Sug‘d. Mustaqil hokimliklar orasida eng yirigi Sug‘d ixshidlari – voha hukmdorlari
edi. O‘rta asr davlatlari birlashmasi ittifoqida Sug‘d ixshidlari katta siyosiy nufuzga ega
edi. Mazkur ittifoqda Zarafshon va Qashqadaryo vodiylarida joylashgan Samarqand,
Buxoro, Kesh vohalarining o‘n bitta yirik mulklari birlashgan edi. Ularning har biri o‘z
hokimi, harbiy chokarlari va mis puli birligiga ega edi.
Sug‘dda aholi gavjum yashardi. Sug‘diylar dehqonchilik va bog‘dorchilik, ayniqsa,
uzumchilikda nihoyatda sohibkor bo‘lgan. Chorvachilikda Sug‘dning hisori qo‘ylari va
otlari juda mashhur edi. Sug‘d shaharlari bu davrda hunarmandchilik markaziga
aylanadi. 718-yilda hadya tariqasida Samarqanddan yuborilgan dubulg‘adan nusxa
olib, Xitoy qurolsozlari qo‘shinni temir qalpoq (dubulg‘a)lar bilan ta’min etganlar.
Toxariston. Hozirgi Janubiy O‘zbekiston va Janubiy Tojikiston, Shimoliy
Afg‘onistonni o‘z ichiga olgan bu tarixiy viloyat shimolda Hisor tog‘lari, janubda
Hindikush, g‘arbda Murg‘ob va Xerirud vodiysi, sharqda Pomir bilan chegaralangan.
Toxariston Balx, Qunduz, Termiz, Chag‘oniyon, Xuttal va boshqa 27 ta tog‘ va tog‘oldi
viloyatlaridan iborat bo‘lgan. Toxariston poytaxti Balx shahri bo‘lgan. Toxariston nomi
qadimda Yunon-Baqtriya davlatini qulatgan chorvador qabila – yuechjilar nomidan
olingan. Toxariston hukmdorlari dastlab “malikshoh”, keyinchalik “yabg‘u” nomi bilan
atalgan. Toxariston aholisining asosiy qismi o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullangan.
Hunarmandchilikda
qurolsozlik,
shishasozlik,
to‘qimachilik yuksalgan. Toxariston Hindiston, Yaqin va Uzoq Sharq mamlakatlari
bilan savdo-madaniy aloqalar o‘rnatgan, o‘z chaqa-tangalari ichki savdo muomalasida
yurgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |