Toshkent davlat yuridik universiteti
Shartnoma taraflari, ularning huquq va majburiyatlari
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
Shartnoma taraflari, ularning huquq va majburiyatlari. Loyiha va
qidiruv ishlari pudrati shartnomasida subyektlar sifatida buyurtmachi va pudratchilar ishtirok etadilar. Buyurtmachilar sifatida har qanday jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Eng muhimi, ularning loyiha va qidiruv ishlariga bo`lgan ehtiyoji va xohish-irodasidir, lekin fuqarolar ham, yuridik shaxslar ham qonun yo`l qo`ygan asoslardagi sohalar, obyektlar bo`yicha buyurtmachi bo`lishlari mumkin. Ular fuqarolik muomalasida bo`lgan obyektlarga belgilangan tartibda buyurtmachi bo`lishga haqlidirlar. Atom energetikasi obyektlari, magistral truboprovodlar, ko`priklarni loyihalash ishlarini buyurtma qilishga shunday faoliyatlarni amalga oshirish to`g’risidagi vakolatlari ularning nizomlarida ko`rsatilgan va tegishli tarzda maxsus ruxsatnomalar olgan bo`lishlari lozim. Ko`p hollarda qurilish pudratchilari buyurtmachilar bo`lib ishtirok etadilar. Pudratchilar sifatida qonun hujjatlari asosida maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olgan va tadbirkorlik subyekti sifatida ro`yxatdan o`tgan tashkilotlar ishtirok etadilar. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 martdagi 50-sonli “Respublika loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g’risida” gi Qarorida bir qator loyiha-qidiruv tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish hamda muayyan faoliyat yuzasidan litsenziyalarga oid ko`rsatmalar belgilangan. Ushbu qarorda “ToshuyjoyLITI” AJ, “O`zagrosanoatloyiha” MChJ, “O`zGAShKLITI” DUK, “O`zshaharsozlikLITI” DUK kabi loyiha-qidiruv tashkilotlari ko`rsatib o`tilgan. Pudrat shartnomasining umumiy qoidalariga muvofiq, loyiha va qidiruv pudrati shartnomasining maxsus qoidalarga zid bo`lmaganligi uchun buyurtmachining topshiriqlarini bajarishda subpudratchilar ham jalb qilinishi mumkin. Bunda buyurtmachi, bosh pudratchi va subpudratchi o`rtasida munosabatlar pudrat va qurilish pudrati to`g’risidagi qoidalar asosida amalga oshiriladi. Shartnoma bo`yicha bajarilgan ishlarga haq miqdorini belgilash ikki xil usulda amalga oshirilishi mumkin: pudratchi belgilangan tariflar asosida o`zi amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar bo`yicha smeta tuzadi va buyurtmachiga taqdim etadi; buyurtmachi yakuniy xulosa va texnik hujjatlarni tayyorlashga (ularning ijobiy va salbiy bo`lishidan qat’i nazar) pudratchi bilan kelishilgan haqni to`laydi. Shartnomani tuzishda unga ko`rsatilgan ishlarni bajarish va buyurtmachiga topshirish muddatlari ko`rsatilgan bo`lishi lozim. Buyurtmachi ishning tez bajarilishi uchun oqilona muddatni qisqartirish maqsadida pudratchiga tarifda belgilangan summaga nisbatan ko`proq haq to`lashni yoki mukofoti va’da qilishi mumkin. Agar shartnomada uni bajarish muddatlari ko`rsatilmagan bo`lsa, pudratchi tegishli ishlarni oqilona bajarishi lozim. Loyiha va qidiruv ishlari pudrati shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Uning tuzilishiga buyurtmachi tomondan tegishli obyektni loyihalash yoki qidiruv 209 ishlarini olib borish haqidagi pudratchiga qilgan taklif asos bo`ladi. Pudratchi bunday taklifni qabul qilsa, shartnoma matnini to`zishga, uning shartlarini buyurtmachi bilan kelishishga kirishadi. Buyurtmachining dastlabki majburiyati pudratchiga loyihalash haqida topshiriq, shunigdek, loyiha-smeta hujjatlarini tuzish uchun zarur bo`lgan boshlang’ich ma’lumotlarni berishdan iborat. Loyihalash haqidagi vazifani buyurtmachining topshirig’i bo`yicha pudratchi tayyorlashi mumkin. Bu holda vazifa buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab, taraflar uchun majburiy bo`lib qoladi. Buyurtmachi loyiha va qidiruv ishlari bo`yicha topshiriqni tayyorlashni uchinchi shaxslarga ham shartnoma asosida berish mumkin. Buyurtmachi pudratchi barcha ishlarni bajarib bo`lganidan keyin belgilangan narx yoki kelishilgan summaning hammasini to`lashi lozim. Buyurtmachi o`z vaqtida pudratchining haqini to`lamasa, FK 327-moddasi asosida javobgar bo`ladi. Taraflarning kelishuviga muvofiq, ishlarning ayrim bosqichlari tugallanganidan keyin narxning tegishli qismini to`lash haqidagi shart ham kiritilishi mumkin. Pudrat shartnomasining boshqa turlaridan farq qilib, loyiha va qidiruv ishlari pudrati shartnomasida, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo`lsa, loyiha va qidiruv ishlari shartnomasini tasodifan bajarish mumkin bo`lmasligi xavfi buyurtmachining zimmasiga tushadi. Tasodifan bajarish mumkin bo`lmagan xavf sifatida buyurtmachi va pudratchiga bog’liq bo`lmagan holatlar tushuniladi. Bunday hollarda buyurtmachi pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar uchun tegishli haqni to`laydi. Shartnomada boshqacha holat ko`rsatilgan bo`lmasa, qo`shimcha mukofot to`g’risidagi shart kiritilgan bo`lsa, pudradchi uni olish huquqidan mahrum bo`ladi. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo`lsa, buyurtmachi pudratchiga bog’liq bo`lmagan holatlar tufayli loyiha va qidiruv ishlarini bajarish uchun boshlang’ich ma’lumotlar o`zgarishi bilan bog’liq qo`shimcha pudratchiga xarajatlarni to`lashi shart. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, buyurtmachi pudratchidan olingan loyiha-smeta xarajalaridan faqat shartnomada nazarda tutilgan maqsadlarda foydalanishi, loyiha-smeta hujjatlarini pudratchining roziligisiz uchinchi shaxslarga bermasligi va undagi ma’lumotlarni oshkor qilmasligi shart. Shartnomada ko`zda tutilgan hollarda loyiha va qidiruv ishlari pudrati shartnomasi natijalaridan buyurtmachi ixtiyoriy tarzda foydalanishi, uni uchinchi shaxslarga sotish va foylanishga berishi mumkin bo`ladi. Buyurtmachi loyiha va qidiruv ishlarini bajarishda shartnomada ko`zda tutilgan hajmda va shartlarda pudratchiga xizmat ko`rsatishi shart. Buyurtmachi o`zidagi alohida ma’lumotlari, malakali mutaxassislari yoki tegishli texnikasi bilan pudratchiga xizmat ko`rsatishi mumkin. Agar sharnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, buyurtmachi tayyor bo`lgan loyiha-smeta hujjatlarini tegishli davlvt organlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan kelishib olishda pudratchi bilan qatnashishi shart. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lsa, buyurtmachi tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarining yoki bajarilgan qidiruv ishlarining kamchiliklari borligi munosabati bilan uchinchi shaxslar tomonidan buyurtmachiga 210 nisbatan qo`zg’atilgan da’vo yuzasidan ishda qatnashishga pudratchini jalb qilishi shart. Pudratchini bunday ishlarda jalb qilishdan asosiy maqsad unga o`z tayyorlagan loyiha-smeta hujjatlari va qidiruv natijalarini himoya qilishga imkon yaratishdan iborat, chunki buyurtmachiga qo`yilgan da’voga loyiha-smeta hujjatlari yoki qidiruv ishlari natijalari asos bo`lishi mumkin. Pudratchini bunday ishlarga jalb qilmaslik buyurtmachining unga nisbatan regress da’vo qo`zg’atish huquqidan mahrum qilishi mumkin. Fuqarolik kodeksining 689-moddasida pudratchining majburiyatlari ko`rsatib o`tilgan. Unga muvofiq, pudratchining dastlabki majburiyati unga topshirilgan ishlarni loyihalash haqidagi topshiriq va boshqa boshlang’ich ma’lumotlarga muvofiq bajarishi hisoblanadi. Pudratchi o`ziga berilgan topshiriqdan chetga chiqishga haqli emas. Qurilish pudrati qoidalari va qonunga muvofiq, pudratchi o`ziga bog’liq bo`lmagan holatlar tufayli loyiha va qidiruv ishlarini bajarish uchun boshlang’ich ma’lumotlar o`zgargan hollarda buyurmachiga tezlik bilan xabar berishi lozim. Shartnoma shartlariga kiritilgan har qanday o`zgarishlar buyurtmachining roziligi bilan amalga oshiriladi. Buyurtmachi pudratchining ichki xo`jalik faoliyatiga aralashmangan holda o`z topshirig’ining qanday bajarilayotganligi to`g’risida nazoratni amalga oshirishi mumkin. Pudratchi tayyor bo`lgan loyiha-smeta hujjatlarini buyurtmachi bilan kelishib olishi, shuningdek, buyurtmachi bilan tegishli davlat organlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan kelishib olishi shart. Masalan, shaharsozlik kodeksining 16-moddasiga muvofiq, pudratchi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi, shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining tegishli tarkibiy bo`linmasi va buyurtmachi bilan kelishgan holda shaharsozlik hujjatlariga binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning arxitektura-badiiy ko`rinishi hamda amaliy echimini yomonlashtirmagan tarzda texnik-iqtisodiy ko`rsatkichlarni yaxshilaydigan o`zgartishlar kiritishi lozim. Pudratchi loyiha-smeta hujjatlari tayyor bo`lgach, ular bilan buyurtmachini tanishtirishi, tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarining maqsadga muvofiqligini isbotlab berishi, tegishli hududda qurilishi ishlari olib borishning xavflilik darajasini va qanday qurilish materiallaridan foydalanish lozimligi to`g’risida ma’lumolarni taqdim qilishi lozim. Buyurtmachi shartnomada belgilangan muddatda pudratchi bergan loyiha-smeta va qidiruv ishlariga tegishli hujjatlarni ko`rib chiqishi lozim bo`ladi. Pudratchi bergan xulosalarni e’tiborga olishga majbur. Barcha texnik hujjatlar taraflarning kelishuvidan so`ng pudratchi tomonidan tasdiqlanadi. Zarur bo`lgan hollarda pudratchi buyurtmachi bilan birgalikda o`zi ishlab chiqqan loyiha-smeta hujjatlari va qidiruv ishlari yakunlarini davlatning vakolatning organlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va kelishib olishda ishtirok etadi. Bunda pudratchi o`z faoliyatining yakunlari ilmiy-amaliy asoslanganligi, atrof-muhitga zararsizligini isbotlab berishi lozim. Tegishli organlar tomonidan aniqlangan kamchiliklar shartnoma shartlariga muvofiq pudratchining o`z hisobidan yoki buyurtmachi hisobidan amalga oshiriladi. Pudratchi o`ziga berilgan topshiriqlarni begilangan muddatga, kelishilgan nushada topshirishga majbur. 211 Pudratchi buyurtmachining rozilisiz loyiha-smeta hujjatlarini uchinchi shaxslarga bermasligi va ularni sir saqlashi shart. Lekin pudratchi o`zining keyingi faoliyatida boshqa buyurtmani bajarishda o`zidagi mavjud ma’lumotlardan foydalanishi mumkin. Keyingi bajarilgan buyurtmalar birinchisidan farq qilmay qolgan (chunonchi: pudratchi boshqa buyurtmachilarga ham ilgaridan tayyor loyihaning aynan o`zini topshirgan) hollarda, pudratchi birinchi buyurtmachi oldidan majburiyatlarini bajarilmaganligi uchun sud tartibida javobgarlikka tortilishi mumkin. Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasi bo`yicha pudratchi uchinchi shaxslarda pudratchi tomonidan tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida ishlarni bajarishga qarshilik qilish yoki bajarishni cheklash huquqi yo`qligini kafolatlashi lozim. Loyiha va qidiruv ishlari pudrati shartnomasida pudratchi bunday kafolat berishining majburiy ahamiyatga egaligi ular tomonidan o`z vakolatlari doirasida va tegishli davlat standartlariga mos bo`lgan loyihalarni yaratishda rol o`ynaydi. Loyiha va qidiruv ishlari pudrati shartnomasi bo`yicha pudratchi loyiha- smeta hujjatlari va qidiruv ishlaridagi kamchiliklar uchun, shu jumladan, keyinchalik qurilish jarayonida, shuningdek, tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari va bajarilgan qidiruv ishlari ma’lumotlari asosida barpo etilgan obyektni ishlatish jarayonida aniqlangan kamchiliklar uchun javobgar bo`ladi. Loyiha-smeta hujjatlarida yoki qidiruv ishlarida kamchiliklar aniqlangan taqdirda pudratchi buyurtmachining talabi bilan loyiha-smeta hujjatlarini bepul qayta ishlab chiqishi va shunga muvofiq zarur qushimcha qidiruv ishlarini bajarishi, shuningdek, agar Qonun yoki sharnomada boshqacha tartibda belgilangan bo`lmasa, keltirilgan zararni buyurtmachiga to`lashi shart. Pudratchi o`zining aybi bilan etkazilgan zarar uchun uchinchi shaxslar oldidi ham javobgar bo`lishi mumkin. Keltirilgan zarar pudratchi bergan hujjatlarga asosan noto`g’ri qurish, qurilish materiallaridan noto`g’ri foydalanish, qurilishni qayta qurish, jihozlash uchun qilingan xarajatlar yig’indisidan iborat. Obyekt tadbirkor faoliyatida ishlatilishi lozim bo`lgan hollarda olinmay qolgan foyda, boshqa holatlarda jarima ko`zda tutilishi mumkin. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling