1-Ma’ruza. Geosiyosat fanining ob’ekti, predmeti va vazifalari


Download 0.89 Mb.
bet1/47
Sana05.05.2023
Hajmi0.89 Mb.
#1432736
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   47
Bog'liq
geosiyosat


1-Ma’ruza. GEOSIYoSAT FANINING OB’EKTI, PREDMETI VA VAZIFALARI



  1. Siyosiy geografiya va Geosiyosat haqida tushuncha.

2. Siyosiy geografiya va Geosiyosatning fanlar tizimida tutgan o‘rni.
3. Siyosiy geografiya va Geosiyosatning shakllanishi va o‘zaro aloqadorligi.
4. Geosiyosatning tadqiqot ob’ekti va predmeti.
5. Geosiyosatning maqsad va vazifalari.


Tayanch so‘zlar: siyosiy geografiya, geosiyosat, siyosiy-hududiy tizimlar, siyosiy kuchlar, siyosiy markazlar, ijtimoiy geografiya, iqtisodiy geografiya, siyosiy xarita.

Hozirgi zamon fanlari tizimida siyosiy geografiya, geografiya fanlari turkumiga mansub ijtimoiy - geografik fan tarmog‘i hisoblanadi. Mazkur fan insoniyat jamiyatining siyosiy – hududiy tashkil etilishi va rivojlanishi qonuniyatlarini, hududiy – siyosiy tizimlar va jarayonlarning shakllanishi va rivojlanishini o‘rganishi bilan alohida ahamiyatga ega.


Ilk siyosiy geografik fikrlar, g‘oyalar qadim va o‘rta asr olimlari, tadqiqotchilari asarlarida ham bayon qilingan. Ammo, shularga qaramay, bular ushbu fan soxasini qadimda vujudga kelishi uchun asos bo‘la olmadi.
Siyosiy geografiya qadim fanlar turkumiga mansub bo‘lmasada, insoniyatning rivojlanishi bilan bog‘liq dastlabki hududiy-siyosiy jarayonlar ilk davlatchilik shakllarining paydo bo‘lishi va ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning rivojlanib borishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bulardan anglashiladiki, hududiy - siyosiy tizimlarning mazmunini davlatsiz tasavvur qilib bo‘lmaganidek, siyosiy geografiya ham davlat, davlatlarning birlashmalari, siyosiy kuchlar yoki ular o‘rtasidagi turli-tuman o‘zaro munosabatlarning siyosiy-hududiy jihatlarisiz yoki bir so‘z bilan aytganda, dunyo siyosiy xaritasisiz o‘z mohiyatiga ega bo‘la olmaydi.
Siyosiy geografiyaning o‘ziga xos xususiyati, uning qirraviy fan soxasi ekanligidir. Jumladan, u geografiya va siyosatshunoslik fanlari qirrasida vujudga kelgan, yoki boshqacha qilib aytganda, “Siyosiy geografiya oyog‘i bilan yerga – geografiyaga, boshi bilan esa siyosatshunoslikka – davlat siyosatiga tegib turadi”1. U nafaqat geografiya fani va uning turli sohalari, balki siyosatshunoslik, tarix, iqtisodiyot, sotsiologiya, demografiya va boshqa bir qator fan tarmoqlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Siyosiy geografiyaning bazasida yuzaga kelgan Geosiyosat fani geografiya va siyosat fanlari qirrasida shakllangan.
Jamiyatning hududiy tashkil etilishi va rivojlanishining siyosiy-geografik xususiyatlarini, hududiy-siyosiy tizimlar va jarayonlarni, dunyoning siyosiy-geografik manzarasini, dunyo siyosiy xaritasining shakllanishi va rivojlanishi qonuniyatlarini bilish hamda geosiyosiy jarayonlar haqidagi tasavvur va bilimlarni hosil qilish Siyosiy geografiya va geosiyosat fanlarining vazifalariga kiradi.
Bunda eng avvalo, quyidagi vazifalarga asosiy e’tibor qaratiladi:

  • fanning ilmiy - nazariy asoslari haqida tasavvurlarni hosil qilish;

  • hududiy - siyosiy tizimlarning shakllanishi va rivojlanishi omillari va qonuniyatlarini bilish;

  • hududiy - siyosiy tizimlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish;

  • dunyo siyosiy xaritasining shakllanishi va rivojlanishi qonuniyatlarini aniqlash va tahlil qilish;

  • geosiyosiy jarayonlar haqida tushunchaga ega bo‘lish;

  • geosiyosiy g‘oya, konsepsiya va nazariyalarni bilish;

  • geosiyosiy kuchlar va ularning hududiy tarkibini tahlil qilish;

  • geosiyosiy vaziyatga baho berish;

  • mintaqaviy integratsiya jarayonlarini bilish va tahlil qilish;

  • globalizatsiya jarayonlari va ularning siyosiy - geografik xususiyatlarini bilish;

  • davlatlararo tashqi iqtisodiy aloqalar, halqaro mehnat migratsiyasi, halqaro kapital xarakati qonuniyatlari haqida tasavvurlarga ega bo‘lish zarur.

Hozirda, jahon global xo‘jalik tizimlari tez shakllanib borayotgan bir davrda, dunyo siyosiy xaritasini, undagi davlatlarning tuzumi, boshqaruv shakli, o‘zaro ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy munosabatlarini hamda ularning mintaqaviy xususiyatlarini bilish va xulosalar olish zamonaviy geografik dunyoqarashning muhim talablaridan bo‘lib xizmat qiladi.
Agarda, siyosiy geografiyaning tadqiqot ob’ekti tarkibiga (ya’ni, hududiy-siyosiy tizimlarga) e’tibor berilsa, unda o‘rganilayotgan ikki yirik unsur yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu bir tomondan, avvalo hudud bo‘lsa, ikkinchi tomondan siyosat – davlat, davlatlarning hududiy tarkibi, siyosiy kuchlar va ularning markazlari bilan bog‘liqdir.
Siyosiy geografiyaning tadqiqot ob’ekti – bu, hududiy – siyosiy tizimlardir.
Ta’kidlash joizki, dunyoda, uning turli mintaqalarida yoki alohida olingan davlatlarda kechayotgan siyosiy jarayonlarni hududlar, yoki geografik omilsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Binobarin, jahon davlatlari yoki alohida olingan mintaqalarning shakl - shamoyili, geografik o‘rni, tabiati va uning boyliklari, demografik (aholisi soni, uning o‘sishi, joylashuvi xususiyatlari, tarkibi va b.) hamda iqtisodiy salohiyati o‘z navbatida hududiy - siyosiy tizimlarning shakllanishiga, qolaversa davlat geosiyosatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Shu sababdan ham siyosiy geografiya, geografiya fanining keng poydevoriga tayangan xolda, unga “egizak” bo‘lgan geosiyosat fani bilan uzviy bog‘liq va aloqadorlikka ega.
Shunday qilib, hozirgi davrda siyosiy geografiya zamonaviy iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning o‘ziga xos tarmoqlaridan biri sifatida mazkur fanning ijtimoiy qanotini kuchayishiga xizmat qiladi. Zero, an’anaviy iqtisodiy va ijtimoiy geografiyani Rossiya Federatsiyasida “Iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va rekreatsiya geografiyasi” deb nomlanishi bejiz emas.
Aksariyat ko‘pchilik olimlar tomonidan siyosiy geografiyaning vujudga kelishi davri XIX asrning ohiri va XX asrning boshlari deb hisoblanadi. Bu eng avvalo, jamiyatning rivojlanishi xususiyatlari bilan bevosita bog‘liqdir. Jumladan, bu davrga kelib, jahon va uning turli mintaqalarida kechgan kuchli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar, o‘sha davrning yetakchi siyosiy kuchlari tomonidan dunyoning bo‘lib olinishi, Yevropada kechgan siyosiy jarayonlar va ayniqsa Rossiyada inqilobni sodir bo‘lishi, jahon mamlakatlarining ikki toifaga – lagerga ajrab qolishi va shu kabi boshqa siyosiy-hududiy jarayonlarning yetilishi, mazkur fanni aynan shu davrda vujudga kelishiga o‘ziga xos shart-sharoitlar hozirladi. S iyosiy geografiya va Geosiyosatning fan sifatida vujudga kelishida taniqli nemis olimi, geografiya professori F. Ratsel(1844-1904)ning xizmatlari katta. U xaqli ravishda siyosiy geografiyaning asoschisi – “otasi”dir.
Ma’lumki, tarixan g‘arb, ayniqsa nemis olimlari ko‘pchilik hudud bilan bog‘liq fan soxalari yohud ilmiy yo‘nalishlarning vujudga kelishida alohida o‘rin tutadilar. Ayniqsa, kameral statistika va davlatlarni tasvirlash, ishlab chiqarish tarmoqlari va ularning korxonalarini, aholi joylashuvi tizimlarini, xizmat ko‘rsatishni joylashtirish bilan bog‘liq “Shtandort” (ya’ni, joylashtirish) nazariyasi bunda alohida ahamiyatga ega. Bu borada I.Tyunenning qishloq xo‘jaligi shtandorti, A. Veberning sanoat shtandorti, A. Lyosh va V. Kristallerning xizmat ko‘rsatishni joylashtirish nazariyalari qatorida F. Ratselning jamiyatni siyosiy - hududiy tashkil etilishi va rivojlanishi bilan bog‘liq siyosiy geografiyasi o‘z davri fanining o‘ziga xos yutuqlaridan hisoblanadi.
“Siyosiy geografiya – bu, eng avvalo dunyo siyosiy xaritasini, hududiy - siyosiy tizimlarning shakllanishi va rivojlanishi qonuniyatlarini o‘rganuvchi ijtimoiy - geografik fan” deb atash maqsadga muvofiqdir.
Siyosiy geografiyaning vujudga kelishi va rivojlanishidagi ilk salmoqli asarlar, tadqiqotlar ko‘proq g‘arbda e’lon qilindi. Binobarin, mazkur fanning asoschisi F. Ratsel tomonidan 1897 yili chop etilgan “Siyosiy geografiya” asari tom ma’noda siyosiy geografiyani fan sifatida vujudga kelishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi. Shuning bilan birga, mazkur olimning “Zemlya i jizn: sravnitelnoe zemlevedenie” (1903, 1906), “Antropogeografiya” (1896), “Narodovedenie”, “Zakonы prostranstvennogo rosta gosudarstv” (1896), “More kak istochnik moguщestva narodov” (1900) kabi asarlari o‘z navbatida siyosiy - geografik g‘oya va qarashlarning rivojlanishi zamirida geosiyosatning vujudga kelishiga zamin yaratdi. Binobarin, F. Ratsel o‘z asarlarida “Geosiyosat” tushunchasini bevosita qo‘llamagan bo‘lsada (geosiyosat termini ilk bor F. Ratselning shogirdi R. Chellen (godы jizni)tomonidan 1916 yilda chop etilgan “Davlat hayotning shakli sifatida” asarida qo‘llanilgan), davlat va uning siyosiy - hududiy taraqqiyotining geografik jihatlari bilan bog‘liq qonuniyatlarni tadqiq qilgan.
Siyosiy geografiya dastavval g‘arbda vujudga kelgan bo‘lishi bilan birga, unga yevropa mamlakatlarida fan tarmog‘i sifatida qaraldi. Aksincha, sobiq Ittifoqning totalitar siyosiy tuzumi davrida esa siyosiy geografiyaning rivojlanishi qiyin kechdi. Ammo, shularga qaramay, bu borada muayyan tadqiqotlar olib borildi. Sobiq Ittifoq davrida siyosiy geografiyaning shakllanishida N.N.Baranskiy, I.A.Vitver, I.M.Maergoyz, B.N.Semevskiy, R.A.Gorbasevichlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Bu davrda siyosiy geografiyaning fan sohasi va shu bilan birga o‘quv predmeti sifatida o‘qitila boshlanishi ham bevosita N.N.Baranskiy nomi bilan bog‘liq. O‘tgan asrning 70 - yillaridan boshlab, ayniqsa 80 - yillarda bir qator muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Bu boradagi salmoqli ishlar O.Vitkovskiy, S.B.Slevich, V.S.Yagya, N.E.Kaledin, V.A.Kolosov, N.S.Mironenko va boshqalar tomonidan bajarildi.
Sovet davrining ko‘pchilik geograf olimlari, odatda siyosiy geografiyani iqtisodiy geografiyaning ajralmas bir qismi deb hisoblaganlar. Ayrim olimlar siyosiy geografiyani iqtisodiy geografiya bilan bog‘liq bo‘lgan mustaqil fan tarmog‘i deb hisoblasalar, ba’zilari, jumladan B.N. Semevskiy va boshqalar siyosiy geografiyani iqtisodiy geografiyadan xoli tarzda tasavvur qila olmadilar, va bu bilan bir tomondan siyosiy geografiyani mustaqil bo‘lish xuquqidan mahrum qilib ham qo‘ydilar2.
Aksincha, g‘arbda siyosiy geografiyaga mustaqil fan sifatida qaraldi. Jumladan, 1961 yili Londonda nashr qilingan mashhur “Umumgeografik terminlar lug‘ati”da “Siyosiy geografiya – bu, davlatlarning boshqaruv shakllari, chegaralari va ma’muriy bo‘linmalari haqidagi geografik fandir”, yoki “Siyosiy geografiya – bu ijtimoiy geografiyaning bir bo‘limi bo‘lib, davlatlarning chegaralari, ma’muriy bo‘linmalari, hududi va resurslarini o‘rganadi” deb ta’kidlandi.
O‘z davrida Antonio Flamini – “Siyosiy geografiya – bu, tahlil(analiz) bo‘lsa, ayni paytda geosiyosat – bu, sintezdir” deb aytgan edi.
Hozirga qadar siyosiy geografiya va geosiyosat tushunchalarining o‘zaro munosabati, ayniqsa geosiyosatning mustaqil fan sifatidagi mavqei va roli haqida bahs - munozaralar mavjud. Ba’zi olimlar ularni o‘zaro ma’nodosh deb bilsalar, boshqalari aksincha, siyosiy geografiya va geosiyosatni o‘zaro farq qiluvchi turlicha tushunchalar sifatida talqin qiladilar.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, siyosiy geografiya va geosiyosat o‘zining tadqiqot ob’ekti, mazmun - mohiyati, ichki tuzilishi, vujudga kelishi va rivojlanishi xususiyatlariga ko‘ra naqadar o‘zaro yaqin va bog‘liq bo‘lishlariga qaramay, alohida - alohida fan tarmoqlari sifatida faoliyat ko‘rsatishga ham haqlidirlar. Har ikki yo‘nalish ham o‘z ilmiy tadqiqot natijalari bilan bevosita amaliyotga bog‘langan bo‘lsalarda, dunyo siyosiy xaritasidagi XX asr va ayniqsa uning ohirlaridagi o‘zgarishlar natijasida ushbu xususiyat, ya’ni amaliyotga yaqinlik ko‘proq geosiyosatga xosday tuyuladi.
Geosiyosat fanining vujudga kelishi va rivojlanishi, uning tadqiqot ob’ekti va predmeti, yirik olimlar va ularning ilmiy-nazariy faoliyati borasida hozirga qadar ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilgan. Ammo, shularga qaramay, ushbu fanning to‘laqonli fan tarmog‘i maqomiga ega yoki ega emasligi borasida ham xanuzgacha turli bahs – munozaralar mavjud.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, geosiyosat avvalo siyosiy geografiyaning keng poydevori asosida shakllandi va rivojlandi. Bunda, eng avvalo geografik determinizm va uning negizida shakllangan klassik geosiyosat konsepsiyalari nazariy poydevor bo‘lib xizmat qildi. Shulardan kelib chiqib, geosiyosat fanining shakllanishi yo‘lini taniqli olim professor A. Soliev bo‘yicha quyidagicha talqin qilish mumkin: “geografik determinizm – klassik geosiyosat - geosiyosat”.
Geografik determinizm, yoki boshqacha qilib aytganda, jamiyat hayotida, uning rivojlanishida tabiiy - geografik omillarning roliga ustuvor ahamiyat qaratish g‘oyasi, siyosiy geografiya va geosiyosatning vujudga kelishida ilk metodologik asos bo‘lib bo‘lib xizmat qilgan. Binobarin, geosiyosatni davlatsiz tasavvur qilib bo‘lmaganidek, davlatni ham uning hududisiz va (ayniqsa, resurs) salohiyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Haqiqatan ham, har qanday davlat kuch - qudratining ilk asosi, poydevori eng avvalo o‘zi joylashgan hudud va uning katta - kichikligi, tabiiy sharoiti, resurs hamda demografik salohiyati bilan bog‘liqdir. Bu ko‘proq ilk davlatlarda kuzatiladi. Ammo, bu bilan davlat taraqqiyotini to‘la - to‘kis tabiiy geografik omillarga bog‘lab qo‘yish ham maqsadga muvofiq emas. Bunday deterministik, sotsial - darvinistik, ya’ni organitsistik yondashuv, ayniqsa geosiyosat fanining asoschisi F. Ratsel asarlarida ko‘zga tashlanadi. Jumladan, u o‘zining yirik asari – “Siyosiy geografiya”da (1897) tuproq davlatning almashtirib bo‘lmas negizi ekanligini, uning taqdirini tuproq va hudud belgilab berishini ta’kidlash asosida, davlatni tuproqqa bog‘liq bo‘lgan xoldagi “tirik organizm”3 sifatida tushunadi. Shuning bilan birga, u davlatning xossalarini hudud va unda joylashgan xalq belgilab berishi, hudud – muhim siyosiy - geografik omil hamda siyosiy kuch ekanligini ta’kidlaydi. Bulardan ko‘rinadiki, F. Ratselning fikricha, hudud oddiy tabiiy - geografik tushuncha (ob’ekt) bo‘lib qolmay, balki siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib boradi. U davlatni huddi biologik organizm, ya’ni daraxt misoli tuproq bilan uyg‘unlashgan tana sifatida talqin qilar ekan, davlatning gullab - yashnashini uning qanchalik atrof-muhit bilan moslashuvi, uyg‘unlashuviga bog‘liq ekanligini ta’kidlaydi.
F. Ratsel davlatning ijtimoiy - iqtisodiy, siyosiy taraqqiyotida muayyan hududni, ya’ni “hayot hududi”ni (“Jiznennaya prostranstva”) katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi. U davlatni huddi tirik organizmga o‘hshatar ekan, - “davlat tug‘iladi, rivojlanadi va o‘ladi” deb tushuntiradi.
Hozirgi davrga kelib, bunday deterministik fikrlash albatta maqsadga muvofiq emas, zero jamiyatning rivojlanishida fan - texnika taraqqiyotining rolini, ishlab chiqarish kuchlarini tez rivojlanib borayotganligi va aholi turmush darajasining yuksalib borishini inkor qilib bo‘lmaydi.
Siyosiy geografiya va geosiyosatning o‘zaro aloqadorligini ta’kidlagan xolda, ularning ayrim xususiyatlari ham ko‘zga tashlanadi. Binobarin, geosiyosatni bir vaqtning o‘zida o‘quv predmeti, va shu bilan birga davlat siyosatining muhim shakli, yo‘nalishi sifatida tushunish mumkin. Hozirda geosiyosatni davlatlarning tashqi siyosati bilan bog‘langan yoki muayyan davlat tashqi siyosatining muhim bo‘g‘ini, yo‘nalishi sifatida tushunish ham keng uchraydi.
Geosiyosatning tadqiqot ob’ekti borasida turlicha qarashlar mavjud.
Klassik geosiyosatning yirik namoyandalaridan biri R. Chellen esa, - “Geosiyosat – bu, davlatni huddi tirik geografik yoki hududiy organizm sifatida qarovchi doktrina” yoki “Geosiyosat – bu, hududda mujassamlangan va huddi geografik organizm sifatida bo‘lgan davlat haqidagi fandir” deb tushuntiradi.
Yana bir klassik geosiyosat maktabi vakili K. Xausxoferning fikricha, “Geosiyosat – bu, yer va siyosiy jarayonlarning o‘zaro munosabati haqidagi fandir. U geografiyaning keng poydevoriga, ya’ni eng avvalo, hududdagi siyosiy organizmlar va ularning tuzilishi haqidagi siyosiy geografiyaga asoslangan. Geosiyosat siyosiy xarakatlarni tegishli vositalar bilan ta’minlash va umuman olganda siyosiy hayotga yo‘nalish berishni maqsad qilib qo‘yadi. Shunday qilib, geosiyosat aynan san’at bo‘lib, san’at bo‘lganda ham amaliy siyosatni boshqarish san’ati bo‘lib gavdalanadi. Geosiyosat – bu, davlatning geografik onggidir”4.
Hozirgi rus geosiyosiy tadqiqotchilaridan biri N.Nartov esa, “Geosiyosat – bu, hudud ustidan nazorat qilish haqidagi bilimlar tizimi, fandir”5 deb ta’kidlasa, yana bir tadqiqotchi Yu. Tixonravovning fikricha, “Geosiyosat – bu, siyosiy va geografik muhitning (joylashgan o‘rin, relef, iqlim, landshaft, foydali qazilmalar, iqtisodiyot, ekologiya, demografiya, xarbiy qudrat) o‘zaro ta’siri qonuniyatlarini o‘rganuvchi fandir”.
Siyosiy geografiya va geosiyosatga turli olimlar tomonidan juda ko‘plab va turli-tuman tariflar berilgan bo‘lsada, ularning mazmunida ikki muhim ob’ekt – yer, ya’ni hudud hamda siyosat (davlat) yoki siyosiy jarayonlar albatta o‘z aksini topganligini ko‘rish mumkin.
Hozirgi globallashuv davrida Geosiyosat faninig axamiyati tobora ortib borayapti.
Geografiya geosiyosat bilan bitta ildizga(geo-yer, makon) ega bo‘lib, siyosat nafaqat tasvirlash(grafo) balki o‘zaro ta’sirni bildiradi.
«Agar geografiya makon qanday qilib davlatga ta’sir ko‘rsatishini ochib bersa, geosiyosat davlat qanday qilib makonning sharoit va qonunlarini yengadi va uni maqsadlariga xizmat qilishga majburlash masalasini o‘rganadi»(Geopolitika.,2004).
Geosiyosatning o‘rganish ob’ekti bo‘lib makon- jaxonning geosiyosiy tarkibi hisoblanadi. Hozirgi sharoitlarda fan shakllangan davrdan farqli ravishda makon ko‘p o‘lchamli bo‘lib bormoqdi.
Sayyoramiz globallashayotga sharoitlarda geografik makon bilan bir qatorda geosiyosatda iqtisodiy, savdo, transport, xarbiy, axboriy, demografik, resurs-xomashyo va boshqa omillar hisobga olinadi.
Turli sub’ektlar(davlatlar, TNKlar ) tomonidan makon ustidan nazoratning qonuniyatlari, shakllari, metodlari va resurslari geosiyosatning predmeti hisoblanadi.
Siyosiy geografiya va Geosiyosat fanlari G‘arbda kuchli rivojlangan. Sobiq Ittifoqda bu fanlarni g‘arb davlatlarining imperialistik qarashlari uchun xizmat qiladigan reaksion fan deb tan olmaganlar. Geosiyosatni “yolg‘on fan” deb mamlakat xavfsizligini ta’minlashning strategik asoslarni ishlab chiqishda ortda qolib ketganlar. Geosiyosat fani Moskva Davlat universitetida fan sifatida XX asrning 80-yillari oxirida o‘qish boshlangan. Geosiyosatning fan sifatida ta’riflari juda ko‘p, ob’ekt, predmeti bo‘yicha ham turlicha ilmiy qarashlar mavjuddir. Shu bilan birga, geosiyosatning maqsad va vazifalarining turlicha talqinlari bordir.
Umumlashtirganda Geosiyosatning maqsadlariga quyidagilar kiradi:
-ilmiy qarashlarning modernizatsiyasi;
-jaxon tuzilmasining tahlili:
-davlatlar geostrategiyasini his qilish;
-voqea-xodisalarni global, mintaqaviy, submintaqaviy darajalrda tvhlil etish va boshqalar.
Vazifalari: Mamlakatdagi siyosiy voqea va hodisalarni yer yuzasi, landshaft, makon(zamin) xususiyatlariga qaramligi, ularga ta’sir nazoratini o‘rganish.
Geosiyosat asoslari fani geografiya yo‘nalishi talabalriga jamiyatning siyosiy-xududiy tashkil etilishi va rivojlanishi qonuniyatlarini o‘rgatadi. Bu fan ijtimoiy-iqtisodiy geografik fanlar bilan bir qatorda siyosatshunoslik, mamlakatshunoslik va boshqa fan tarmoqlar bilan uzviy aloqadorlikdadir. Ushbu fanna o‘qitishdan maqsad-talabalarda jamiyatning siyosiy xududiy tashkil etilishi va rivojlanish qonuniyatlari, dunyo siyosiy xaritisining shakllanishi va o‘zgarishi, tashqi iqtisodiy aloqalarning geografik jixatlariga doir bilimlarni shakllantirishdan iboratdir.

Download 0.89 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   47




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling