimiyatiga majburlashini taqiqlovchi davlatlarning tengligi va suvereniteti tashkil qiladi. Bunday majburlovga rozilikni faqat milliy qonun hujjatlariga ko‘ra, vakolatga ega bo‘lgan organi berishi mumkin.Vakolatli organdan rozilik olinganidan so‘ng sodir qilinadigan protsessual harakatlarning ro‘yxati tugal tusga ega bo‘lib, ularni kengaytirib talqin etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu harakatlardan biri bo‘lib chet el davlatiga nisbatan da’vo arizasini berish hisoblanadi. Har xil davlatlarning huquqiy tizimi javobgar vakolatli organining nuqtayi nazari haqida sud qachon xabar qilinishi, ya’ni ariza berishdan oldinmi yoki o‘sha vaqtdami, yoki ish bo‘yicha rasmiy ravishda protsess mavjud bo‘lganidami degan masalani har xil hal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi IPKning qoidalari mazmunidan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, umumiy qoida bo‘yicha sudga yuborilayotgan birinchi da’vo talablarga da’vogar chet el davlatining sudda javobgar bo‘lib qatnashish haqidagi roziligini tasdiqlovchi dalillarni ilova qilishi lozim. Bunday dalillar jumlasiga quyidagi hujjatlar kirishi mumkin: nizolarni ko‘rib chiqish tartibi haqidagi maxsus bandi bo‘lgan kontrakt (sud kelishuvi) yoki sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish), muzokaralar, nizoni kelishuv yo‘li bilan hal qilish harakatlari jarayonida olingan alohida hujjat. Bu kabi isbotlovchi hujjatlar bo‘lmagan taqdirda, da’vo arizasi qaytarilishi lozim, xatoga yo‘l qo‘yilib qabul qilingan arizani O‘zbekiston Respublikasi IPKning 107-moddasi 5-bandiga asosan ko‘rmasdan qoldirilishi kerak. Nizoni predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs deb protsessga jalb qilishga, da’voni ta’minlash yoki sud hujjatini ijro qilish tariqasida O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan chet el davlati mulkini xatlashga, da’vogarning talablari qanoatlantirilganda ushbu mol-mulkni olib qo‘yishga chet el davlatining roziligi ish yurituvi boshlangandan so‘ng talab qilinib olinishi mumkin, agarda rozilik olinmagan bo‘lsa, yuqoridagi harakatlar amalga oshirilmaydi.
Bunday holatda quyidagi shartlarga e’tibor berish kerak: birinchidan, chet el davlati vakolatli organining fikri umumiy ma’noda emas, balki IPKning 242- moddasida keltirilgan har bir protsessual harakatlarga nisbatan bildirilishi lozim. Bu bilan da’vogar o‘zining talablarini javobgarga lozim darajada bildirishi kerak;

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   298   299   300   301   302   303   304   305   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling