(ANNOTATSIYA, REFERAT TUZISH, INTERPRETATSIYA)” FANIDAN NAZARIY MATERIALLAR
MA’RUZALAR
1-mavzu: Ilmiy tadqiqot asoslari haqida tushuncha. Ilmiy bilim xossalari
Dars rejasi:
1. Fanning maqsadi va vazifalari.
2. Ilm-fan va ilmiy izlanish jarayoni haqida.
3. Ilmiy axborot va bilimning turlari.
4. Xulosa.
Tayanch so‘z va iboralar: ilmiy tadqiqot asoslari, ilmiy manbalar, fanining maqsadi, fanning asosiy vazifalari, ilm, fan, ilm-fan, ilmiy izlanish jarayoni, ilmiy axborot, bilim, ilmiy bilim, estetik bilim, maishiy bilim.
Ilmiy tadqiqot asoslari fanining maqsadi talabalarni ilmiy tadqiqot asoslari bilan tanishtirish, mustaqil ilmiy ishning dastlabki ko‘nikmalarini ilmiy manbalar asosida ilmiy izlanishlar olib borish bilan bog‘liq malakalarga o‘rgatishdir. Chunki yangi bilim va tasavvurga ega bo‘lish uchun o‘zgacha tizim – ko‘nikma va malakaga ega bo‘lish tizimi talab etiladi. Mazkur fanning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
– yangicha bilimga ega bo‘lishni kafolatlash;
– olingan bilimlarning ishonchliligini ta’minlash;
– bilimning insonga ta’sirini sharhlash;
– insonning bilimga ta’sirini izohlash.
Ilm – arabcha so‘z bo‘lib, ikki ma’noda qo‘llanadi: birinchisi, o‘qish, o‘rganish hamda hayotiy tajriba asosida orttirilgan bilim va malakalar majmui; ikkinchisi, fan.
Ilm kishining o‘qish, o‘rganish va hayotiy tajriba orqasida orttirgan bilimlaridir1. Mazkur bilimlar ko‘paygan sayin kishining dunyoqarashi va fikr doirasi kengayib boradi.
Fan tabiat va jamiyatning taraqqiyot qonuniyatlarini ochib beruvchi hamda atrofdagi muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi bilimlar tizimi2. Mazkur tizimga asoslangan kishilik jamiyati rivojlanish sari yo‘l tutadi.
Ilm-fan kishilik jamiyatining o‘z-o‘zini va atrof-olamni anglashga urinishi jarayonida qo‘lga kiritgan jamiki aniq, ob’ektiv ma’lumotlari, barcha uchun teng darajada muhim bo‘lgan bilimlari jamlanmasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |