5.10.Iqtisodiy tahlilda qо‘llaniladigan ma’lumotlar manbalarini tо‘g‘riligini tekshirish usullari.
Iqtisodiy tahlil qilishning samarasi avvalambor, hisobot ma’lumotlarining sifatiga bog‘liq. Shuning uchun hisob va hisobot materiallarini tekshirish kerak. Amalda ma’lumotlarni tekshirishning bir necha usullari mavjud:
1.Hisobotlarni tuzish qoidalariga amal qilish. Ushbu tekshirish о‘z ichiga quyidagilarni oladi: hisobot shakllarining tо‘g‘ri tо‘ldirilishi va ularning О‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, О‘zbekiston Davlat Statistika qо‘mitasi tomonidan tasdiqlangan shakllarga mos kelishi, ayrim miqdoriy kо‘rsatkichlarni aniqlashda arifmetika amallarini tо‘g‘ri qо‘llanilganligi kabilar. Hisobot shakllari va hujjatlarda hech qanday tuzatish yoki raqamlarni о‘chirib qayta yozish aslo mumkin emas.
2.Turli hisobot shakllarida beriladigan iqtisodiy kо‘rsatkichlar summasining bir - biriga mos kelishi. Ushbu tekshirishning mohiyati quyidagidan iborat: Bir qancha iqtisodiy kо‘rsatkichlar turli hisobot shakllarida beriladi va binobarin, hisobot tuzishda ana shu iqtisodiy kо‘rsatkichlar summasi bir-biriga tо‘g‘ri kelishi shart. Masalan, ustav kapitalining miqdori 1-shakl (balans) va 5-shakl (xususiy kapital tо‘g‘risidagi hisobot) yoki asosiy fondlarning summasi 1-shakl (balans) va 3-shakl (Asosiy vositalarning harakati tо‘g‘risida hisobot) beriladi va h.k.
5.11. Tahliliy hisoblar va tahlil natijalarini rasmiylashtirish
Hisobot ma’lumotlarini tahliliy jihatdan qayta ishlash usullaridan biri tahliliy jadvallarni tuzish hisoblanadi. Jadvalga tahlil qilinadigan kо‘rsatkichlarning baza va amaldagi darajasi kiritiladi, mutlaq farq aniqlanadi, kо‘rsatkichlarning о‘sish sur’ati aniqlanadi hamda tegishli xulosa yoziladi. Tahliliy jadvallarning ustunligi va afzalligi shundan iboratki, u ham bо‘lsa, kо‘rsatkichlarning о‘zaro bog‘lanishi juda ham aniq va kо‘rgazmali tarzda namoyon bо‘ladi.
Tahlilning sо‘nggi bosqichi uning natijalarini rasmiylashtirish hisoblanadi. Tahlil natijalariga asoslangan holda ma’lumotnoma yoki izohnoma yoziladi. Izohnomada korxona va tashkilotlarning xо‘jalik faoliyatida qо‘lga kiritilgan yutuqlari va yо‘l qо‘ygan kamchiliklarini bartaraf qilish yо‘llari kо‘rsatiladi. Bu о‘rinda ayniqsa, aniqlangan ichki xо‘jalik rezervlarni ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga jalb etish yо‘llari kо‘rsatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |