Zbekiston respublikasi milliy gvardiyasi harbiy-texnik instituti


Download 1.99 Mb.
Pdf ko'rish
bet16/43
Sana11.06.2020
Hajmi1.99 Mb.
#117442
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   43
Bog'liq
JINOYAT HUQUQI KURSI 1 tom


 

 

146 


 

V BOB. JINOYAT OBYEKTI 

1-§. Jinoyat obyekti tushunchasi va ahamiyati 

JK Maxsus qismida nazarda tutilgan har qanday jinoyat kimgadir yoki 

nimagadir qaratilgan tajovuz hisoblanadi. 

NOTA BENE ! 

Jinoyat  obyekti  –  jinoiy tajovuz qaratilgan va ana shu tajovuz orqali 

unga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy munosabatdir. 

 

Jinoyat  obyekti  jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan  ijtimoiy 



munosabatdir. Ushbu ijtimoiy munosabatlar JK 2-moddasida  ma’lum 

qadriyatlar tariqasida hamda JK Maxsus qismi bo‘lim (8-bo‘limdan 

tashqari) va boblari nomlanishida ifodalangan. 

Ijtimoiy munosabatlar insonlar o‘rtasida ularning hayoti faoliyati 

jarayonida vujudga keladigan aloqalardir. Ijtimoiy munosabatlar 

jamiyatning mavjudligi jarayonida shakllanib boradi. Ular qonun tufayli, 

jumladan, jinoyat qonuni tufayli yuzaga kelmaydi, ammo qonun ularning 

rivojlanishi, shakllanishi va shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari bilan 

mosligini mustahkamlashga zamin yaratishi mumkin. 

Ijtimoiy munosabatlarni jinoyat qonuni o‘z himoyasiga olganida, ular 

jinoyat-huquqiy muhofaza obyekti deb e’lon qilinadi va ma’lum shartlarda 

potentsial jinoyat obyekti  bo‘lishi mumkin, shuningdek, bir ijtimoiy 

munosabat bir yoki bir necha jinoyat obyekti bo‘lishi mumkin. 

Jinoyat sodir etilayotganda jinoyat-huquqiy norma buziladi. Ammo u 

ikkilamchi, chunki doimo ijtimoiy munosabat birlamchidir. Zero, jinoyat-

huquqiy norma ijtimoiy munosabatni muhofaza qilish uchungina 

mavjuddir. Jinoyat jinoyat-huquqiy normani buzishga emas, balki ijtimoiy 

munosabatga zarar yetkazishga qaratiladi. Jinoyat obyekti  esa, jinoyat 

zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan narsadir.  

Bu holatda obyektni moddiy deb o‘ylamaslik lozim. Jinoyat obyekti – 

ijtimoiy kategoriya va u hech qanday moddiy alomatlarga ega emas, 

ijtimoiy munosabatlar esa, xuddi shunday kategoriyadir. 

147 

 


Bir qator hollarda, masalan, xususiy mulk huquqi fuqarolik huquqi 

yoki boshqa huquq sohalarida ijtimoiy munosabatlar huquqning boshqa 

tarmoqlari normalarida belgilab qo‘yiladi. 

Ijtimoiy munosabat jinoyat obyekti  sifatida bir necha tarkibiy 

elementlarga ega bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: 

– ijtimoiy munosabat mavjudligining sababi bo‘lgan predmet; 

– ijtimoiy munosabat subyekti; 

– ijtimoiy munosabat tarkibi sifatida ijtimoiy aloqa. 

Jinoyat obyekti sifatida ijtimoiy munosabatlarga bir qator belgilar xos 

bo‘lib, ular yordamida jinoyat obyekti  deb e’lon qilingan ijtimoiy 

munosabatlarni ajratish, ularning mohiyatini ochish, ularning boshqa 

jinoyat-huquqiy kategoriyalar bilan chegarasini belgilash va nihoyat, 

jinoyat obyektiga yetkaziladigan zarar xususiyatini aniqlash mumkin. 

Birinchidan, jinoyat obyekti deb e’lon qilingan ijtimoiy munosabatlar 

o‘zida jamiyatda yuzaga kelgan qimmatli mezon asoslarini tasvirlaydi. 

Jinoyat  qonunida belgilangan muhofaza obyektlarining qanchalik qattiq 

qo‘riqlanishiga qarab, jamiyatdagi eng muhim, birinchi darajali ijtimoiy 

munosabatlarni bilib olish mumkin. Bu ko‘p jihatdan ijtimoiy 

munosabatlarni muhofaza qiluvchi normalar ketma-ketligiga ham bog‘liq. 

Xususan, qonunchilik bu ketma-ketlikni  JK 2-moddasidagi  prinsipga 

asosan amalga oshiradi. 

Ikkinchidan, qonun chiqaruvchi tomonidan jinoyat obyekti  sifatida 

faqat eng muhim, qiymati yuqori va davlat muhofazasiga muhtoj ijtimoiy 

munosabatlar tan olinadi. Shunga e’tiborni qaratish lozimki, jinoyat 

obyekti  deb e’lon qilinadigan ijtimoiy munosabatlarning aksariyati 

umuminsoniy qadriyatlardir, masalan, shaxsning jismoniy va ma’naviy 

daxlsizligiga oid munosabat va boshqalar. 

Uchinchidan, jinoyat obyekti  ijtimoiy kategoriya bo‘lib, hech qanday 

moddiy ahamiyatga ega emas, ya’ni jinoyat obyektini jinoyat predmetidan 

farqlash mezonidir. 

To‘rtinchidan, jinoyatning obyektiga nisbatan ta’sir etish mexanizmi 

shundan iboratki, jinoyat sodir etilayotganda jinoyat obyekti  sifatida 

ijtimoiy munosabat parchalanib, yo‘qolib ketmay, faqatgina buziladi. 

148 


 

Masalan, odam o‘ldirish jinoyatida shaxs o‘ldiriladi, ammo u jinoyat 

obyekti  sifatida yo‘q qilib yuborilmaydi (inson hayotini ta’minlovchi 

ijtimoiy munosabatlar). Bundan kelib chiqadiki, jinoyat obyektining 

subyekti  (ijtimoiy munosabatning tarkibiy qismi sifatida) jamiyatning har 

bir a’zosi hisoblanadi. 

NOTA BENE ! 

Jinoyat  obyekti  jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan eng ustuvor va 

ijtimoiy jihatdan muhim bo‘lgan umumlashgan holda sof ijtimoiy 

kategoriya bo‘lgan  ijtimoiy munosabat  bo‘lib, jinoyat sodir etilishi 

natijasida ularga zarar yetkaziladi yoki zarar yetkazilishi xavfi ostida 

qoladi. 

 

Jinoyat obyektining ahamiyati shundaki, u har bir jinoyatning zaruriy 



elementi bo‘lib, birinchi navbatda,  aniqlanishi lozim. Tajovuz obyektisiz 

hech qanday aniq jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaydi. Jinoyat obyektini 

to‘g‘ri aniqlash qilmishni to‘g‘ri  kvalifikatsiya qilish va jinoyat tarkibini 

aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi, shuningdek, jinoiy qilmishlarni 

ma’muriy huquqbuzarliklardan farqlash imkoniyatini beradi. 

Jinoyat obyekti haqiqatan zarar yetkaziladigan yoki zarar yetkazilishi 

mumkin bo‘lgan ijtimoiy munosabatni aniqlashga, ya’ni jinoyatning 

ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatini aniqlashga yordam beradi. 

Bundan tashqari, jinoyat obyekti alomatlariga qarab JKning Maxsus qismi 

ishlab chiqilgan. Shunga binoan, jinoyat qonunchiligini kodifikatsiya 

qilishda jinoyat obyektining o‘rnini baholamaslik mumkin emas. 

2-§. Jinoyat obyektining turlari 

Jinoyat huquqi nazariyasida jinoyat obyektini ikki xil tasniflash 

mumkin: hajmiga ko‘ra, tarkibidagi elementlarning  o‘xshashligiga ko‘ra 

va funksional  xususiyatlariga ko‘ra.  Shartli ravishda ularni vertikalligiga 

ko‘ra va gorizontalligiga ko‘ra tasniflash deb atash mumkin. 

Vertikalligiga ko‘ra  jinoyat  obyekti  umumiy, maxsus, turdosh va 

bevosita obyektlarga bo‘linadi. 

149 

 


NOTA BENE ! 

Umumiy obyekt deganda, jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan barcha 

ijtimoiy munosabatlar majmui tushuniladi. 

 

Bu majmua JK 2-moddasida  nazarda tutilgan bo‘lib, ular shaxs, 



uning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, mulkchilik, 

tabiiy muhit, tinchlik va insoniyat xavfsizligi va boshqalardir. Ularning 

jamiyat tomonidan qimmatli va ahamiyatli ijtimoiy munosabat sifatida 

baholanganligi ularni birlashtirib turadi. Shuning uchun jinoiy 

javobgarlikka tortish tahdidi bilan jinoyat qonuni tomonidan qo‘riqlanadi. 

Umumiy 


obyekt 

huquqni tatbiq etuvchiga jinoyatni boshqa 

huquqbuzarliklardan (masalan, ma’muriy, intizomiy va boshqalar) u yoki 

bu ijtimoiy munosabatning muhimlilik darajasidan kelib chiqqan holda 

ajratish imkoniyatini beradi. 

Umumiy  obyekt  –  alohida olingan va barcha jinoyatlar qaratilgan 

ijtimoiy munosabatlardir. 

NOTA BENE ! 

Maxsus  obyekt  –  JK Maxsus qismining bir bo‘limiga kiritilgan 

moddalarda nazarda tutilgan, jinoyat tajovuz qiladigan, o‘z tabiatiga ko‘ra 

bir turdagi ijtimoiy munosabatlardir. 

 

Maxsus  obyekt  JK Maxsus qismi tuzilishini shakllantirish va 

bo‘limlarga ajratishning asosiy mezoni hisoblanadi. JK muayyan 

bo‘limlari jinoiy qilmish qaratilgan maxsus obyektlarning  o‘xshash va 

farqli jihatlariga ko‘ra tuzib chiqilgan. Maxsus obyekt  JK Maxsus qismi 

tuzilishiga qarab, ulardagi ijtimoiy qadriyatlarning boshqa ijtimoiy 

munosabatlarga nisbatan ustunligini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Maxsus 

obyektlarning ketma-ketligi u yoki bu ijtimoiy munosabatlarning qadrliligi 

va muhimliligidan dalolat beradi. Bir turdagi ijtimoiy munosabatlarga 

qaratilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi JK Maxsus qismi 

bo‘limlari doirasida boblarning joylashuviga qarab aniqlanadi. 

150 


 

NOTA BENE ! 

Turdosh  obyekt  ijtimoiy munosabatlarning ijtimoiy qadriyatlar, 

qimmatlilik maxsus belgilariga qarab guruhlanishi bo‘lib, ayni paytda 

maxsus obyektning bir elementi hisoblanadi. 

 

Turdosh  obyekt  –  jinoyatlarning xususiyati bo‘yicha bir-biriga yaqin 

bo‘lgan  obyekt  turi.  Amaliy va nazariy jihatdan bunday tasniflash 

tajovuzning darajasi va xususiyatini aks ettiradi. Masalan, shaxsga qarshi 

jinoyatlar (maxsus obyekt) o‘z ichiga shaxsning hayotiga qarshi qaratilgan 

jinoyatlar (I bob), sog‘liqqa qarshi jinoyatlar (II bob), jinsiy erkinlikka 

qarshi qaratilgan jinoyatlar (IV bob) kabi tartibda joylashib, bular 

jinoyatning turdosh obyektini tashkil etadi. Ba’zi hollarda, Maxsus qism 

bo‘limi bitta bobdan iborat bo‘lgan taqdirda (masalan, 4-bo‘lim va XIV 

bob  – ekologiya sohasidagi jinoyatlar) turdosh obyekt mavjud bo‘lmaydi, 

ya’ni u maxsus obyekt bilan birikkan bo‘ladi.  

NOTA BENE ! 

Jinoyatning  bevosita  obyekti  deyilganda, ijtimoiy xavfli tajovuz sodir 

etilayotganda bevosita tajovuz qaratilgan ijtimoiy munosabat tushuniladi. 

 

Aynan bevosita obyekt  sud-tergov amaliyotida jinoyat tarkibining 

aniqlanishi lozim bo‘lgan qismidir. Bevosita obyekt JK Maxsus qismining 

moddalarida aks ettiriladi. 



Gorizontal bo‘yicha  obyektlarni tasniflash jinoyatning bevosita 

obyekti  bilan bog‘liqdir, ya’ni umumiydan xususiylik orqali alohidalikka 

yoki aksincha. Ushbu tasniflashga ko‘ra asosiy, qo‘shimcha va fakultativ 

obyektlar farqlanadi. Bunday tasniflashning nazariy va amaliy ahamiyati 

shundaki, jinoiy tajovuz bir vaqtning o‘zida bir yoki bir necha obyektga 

qaratilgan bo‘lishi mumkin (masalan, bosqinchilik jinoyatida tajovuz bir 

vaqtning  o‘zida ham mulkka, ham shaxsga qarshi qaratiladi). Bunday 

holatlarda, ijtimoiy xavfli qilmish odatda ikkita  obyektga tajovuz qilib, 

ulardan biri albatta, asosiy, ikkinchisi esa qo‘shimcha obyekt bo‘ladi.  

151 


 

NOTA BENE ! 

Asosiy  obyekt  –  JK moddasini tuzishda ushbu norma bilan maxsus 

himoyalangan ijtimoiy munosabat turi. 



NOTA BENE ! 

Qo‘shimcha  obyekt  –  JK Maxsus qismi tegishli moddalari bilan 

qo‘riqlanadigan asosiy obyektga tajovuz qilish natijasida xavf ostida 

qoladigan ijtimoiy munosabat turi. 

Bunday chegaralash obyektning muhimlik darajasiga ko‘ra emas, 

balki maxsus obyekt  bilan bog‘liqligiga qarab  amalga oshiriladi. JK 164-

moddasidagi bosqinchilik jinoyatida asosiy obyekt  mulk huquqini tashkil 

etib, bu modda JK Maxsus qismining «o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish» 

deb nomlangan bobida joylashganligi uchun qo‘shimcha  obyekt  bo‘lib, 

shaxs, uning hayoti va sog‘liqi hisoblanadi. 

Yoki, masalan, JK 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan 

jabrlanuvchining  o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast 

yetkazish  jinoyatida tajovuz ikkita obyektga qaratiladi: shaxsning 

sog‘liqini ta’minlovchi ijtimoiy munosabat va shaxsning hayotini 

ta’minlovchi ijtimoiy munosabat. Bu obyektlarga nisbatan tajovuzning 

bo‘lmasligi moddaning aynan shu qismi va shu bandidagi jinoyat tarkibini 

istisno qiladi. Jabrlanuvchining o‘limi bir tomondan qo‘shimcha  obyekt, 

ikkinchi tomondan aybdorning ijtimoiy xavfli qilmishi oqibati hisoblanadi. 

Qo‘shimcha  obyekt  qilmishning kvalifikatsiyasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri 

ahamiyatga ega. Masalan, bosqinchilik jinoyatining qo‘shimcha  obyekti 

uni mulkka qarshi qaratilgan jinoyatning boshqa bir turi –  talonchilikdan 

farqlash imkoniyatini beradi. 

NOTA BENE ! 

Jinoyatning  fakultativ  obyekti  –  alohida olingan jinoyatning asosiy 

obyektiga (ba’zan qo‘shimcha) tajovuz qilishda zarar yetkazilishi mumkin 

yoki mumkin bo‘lmagan ijtimoiy munosabat turi. 

 

152 


 

Fakultativ  obyekt  jinoyat tarkibining zaruriy elementi emas va 

jinoyatni kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Ba’zi hollarda 

jinoyat sodir qilinganida unga zarar yetkaziladi, boshqa hollarda esa yo‘q, 

ya’ni biror-bir jinoyat sodir qilinganida obyektning bu turi mavjud bo‘lishi 

yo bo‘lmasligi ham mumkin. 

Fakultativ  obyektga zarar yetkazish  aybdorga jazo tayinlashda va 

yetkazilgan zararni qoplashda hisobga olinadi. 

3-§. Jinoyat predmeti 

Jinoyat obyekti ijtimoiy munosabat sifatida jinoyat predmetini nazarda 

tutadi. Jinoyat-huquqiy muhofaza obyektiga qaratilgan tajovuz bevosita 

jinoyat predmetiga ko‘chadi. 



NOTA BENE ! 

Jinoyat predmeti – jinoyat obyektiga nisbatan tajovuz qilishda aybdor 

shaxs to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etadigan, u tufayli yoki uning uchun jinoyat 

sodir qilingan obyektiv olamdagi jonli yoki jonsiz moddiy narsalar. 

 

Har qanday jinoyat tarkibining zaruriy elementi bo‘lgan jinoyat 



obyektidan farqli ravishda jinoyat predmeti fakultativ belgi hisoblanadi. 

Masalan, tuhmat (JK 139-moddasi), haqorat qilish (JK 140-moddasi), 

dezertirlik (JK 288-moddasi) kabi jinoyatlarda jinoyat predmeti mavjud 

emas. Agar jinoyat predmeti JK Maxsus qismi tegishli moddalarida 

to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lsa  jinoyat tarkibining zaruriy elementi 

vazifasini bajaradi va kvalifikatsiyaga ta’sir ko‘rsatadi. 

Masalan, kontrabanda (JK 246-moddasi), transport vositasini olib 

qochish (JK 267-moddasi) kabi jinoyat tarkiblarida jinoyat predmeti jinoiy 

javobgarlikka tortish bilan bevosita bog‘liq. 

Bunday holatlarda jinoyat tarkibining zaruriy elementi sifatida jinoyat 

predmeti ijtimoiy xavfli qilmishni kvalifikatsiya qilishda ahamiyatli rol 

o‘ynaydi. 

Jinoyat predmeti va jinoyat obyekti o‘rtasidagi farq shundaki, jinoyat 

predmeti har doim obyektiv olamdagi moddiy narsadir, masalan, transport 

153 

 


vositasi, hujjatlar, hayvonlar, o‘simliklar, jinoyat obyekti  esa ijtimoiy 

kategoriya hisoblanadi. Agar jinoyat sodir etilishi natijasida jinoyat 

obyektiga zarar yetkazilsa yoki zarar yetkazish  xavfi tu  g‘ilsa, jinoyat 

predmeti esa jinoyat oqibatida butunlay yo‘q qilib yuborilishi (masalan, 

odam o‘ldirish, JK 173-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda 

o‘t qo‘yish) yoki o‘zgarishsiz qolishi (masalan, transport vositasini olib 

qochish yoki ashyoni o‘g‘irlash) va hatto o‘zining sifatini yaxshilashi 

mumkin. 


Jinoyat predmetini jinoyat obyektiv tomonining belgilari bo‘lmish 

jinoyat sodir etish quroli va vositalaridan farqlash lozim. Jinoyat predmeti 

jinoyat  obyektiga tajovuz qilishda aybdor to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir 

ko‘rsatadigan narsadir. Masalan, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi 

moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash (JK 

247-moddasi) jinoyatida qurollar jinoyat predmeti hisoblanadi,  uyushgan 

qurolli guruh tuzish (JK 242-moddasi 2-qismi) jinoyatida esa jinoyat sodir 

etish quroli hisoblanadi. Yoki masalan, transport vositasini olib qochish 

(JK 267-moddasi) jinoyatida avtomobil predmet bo‘lib hisoblanadi, 

o‘Qirlangan ashyoni tashishda esa jinoyat sodir etish vositasi hisoblanadi. 

Jinoyat predmetining ahamiyati katta. Bundan tashqari, jinoyat 

predmeti kvalifikatsiya qilishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, u yaqin bo‘lgan 

jinoyat tarkiblarini (masalan, kontrabanda va bojxona to‘g‘risidagi qonun 

hujjatlarini buzish) bir-biridan ajratish asosi sifatida xizmat qiladi va 

jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini aniqlashga 

yordam beradi. 

JK Maxsus qismi ayrim moddalarida jismoniy shaxs sifatida inson 

jinoyat predmeti sifatida nazarda tutiladi. Bunday hollarda jinoyatning 

jabrlanuvchisi haqida so‘z yuritish mumkin. Bunda subyekt  tajovuz 

qaratilgan ijtimoiy munosabatga aylanadi. 



NOTA BENE ! 

Jabrlanuvchi  –  jinoyat bevosita qaratilgan, jinoyat natijasida zarar 

yetgan va zarar (jismoniy, mulkiy, ma’naviy) yetkazilish xavfi ostida 

qolgan shaxs. 

154 


 

Jabrlanuvchi ko‘p hollarda shaxsga qarshi jinoyatlarda namoyon 

bo‘ladi (odam o‘ldirishda, tan jarohati yetkazishda, nomusga tegishda va 

boshqalarda). Jonsiz predmetlar singari  jabrlanuvchi, aniqro  g‘i uning 

shaxsiy xususiyatlari, xulqi zaruriy va og‘irlashtiruvchi belgi rolini 

bajargan holda qilmishni kvalifikatsiya qilishga, shuningdek, 

og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi  holat sifatida jazo miqdorini 

belgilashga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, onaning o‘z chaqalog‘ini 

qasddan  o‘ldirishi jinoyatida jabrlanuvchi faqatgina yangi tug‘ilgan 

chaqaloq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ldirishda 

jabrlanuvchi faqatgina jinoyatchiga qarshilik ko‘rsata olmaydigan yoki 

unga nisbatan sodir qilinayotgan qilmishning xususiyatini tushunishga 

layoqatsiz bo‘lgan shaxs bo‘lishi mumkin. Yoki masalan, kuchli ruhiy 

hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish jinoyatida o‘lim 

jabrlanuvchining  G‘ayriqonuniy zo‘rligi yoki  og‘ir haqorati, shuningdek, 

boshqa G‘ayriqonuniy harakatlari tufayli yuz bergan bo‘lishi lozim. 

«Jinoyat obyekti»  

mavzusi yuzasidan yakuniy savollar 

1. Jinoyat obyekti nima? Uning ahamiyati nimadan iborat? 

2. Jinoyat obyektlarini tasniflash asosiga qanday mezonlar qo‘yilgan? 

3. Jinoyat obyektlarini vertikalligiga ko‘ra va gorizontalligiga ko‘ra 

tasniflash qanday obyektlarni o‘z ichiga qamrab oladi? 

4. JK Maxsus qismi bo‘limlari va boblarining tuzilishi asosiga jinoyat 

obyektlarining qanday turlari qo‘yilgan? 

5. JK Maxsus qismining muayyan moddasi misolida asosiy va 

qo‘shimcha obyektlarni aniqlang. 

6. Fakultativ obyekt deganda nima tushuniladi? Fakultativ obyektning 

mavjudligini nazarda tutuvchi jinoyat tarkiblarining misollarini keltiring. 

7. Jinoyat predmeti deganda nima tushuniladi? 

8. Jinoyat obyekti va predmetining o‘zaro nisbati nimadan iborat? 

9. Jinoyat predmeti va jinoyatni sodir etishning qurollari va vositalari 

o‘rtasidagi farq nimadan iborat? 

155 


 

10. «Jabrlanuvchi» tushunchasi nimani anglatadi? Shaxsning yoki 

jabrlanuvchi xulqining xususiyatlari sodir etilgan qilmishning 

kvalifikatsiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?  

Qo‘shimcha adabiyotlar  

O‘quv qo‘llanmalar, maxsus adabiyotlar 

Новоселов 

Г.П. 

Учение 


об 

объекте 


преступления. 

Методологические аспекты. – М.: НОРМА, 2001. – 208 Б. 



Ilmiy maqolalar 

Зателепин  О.  К  вопросу  о  понятии  объекта  преступления  в 

уголовном праве // Ж. Уголовное право.  2003.  № 1. – 29–31-б. 



Расторопов  С.  Понятие  объекта  преступления:  история, 

состояние, перспектива // Ж. Уголовное право.  2002.  № 1. – 37–40-б. 



Рустамбаев  М.Х.  Объект  и  потерпевший  в  посягательстве  на 

здоровье  личности  //  Ж.  Судебная  экспертиза  и  вопросы  борьбы  с 

преступностью. – Т.: ТАШНИИСЭ.  1991. – 114–124-б. 

 

 

156 


 

VI BOB. JINOYATNING OBYEKTIV TOMONI 

1-§. Jinoyatning obyektiv tomoni tushunchasi  

va ahamiyati 

Har  qanday  jinoyat  –  inson  xulq-atvorining  tashqi  ko‘rinishi,  ya’ni 

ong  va  iroda  nazorati  ostida  sodir  qilinadigan  harakat  yoki  harakatsizlik 

ko‘rinishidagi qilmishdir. 

JK Maxsus qismi norma va qoidalari o‘rganilganda, jinoyat 

tarkibining ko‘rib chiqilayotgan elementiga xos tomonlarni ko‘rish 

mumkin: 

–  birinchidan,  obyektiv tomon jinoyat-protsessual tartibda isbot 

qilinadigan va o‘rnatiladigan, jinoyat obyektiga qarshi qaratilgan tajovuzni 

ta’riflaydigan jinoyatning belgilari majmuini ifodalovchi shaxs 

qilmishining tashqi ko‘rinishi; 

–  ikkinchidan,  obyektiv tomonni ifodalaydigan belgilar (holatlar) 

ijtimoiy ahamiyatli hisoblanadi va qilmishning ijtimoiy xavfliligi hamda 

darajasini bildirib turadi; 

–  uchinchidan, bu belgilar umumiy ifodaga ega, ya’ni real voqelikda 

sodir qilinadigan jinoyatlardan kelib chiqadi; 

–  to‘rtinchidan, jinoyat tarkibining obyektiv tomoni yuridik 

ahamiyatga ega, chunki u jinoyat qonunida va boshqa normativ-huquqiy 

hujjatlarda blanket dispozitsiya sifatida nazarda tutiladi. 

NOTA BENE ! 

Jinoyat tarkibining obyektiv tomoni –  tajovuzning ijtimoiy xavflilik 

darajasini ifodalaydigan, jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan  obyektga 

qarshi qaratilgan ijtimoiy xavfli tajovuzning tashqi holatini xarakterlovchi 

obyektiv, ijtimoiy va yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan belgilar yig‘indisidir. 

 

Jinoyat  obyektiv tomonining birinchi navbatdagi ahamiyati shundan 



iboratki, uni to‘g‘ri aniqlash ijtimoiy xavfli qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya 

qilishning garovidir. Ta’kidlash joizki, JK Maxsus qismi moddalari 

dispozitsiyalarida jinoyat tarkibida boshqa elementlarga nisbatan obyektiv 

tomonning belgilari ko‘proq ifodalangan bo‘ladi. Bu belgilar jinoyatlarni 

157 

 


bir-biridan farqlash, buning natijasi sifatida jinoyatlarni kvalifikatsiya 

qilish mezoni hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida bitta obyektga qaratilgan bir 

xil ayb shakllariga ega bo‘lgan qilmishlarni chegaralashda obyektiv tomon 

muhim rol o‘ynaydi. Masalan, bir vaqtning o‘zida bitta obyektga 

qaratilgan, qasddan sodir etiladigan, g‘arazli niyatlarda amalga 

oshiriladigan va umumiy subyektga ega bo‘lgan mulkni talon-toroj qilish 

jinoyatlarini farqlash JK Maxsus qismi moddalarida turli xil tarzda 

ifodalangan obyektiv tomonning belgilari orqali amalga oshiriladi. 

Obyektiv tomonni tahlil qilish bir qator hollarda qo‘shimcha obyektni 

aniqlashga imkon beradi (masalan, JK 164-moddasining dispozitsiyasi 

fuqarolarning hayoti yoki sog‘liqi xavfsizligini ta’minlovchi ijtimoiy 

munosabat shakli sifatida qo‘shimcha obyektni aniqlash imkonini beradi). 

Shuningdek,  obyektiv tomonning alohida belgilari qonun chiqaruvchi 

tomonidan kvalifikatsiyalovchi belgi sifatida ifodalanadi (masalan, jinoyat 

sodir etish usuli va vositasi). 

Tuzilishi jihatidan obyektiv tomonning zaruriy va fakultativ belgilari 

mavjud. Bunda zaruriy va fakultativ belgilar moddiy va formal tarkibli 

jinoyatlar bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. 

(Bu to‘g‘risida mazkur tom IV bobining «Jinoyat tarkibining tuzilishi. 

Jinoyat tarkibining zaruriy va fakultativ belgilari» deb nomlanuvchi 3-§ ga 

qarang.) 


Download 1.99 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   43




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling