Toshkent davlat yuridik universiteti konstitutsiyaviy huquq kafedrasi abdulloyeva firuza maxmudovna


O‘zbekiston Respublikasida insonning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqlarini amalga oshirishning huquqiy asoslari


Download 437.34 Kb.
bet5/13
Sana16.06.2023
Hajmi437.34 Kb.
#1501942
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
Abdulloyeva Feruza BMI

1.2.O‘zbekiston Respublikasida insonning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqlarini amalga oshirishning huquqiy asoslari
Bugungu kunda mamlakatimizda aholining salomatligini muhofaza qilish masalasi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Sog‘liq insonlarning eng qimmatli nomoddiy neʼmati ekanligi va bu neʼmat o‘z navbatida davlat boyligi ekanligi ham eʼtirof etiladi. Binobarin, sog‘liq – nafaqat tibbiy ahamiyatga ega bo‘lgan tushuncha, balki, ijtimoiy-huquqiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib, ijtimoiy siyosatning obyekti hisoblanadi.
Bu borada mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “Konstitutsiyamizda har bir inson malakali tibiy xizmardan foydalanish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. Bu muhim hayotiy qoidaning ijrosini ta’minlash – xalqimiz genofondini asrash yoki oddiy qilib aytganda, jamiyat va davlat taraqqiyotining kafolatidir”38, deb ta’kidlagan edi.
Hozirda nafaqat mamlakatimizda balki, barcha mintaqalarda fuqarolarning sog‘ligini saqlash va ularni malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini kafolatlashning ishonchli va samarali tizimini yaratish jarayoni dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Pandemiya tufayli nafaqat mamlakatimizni balki dunyo davlatlarining sog‘liqni saqlash tizimi va qonunchiligining ushbu sinovlar qarshisida qanchalik qiyin vaziyatga tushganligini kuzatish orqali, ushbu sohani yangi qarash hamda nuqtai nazar orqali tahlil qilgan holda ilg‘or tajribalar asosida isloh qilish zaruratini vujudga keltirmoqda.
Shu bois bugungi kunda tibbiy xizmatni har tomonlama va sifatli amalga oshirish, hududlarda shifoxonalar va boshqa tibbiy muassasalarning yopilishi, shartnoma asosida rejalashtirilgan tibbiy muolajalarning kechiktirilishi va bekor qilinishi kabi huquqiy yechimini topishi zarur bo‘lgan muammolar yuzaga kelmoqda.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlashda davlat doirasidagi harakatlar bilan cheklamasdan, o‘zining milliy qonunchiligini bu boradagi universal xalqaro-huquqiy hujjatlarga uyg‘unlashtirib bormoqda.
Yurtimizda aholi salomatligini saqlash va yaxshilash imkonini beradigan sifatli sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun shart-sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning samaradorligi, sifati va qulayligini oshirish taʼminlandi, BMT Ming yillik rivojlanish maqsadlarining asosiy parametrlariga erishildi.
Mustaqillik yillarida sog‘liqni saqlash sohasida mamlakatimiz erishgan yutuqlarga xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baho berildi. Masalan, aholining umr ko‘rishi 4,6 yoshga – 1995 yildagi 69,1 yoshdan 2017 yilda 73,7 yoshga oshdi.
Onalar o‘limi ko‘rsatkishi 3,1 baravarga kamayib, 100 ming nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 21 ta holatni tashkil etdi, chaqaloqlar o‘limi esa 3,1 baravarga kamayib, 1000 nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 11,5 ta holatni tashkil etdi. Bolalarda eng ko‘p uchraydigan kasalliklarga qarshi emlash va profilaktika tadbirlari bilan qamrab olish darajasi 96-98 foizda qatʼiy saqlanib turibdi39.
Qayd etish zarurki, bugungi kunda bu sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni unifikasiya qilinmaganligi hamda tibbiy xizmat sifatini oshirish va bemor huquqlarini himoya qilish, shuningdek tibbiyot xodimlarining masʼuliyati va himoyalanganligini kuchaytirishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir qiluvchi qonunlarning yo‘qligi, soha faoliyatini tartibga solish 500dan ortiq qonun osti hujjatlar bilan tartibga solinayotganligi ushbu sohada qonunchilik bazasini tarqoqligidan dalolat beradi.
COVID-19 pandemiyasi davrida yaqqol ko‘zga tashlangan kamchiliklar ushbu tizimni isloh qilish, insonlarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq taʼminlash zaruratini yuzaga keltiradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti boshchiligida haqiqatan ham shaxsning huquq va manfaatlarini taʼminlashda, xususan, har bir inson uchun eng muhim o‘rin tutadigan va jamiyatda eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etiladigan hayot va sog‘liqni saqlashni huquqiy taʼminlash sohasi favqulodda muhim ahamiyatga egadir.
Bugungi kunda O‘zbekiston inson huquqlariga doir 70dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlarga qo‘shilgan bo‘lib, ular qatorida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash huquqini fundamental qoidalarini belgilab beruvchi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1991), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt (1995), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning Fakultativ Protokoli (1995), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning ikkinchi fakultativ Protokoli (2008), Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro bill va boshqa bir qator inson huquqlari to‘g‘risidagi shartnomalarni o‘z ichiga qamrab oluvchi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt (1995)larni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Shuningdek, davlatimiz tomonidan Jahon tibbiyot assotsiyatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 2000-yildagi Xelsinki deklaratsiyasi va boshqa xalqaro tamoyillarga doimiy ravishda tibbiyot sohasida qo‘llanilib kelinmoqda.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklarini, shu jumladan, axborotga bo‘lgan huquqlarini rivojlanishini belgilab beruvchi asosiy hujjat sifatida BMT tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi”ni ko‘rsatib o‘tish joiz40.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqilarini taʼminlash va bu boradagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga yo‘naltirilgan qonunchilik yuqorida qayd etib o‘tilgan xalqaro huquq normalariga uyg‘unlashgan holda takomillashtirilib borilmoqda.
Respublikamizda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati, manfaatlari oliy qadriyat ekanligi hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalardagi huquq va erkinliklari, jumladan axborotga bo‘lgan huquqlari xalqaro huquq prinsiplariga asoslanishi Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yildi. Mazkur huquqiy normani hayotga tatbiq etish maqsadida vakolatli davlat organlari tomonidan bir qansha qonun hujjatlari qabul qilingan.
Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan barcha mintaqalarda fuqarolarning sog‘ligini saqlash va ularni malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini kafolatlashning ishonchli va samarali tizimini yaratish jarayoni dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada ayniqsa, kasalliklarning oldini olish va ularni profilaktika qilish, dastlabki davrdanoq aniqlash, to‘g‘ri tashxis qilish va davolashda xalqaro standartlar asosida shakllantirilgan protokollarga qatʼiy rioya qilish, mavjud tibbiy tashkiliy tuzilmalarni, jumladan qishloq vrashlik runktlari va oilaviy poliklinikalar, tez yordam stansiyalari va shoshilinch tibbiy yordam muassasalari o‘rtasida tuzilmaviy bog‘liqlik va o‘zaro hamjihatlikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish talab qilinadi.
O‘zbekistonda aholini malakali tibbiy yordam olishga bo‘lgan huquqlari konstitutsiyaviy norma darajasida belgilab berilib, ushbu sohada milliy qonun hujjatlari tizimi ishlab shiqilgan. Konstitutsiyamizning 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligini mustahkamlash orqali dunyo hamjamiyatiga mamlakatimizni umuminsoniy qadriyatlarga sodiq davlat ekanligini namoyon qildi41.
Mazkur konstitutsiyaviy normaning o‘ziga xosligi shundaki, ushbu normaning huquqiy qadriyat sifatida tan olinib, uning bosh maqsadi jismonan sog‘lom, ruhan tetik insonni tarbiyalash, shakllantirish, barkamol avlodni etishtirishdan iborat. Ana shunday shaxsgina kelajakni asosiy poydevori bo‘la oladi.
Yangilangan Bosh Qomusimizning 48-moddasida “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash choralarini ko‘radi.
Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, 49-moddasida esa Har kim qulay atrofmuhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega.
Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrofmuhitga zararli taʼsir ko‘rsatilichiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Davlat barqaror rivojlanish printsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi”42, deya belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidan tortib barcha normativ-huquqiy hujjatlar inson huquqlarini taʼminlashga qaratilganligini qayd etish zarur.
Har yili davlatimiz tomonidan maʼlum sohaga bag‘ishlanib yil nomini eʼlon qilinichiga eʼtibor qaratsak o‘tgan yillar davomida insonni salomatligini saqlash bo‘yicha o‘n uch marotaba ushbu sohaga bag‘ishlanganligini kuzatish mumkin. Jumlalan, “Sog‘lom avlod yili”, “Sog‘lom ona va bola yili”, “Sihat-salomatlik yili”, “Mustahkam oila yili”, “Ijtimoiy himoya yili”, “Yoshlar yili”, “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”, “Barkamol avlod yili” “Homiylar va shifokorlar yili”, “Sog‘lom bola yili”, “Keksalarni eʼzozlash yili”, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ning har biri uchun alohida ishlab chiqilgan davlat dasturlari asosida amalga oshirilib, milliy normativ-huquqiy hujjatlar tizimi shular orqali doimiy ravishda takomillashib borgan.
Ushbu davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini umumlashtiruvchi asosiy masala bu – O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘liqqa bo‘lgan huquqlarining doimiy ravishda taʼminlash bo‘yicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy normativ-huquqiy hujjatlarning tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, ushbu sohada bugungi kunda 500 dan ortiq qonunchilik hujjatlari mavjud bo‘lib, bu borada ayniqsa qonun osti hujjatlari, xususan idoraviy hujjatlarning soni haddan ortiq ko‘pligi sog‘liqni saqlash tizimi barqarorligini taʼminlash va ushbu hujjatlarni sifati, huquqni qo‘llash amaliyotida samarali qo‘llash imkonini bermayarti.
Shu bois ham, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari biri sifatida sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni unifikasiyalash hamda tibbiy xizmat sifatini oshirish va bemorlar huquqlarini himoya qilish, shuningdek tibbiyot xodimlarining masʼuliyati va himoyalanganligini kushaytirishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir qiluvchi qonunlarni qabul qilish dolzarb sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash sohasini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish va sog‘liqni saqlash sohasida yagona kodeks qabul qilish to‘g‘risida R.Xonnazarov xam takliflarni ilgari surgan43.
Mazkur masalalarni hal qilinishi oldimizga milliy normativ-huquqiy hujjatlarni qonunchilikni, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xorijiy tajribani asosiy tanqidiy tahlil qilish zaruratini qo‘ymoqda.
Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda ma’lum qadamlar qo‘yilgan. Sog‘liqni saqlash sohasini tartibga soluvchi maxsus normativ-huquqiy manbalar jumlasiga O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonunlarini e'tirof etish mumkin:
- O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi 422-XII-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi 657-XII-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Surunkali alkogolizm, giyoxvandlik yoki zaxarvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida”gi 753-XII-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan “Fuqarolarning sog‘ligini saqlash to‘g‘risida”gi 265-I-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi 415-I-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Giyoxvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi 813-I-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Odamning immunitet tankisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish to‘g‘risida”gi 816-I-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 11-mayda qabul qilingan “Aholini sil kasalligidan muxofaza qilish to‘g‘risida”gi 215-I-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustda qabul qilingan “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi 402-II-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 29-aprelda qabul qilingan “Qizil yarim oy va qizil xoch timsollaridan foydalanish xamda ularni himoya qilish to‘g‘risida”gi 615-II-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 12-sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘RQ-47-sonli Qonuni; O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 3-mayda qabul qilingan “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-97-sonli Qonuni.
Dastlavval, ushbu sohadagi maxsus qonun sanalgan O‘zbekiston Respublikasida belgilangan har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini hayotga joriy qilish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat sifatida O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolar sog‘ligini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunini tahlil qilsak44.
Qonunning 13-moddasi eʼtiborga molik bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari sog‘liqni saqlash borasida daxlsiz huquqqa egadirlar, deb belgilangan. Ushbu qonun mazmuni Konstitutsiyaning 40-moddasiga unchalik mos kelmaydi, deb hisoblaymiz. Sababi, Konstitutsiyamizning ushbu tahlil qilinayotgan normasi, tibbiy xizmat olish huquqi bo‘yicha kafolatlarni O‘zbekiston fuqarolariga emas, balki har bir insonga taqdim etadi.
To‘g‘ri qonuning navbatdagi moddasi, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning sog‘liqni saqlash huquqini o‘zgacha tartibda mustahkamlashga qaratilgan bo‘lsada, lekin umumiy fundamental qoida sifatida O‘zbekiston hududida barcha shaxslarning sog‘liqni saqlash huquqi daxlsizligini belgilash zarur.
Bepul tibbiy yordam ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-sonli “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan45. Mazkur ro‘yxat yildan-yilga qisqarib borayotganligini, shuningdek bunday yo‘llanmalarni olish qiyinchiliklarini ham qayd etish zarur.
Mazkur bepul tibbiy xizmatlarning barchasi davlat tomonidan byudjet mablag‘lari asosida amalga oshiriladi. Shu bois, ushbu mablag‘ni sarflanishi va tartibi alohida qonun osti hujjatlarda ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 26-fevraldagi PF-3214-sonli Farmoni bilan Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari tomonidan davlat budjet mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslarning ro‘yxati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 18-martdagi 48-sonli qarori bilan Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tasdiqlangan.
Barcha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxatiga 16 toifa shaxslar kiritilganligini qayd etish zarur. Lekin, asosiy fuqarolar toifasi ushbu ro‘yxatda yo‘qligini ham qayd etish zarur.46
Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-sonli qarori bilan tasdiqlangan47.
Shuni ham qayd etish zarurki, davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmining belgilangandan ortiqcha tibbiy va boshqa xil xizmatlar ko‘rsatish qo‘shimsha xizmatlar bo‘lib, aholi tomonidan belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va uning ahamiyati bugungi pandemiyadan keying davrda yanada dolzarb ekanligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Ushbu qonunda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, davlat sanitariya nazorati, insonning yashash muhiti, sanitariya-epidemiologik vaziyat, cheklovchi vaziyat (karantin), yuqumli va parazitar kasalliklar tushunchalariga aniq taʼrif berib o‘tilgan bo‘lib, shu bilan birgalikda aholining sanitariya epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan.
Ushbu qonunning ikkinchi bo‘limi qulay atrof-muhitga ega bo‘lish, odamlarning sog‘lig‘i va atrof-muhit holati to‘g‘risida maʼlumot olish, inson salomatligiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash va sanitariya-gigiyena sohasidagi inson huquqlarini himoya qilishga oid boshqa qoidalarni kafolatlaydi. Bundan tashqari har bir fuqaro ushbu qonunning yuridik va jismoniy shaxslarning aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi huquq va majburiyatlaridan foydalangan holda ushbu sohani rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shishi mumkin48.
Ijtimoiy tarmoqlarda ilgari tez tibbiy yordam ko‘rsatishda propiska so‘ralayotgani haqidagi murojaatlar va muhokamalar bo‘lib o‘tgandi. Barchamizga maʼlumki, tez tibbiy yordam xizmatining asosiy vazifasi fuqaroning hayotiga xavf tug‘diradigan holatlarda birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishdir. Ushbu tibbiy yordam barcha holatlarda – bemor O‘zbekiston fuqarosimi yoki chet ellik mehmonmi, bundan qatʼi nazar bepul ko‘rsatiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida ham “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, deya qatʼiy belgilab qo‘yilgan.
Tez tibbiy yordam chaqiriqlarida chaqiriq manzilga etib borganda, albatta, bemorning ro‘yxatga olingan manzili to‘g‘risidagi maʼlumot so‘raladi. Bu mavjud meʼyoriy hujjatlarda belgilanganidek, chaqiriq qog‘ozidagi “ro‘yxatga olingan manzili” grafasini to‘ldirish uchun amalga oshiriladi.
Bugungi kunda propiska bilan bog‘liq avvalgi tartiblarni to‘liq isloh qilinganligi, tibbiyot xodimlari tomonidan Tez tibbiy yordam chaqiriqlarini rasmiylashtirishda bunday maʼlumotlarni to‘ldirish zaruratini istisno qiladi. Shunga qaramasdan, hali hanuz tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan ham elektron shaklda ham qog‘oz shaklda shunday maʼlumotlarni to‘ldirib kelinmoqda
“Fuqarolar sog‘ligini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 29-moddasiga ko‘ra, eng ko‘p tarqalgan kasalliklar, shikastlanish, zaharlanish va shoshilinch yordam talab etiladigan boshqa holatlarni davolash davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul va har qanday cheklovlarsiz ko‘rsatiladi. Hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 591-moddasiga muvofiq, tegishli maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Bemorga joyida yordam ko‘rsatilgash, shifoxonaga olib borish talab qilinadigan holatlar mavjud bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli hujjatlariga asosan tez tibbiy yordam xodimi bemorni Toshkent shahrida joylashgan shifoxonalarga olib borishi lozim. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tez tibbiy xizmat ko‘rsatishda propiska bilan bog‘liq masalalarning ro‘kach qilinishi qonunbuzarlik hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni (yangi tahriri) tibbiyot tizimining ajralmas qismi bo‘lgan dori vositalari, dori moddalari (substansiyalari), dori preparatlari, dorivor o‘simlik xom ashyosi singari bir qator tushunchalarga aniq taʼrif berib o‘tgan bo‘lib, qonunning maqsadi dori vositalari va farmasevtika faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur qonun o‘zida davlat boshqaruv organlarining dori vositalari va farmasevtika faoliyati sohasidagi asosiy vakolatlarini belgilab berib, dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazish, uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini ko‘rsatib o‘tgan. Farmasevtika faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, uni amalga oshirish tartibi hamda dorixonalar tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar ham ushbu qonunning tarkibiy qismidir.
Bundan tashqari O‘zbekiston milliy qonunchiligida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yuqumli va inson sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘diradigan kasalliklarga qarshi kurashishni o‘zida aks ettirgan maxsus qonunlar ham mavjud bo‘lib, ular orasida “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun49, “Radiasiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun50, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun51, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonun52, “Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlari53ni ko‘rsatib o‘tish zarur. Ushbu qonunlar fuqarolarning sog‘liqqa bo‘lgan huquqlarini u yoki bu taraflarini o‘zida aks ettirgan bo‘lib, mazkur qonunlarni alohida-alohida tahlil qilishga mazkur ish doirasida zarurati yo‘q.
Aholini sog‘ligini saqlash sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-martdagi “Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2838-sonli Qarori, 2018-yil 17-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3973-sonli Qarori, 2018-yil 5-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4049-sonli Qarori, 2018-yil 7-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5590-sonli Farmoni, 2020-yil 30-maydagi “Nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan tez tibbiy yordam xizmatlarini ko‘rsatish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi PQ-4737-sonli Qarori, 2021-yil 12-noyabrdagi “Aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-6-sonli Qarori, 2022-yil 25-apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-215-sonli Qarori, 2022-yil 16-iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-283-son qarori shular jumlasidandir.
Demak, sog‘liqni saqlash huquqini taʼminlash sohasidagi munosabatlar turli xil huquq sohalari normalari bilan tartibga solinib, ular bir butun tizim sifatida Konstitutsiyada belgilab berilgan har bir insonning malakaviy tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini taʼminlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, yaqin yillarda O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimidan bir qator aniq natijalarni kutish, kelgusi avlodni sog‘lom va barkamol bo‘lishida muhimdir.
Birinchidan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar standartlari va tavsiyalarini milliy qonun hujjatlariga implementasiya qilish, Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarini mamlakatimizda amalga oshirish;
Ikkinchidan, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmlarini qonunchilik yo‘li bilan belgilab qo‘yish. Amaldagi tartibot tarqoq va huquqni qo‘llash amaliyotida aholiga tushunish, qo‘llash bo‘yicha qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda;
Uchinchidan, insonlarini majburiy tibbiy sug‘urta dasturlari bilan bosqichma-bosqich qamrab olishni amalga oshirish.
To‘rtinchi, sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni oshirish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda budjetdan ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanish, tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga munosib haq to‘lanishini taʼminlashning shaffof va ochiq tizimini yaratish zarur.



Download 437.34 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling