10-bob. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar
51-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning faoliyati
Chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishi va ularga Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalari bilan berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar quyidagi
huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek uning tashqarisida har qanday valyutada, har qanday bankda hisobvaraqlarni ochish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish;
ssudalarni chet el valyutasida olish va qaytarish.
52-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning shoʻba korxonalari, filiallari, vakolatxonalari va boshqa alohida boʻlinmalari
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan shoʻba korxonalar, filiallar, shuningdek yuridik shaxs boʻlmagan vakolatxonalar va boshqa alohida boʻlinmalar tashkil etishi mumkin.
53-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning xoʻjalik birlashmalari
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida ixtiyoriy asosda uyushmalar va boshqa xoʻjalik birlashmalarini tashkil etishi, shuningdek amaldagi xoʻjalik birlashmalariga teng huquqli aʼzo sifatida kirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |