Motiv va maqsad jinoyatni kvalifikatsiya qilishga ta’sir qilmaydi.
Jinoyatni sub’ekti chigitdan olinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish bilan shug‘ullanuvchi har qanaday 16 yoshga to‘lgan aqli raso jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin.
Aybdorning chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish bilan bog‘liq harakatlari quyidagi holatlarda JKning 1862–moddasi, 2-qismiga ko‘ra kvalifikatsiya qilinadi:
a) ko‘p miqdorda;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
g) mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa.
Aybdorning chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish bilan bog‘liq harakatlari quyidagi holatlarda JKning 1862–moddasi, 3-qismiga ko‘ra kvalifikatsiya qilinadi:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilsa.
Mazkur kvalifkatsiya qilish belgilari yuqorida tahlil qilingan jinoyatlar tahlili bilan bir xil.
4. Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish
(JKning 1863-moddasi)
Jinoyatning asosiy bevosita ob’ekti sifatida dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifati ustidan nazorat qilishning qonun bilan o‘rnatilgan tartibini, xo‘jalik faoliyati sohasida iste’molchilarning manfaatlarini, ular tomonidan sotib olinayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligini, shuningdek ko‘rsatilgan tovarlarni ishlab chiqaruvchilarning mahsulotini soxtalashtirishdan muhofaza qilishni ta’minlaydigan munosabatlar tushuniladi.
Qo‘shimcha bevosita ob’ekti fuqarolarning hayotini va sog‘lig‘ini ta’minlaydigan munosabatlardir (JKning 1863-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari).
Do'stlaringiz bilan baham: |