Uo‘K: 4(100) (075) kbk: 63. (0) R-17 Rajabov, Ravshan Jahon tarixi


Download 3.16 Mb.
Pdf ko'rish
bet164/268
Sana01.11.2023
Hajmi3.16 Mb.
#1736437
1   ...   160   161   162   163   164   165   166   167   ...   268
Bog'liq
Ravshan Rajabov Jahon tarixi

5. Buyuk kolonizatsiya. Temir qurollarning xoj’alikda keng 
qo‘llanila boshlanishi dehqonchilik, ayirboshlash, hunarmand-
chilik rivojlanishiga olib keldi. Yunonlar ilk bor egey dengizi 
havzasiga chiqa boshladilar.
 Mil.avv. I ming yillikning boshlari-
da ilk bor finikiyaliklar begona hududlarda o‘zlarining tayanch 
nuqta (koloniya – manzilgoh)larini barpo qila boshladilar. Finiki-
yaliklardan so‘ng yunonlar ham bu jarayonda faol ishtirok etdi-
lar. Koloniyalar begona hududlarda ularni tashkil etgan finiki-
yalik va yunon savdogarlari uchun savdo-sotiq olib boriladigan 
tayanch nuqtalar bo‘lib xizmat qilgan. Yunonlarning koloniyalar-
ni barpo qilish faoliyati mil.avv. VIII–VI asrlarga to‘g‘ri keladi. Bu 
vaqt Buyuk yunon kolonizatsiyasi davri deb ataladi.
Koloniyalarni barpo qilishning bir necha sabablari bor edi. 
Birinchi navbatda, Yunonistonning bir necha viloyatlarida 
aholi ning haddan tashqari ko‘payib ketganligi edi. Arxaik davri-
ning boshlanishida aholi sonining keskin o‘sishi natijasida de-
mografik portlash yuz berdi. Ishlab chiqarish kuchlarining zaif 
rivojlanishi oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning taqchilligi-
ga olib keldi. Yunonistonning o‘zida dehqonchilik qilish uchun 
yaroqli bo‘lgan yerlar deyarli yo‘q edi. Shu sababli, aholining 
ortiqcha qismi begona hududlarga ko‘chib ketib, yangi yerlarni 
o‘zlashtirishga majbur bo‘ldi. 
Buyuk yunon kolonizatsiyasining yana bir ijtimoiy sababi 
bor edi. Kambag‘allashgan jamoachi dehqonlar o‘zlarining bo-
yib ketgan zodagon qarindosh (evpatrid)lariga qarzi uchun qul 
bo‘lishni xohlamadilar. Ular o‘zlarining qarzlari uchun garovga 
qo‘yilgan bir parcha yerlarini tashlab ketishga majbur bo‘ldilar. 
Ular uchun yagona yo‘l boshqa hududlarga ketish edi. Arxaik 
Yunonistonning qishloqlari bu vaqtda ancha rivojlandi, ilk sav-
do, hunarmandchilik qilinadigan gavjum joy bo‘ldi. Ayirbosh-
lash xo‘jalik hayotida sezilarli o‘rinni egallay boshladi. Bosh-
qa joylar bilan mahsulot ayirboshlashni o‘ziga kasb qilib olgan 
kishilar paydo bo‘ldi. Shaharlar tarkib topdi. 


351
Yunon shaharlaridagi tabaqaviy ijtimoiy-siyosiy kurash ko-
lonizatsiya jarayonini yana bir sababi edi. Shaharlarning iqti-
sodiy taraqqiyoti ijtimoiy tabaqalanishni kuchaytirdi. Shahar 
aholisining turli tabaqalari o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy kurash 
kuchayib ketdi. Ayrim hollarda siyosiy kurashda yengilgan 
guruh shaharni tashlab ketishga majbur edi. Shuningdek, 
savdo-hunarmandchilikning rivojlanishi xomashyoga bo‘lgan 
ehtiyoj va tayyor mahsulotni sotish uchun yangi hududlar-
ni izlab topish zaruriyatini tug‘dirdi. Bundan tashqari, arxaik 
davrda Yunonistonning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlangan 
viloyatlarida fuqarolarni qarzi uchun qul qilish qonun bilan 
taqiqlandi. O‘sib borayotgan iqtisodiyotni arzon ishchi kuchi 
– qullarga bo‘lgan talabini qondirish uchun begona hudud-
lardan qullarni olib kelish boshlandi. Yunon kolonistlari ko‘p 
hollarda yangi qul bozorlarining tashkilotchilari bo‘ldilar. 
Begona joylarda yunonlar o‘z tayanch nuqtalarini mahal-
liy aholi bilan kelishgan holda, ayrim hollarda kuch ishlatish 
yo‘li bilan barpo qildilar. Yunonlar begona hududlarda ba’zida 
mahalliy aholining qarshiligiga duch keldilar, ba’zida do‘stona 
aloqaga kirishdilar. Kiklad, Sporada orollari va Kichik Osiyo 
qirg‘oqlari dastlab yunonlar o‘zlashtirgani sababli, mil.avv. VIII 
asrda aholining ko‘chishi g‘arbda Sitsiliya va Janubiy Italiya-
ga, shimoliy-sharqda Qora dengiz qirg‘og‘iga tomon yo‘naldi. 
Janubiy Italiya mil.avv. VIII–VI asrlarda kolonizatsiya qilindi. 
Bu yerdagi kolonistlar o‘zlarining kelib chiqishlarini Pelep-
ponnes axeylaridan deb hisoblar edilar. Yunonlarning koloni-
yalari asosan 3 geografik yo‘nalishda bordi: Shimoliy Qora den-
giz havzasi; Kichik Osiyoning g‘arbiy qirg‘og‘i va Apennin yarim 
orolining janubi va Sardiniya, Korsika va Sitsiliya orollarining 
ayrim qismlari. 
Mil.avv. VII–VI asrlardagi kolonizatsiya jarayonida barpo 
qilingan yunon shaharlari xo‘jalikning bir necha yo‘nalishi-
da rivojlandi. Janubiy Italiyadagi shaharlar qishloq xo‘jalik 
mahsulotlarini ishlab chiqarishga, Qora dengiz bo‘yidagi Mi-
let koloniyalari savdoga ixtisoslashgan edi. Janubiy Italiyada 
Metapont va Sires, Sibaris, Posidoniya kabi yunon shaharlari 
qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanar edi. Bu yerda spartaliklar 
asos solgan Tarent shahri koloniyalar orasida yetakchi o‘rinni 
egalladi. Shahar Sparta shevasini va boshqaruv uslubini to‘liq 
saqlab qoldi. 


352
Sitsiliya orolida Evbey Xalkidasi yunonlari mil.avv. 735-yil 
atrofida Naksos, Katanu va Leontiano, Zankli (keyingi Messa-
na) hamda Regiy koloniyalarini barpo qildilar. Shimolda Gae-
tan qo‘ltig‘ida Qum shahriga asos solindi. Loklar Italiyaning 
Zefir burnida Zefir Lokri (hozir Kap Spartivento)ni, Korinf aho-
lisi Sitsiliyaga vaqt o‘tishi bilan yunon g‘arbining bosh marka-
zi va metropoliya rolini o‘ynagan Sirakuza koloniyasini barpo 
qildilar. Sirakuza o‘z navbatida, Akr va Kamerina koloniyasini 
barpo qildi. Megara Gibliya Megarasi va Seluninga, rodosliklar 
Agrigent shahriga asos soldilar. Shunday qilib, yunonlar Sitsili-
yaning sharqiy va janubiy qismini egalladilar. Orolning g‘arbida 
bu yerga yunonlardan ilgari kelgan finikiyaliklar hukmronlik 
qilgan. Vaqt o‘tishi bilan orolning g‘arbida Finikiya yerlari qis-
qarib, faqat Finikiyaning uch nuqtasi: Solunt, Panorm (hozirgi 
Palermo) va Motiya qoldi.
Mil.avv. VI asrda yunonlarning Italiya va Sitsiliya koloni-
yalari gullab-yashnadi va Bolqon Yunonistonidan ko‘ra, bu 
yerda savdo-hunarmandchilik va dehqonchilik yuqori daraja-
da rivojlanib, Buyuk Yunoniston nomini oldi. Bu koloniyalar-
ning gullab-yashnashining asosi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan qish-
loq xo‘jaligi, savdo, hunarmandchilik edi. Sitsiliya va Italiyada-
gi yunon koloniyalaridan g‘alla Yunoniston va Kichik Osiyoga 
chiqarildi. Mil.avv. VII asrda Liguriya qirg‘og‘idagi Rodan dar-
yosi havzasida fokiyaliklar Massiliya (hozirgi Marsel), Janubiy 
Italiyada Eleya shaharlariga asos soldilar. 
Sharqda Xalkidika yarim oroli Evbeydagi Xalkida aholisi to-
monidan, Epir qirg‘og‘idagi (hozirgi Korfu) Kerkira oroli korinf-
liklar tomonidan bosib olindi. Korinfliklar Ambrakiy qo‘ltig‘ida 
Ambrakiya va Anaktorn; Illiriya qirg‘og‘ida Appoloniya va Epi-
damn koloniyalariga asos soldilar. Qora dengiz qirg‘oqlarida 
Kichik Osiyodagi yunonlarning eng kuchli savdo markazi Mi-
letning fuqarolari o‘nlab koloniyalarni barpo qildilar. Abidos, 
Sinop, Koteo, Kerasun va Trapezund; Qora dengiz shimoli, shi-
moliy-g‘arbiy qirg‘oqlarida Olviya, Appoloniya, Odessa, Toma, 
Tira, Feodosiya; Bosforda Kalxidon (megaralilar asos solgan); 
Qora dengizning Yevropa qirg‘og‘ida Vizantiy, Gerakleya koloni-
yalari qad ko‘tardi. Bu koloniyalarning asosiy mashg‘uloti sav-
do, hunarmandchilik va dehqonchilik edi. Qora dengiz shimoli-
dagi yunon koloniyalari o‘z vatanlariga g‘alla eksport qildilar. 
Mil.avv. VII asrda Misrda ham yunonlarning tayanch nuqtalari 
vujudga keldi. Bu yerda Navkratis koloniyasi barpo qilindi. Shi-


353
moliy Afrikada Liviya qirg‘og‘ida shoir Kallimax va olim Era-
tosfenning vatani Kirenaga asos solindi. Ammo yunonlarning 
g‘arbga siljishini Karfagen, janubiy-sharqda esa Misr to‘xtatdi. 
Yunonlar janubiy Italiya, Korsika, Sardiniya va Sitsiliya orollari 
hamda unga yaqin joylarda etrusklar, finikiyaliklar va mahalliy 
aholining qarshiligiga duch keldilar. 
Buyuk kolonizatsiya deb atalgan jarayon bilan bog‘langan ij-
timoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar qadimgi Yunonistonning 
keyingi taraqqiyotini belgilab berdi. G‘arb va Sharqda ko‘p sonli 
yunon koloniyalarining barpo qilinishi, O‘rtayer dengizi savdo-
sidan finikiyaliklarning siqib chiqarilishi yunon savdosining 
o‘sishi, hunarmandchilikning yuksak taraqqiyotiga olib keldi. 
Tovar sotish bozorlari, hunarmandchilik mahsulotlari hajmi 
kengaydi. Ishchi kuchiga yanada ehtiyoj kuchayib, qullarning 
soni o‘sdi. Ellada iqtisodiyotining barcha sohalarida qul mehna-
ti yetakchi o‘ringa chiqa boshladi. Zodagon oligarxiya ayrim po-
lislarda boshqaruvni xalq tomonidan hokimiyat tepasiga chiqa-
rilgan, o‘z shaxsiy hokimiyatini o‘rnatishga erishgan kuchli va 
faol shaxslar – tiranlarga topshirishga majbur bo‘ldi. Mil. avv. 
VI asrda arxaik davrning tugashi davrida ba’zi bir polislarda 
demokratik qurilishning ilk asoslari tashkil topdi.

Download 3.16 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   160   161   162   163   164   165   166   167   ...   268




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling