Toshkent davlat yuridik universiteti
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
5-§. LIZING
“Lizing” termini ingliz tilidan kelib chiqqan (leasing) ijaraga berish va olishni bildiradi. Lizingning Yevropada 1960-yillarda tez tarqalganligining sabablaridan biri bo`lib, bunday shakldagi munosabatlarning real hayotga yuqori darajada moslashuvchanligi hisoblanadi – u turli vazifalarni hal etish, hamkorlarning turlicha maqsadlariga birgalikda erishish uchun va turli iqtisodiy sharoitlarda ishlashga mos keladi. Lizingdan ham milliy va ham halqaro darajada keng foydalanish moliyaviy lizing to`g’risida halqaro Konvensiya ishlab chiqilishiga olib kelgan. 1988 yil 28 mayda (2002 yil 29 yanvardagi tahrir) Ottavada halqaro moliyaviy lizing to`g’risida UNIDROIT Konvensiyasi qabul qilindi va unga O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000 yil 26 maydagi №84 -11-sonli Qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasi qo`shilgan. 146 Lizing shartnomasiga (moliyaviy lizing) FK barcha turdagi ijara munosabatlarini tartibga soluvchi umumiy normalari, agarda FK lizing to`g’risidagi normalarida boshqacha belgilanmagan bo`lsa, qo`llaniladi. FK lizing shartnomasi to`g’risidagi normalaridan tashqari, ko`rsatilgan munosabatlar 1999 yil 14 apreldagi “Lizing to`g’risida”gi Qonuni bilan ham tartibga solinadi. “Lizing to`g’risida”gi Qonunga muvofiq, lizing – moliyaviy ijaraning alohida turi bo`lib, bunda taraflardan biri (lizing beruvchi) boshqa tarafning topshirig’iga binoan (lizing oluvchi) uchinchi tarafdan (sotuvchi) lizing shartnomasi bilan kelishilgan mol-mulkni qo`lga kiritadi va uni lizing oluvchiga bunday shartnoma bilan belgilangan shartlarda to`lov evaziga uning egaligi va foydalanishiga o`n ikki oydan oshgan muddatga taqdim etadi. Bunda lizing shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak. - lizing shartnomasi muddati tugaganidan keyin lizing obyekti lizing oluvchining egaligiga o`tadi; - lizing shartnomasi muddati lizing obyekti xizmati muddatining 80 foizidan oshishi yoki lizing obyektining qoldiq qiymati lizing shartnomasi tugagandan keyin uning boshlang’ich qiymatidan 20 foizidan kam bo`lishi kerak; - lizing shartnomasi muddati tugaganidan keyin lizing oluvchi lizing obyektini lizing obyekti qiymatining bozor bahosidan kam narxda sotib olish huquqini bunday huquqni amalga oshirish kuniga nisbatan oladi; - lizing to`lovlarining lizing shartnomasi davri uchun joriy diskont qiymati lizing obyektining lizingga berish vaqtiga nisbatan joriy qiymatidan 90 foiz oshiq bo`ladi. Lizing shartnomasi uch taraflama (sotuvchi – lizing beruvchi – lizing oluvchi) yoki ikki taraflama (lizing beruvchi – lizing oluvchi) bo`lishi mumkin. Ikki taraflama lizing shartnomasi tuzishda lizing beruvchi bilan sotuvchi o`rtasida qo`shimcha ravishda lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi tuziladi. Lizing shartnomasini tuzishning tashabbuskori sifatida lizing oluvchi (ijaraga oluvchi) hisoblanadi va u lizing beruvchiga (ijaraga beruvchiga) qaysi mol-mulkka ehtiyoji borligini, shuningdek bu mol-mulkning sotuvchisini belgilaydi. Taraflar boshqacha ham kelishishlari mumkin. Kim sotuvchini aniqlashi masalasi – lizing beruvchimi yoki lizing oluvchimi turli huquqiy oqibatlari bo`lishi mumkinligi jihatidan muhim bo`lib, FK 598–moddasida bu haqda so`z yuritiladi. Lizing qatnashchilari rollarining bunday taqsimlanishini shunday tushuntirish mumkinki, lizing kelishuvlarining turli xilligiga qaramasdan lizing beruvchining roli qoida tariqasida bitimni moliyalash bilan cheklaniladi. Lizing beruvchi ko`pchilik holatlarda keyinchalik lizing oluvchiga vaqtinchalik foydalanishga beriladigan mol-mulkni faqat narxini to`laydi va mol-mulk bilan bog’liq hech qanday texnik va boshqa muammolarni hal qilmaydi. Shuni aytish kerakki, lizingning (FK 589–moddasi 4-qismi, “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 5–moddasi) shakllaridan yana biri sifatida qaytariladigan lizing ko`pchilik mamlakatlarning tajribasida keng ishlatilmoqda. Qaytariladigan lizingda mol-mulk egasi uni lizing kompaniyasiga sotadi va bir vaqtning o`zida shu mulkning o`zini vaqtinchalik foydalanishga oladi. 147 Bunday shartnoma shartlari bilan egalik va foydalanishga aniqlangan muddat 12 oydan yuqori bo`lishi shart. Shunday qilib, sotuvchi va lizing oluvchi aynan bir shaxsning o`zi bo`lib qoladi. Bunday operastiyalarni amalga oshirishning zaruriyatining kelib chiqishi shundan iboratki, ega u yoki bu mol-mulkni saqlay olmaydi, shuning bilan birgalikda undan mahrum bo`lishni ham xoxlamaydi. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 9–moddasiga muvofiq lizing shartnomasi yozma ravishda tuziladi va shartnomaning biron bir tarafi talabi bo`yicha notarial guvohlantirilishi kerak, bundan tashqari, qonun tomonidan lizing obyekti bo`lib hisoblangan mol-mulk bilan bo`lgan bitimlar notarial guvohlantirilishi talab qilingan holatlarda xam. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 7–moddasiga muvofiq davlat organlarida ro`yxatdan o`tkazilishi talab etiladigan lizing obyektlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lizing beruvchining yoki lizing oluvchining nomiga rasmiylashtiriladi. Lizing shartnomasining muhim shartlari quyidagilardir: -Lizing obyektining ta’rifi (lizing obektining soni, sifati, ro`yxati, kontrakt qiymati va boshqa parametrlari) va shartnomaning umumiy pul qiymat ko`rsatkichi; -taraflarning lizing obyektini olish va topshirish bilan bog’liq majburiyatlari; -lizing obyektini topshirish shu jumladan, lizing obyektini etkazish, montaj qilish va foydalanishga kiritish tartibi; -lizing to`lovlarini to`lash shartlari, qiymatlari, muddatlari va tartibi; -taraflarning lizing obyektini ishlatish, saqlash, ushlab turish va ta’mirlash majburiyatlari; -shartnomaning amal qilish muddati; -lizing obyektini va sotuvchini tanlashga javobgar tomon ko`rsatmasi. Taraflarning kelishuvi bo`yicha lizing shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilishi mumkin: -lizing obyektini sotib olish tartibi va muddatlari; lizing shartnomasini o`zgartirish va bekor qilish; -lizing obyektini sug’urtalash; -fors-major holatlari; -lizinga beruvchining lizing obyektidan foydalanish mumkin bo`lmaydigan qo`shimcha xizmatlarini ko`rsatish; -lizing subyektlari tomonidan lizing shartnomasi shartlariga rioya qilish ustidan nazorat qilish tartibi. Qonun hujjatlariga muvofiq lizing shartnomasiga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin. Lizing shartnomasini o`zgartirish va bekor qilish agar qonun hujjatlarida va shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, taraflar kelishuvi bilan amalga oshirilishi mumkin (“Lizing to`g’risida”gi Qonunning 10– moddasi). Lizingning asosiy xususiyati shundaki, lizing beruvchi tomonidan faqat ijaraga berish maqsadida olingan mol-mulk ijaraga beriladi. Odatda, lizing shartnomasi muddati qurilma xizmati muddatiga teng bo`ladi. Lizing muddati tugagandan keyin shartnoma shartlariga yoki qonun normalariga 148 muvofiq ijaraga oluvchi mol-mulkni o`z egaligiga olishga ( FK 556–moddasi), shartnomani yanada imtiyozli shartlarda tiklashga yoxud mol-mulkni lizing beruvchiga qaytarishga haqlidir. Lizing shartnomasi uchta shaxsni bog’laydi: mol-mulk sotuvchisini (tayyorlovchi), uni qo`lga kirituvchini (lizing beruvchi) va lizing oluvchini. Ammo lizing ishtirokchilari o`zaro bitta emas, qoida bo`yicha ikkitta shartnomalar bilan bog’liqdirlar. Lizing beruvchi sotuvchi bilan lizing oluvchi tanlagan mol-mulkni olish-sotish shartnomasini, lizing oluvchi bilan esa lizing shartnomasini (moliya ijarasi) tuzadi. Har ikkala shartnoma ham o`zaro bog’liqdir: qoida tariqasida sotuvchini lizing beruvchi emas, lizing oluvchi tanlaydi va oldi-sotdi shartnomasining barcha shartlarini kelishadi. Lizing oluvchi oldi-sotdi shartnomasining predmeti, uning bahosi, muddati va etkazish joyini shartlashadi. Lizing oluvchi mol-mulk sotuvchisi bilan shartnomaviy munosabatlarda bo`lmasada, ammo unga nisbatan bir qator huquq va majburiyatlarga ega. (FK 592, 598–moddalari). Moliyaviy lizing uchun ijara muddatini qurilma xizmati muddatiga yaqinlashtirish xususiyatlidir. Ijara muddati tugagandan keyin shartnoma shartlariga yoki qonun normalariga muvofiq ijaraga oluvchi mol-mulkni o`z egaligiga olishga, shartnomani yanada imtiyozli shartlarda tiklashga yoxud mol- mulkni lizing beruvchiga qaytarishga haqlidir. Operativ lizing ijaraga beruvchiga shartnomaning amal qilish muddati tugaganiga qadar qurilmaning butun qiymatini olishga imkon bermaydi, chunki, u ijaraga qisqa davr uchun beriladi. Ushbu qurilmani foydalanishga qaytadan topshirish esa ijara shartnomasi bo`yicha mumkin, chunki lizing uchun xususiyatli bo`lgan- ijaraga beruvchi tomonidan ijaraga oluvchiga zarur bo`lgan maxsus qurilmani olish elementi mavjud emas. Operativ lizing revolver lizing amalga oshirilishi shaklida mumkin bo`lib, ijaraga oluvchiga texnik ketma-ketlikda turli uskunalar zarur bo`ladi. Bunday holatlarda shartnoma shartlariga muvofiq ijaraga oluvchi ma’lum muddat tugagandan keyin ijaraga olingan mol-mulkni lizingning boshqa obyektiga almashtirishga haqlidir. Amaliyotda moliyaviy ijara shartnomalarida xar xil turdagi lizing elementlari uchrashi mumkin. Lizing shartnomasi predmeti bo`lishi mumkin bo`lgan ashyolar doirasi etarlicha kengdir. Boshqa ijara turlari kabi lizing obyekti, iste’mol qilinmaydigan, ya’ni foydalanish jarayonida o`zining tabiiy xususiyatlarini yo`qotmaydigan har qanday ashyo bo`lishi mumkin. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 3–moddasi lizing obyekti sifatida tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan, iste’mol qilinmaydigan har qanday ashyolar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari xamda boshqa ko`char va ko`chmas mulkni belgilaydi. Er uchastkalari, er osti boyliklari joylashgan uchastkalar va boshqa alohida tabiiy obyektlar ijara shartnomasining predmeti bo`lishi mumkin, ( FK 537– 149 modda) ammo moliyaviy ijaraga berilishi mumkin emas. (“Lizing to`g’risida”gi Qonunning 3–moddasi 2-qismi). Lizing obyekti lizing oluvchining balansida qayd etilishi kerak. Davlat organlarida ro`yxatdan o`tkazilishi talab qilinadigan lizing obyektlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lizing beruvchi yoki lizing oluvchining nomiga qayd etiladi. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 18–moddasi bilan lizing obyektini sug’urtalash nazarda tutilib, unga ko`ra nobud bo`lish, yo`qolish, o`g’irlash, shikastlanish, buzilish va barvaqt eskirish xavfi bilan bog’liq bo`lgan tarzdagi har qanday etkazilishi mumkin bo`lgan zarardan lizing obyektini sug’urtalash taraflarning kelishuviga binoan amalga oshirilishi mumkin. Bunday kelishuv bo`lmagan taqdirda lizing oluvchi lizing obyekti sug’urtasi uchun javobgar bo`ladi. Lizing obyekti bilan bog’liq barcha xavflar, shu jumladan uning tasodifan yo`qolishi (nobud bo`lishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek o`g’irlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanish xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga o`tadi. Xavflar lizing oluvchiga o`tgan daqiqadan e’tiboran lizing oluvchi lizing obyekti har qanday tarzda yo`qotilishi yoki shikastlanishi uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida javobgar bo`ladi. Qonunning 19–moddasidagi qoidaga ko`ra, agar xavflar lizing beruvchidan lizing oluvchiga o`tadigan vaqt lizing shartnomasida belgilangan bo`lmasa, xavflar lizing oluvchiga u lizing obyektini olgan daqiqadan o`tadi. Lizing shartnomasi bekor qilinganda lizing oluvchi lizing obyektini lizing beruvchidan qanday holatda olgan bo`lsa, shunday holatda normal eskirish va taraflarning kelishuvida shartlashilgan o`zgarishlarni hisobga olgan holda, qaytarishi shart, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Qonunga muvofiq uchinchi shaxs undiruvni lizing obyektiga qaratganda lizing oluvchi lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini mulk qilib olish bilan bir paytda lizing shartnomasi bo`yicha tegishli lizing to`lovlarining qoldig’ini bir yo`la to`lashga haqli. Lizing uning uchta subyekti ishtirok etadigan to`g’ridan-to`g’ri shaklda ham, lizing oluvchi va sotuvchi bo`lib bir shaxsning o`zi ishtirok etadigan qaytariladigan shaklda xam amalga oshirilishi mumkin. Lizing shartnomasining muhim elementi bo`lib, lizing to`lovlarini to`lash qoidalari hisoblanadi. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 22–moddasiga muvofiq, lizing to`lovlari shartnomaning butun amal qilish muddatiga taqsimlanadi va bo`lib-bo`lib to`lanadi. Lizing to`lovlarining miqdorlari, tartibi va davriyligi lizing shartnomasi bilan o`rnatiladi. Odatda lizing oluvchining lizing to`lovlarini to`lash bo`yicha majburiyati agar lizing shartnomasida boshqacha belgilangan bo`lmasa, lizing predmetidan foydalanish boshlangan vaqtdan kelib chiqadi. FK 595–moddaning ikkinchi qismi bilan qonun hujjatlarida lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda lizing oluvchi ilgari bo`nak sifatida to`lagan pullarini, lizing obyektidan foydalanishdan olgan foydaning qiymatini chegirib tashlab, o`ziga qaytarib berishga haqliligi belgilangan. O`z navbatida FK 597–moddasi uchinchi qismiga muvofiq, lizing oluvchi 150 lizing to`lovlarini to`lash majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, lizing beruvchi o`ziga tegishi kerak bo`lgan to`lovlarni foizi bilan olishi mumkin. Qonunning 11–moddasi 3-qismida lizing beruvchi lizing oluvchi uchun mol- mulk olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga mo`ljallanganligini sotuvchiga ma’lum qilishi, lizing obyektini, agar shartnomada shunday shartlar nazarda tutilgan bo`lsa, saqlab turish, ta’mirlash va unga texnik xiizmat ko`rsatish bo`yicha lizing oluvchi oldida o`z zimmasiga olingan majburiyatlarni o`z vaqtida va to`liq xajmda bajarishi shartligi haqida xabardor qilishga majbur. Qonunning 14–moddasi 3-qismida lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasini tuzish paytida lizing beruvchi lizing obyektini qaysi maqsadda olinayotganligidan sotuvchini oldindan xabardor qilishi, buni oldi-sotdi shartnomasida qayd etishi shartligi yozilgan. Shartnoma obyekti hisoblangan mol-mulk lizing shartnomasida ko`rsatilgan muddatda, agar bunday muddat belgilanmagan bo`lsa, muayyan oqilona muddatda lizing oluvchiga topshiriladi. Bu shartning buzilishi, agar lizing beruvchi javob beradigan holatlardan kelib chiqqan bo`lsa, lizing oluvchiga lizing shartnomasini bekor qilish va umumiy qoidalar bilan hisoblab chiqiladigan (FK 14, 324– moddalari va 21-bob qoidalari) etkazilgan zararlarni qoplash huquqini beradi. Bunda lizing beruvchi sotuvchining kamchiligiga xuddi o`zinikidek javob beradi. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning ushbu moddasi 3-qismida lizing beruvchi uchun bir qator majburiyatlar nazarda tutilib, xususan u: Lizing shartnomasi bo`yicha mol-mulkni olishi va uni lizing oluvchiga egalik qilish hamda foydalanish uchun berishi; Lizing oluvchi uchun mol-mulk olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga mo`ljallanganligini sotuvchiga ma’lum qilishi; Lizing obyektini, agar shartnomada shunday shartlar nazarda tutilgan bo`lsa, saqlab turish, ta’mirlash va unga texnik xizmat ko`rsatish bo`yicha lizing oluvchi oldida o`z zimmasiga olingan majburiyatlarni o`z vaqtida va to`liq xajmda bajarishi shart. Sotuvchiga nisbatan lizing beruvchi va lizing oluvchi lizing obyektini oldi- sotdi shartnomasi bo`yicha birgalikdagi kreditor sifatida chiqishadi, bu to`g’rida qonunning 24–moddasi va FK 598–moddasi 2-qismida ta’kidlangan. Lizing beruvchi lizing obyektining lizing shartnomasini tuzishda qayd etib o`tilgan kamchiliklari uchun javob bermaydi. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 12–moddasi qoidalariga muvofiq lizing oluvchi quyidagi huquqlarga ega: -lizing obyektini mustaqil aniqlash va sotuvchini tanlash; -lizing beruvchidan lizing shartnomasini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik tufayli etkazilgan zarar qoplanishini talab qilish; -sotuvchiga lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi talablarni, jumladan uning sifati va butligi, topshirish muddati, kafolatli ta’mirlashi va h.k. xususida talablar qo`yish; -lizing obyekti yetkazib berilmagan, to`liq yetkazib berilmagan, yetkazib berish muddati o`tkazib yuborilgan yokt sifati talab darajasida bo`lmagan lizing 151 obyekti yetkazib berilgan taqdirda agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, lizing to`lovlarini to`lashni to`xtatib turish, yetkazib beriladigan lizing obyektidan voz kechish va lizing shartnomasini bekor qilinishini talab qilish. Qonun hujjatlari bilan lizing oluvchiga agar lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, o`zi vaqti-vaqti bilan avans sifatida to`lagan to`lovlarni lizing obyektidan foydalanish davrida olgan foydaning qiymatini chegirib tashlab, o`ziga qaytarib berishni talab qilish huquqi berilgan. Qonun hujjatlari lizing oluvchiga lizing obyektini uchinchi shaxsga qo`shimcha lizingga berish huquqini berayotib buning uchun lizing beruvchining roziligini olishni va lizing oluvchi oldida lizing shartnomasi bo`yicha javobgarligini belgilaydi. Bundan tashqari “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 6–moddasiga muvofiq lizing beruvchining roziligi yozma shaklda bo`lishi kerak. “Lizing to`g’risida”gi Qonun bilan yana shu narsa o`rnatilganki, qo`shimcha lizing shartnomasida ushbu qonunning mazkur qoidalari qo`shimcha lizing beruvchiga, qo`shimcha lizing oluvchiga va sotuvchiga tegishli lizing beruvchiga, lizing oluvchiga va sotuvchiga nisbatan muvofiq ravishda qo`llaniladi. Qo`shimcha lizing shartnomasini amal qilish muddati lizing shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq bo`lishi mumkin emas. Qo`shimcha lizinga qo`shimcha ijara to`g’risidagi umumiy qoida (FK 546– modda) qo`llanilib, unga ko`ra ijaraga oluvchi qo`shimcha ijara shartnomasini ijara muddati doirasida ijaraga beruvchining agar u qo`shimcha ijaraga rozilik berib, lekin uning cheklangan muddatini kelishmagan bo`lsa, qo`shimcha roziligisiz tiklash huquqiga ega. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 12–moddasi qoidalariga muvofiq lizing oluvchi quyidagi majburiyatlarga ega: Lizing obyektini qabul qilib olishi va undan lozim darajada foydalanishi, uni shartnoma shartlariga muvofiq saqlab turishi; Lizing to`lovlarini o`z vaqtida to`lab turishi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo`lsa, lizing obyektini o`z hisobidan joriy ta’mirlashi, uni saqlab turishga doir boshqa xarajatlar qilishi shart. Lizing shartnomasi bekor qilinganda lizing oluvchi lizing obyektini lizing beruvchidan qanday holatda olgan bo`lsa, shunday holatda, normal eskirish va taraflarning kelishuvida shartlashilgan o`zgarishlarni hisobga olgan holda qaytarishi shart. Lizing oluvchining lizing obyektini ta’mirlash va unga texnik xizmat ko`rsatishga doir huquqi va majburiyati sotuvchi bilan alohida tuzilgan shartnomada belgilanishi mumkin. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 24–modda uchinchi qismiga muvofiq lizing beruvchi va lizing oluvchi sotuvchiga nisbatan lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi bo`yicha solidar kreditorlar sifatida ish ko`radilar. Lizing oluvchining aybi bilan lizing obyektining yo`qolishi yoki lizing obyektining o`z vazifasiga doir ahamiyatini yo`qotishi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo`lsa, lizing oluvchini lizing beruvchi oldidagi javobgarligini keltirib chiqaradi. 152 Lizing beruvchi (“Lizing to`g’risida”gi Qonunning 11–moddasi ikkinchi qismi) lizing oluvchi lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzgan taqdirda barcha lizing to`lovlarini muddatidan ilgari to`lashni yoxud etkazilgan zararni undirib va (yoki) lizing obyektini qaytarib olgan tarzda shartnomani bekor qilishni talab etish huquqiga ega. “Lizing to`g’risida”gi Qonunning 15–moddasida belgilangan qoidaga ko`ra, lizing oluvchi bankrot bo`lgan, uning mol-mulki xatga olingan yoki musodara qilingan taqdirda, lizing obyekti lizing oluvchining umumiy mol-mulkidan ajratiladi va lizing beruvchiga qaytarilishi lozim, u mol-mulkni o`z hohishiga ko`ra tasarruf etishi mumkin. Lizing beruvchiga zararni qoplash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Lizing beruvchi lizing oluvchini xabardor qilgan holda lizing shartnomasi bo`yicha o`z huquqlaridan to`liq yoki qisman uchinchi shaxslar foydasiga voz kechishi mumkin, lizing oluvchi esa lizing beruvchining ruxsati bilan moliyaviy lizing bo`yicha o`z huquqlaridan to`liq yoki qisman uchinch shaxslar foydasiga voz kechishi mumkin. Birinchi holatda lizing beruvchi o`z harakatlari haqida lizing oluvchini xabardor qilishi shart bo`lsa, ikkinchi holatda esa lizing oluvchiga shartnoma bo`yicha o`z huquqlaridan uchinchi shaxslar foydasiga voz kechishi uchun lizing beruvchining roziligini olish zarur. Mulkka nisbatan egalik huquqi lizing shartnomasi bo`yicha boshqa shaxsga amalga oshirilgan bitim yoki bankrotlik kelib chiqqanligi natijasida o`tganda, lizing shartnomasi yangi mulkdor uchun o`z kuchini saqlab qoladi, chunki yangi mulkdorga o`tkazilgan mulkka nisbatan huquq bilan birgallikda ushbu mulkka nisbatan oldingi mulkdorning huquq va majburiyatlari ham o`tkaziladi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling