Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet303/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   298   299   300   301   302   303   304   305   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Birinchidan, avval boshlangan protsess ustuvorligi, bunga ko‘ra avval chiqarilgan sud qarori ijro etiladi. Ushbu tamoyilning afzalligi shundan iboratki, bir davlatda protsessda yutgan javobgar boshqa davlat sudiga bir biriga aynan o‘xshash da’voni taqdim etishdan saqlanishi mumkin.
Ikkinchidan, 1968-yil 27-sentabrdagi “Fuqarolik va tijorat nizolarining yurisdiksiyasi va majburiy sud qarorlari ijrosi masalalari bo‘yicha Bryussel Konvensiyasining 27-moddasi 5-bandida ustuvorlik tamoyili ifodasini topgan. Mazkur konvensiya O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. Agar ushbu konvensiyaga ishtirok etmaydigan davlat tomonidan ayni bir tomonlar va ayni bir asoslar avval qabul qilingan sud qaroriga zid bo‘lsa hattoki mazkur so‘nggi qaror davlatda tan olish va kuchga kirishi uchun barcha zaruriy talablarga javob bersa-da, sud qarori tan olinmaydi. Sud qarorining so‘nggi vaqti afzalligi tamoyilining mazmuni shundan iboratki, sud qarori qabul qilingandan so‘ng vujudga kelgan faktlar da’voning yangi faktik asosi hisoblanmaydi, da’voning bunday bir-biriga aynan o‘xshashligini istisno etadi. Milliy sud qarorining shartsiz afzalligi tamoyili o‘ziga xos jihatlarga ega. Bu, eng avvalo, muayyan doirada tan olinayotgan davlatda qabul qilinadigan sud qaroriga huquqiy ta’sir etishni ta’minlashda, ya’ni davlat ichida sud qarori qabul qilinganda kelgusida ijro ishi tugatilishi kerak. Avval boshlangan protsessning ustuvorligi tamoyili ko‘plab konvensiyalarda O‘zbekiston Respublikasining huquqiy yordam va fuqarolik va boshqa ishlar bo‘yicha huquqiy munosabatlarga oid ikki tomonlama shartnomalarda ifodasini topgan.
Uchinchidan, agar chet davlat sudining kelajakda qabul qilinadigan yoki qabul qilingan hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasi hududida tan olinmaydigan va ijro qilinmaydigan bo‘lsa, O‘zbekiston sudida protsess boshlanishi mumkin va u tugatilmaydi. Iqtisodiy protsessual qonun hujjati bunday masalalarni tartibga solmaydi, chunki xorijiy sud hokimiyati hujjatlariga nisbatan ko‘rsatilgan holatlar umumiy yurisdiksiya sudlari vakolatiga tegishlidir. “Chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlarini ijro qilish”ga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi FPKning 391-moddasi mazmuni tegishli xalqaro shartnomalarga havola qiladi. Darhaqiqat, bunga umumiy asos bo‘lib, masalan, hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro qilishni rad qilish asoslarini belgilaydigan 1993-yildagi Minsk konvensiyasining 55-moddasi xizmat qilishi mumkin. Biroq manfaatdor shaxs tomonidan keltirilayotgan asoslarning barchasi shu shaxs bilan ishonchli tarzda asoslanishi hamda sud ishlarini yuritishning tortishuvitamoyilidan kelib chiqib har tomonlama baho berilishi kerak.

  1. Sud topshiriqlari

Iqtisodiy sud ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risida chet davlatlar sudlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari yoki xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda o‘ziga berilgan topshiriqlarni (chaqiruv qog‘ozlarni va boshqa hujjatlarni topshirish, yozma dalillar olish, ekspertiza o‘tkazish, joyni ko‘zdan kechirish va boshqalarni) ijro etadi.
Topshiriq quyidagi hollarda ijro etilmaydi:

  1. topshiriqni ijro etish O‘zbekiston Respublikasi suverenitetiga zid bo‘lsa yoki uning xavfsizligiga tahdid solsa;

  2. topshiriqni ijro etish iqtisodiy sudining vakolatiga kirmasa;

  3. sud topshiriqni ijro etish O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudining vakolatiga kirmasa.

Iqtisodiy sud tomonidan ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi topshiriqlarni ijro etish, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro
shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, Iqtisodiy kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Iqtisodiy sudlari chet davlatlarning sudlariga ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi topshiriqlar bilan belgilangan tartibda murojaat qilishi mumkin.
Umumiy qoidaga ko‘ra sud protsessual harakatlarni o‘z davlati doirasida bajarishi mumkin. Ammo bunday harakatlarni chet el davlatida amalga oshirish uchun shu davlatning roziligi talab etiladi. Protsessual harakatlarni o‘z davlatidan tashqarida amalga oshirilishi faqat sud topshirig‘i tartibida bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sud alohida protsessual harakatlarni ijro qilish haqida topshiriqlar bilan xorijiy sudlarga murojaat qilishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlarini sud topshiriqlarini xorijiy sudlar bilan ijro qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalari asosida belgilanadi.
Qoidaga ko‘ra O‘zbekiston sud organlarining sud topshiriqlari xorijiy sudlarga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, chet elga esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali yuboriladi. Topshiriq kerakli bo‘lgan chet tili tarjimasi bilan ta’minlanadi. Masalan, 1996-yil 24-mayda O‘zbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi o‘rtasidagi huquqiy yordam shartnomasida ko‘rsatilganidek, kelishayotgan tomonlarning adliya muassasalari ushbu shartnoma asosida fuqarolik, oilaviy, mehnat va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatadilar. Bu shartnomaning 3-moddasi qonunda ko‘rsatilgan protsessual harakatlarni ijrosini qamrab oladigan huquqiy yordamning hajmini belgilaydi.
Iqtisodiy sudning bir xil turdagi harakatlari sud topshiriqlari va ularni ijro tartibidan farq qiladi. Asosiy farqli jihati shundan iboratki, IPKning 247-moddasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sud hokimiyat organlari bir tomondan, ikkinchi tomondan esa chet davlat sudlari o‘zaro munosabatda subyektlar bo‘lib qatnashadi. Sud topshiriq obyektlari aynan O‘zbekiston Respublikasi sudlarida, boshqalarda har doim faqat shu va boshqa isbot dalillarni to‘plashdir.
Chet elga yuboriladigan va u yerdan keladigan sud topshiriqlari boshqa protsessual harakatlar, chaqiriq qog‘ozlari va boshqa hujjatlarni, yozma dalillar olish, ekspertiza o‘tkazish, joyni ko‘zdan kechirish va boshqa iltimoslarni o‘z ichiga olishi mumkin. Sud topshiriqlarining protsessual harakat doirasi kengdir shuning uchun uni huquqiy yordam ko‘rsatish ma’nosiga ko‘ra talqin qilish mumkin. Beriladigan huquqiy yordam chegaralari har xil turdagi davlatlarning protsessual qonun hujjatlarida bir xilda belgilanmagan. O‘zbekiston sud amaliyoti uchun huquqiy yordamni qabul qilish va xorijiy sud hujjatlarini ijro qilishga qaratilgan 1993-yildagi Minsk konvensiyasining 6-moddasi asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sud topshirig‘i ijrosi harakati va qaytarilishiga belgilangan tartibda aniq rioya etish kerak. Lekin bunday holatga rioya etmaslik ko‘p hollarda sud topshiriqlarini bajarmasdan qaytarishga sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi unga yuborilgan sud topshirig‘i ijrosini milliy qonun hujjatlarida va xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan asoslarga muvofiq rad etishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2013-yil 24- mayda qabul qilingan “Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish hamda chet davlat sudining topshirig‘ini ijro etish to‘g‘risidagi ishlarning iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rilishida qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 248-son qaroriga ko‘ra iqtisodiy sudlari chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish hamda chet davlat sudining topshirig‘ini ijro etish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda Nyu-York shahrida 1958-yil 10-iyunda imzolangan “Chet el mamlakatlari hakamlik qarorini e’tirof etish va ijro etish to‘g‘risida”gi konvensiya, Kiyev shahrida 1992-yil 20-martda imzolangan “Iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risida”gi bitim, Minsk shahrida 1993-yil 22-yanvarda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi konvensiya, Gaaga shahrida 1954-yil 1-martda imzolangan “Fuqarolik protsessi masalalariga doir konvensiya”, O‘zbekiston Respublikasining huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi va boshqa qonun hujjatlarini qo‘llashlari lozim.
Chet davlat sudi deganda sud hokimiyatini amalga oshiruvchi davlat organi, hakamlik deganda esa nodavlat tashkilot-xalqaro tijorat arbitraji tushuniladi.
Iqtisodiy sudlari chet davlat sudlari topshirig‘ini ijro etish haqidagi ishlarni Kiyev bitimi, Minsk va Gaaga konvensiyalari hamda O‘zbekiston Respublikasi va chet davlatlar o‘rtasida tuzilgan o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar asosida ko‘rib chiqadi. Sudlarga tushuntirilsinki, Kiyev bitimining 5-moddasiga asosan huquqiy yordam ko‘rsatishda yordam so‘ralayotgan vakolatli sudlar va boshqa organlar o‘z davlatining qonun hujjatlarini qo‘llaydilar. Shundan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudiga huquqiy yordam ko‘rsatish haqidagi iltimosnoma bilan murojaat qilinganda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari qo‘llaniladi.
Xususan, IPKning 162-moddasiga asosan ishni sudda muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida ajrim chiqarilib, unda ishni tayyorlashga doir harakatlar, ishni sudda ko‘rishga tayinlash, uni o‘tkazish vaqti va joyi ko‘rsatiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida IPKning 163-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadilar. Iqtisodiy sud tomonidan ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi topshiriqlarni ijro etish, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, IPKda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Iqtisodiy sud IPKning 247-moddasiga muvofiq ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risida chet davlat sudlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari yoki xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda o‘ziga berilgan topshiriqlarni (chaqiruv qog‘ozlarini va boshqa hujjatlarni topshirish, yozma dalillar olish, ekspertiza o‘tkazish, joyni ko‘zdan kechirish va boshqalarni) ijro etadi. Sudlar quyidagi hollarda topshiriq ijro etilmasligini nazarda tutishlari kerak: topshiriqni ijro etish O‘zbekiston Respublikasi suverenitetiga zid bo‘lsa yoki uning xavfsizligiga tahdid solsa; topshiriqni ijro etish iqtisodiy sudining vakolatiga kirmasa. Chet davlat sudi topshirig‘i bilan bog‘liq ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi, u xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda so‘rayotgan tarafga jo‘natiladi. Chet davlat sudi topshirig‘i ijro etilganda, ajrimga ijroni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi. Chet davlat sudi topshirig‘i ijro etilmaganda, ajrimda uning ijro etilmaganligi sabablari ko‘rsatiladi.
Agar sud topshirig‘i O‘zbekiston Respublikasi bilan o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish haqidagi shartnoma imzolamagan, biroq Gaaga konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lgan davlatdan kelib tushgan bo‘lsa, chet davlat sudining topshirig‘i ko‘rib chiqish uchun qabul qilinishi shart, chunki Gaaga konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 22-dekabrdagi qarori bilan ratifikatsiya qilingan. Hakamliklar iqtisodiy sudlariga sud topshirig‘i (ekspertiza o‘tkazish, taraflar eshitish, guvohlar, ekspertlar va hakamlik muhokamasining boshqa ishtirokchilarini so‘roq qilish) berishga haqli emasliklariga qaratiladi.
Xorijiy sudlarning ish yurituvi to‘g‘risidagi topshiriqlari O‘zbekiston Respublikasida protsessual harakatlar qoidasiga ko‘ra xorijiy davlatlarning elchixonalari orqali O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi, ular topshiriqni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga ular, o‘z navbatida, topshiriqlarni taalluqliligi bo‘yicha sudlarga yuboradilar. Topshiriqlarni ijrosi haqidagi hujjatlarni iqtisodiy sud O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi. Sud organlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali olingan o‘sha xorijiy sudlarning topshiriqlarni o‘z ijrolariga qabul qilishlari mumkin, agarda sud organlari o‘rtasida qonun hujjatlari asosida boshqa kelishuv, xalqaro va ikki tomonlama shartnoma tuzilmagan bo‘lsa. Shu bilan birga, ayrim xalqaro shartnomalar xorijiy sudlarning topshiriqlarini istisno etadigan qo‘shimcha qoidalarni nazarda tutishi mumkin. Masalan, iltimosnoma, agarda u so‘ralayotgan tarafning qonun hujjatlariga xilof bo‘lsa, qanoatlantirilmaydi (1993-yildagi Minsk konvensiyasining 19-moddasi). 1954-yildagi Fuqarolik protsessi masalalari bo‘yicha Gaaga konvensiyasining 11-moddasining 1- bandiga asosan topshiriqni ijrosi “hujjatning haqiqiyligi aniqlanmagan taqdirda” rad etilishi mumkin.
Qoidaga ko‘ra sud topshiriqlarining normativ asoslari nazarda tutilmagan bo‘lsa ham rad etishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu xalqaro muomaladagi o‘zaro murosa va bir-birini hurmat qilishga rioya etish va mensimaslik holatlarini qoralashni nazarda tutadigan ustuvor amaliyotga ham ziddir. Shuni ta’kidlash lozimki, rad etish hattoki, qaysidir davlat bilan yordam ko‘rsatish haqida shartnoma bo‘lmagan taqdirda ham qonunga to‘g‘ri kelmaydi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi va chet davlat o‘rtasida huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma mavjud bo‘lmasa ham, chet davlat sudining topshirig‘i, agar topshiriq Fuqarolik protsessi masalalariga doir Gaaga konvensiyaga qo‘shilgan davlat sudi tomonidan yuborilgan bo‘lsa, iqtisodiy sud tomonidan ijro etiladi.
Masalan, Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt-na Mayne Oliy hududiy (zemelniy) sudi “AUS-TRADE GmbH” kompaniyasining “Toshkent traktor zavodi” AJga nisbatan kiritgan da’vosi bo‘yicha sud hujjatini topshirish haqidagi sud topshirig‘ini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuborgan. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur sud topshirig‘ini Adliya vazirligiga, vazirlik esa Toshkent shahar iqtisodiy sudiga yuborgan. Toshkent shahar iqtisodiy sud tomonidan sud topshirig‘i tegishli tartibda ijro etilgach, Adliya vazirligiga sud topshirig‘i ijro etilganligi haqida xat yuborilgan.
Gaaga konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 22-dekabrdagi qarori bilan ratifikatsiya qilingan. O‘zbekiston Respublikasi uchun konvensiya 1996-yil 2-dekabrdan boshlab kuchga kirgan. Ushbu Konvensiyaning 8 va 11-moddalariga binoan ahdlashuvchi davlatlardan birining sud hokimiyati boshqa ahdlashuvchi davlatning vakolatli hokimiyatiga fuqarolik yoki savdo ishlari bo‘yicha sud topshirig‘i bilan murojaat qilishlari mumkin, sud topshirig‘ini ijro etish so‘ralgan davlat sud hokimiyati organi esa uni ijro etishi shart. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida fuqarolik, savdo va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzilmagan bo‘lsa-da, Toshkent shahar iqtisodiy sudi tomonidan Frankfurt-na Mayne Oliy hududiy (zemelniy) sudining topshirig‘i asosli ravishda ijro etilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, rasmiy so‘ralgan sud joylashgan joyda sud topshiriqlari davlatlarning protsessual qonun normalari asosida ijro qilinadi. Biroq rasmiy so‘ralgan sudning iltimosiga binoan xorijiy qoidalar asosida tartib qo‘llanishi mumkin, agarda ular ijro etish joyi qonun hujjatlariga xilof bo‘lmasa. Ushbu o‘rinda shuni qayd etish kerakki, sud topshirig‘ining xarajatlarini to‘lash rasmiy so‘ralgan tomon zimmasida bo‘ladi.
Sud topshiriqlarini vaqtida ijro qilish barcha davlatlarda sud ish yurituvi sifat darajasini oshirishga imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, sud topshiriqlarini ijro qilish buzilgan yoki nizolashayotgan haq-huquqini yoxud tadbirkorlar, korxonalar, tashkilotlar va fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi, qonunchilikni mustahkamlaydi va qonun buzilishining oldini oladi.

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   298   299   300   301   302   303   304   305   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling