Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


II BOB. IQTISODIY PROTSESSUAL HUQUQNING PRINSIPLARI


Download 464.55 Kb.
bet21/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

II BOB. IQTISODIY PROTSESSUAL HUQUQNING PRINSIPLARI

  1. Iqtisodiy protsessual huquq prinsiplari tushunchasi va ahamiyati

Iqtisodiy protsessual huquq prinsiplarining mazmun-mohiyatini tahlil qilishdan avval prinsip so‘zining ma’nosini anglab olish lozim.
Prinsip so‘zi lotincha “principium” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida asos, qoida, negiz, degan ma'noni anglatadi.
Demak, iqtisodiy protsessual huquqining prinsiplari ham mazkur huquq sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda hamda qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotida boshlang‘ich asos bo‘lib xizmat qiladi.
Iqtisodiy protsessual huquqning prinsiplari iqtisodiy protsessual qonunchilik mazmuniga singdirilgan asosiy ko‘rsatmalar sifatida odatda odil sudlovni sifatli, tartibli amalga oshirish, iqtisodiy protsess ishtirokchilari xatti-harakatlarini maqsadli yo‘naltirish, ish bo‘yicha obyektiv haqiqatni aniqlash, qonuniy, adolatli va asoslantirilgan qaror chiqarish vazifalariga xizmat qiladi.
Huquqiy adabiyotlarda ko‘rsatilishicha, iqtisodiy protsessning prinsiplari barcha protsessual institutlarning tizimi va ularning mavjud tomonlarining ochib beruvchi umumiy rahbariy qoidalarni tashkil etadi.
Iqtisodiy protsessual huquqning prinsiplari bu qonunda mustahkamlangan, protsessual institutlarning barcha tizimlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan, iqtisodiy ishlarini to‘g‘ri, o‘z vaqtida ko'rib chiqish va hal etishda odil sudlovni ta'minlaydigan asosiy rahbariy qoidalardir.
Iqtisodiy sudlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Iqtisodiy protsessual kodeksi (keyingi o‘rinlarda IPK deb yuritiladi) hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlangan prinsiplarga rioya qilgan holda o‘z faoliyatini amalga oshiradilar.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarorida ham iqtisodiy sudlarining e’tibori nizolarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga qat’iy rioya etgan, taraflarning tengligi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, tortishuvligi va odil sudlovning boshqa prinsiplarini ta’minlagan holda hal etish zarurligiga qaratilishi ko‘rsatilgan.
Demak, sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirishda ushbu prinsiplarga qat’iy rioya qilingan holda qonuniy, adolatli va asosli hal qiluv qarori chiqarilishini ta’minlaydi.
Iqtisodiy protsessual huquqning qaysi bir prinsipini olmaylik, har bir prinsipning ahamiyati uning boshqa prinsiplar bilan o‘zaro ta’siri va ularning hammasi iqtisodiy protsessning barcha bosqich hamda institutlariga nisbatan ta’siri bilan belgilanadi. Masalan, tortishuvchilik prinsipini erkin huquq prinsipisiz tushunib va amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu prinsip erkin huquq prinsipining davomi hisoblanadi. Bu ikki prinsip oshkoralik, og‘zakilik, bevositalik prinsipi qoidalari bilan mustahkamlangan bo‘lib, sud tomonidan obyektiv haqiqat aniqlanishini ta’minlaydi hamda protsess ishtirokchilarining protsessual huquqlari amalga oshishini kafolatlaydi.
Iqtisodiy protsessual huquq prinsiplari iqtisodiy protsessual huquq fani rivojlanishida, iqtisodiy protsessual qonunchilikni takomillashtirishda hamda iqtisodiy sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni hal qilishdagi ahamiyati quyidagilar bilan belgilanadi:

  • iqtisodiy sud ishlarini yuritishda sudning odil sudlovni amalga oshirishdagi rahbariy va yo‘naltiruvchi rolini belgilab beradi;

  • iqtisodiy protsessual huquqning normalarini to‘g‘ri qo‘llash va huquq yoki qonun analogiyasi qo‘llaniladigan hollarda ishlarni to‘g‘ri hal etish imkoniyatini beradi;

  • ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud protsessi davomida o‘z manfaatlarini himoya qilishning protsessual vositalaridan to‘liq ravishda foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi;

  • iqtisodiy sud ishlarini yuritish vazifalarining to‘liq bajarilishini, ya’ni qonuniy, asosli va adolatli hal qiluv qarorini chiqarish yo‘li bilan fuqarolik ishlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rish hamda hal qilinishini ta’minlaydi;

  • fuqarolar, tashkilotlar, davlat va jamiyat manfaatlarining himoya qilish bo‘yicha odil sudlovning umumiy maqsadlari va vazifalarini amalga oshirishni ta’minlaydi;

  • iqtisodiy protsessual huquq sohasining istiqboldagi rivojlanishini oldindan belgilab beradi.


  1. Download 464.55 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling