Iqtisodiy protsessual huquqi prinsiplarining tasnifi
Iqtisodiy ishlarni ko‘rish va hal qilishda iqtisodiy sudlar tomonidan chiqarilayotgan qarorlarning adolat mezonlariga qanchalik mos kelish yoki kelmasligi iqtisodiy protsess prinsiplariga nechog‘li amal qilingan- qilinmaganligiga bog‘liq. Chunki ushbu prinsiplarning qaysi birini olmaylik, masalan, qonun va sud oldida tenglik, taraflarning tortishuvi hamda teng huquqliligi, sudda ish ko‘rishning bevositaligi, oshkoralik va boshqa prinsiplarning mazmun-mohiyatida xalqning xohish-irodasi, adolat to‘g‘risidagi huquqiy qarashlari, g‘oyalari singdirilgan. Shu nuqtayi nazardan aytadigan bo‘lsak, ushbu prinsiplar bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir.
Huquq nazariyasida huquq prinsiplarini uch guruhga, ya’ni umumhuquqiy, sohalararo va sohaviy prinsiplarga ajratish keng tarqalgan. Iqtisodiy protsessual huquqi prinsiplarini ham umumhuquqiy, sohalararo va sohaviy prinsiplarga ajratib tasniflash mumkin.
Umumhuquqiy prinsiplar barcha huquq sohalari uchun umumxarakterga ega bo‘lganligi bilan izohlanadi. Masalan, ushbu prinsiplarga demokratizm, insonparvarlik, qonuniylik va boshqa prinsiplarni kiritishimiz mumkin.
Sohalararo prinsiplar huquq sohasini tartib soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan prinsiplar, boshqa huquq sohasi uchun ham amal qiladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan sudyalarning mustaqilligi, taraflarning tengligi va tortishuvi, bevositalik, oshkoralik, sud ishlari yuritiladigan til kabi prinsiplar ham O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan hamda iqtisodiy protsessual huquqi sohasi uchun ham amal qiladi.
Sohaviy prinsiplar har bir huquq sohasining o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib tatbiq etiladigan prinsiplarni nazarda tutadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi IPKning 14-moddasida chet davlat huquqi normalarini qo‘llashi prinsipi musstahkamlangan. Demak, ushbu prinsip mazkur huquq sohasining sohaviy prinsiplaridan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |