Toshkent davlat yuridik universiteti
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
324 49-bob. Mol-mulkni ishonchli boshqarish Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining tushunchasi. Mol- mulkni ishonchli boshqarish ham bozor munosabatlari qonuniyatlaridan kelib chiqib, mamlakatimizda amal qila boshlagan yangi fuqarolik-huquqiy institutlaridan biri hisoblanadi. Mazkur huquqiy institutning mohiyati birinchi navbatda bozor munosabatlari sharoitida vujudga kelgan mulkdorlar manfaatlarini himoya qilish va ularning mulkiy huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini kengaytirish bilan belgilanadi. Zero, mol-mulkni ishonchli boshqarish orqali mulkdor o’z mulkidan begonalashmagan (“uzoqlashmagan”) holda mulkiy huquqlarini amalga oshiradi va bu orqali foyda ko’radi. Mol-mulkni ishonchli boshqarishning yana bir o’ziga xos jihati sifatida bu munosabatlarning o’zaro ishonchga asoslanishini va bu orqali “bo’sh turgan” mol- mulklar fuqarolik-huquqiy muomalaga kiritilishi evaziga, bozor munosabatlaridagi iqtisodiy muomalada moddiy ne’matlar almashinuvi vujudga kelishini ko’rsatib o’tish lozim. Mol-mulkni ishonchli boshqarish instituti xususida fikr yuritganda mazkur huquqiy munosabatlarning asosi XII-XIII asrlarda Angliyada shakllanganligini va hozirda ko’pchilik davlatlar fuqarolik qonunchiligida qo’llanilayotgan mol-mulkni ishonchli boshqarishning asosiy qoidalari o’sha paytlardayoq shakllanganligini aytib o’tish lozim. Zero, anglo-amerika huquq tizimi uchun xos bo’lgan mazkur institut ishonchli mulk deb atalishi bilan birga, ya’ni mol-mulkni ishonishga asoslangan – fidutsiar (fiduciary ownership) va trast (trust) nomlari bilan ham keng tarqalgan. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, mazkur huquqiy institutning vujudga kelishi uchun asosiy sabablardan biri bu ko’chmas mulkdan foydalanishga nisbatan feodal tusdagi cheklovlar, shuningdek o’rta asr Angliyasi uchun xos bo’lgan yerni cherkov va monastr foydasiga o’tkazishni ta’qiqlash qoidalari hisoblangan. Ushbu cheklovlarni “aylanib o’tish” uchun mol-mulkni ishonchli boshqarish instituti o’ylab topilgan bo’lib, bunda er uchastkasining mulkdori va yerda hosil yetishtirgan va undan foyda olayotgan shaxs aynan bir shaxs bo’lmasdan, formal jihatdan mulkdor bir kishi hisoblansa-da, u ko’chmas mulkni boshqa shaxs manfaatlari uchun boshqarar va ish yuritar edi. Bundan tashqari mol-mulkni ishonchli boshqarish institutining vujudga kelishida sudlarning ahamiyati katta bo’lganligini ham ta’kidlab o’tish lozim. Zero, sudlar mulkni uchinchi shaxs foydasiga o’tkazishga nisbatan belgilangan cheklashlardan qochish ma’nosida adolat huquqi nuqtai-nazaridan kelib chiqib shu yo’lni tanlagan. Ko’pchilik vaziyatlarda o’rta asr Angliyasida yirik yer egasi – ritsarning uzoq muddatli harbiy yurishlarda bo’lishi davrida uning oilasi oila boshlig’ining uzoq muddat davomida uyida bo’lmasligi yoki urushda vafot etishi munosabati bilan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulklar ritsarning oila a’zolari manfaatlari uchun boshqarilishi lozim bo’lar edi. Shu munosabat bilan sudlar yuqorida aytganimizdek, adolat huquqi nuqtai-nazaridan mazkur huquqiy institutni yaratadilar. Biroq o’sha davrlar Angliya qonunchiligi mol-mulkni ishonchli boshqarish 325 instituti qo’llanilishini huquqiy tartibga solishga bir necha marotaba harakat qilgan, ba’zi vaziyatlarda esa bu institut amal qilishini ta’qiqlagan. Mazkur institutga bo’lgan hayotiy zaruriyatlar 1535 yilgi Foydalanish to’g’risidagi (trast to’g’risidagi) qonunda belgilangan cheklovlarni istisno etish maqsadida sudlarga murojaat etishga sabab bo’ldi va sudlar bu o’rinda mol-mulkni ishonchli boshqarish institutining rivojlanishida muhim o’ringa ega bo’ldi. Mazkur mulk shaklining mazmuni shuni anglatadiki, ishonchli mulkni belgilovchi, ya’ni muassis (settlor) sifatida ishtirok etayotgan shaxs ishonchli mulkdor (trustee) deb nomlanuvchi ikkinchi tarafga mol-mulkni o’zi ko’rsatgan bir yoki bir necha shaxs – foyda oluvchi, ya’ni benefitsiar (beneficiary) manfaatini ko’zlab boshqarish uchun topshiradi. Keyinchalik mol-mulkni ishonchli boshqarish institutining rivojlanib borishida sud pretsedentlari alohida ahamiyat kasb etgan. Biroq, mazkur institutning keng rivojlanishi natijasida mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabatlarini tartibga soluvchi maxsus qonun hujjatlari qabul qilingan. Masalan, Mol-mulkni ishonchli boshqarish to’g’risidagi qoidalar To’plami (Svod) (Restatements of the Law of Trusts) yoki bir qancha shtatlarda amal qiluvchi ishonchli boshqaruvdagi mulk to’g’risidagi Umumlashtirilgan qonun yoxud ishonchli boshqaruvning alohida turlariga oid qonunlar shular jumlasidandir. Ta’kidlash lozimki, mol-mulkni ishonchli boshqarish institutiga o’xshash munosabatlar qit’a huquq tizimida ham, musulmon huquq tizimida ham mavjud bo’lgan. Biroq, bunda mol-mulkni bir shaxs tomonidan boshqa shaxs manfaatlari uchun boshqarish holatlari ko’pchilik vaziyatlarda mulkdor – xo’jayin va uning xizmatkori o’rtasidagi munosabatlarda namoyon bo’lgan. Shu bilan birga, voyaga yetmagan shaxslarning mol-mulklarini boshqarish ham odat huquqi normalari asosida yaqin qarindoshlar yoki davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan. Mol-mulkni boshqarish munosabatlari ko’pchilik holatlarda mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi asosida vujudga keladi. Shu munosabat bilan mazkur huquqiy institutning mohiyati va majburiyatlar tizimidagi o’rnini mol- mulkni ishonchli boshqarish shartnomasinining o’ziga xos jihatlarini tahlil etish orqali ochib berish mumkin. FKning 849-moddasiga muvofiq, mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bo’yicha bir taraf (boshqaruvning muassisi) ikkinchi tarafga (ishonchli boshqaruvchiga) mol-mulkini muayyan muddatga ishonchli boshqaruvga topshiradi, ikkinchi taraf esa ushbu mol-mulkni boshqaruvning muassisi yoki u ko’rsatgan shaxs (foyda oluvchi) manfaatlarini ko’zlab boshqarish majburiyatini oladi. Mazkur shartnomaga muvofiq, ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni boshqarish yuzasidan o’ziga xos vakolatlarga ega bo’ladi va uni amalga oshirish yuzasidan uchinchi shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalarga kirishadi. Bu holat ishonchli boshqaruvchi maqomining mulkiy muomala ishtirokchilariga yuridik xizmat ko’rsatuvchi boshqa shaxslar, vakil, vositachi va agent maqomi bilan o’xshash ekanligini anglatadi. Biroq topshiriq, vositachilik va vakillik shartnomalari bilan o’xshashlik jihatiga ega bo’lsa-da, mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi vositachilik xizmatini ko’rsatish shartnomalari guruhiga kirmaydi, ushbu shartnoma xizmat ko’rsatish bo’yicha o’ziga xos majburiyatlarni 326 ifodalovchi fuqarolik-huquqiy shartnomalarning mustaqil turi sifatida namoyon bo’ladi. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi xizmat ko’rsatish shartnomalari guruhiga oid bo’lib, o’zining bir qator xususiyatlari bilan shu turdagi boshqa shartnomalardan farq qiladi. Xususan, mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi topshiriq shartnomasidan farqli ravishda xizmat ko’rsatuvchi shaxsga fuqarolik muomalasida harakat qilishi bo’yicha keng vakolatlar beradi. Agar topshiriq shartnomasi bo’yicha vakil topshiriq bergan shaxs nomidan va uning hisobidan yuridik harakatlarni amalga oshirsa, ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni muassis yoki foyda oluvchi manfaatlarini ko’zlab boshqaradi, o’z nomidan yuridik harakatlar, shu bilan birga, boshqa faktik harakatlarni ham amalga oshira oladi. Shu bilan birga, ishonchli boshqaruvchiga nisbatan boshqarish jarayonida muassisning ko’rsatmalari asosida faoliyat olib borishi va uning ko’rsatmalaridan chetga chiqmasligi kabi qoidalar qo’llanilmaydi. Agar vakil amalga oshirgan xatti- harakat uchun huquq va majburiyat topshiriq beruvchida vujudga kelsa, ishonchli boshqaruvchining harakatlari faqat uning o’ziga huquq va majburiyatlar yuklaydi. Vositachilik shartnomasidan farqli ravishda ishonchli boshqarish shartnomasida ishonchli boshqaruvchi faqatgina bir yoki bir necha bitimni tuzish harakatini emas, o’ziga ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulk yuzasidan barcha yuridik harakatlarni amalga oshirishga haqli bo’ladi. Agar vositachi bitimni o’z nomidan, lekin komitent hisobidan amalga oshirsa, ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni ishonchli boshqarish yuzasidan tuzgan bitimi o’zining nomidan ishonchli boshqarishga berilgan bitim hisobidan amalga oshiriladi. Agentlik shartnomasi va mol-mulkni ishonchli boshqarishning bir-biridan farq qiluvchi yana bir jihati agentlik shartnomasinig har doim haq evaziga amalga oshirilishida hisoblanadi. Bundan farqli ravishda mol-mulkni ishonchli boshqarishda ishonchli boshqaruvchi amalga oshiradigan xizmat uchun haq to’lanishi oldindan belgilab qo’yilishi yoki uning foydadan ulush olishi nazarda tutilishi mumkin. Bunda mol-mulkni ishonchli boshqarish tekinga ham, haq evaziga ham amalga oshirilishi mumkin. Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabatlarining quyidagi o’ziga xos xususiyatlarini ajratib ko’rsatish mumkin: 1. Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabatlari o’zining mazmuni va mohiyatiga ko’ra majburiyat-huquqiy munosabati hisoblanadi. 2. Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabatlarining vujudga kelish asoslari fuqarolik-huquqiy shartnomalarining ko’pchiligidan farqli ravishda FKda qat’iy belgilab qo’yilgan. 3. Mazkur munosabatlarda bir vaqtning o’zida uchta subyekt: mol-mulk muassisi, ishonchli boshqaruvchi va foyda oluvchi ishtirok etadi. 4. Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabati subyektlar o’rtasidagi o’zaro ishonchga asoslangan munosabatlar jumlasiga kiradi. Biroq, bu munosabatlar vakillik va ishonchnoma institutidan ishonchli boshqaruvchining mol-mulkni ishonchli boshqarishga qaratilgan harkatlarni o’z nomidan amalga oshirishi va amalga oshiriladigan yuridik xatti-harakatlar va tuziladigan bitimlarning faqatgina mol-mulkni boshqarishga qaratilishi bilan farq qiladi. 327 5. Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabatlari o’zining maqsadiga ko’ra xizmat ko’rsatish majburiyatlari jumlasiga kiradi. Zero, bunda o’ziga xos fuqarolik-huquqiy “boshqaruv” xizmati amalga oshiriladi. 6. Mol-mulkni ishonchli boshqarish, odatda, bir martalik yoki ijro etilishi bilan yakunlanadigan huquqiy munosabatlar jumlasiga emas, uzoq muddatli va shartnomaviy aloqalardan iborat o’ziga xos murakkablikka ega bo’lgan munosabatlar jumlasiga kiradi. Birinchi navbatda ishonchli boshqaruvchi mol- mulkni taraflar kelishgan, lekin besh yildan ortiq bo’lmagan muddatga boshqarar ekan, u faqatgina mol-mulkni boshqarishdan olingan foydani muassis yoki foyda oluvchiga o’tkazish majburiyatining o’zinigina emas, balki, mol-mulkni boshqarish yuzasidan qanday ishlarni amalga oshirganligi haqidagi va moliyaviy hisobotni topshirishi lozim bo’ladi. Bunday murakkablik barcha fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ham uchramaydi. Shu bilan birga mol-mulkni boshqarish bilan bog’liq ba’zi bir jihatlar ishonchli boshqarish obyekti hisoblanmasligi ham mumkin. Masalan, korxona ishonchli boshqarishga berilganda mulkiy kompleks sifatida korxonaga tegishli barcha mol-mulklar ishonchli boshqarish obyekti doirasiga kirsa, korxonaning mehnat jamoasiga nisbatan bu holat ta’sir etmaydi. 7. Mazkur huquqiy munosabatlar murakkab predmetga ega bo’lib, o’zida ikki turdagi obyekt: ishonchli boshqaruvchining mol-mulkni boshqarish bo’yicha amaliy va yuridik harakatlarini ifodalaydi. Amaliy harakatlar sifatida ishonchli boshqaruvchining mulkdor sifatida o’ziga ishonchli boshqaruvga topshirilgan mol- mulkka egalik qilishi, undan foydalanishi, ya’ni mulkning foydali xususiyatlarini muassis yoki foyda oluvchining manfaatlari uchun olishi nazarda tutilsa, yuridik harakatlar jumlasiga ana shu mol-mulkni boshqarish yuzasidan o’z nomidan shartnoma va bitimlar tuzishi, mol-mulkni tasarruf etishi e’tirof etiladi. Albatta, bunda ishonchli boshqaruvchi o’ziga ishonchli boshqarishga topshirilgan mol- mulkni faqatgina shartnomada nazarda tutilgan hollarda tasarruf etishga haqli bo’ladi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling