1-Mavzu. Axloqshunoslik fanining tadqiqot doirasi, maqsadi va vazifalari Reja
Estetika. 4-mavzu. Estetika fani predmeti, tadqiqot doirasi va vazifalari (1- soat)
Download 4.7 Mb.
|
etika,estetika,mantiq
- Bu sahifa navigatsiya:
- 4. Erkin demokratik va fuqaroviy jamiyat qurishda estetika fanining roli. Estetikaning qamrovli hissiy-intellektual hodisa sifatida shaxs va jamiyat hayotini ma’naviy boyitishdagi amaliy ahamiyati.
Estetika.
4-mavzu. Estetika fani predmeti, tadqiqot doirasi va vazifalari (1- soat). Reja: 1. Estetika fani predmeti, tadqiqot doirasi va vazifalari. 2. Estetika fani tadqiqot doirasi, uning miqyosiyligi va ko’p yoqlamaligi, estetikaning falsafiy mohiyati. Estetika va san’at, badiiy ijod. Estetikaning asosiy vazifalari. 3. Estetik fikr taraqqiyotining asosiy bosqichlari: 1). Qadimgi dunyo estetik fikri (Shumer, Bobil, Misr, Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo ("Avesto") qadimgi Yunoniston estetikasi (Suqrot, Aflotun, Arastu); 2). O’rta asrlar musulmon Sharqi estetikasi (Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Umar Xayyom). Tasavvuf estetikasi (Imom G’azzoliy, Bahovuddin Naqshbandiy).. Temuriylar davri estetikasi (Alisher Navoiy, A. Jomiy, Bobur). XVIII asr estetikasi. (Kant, Shelling, Gegel; 3). Norasional estetika yo’nalishi (Shopengauer, Nisshe); XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi rus mumtoz estetikasi (L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, N.Berdyayev); Yangidavr estetikasi: ekzistensiyachilik, ruhiy tahlil; Turkiston demokratlari va jadidlarining estetik qarashlari. (Behbudiy, Fitrat, Cho’lpon, Qodiriy). 4. Erkin demokratik va fuqaroviy jamiyat qurishda estetika fanining roli. Estetikaning qamrovli hissiy-intellektual hodisa sifatida shaxs va jamiyat hayotini ma’naviy boyitishdagi amaliy ahamiyati. “Estetika” tushunchasini birinchi bo’lib muayyan bilish sohasini ifodalovchi atama sifatida olmon faylasufi Aleksandr Gotlib Baumgarten (1714-62) qo’llaydi. Ushbu atama aynan yunoncha aisthetikos — hissiy idrok etishga taalluqli degan manoni ifodalaydi. Lekin bundan estetika fani XVIII asrning o’rtalarida Germaniyada yuzaga kelgan, degan xulosaga kelmaslik kerak. Chunki estetika, garchi u shu nom bilan atalib kelinmagan bo’lsada, falsafaning tarkibida shakllanib, rivojlanib kelgan, dunyoni bilish, o’zlashtirishning sohasi hisoblanadi. Baumgarten mazkur atamani sanatdagi go’zallikni o’rganuvchi falsafiy fanga nisbatan qo’llaydi. Go’zallik, uning fikricha, hissiy bilishning mukammaligidir. U hissiy bilish deganda fakat sezgini emas, balki xotira, intuisiya, xayolot, emosiyalarni ham nazarda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, u go’zallikni aql, fikr tamoyillari bilan izohlashga harakat qiladi. Uning bunday qarashi keyinchalik I. Kant tomonidan tanqid qilinadi. Chunki uningcha, sezgi, hissiyot o’z tabiatiga ko’ra apriordir (lot. apriory-boshlang’ich}, yani kishi ruhida mavjud sof transsendental tasavvur natijasidir. Baumgarten ushbu atamani birinchi bo’lib qo’llash barobarida estetikani falsafadan ajratib, uning alohida mustaqil fan sifatida shakllanishiga asos soladi. Estetika atamasi o’z mazmuni va hajmiga kura eng umumiy (kategorial) tushuncha bulib, u fakat san’atdagi go’zallikni his qilishni emas, balki insonning borliqqa (tabiat, jamiyat va o’ziga) bo’lgan xos ruhiy (estetik )munosabatini ifodalaydi. Shunga ko’ra mazkur tushuncha falsafiy mazmunga ega. Mazkur munosabat jarayonida kishi dunyoni o’ziga xos, yani estetik o’zlashtirish tarzida bilib oladi. Estetik o’zlashtirish-bu kishining o’z-o’zini ma’nan-ruxiy anglashi, his kilishi orqali dunyoga bo’lgan qarashidir. Shuning uchun estetik munosabat mohiyatan falsafiy dunyoqarash, bilishning shakli hisoblanadi. Estetik munosabat - dunyoqarash dunyoni o’zlashtirish, bilishning muhim jihati hisoblanadi. Inson dunyokarashi tarixan ana shu munosabatlar bilan uzviy bog’liq ravishda shakllanadi va rivojlanadi. Shunga ko’ra aytish mumkinki, falsafiy dunyoqarash ayni paytda mazmunan estetik dunyoqarashdir. Shuningdek keyingisi mohiyatan falsafiy dunyoqarashdir. Har bir fan kabi estetikaning ham tadqiqot doirasi, o’rganish obyekti mavjud. Lekin mazkur fanning obyektini aniq chegaralab ko’rsatish juda qiyin, chunki u o’z mohiyatiga ko’ra juda keng va ko’pyoqlamadir. Shuning uchun uning ko’p asrlik taraqqiyoti davomida mazkur masalaga turlicha yondashishlar bulgan. Masalan, qadimgi yunon naturfilosoflari estetikani dunyo manzarasini yaratishga xizmat qiluvchi falsafiy fan deb hisoblaganlar. Ularning yurtdoshi Arastu (Aristotel eramizgacha 384-322y) go’zallik va san’at, poetikaning umumfalsafiy masalalari bilan shug’ullanuvchi fan sifatida ta’riflaydi. O’rta asrlarda estetikaga san’at vositasida xudoning mohiyatini anglash uchun xizmat qiluvchi bilimlar tizimidir, deb qaraladi. Mazkur fanga bunday qarashni shu davrning ko’zga ko’ringan ilohiyotchi (teolog) laridan biri Foma Akvinskiy (1225-1274) o’zining "Ilohiy bilimlar majmuasi" nomli asarida ilgari suradi. Turli davrlardagi estetika fani tadqiqot doirasi, obyektini aniqlash masalasiga bo’lgan qarashlarga nisbatan nemis faylasuflari A.Baumgaren, G.F.Gegel va I.Kantlar ilmiyroq yondashadilar. Aniqrog’i, ular mazkur masalani estetikaning falsafiy fan ekanligidan kelib chiqqanlari holda hal etishga harakat qiladilar. Masalan, Baumgarten uni san’atdagi hissiy bilishning (his-tuyg’uning) xususiyatlarini o’rganuvchi, Gegel (1770-1831) esa san’atning dunyoviy ruhning umumiy tizimida tutgan o’rni, mavqyeini belgilab beruvchi fan deb tariflaydilar. I. Kant (1724-1804) “Sof aqlning tanqidi” nomli asarida estetika inson ruhida sof (transsendental) tarzda mavjud hissiyot shakllarini o’rganuvchi fan, degan qarashni asoslashga harakat qiladi. Xo’sh, shunday qilib, hozirgi davrgacha bo’lgan estetik fikr taraqqiyotining darajasidan kelib chiqqan holda qaraydigan bo’lsak, “Mazkur fanning predmeti va vazifalari nima?” degan savolga javob berish talab qilinadi. Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, estetikaning falsafiy fan sifatida tadqiqot doirasi, predmetini inson-borliq munosabati tashkil etadi. Mazkur munosabat asosida his va tuyg’u va tafakkurning odatdagi (gnoseologik-nazariy) bilish chegarasidan tashqari yuksak bosqichida uyg’unlashtirishning natijasi o’laroq yuzaga keladigan ma’naviy-ruhiy hissiyoti yotadi Mazkur fan narsa, hodisalarni kishilar uchun foyda keltirishdek, amaliy ahamiyatga egaligi bo’yicha emas, balki ma’naviy-estetik qadr-qiymatga molikligi nuqtai nazaridan o’rganiladi. Shunday qilib, estetika - bu insonning tabiatga, jamiyatga va o’z-o’ziga bo’lgan ma’naviy-ruhiy hissiyoti munosabatida shakllanadigan umuminsoniy ahamiyatiga molik badiiy-estetik qadriyatlarning yaratilishi, o’zlashtirilishi haqidagi falsafiy fandir. Ma’naviy – ruhiy hissiyot estetika fanining tadqiqot doirasi - predmeti va ayni paytda uning (predmetining) o’zlashtirilish usuli, vositasi mavqyeini o’taydi. Mazkur hissiyotni konkret-obrazli tarzda ifodalash xususiyatiga ega bo’lgan san’at estetika fanining ham tadqiqot doirasi, ham uning bilish usuli hisoblanadi. Shunga ko’ra estetika, yuqorida ko’rib o’tganimizdek, barcha davrlarda asosan badiiy qadriyatlar, sanat asarlarining yaratilishi, idrok etilishi, baholanishi qonuniyatlarini o’rganuvchi san’at falsafasi, ya’ni san’atshunoslikning nazariyasi fani sifatida ta’riflanib kelingan. Lekin bu biryoqlama yondashish bo’lib, bunda quyidagilar hisobga olinmaydi. 1.San’at ma’naviy qadriyatlarning bitta tarkibiy qismidir, xolos. 2.Sanat asarlarining yaratilishi, idrok etilishi, baholanish jarayoni umuminsoniy qadriyatlarning yaratilishi, o’zlashtirilishining qonuniyatlari tamoyillariga bo’ysunadi. 3.Sanatning estetiklik tabiati inkor etiladi. Aniqrog’i, san’at insonning tabiatga, jamiyatga va o’z-o’ziga bo’lgan estetik munosabatining natijasi o’laroq yuzaga keladigan jamiyat manaviy hayotining shakli ekanligi nazardan chetda qoldiriladi. Estetika faniga sof san’atshunoslik nazariyasi sifatida yondashuv estetiklik (nafosatshunoslik) va badiiylik fenomenlarining aynan bir ma’noda talqin qilinishi bilan izohlanadi. Estetiklik tushunchasi insoning borliqqa va o’z-o’ziga bo’lgan munosabatini ifodalasa, badiiylik san’at asarlarining yaratilishi, o’zlashtirilishi bilan bevosita bog’lik jarayonni anglatadi. Badiiylikning genezisi yuksak shakldagi ma’naviy-ruhiy hissiyot bo’lib, insonning estetik munosabatining shakllanishining negizini tashkil etadi. Shu ma’noda estetiklik va badiiylik o’zaro dialektik birlikda bo’lib, estetika faning predmetini tashkil etadi. Va shunga ko’ra mazkur fan san’at, badiiy ijodning umumiy qonuniyatlari, tamoyillarini ham tadqiq etuvchi bilim sohasi hisoblanadi. Estetika “sof” san’atshunoslikning xususiy nazariyasi emas. U san’atshunoslik fanlari uchun umummetodologik (dasturilamaliy) ahamiyatga ega bo’lgan falsafiy fandir. Shu ma’noda, u agar shunday aytish-joiz bo’lsa, san’atshunoslik falsafasidir. Estetika san’atshunoslikdan farqli o’laroq, o’zining mezoniy tushuncha - kategoriyalari tizimi, qonunlariga egaki, ular bir qator xususiy fanlar, xususan san’atshunoslik uchun xam metod, bilish usullari bo’lib xizmat qiladi. 2. Estetikaning keng qamrovli, ko’pyoqlamali predmeti (obyekti) uning falsafa va boshqa zamonaviy fanlar bilan o’zaro aloqadorligida tadqiq qilinadi. Ayni paytda shu jarayonda uning o’ziga xos xususiyatlari namoyon bo’ladi. Estetika birinchi galda falsafa bilan o’zaro aloqadadir. Uning mezoniy tushunchalarining mazmuni shakl va mazmun, umumiylik, aloqidalik, xususiylik, butun, qism kabi falsafiy kategoriyalar mohiyati orqali anglashiladi. Estetikaning falsafa bilan ichki alokadorligi mantiq, axloqshunoslik (etika) fanlari bilan chambarchas bog’liqligida anglashiladi. Mantiqiy usul, qonun-qoidalar estetik bilish uchun dastur bo’lib xizmat qilsa, estetikaning qonun, mezoniy tushunchalari o’z navbatida axloqshunoslik uchun shunday vazifani o’taydi. Masalan, yaxshilik, ezgulik, yomonlik kabi tushunchalarning mazmuni estetikaning go’zallik mezoniy tushunchasi mohiyati orqali anglashadi. Shunga ko’ra estetika bu kelajakning etikasi, deydilar. Estetika «Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» – mustaqillik yillarida mamlakatimizda shakllangan yangi fan bilan uzviy ravishda bog’liqdir. Mazkur fan xalqimizning ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo’lidagi ezgu maqsad, orzu-intilishlarini, milliy istiqlol g’oyasining mohiyatini, uni shakllantirishning tamoyil, yo’l-yo’riqlarini o’rgatadi. Milliy istiqlol g’oyasi o’z mohiyatiga ko’ra estetik g’oyadir. Unda jamiyat va shaxs o’rtasidagi o’zaro uyg’unlik inson go’zalligi, jamiyat mukammalligi haqidagi qarashlar, tasavvurlar ifodalanadi. Shunga ko’ra estetika va istiqlol g’oyasi fanlari o’zaro ichki aloqadorlikda o’z vazifalarini amalga oshiradilar. Estetika istiqlol g’oyasi tushuncha va tamoyillarining estetik mohiyatini nazariy jihatdan ochib beradi va ularning konkret estetik ong va faoliyat birligida amal qilishining usul, yo’l-yuriqlarini ko’rsatib beradi. O’z navbatida istiqlol g’oyasi fani estetikaning maqsad va vazifalarini konkretlashtiradi. Uning tushuncha, kategoriyalarini yangi mazmun bilan boyitadi. Estetika shuningdek “Ma’naviyat asoslari” fani bilan bevosita aloqadorlikdadir. Ma’lumki, mazkur fanning tadqiqot obyekti-murakkab ijtimoiy hodisa sanalmish manaviyat hisoblanadiki, uiing tarkibiy qismiga estetik bilimlar ham kiradi. Shuningdek “Ma’naviyat asoslari ” bilimlar majmuining orasidagi aloqadorlik va ularning kishi ko’nikma va malakalari orqali xayot tarziga aylanishini, o’rganishini (qarang: B.Ziyomuxammedov, S.Ziyomuxammedova, S.Qodirova. Ma’naviyat asoslari. T.2000, 27-28-betlar) hisobga oladigan bo’lsak, mazkur fanlar orasidagi uzviy aloqadorlik yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi.Chunki estetik ong (tuyg’u, idrok, ideal, qarash) bilimlarning o’zaro 6og’liklikda kishi faoliyatining motiviga aylanishining muhim omili hisoblanadi. Aslida estetikaning mantiq, etika bilan o’zaro aloqadorligi falsafiy dunyoqarash tizimi negizini tashkil etuvchi bilimlar majmuini, aniqroq kilib aytilganda, tizim tashkil etuvchi markaziy qism hisoblanadi. Zotan, falsafaning o’ziga xos manaviyat sifatidagi tabiatini ham ana shu qayd qilingan bilimlar majmui tashkil etadi. Falsafaning asosiy masalasi hisoblanmish inson muammosi falsafiy fikr taraqqiyotining barcha davrlarida, u qanday yo’nalishda bo’lmasin, mantiq, etika, estetikaning asosiy kategoriyalari – haqiqat, ezgulik, go’zallik kategoriyalari birligida tadqiq qilingan. Inson muammosini ana shunday tarzda tadqiq etish ayniqsa Sharq falsafasida yetakchi o’rinni egallaydi. (Bu hakda keyinchalik to’xtalamiz). Estetika bevosita psixologiya (ruhshunoslik) bilan o’zaro aloqada ish ko’radi. Bu shu bilan izohlaniladiki, estetik ongning muhim xususiyati obyektiv va subyektiv (ruhiy) borliqning hissiy (sezgi. idrok, tasavvur) idrok etilishida va kishining ichki ruhiy dunyosida yuz beradigan o’zgarish - tuyg’u(emosiya)sida namoyon bo’ladi. Shuningdek moddiy borliqdagi narsa, hodisalarning mexanik, ximik, fizik, biologik va boshqa shu kabi xususyatlaridan farqli ravishda estetiklik (nafosatlilik) xususiyatini, ularning idrok etilishida kechadigan psixologik (ruhiy) holat, jarayonni tadqiq etmasdan o’rganish mumkin emas. Estetikaning pedagogika bilan bog’liqligi shundaki, har ikki fan ham estetik tarbiyaning nazariyasin ishlab chiqish va uni amaliyotga tadbiq qilish masalasi bilan shug’ullanadilar. Lekin bunda ular mazkur masalaga turlicha yondashadilar. Agar pedagogika estetik tarbiyaning turli xil shakl va usullarini ishlab chiqsa, estetika uning umumiy tamoyillarini tadqiq etadi. Sosiologiya estetika fani uchun nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo’lgan empirik dalil-materiallar beradi. Estetika ayni paytda sosiologik tadqiqotlar va ularning natijalarini umumlashtirishning umumiy tamoyillarini ishlab chiqadi. Masalan, “Sanat sosiologiyasi” deb ataladigan tadqiqot yo’nalishi ana shunday ikki fan orasidagi o’zaro aloqadorlik. natijasidir. Estetika ekologiya fani bilan o’zaro aloqadorlikda bo’lib, mazkur fanlarning hamkorligi orqali bugungi kunda mavjud sivilizasiyaga xavf solayotgan umumbashariy muammolar tadqiq etiladi. 3. Estetikani o’rganishning ahamiyati uning muayyan qonun, eng umumiy tushunchalar tizimi sifatidagi falsafiy fan ekanligi bilan belgilanadi. Mazkur fan mantiq, etika fanlari bilan o’zaro aloqadorlikda ish ko’ruvchi inson falsafasi sifatida kishilarning dunyoqarashi, ma’naviyatini shakllantirishda metodologik mavqyega egadir. Estetika fanining umumfalsafiy bilimlar tizimi sifatidagi ahamiyati uning nazariy va amaliy vazifalarni bajarishligi bilan izohlanadi. Hozirgi paytda estetikaning nazariy ahamiyatga ega bo’lgan vazifalari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin: A) Badiiy-estetik qadriyatlarining milliy va umumbashariy jihatlarini o’z-o’zini anglash nuqtai nazaridan turib tahlil etish va ularning jamiyatimiz ma’naviy hayotini o’zgartirish, kishilarimizda yangicha dunyoqarashni shakllantirishdagi tutgan rolini ko’rsatib berish; B) San’atning umumiy masalalarini, xususan, uning ijtimoiy munosabatlar tizimidagi o’rni, mavqyeini tadqiq qilish va bunday tadqiq qilishning hozirgi zamon fanlari natijalariga (ruhshunoslik, kibernetika, informatika va b.) tayangan holda ilmiy apparati, metodlarini ishlab chiqish. Estetikaning amaliy ahamiyati ma’naviyatning muhim jihati bo’lgan estetik madaniyatni shakllantirgan mavqyei bilan belgilanadi. Uning bunday mavqyei ayniqsa bugungi kunda — jamiyatimiz ma’naviy hayotida tub sifat o’zgarishi, ruhiy poklanish jarayoni kechayotgan paytda alohida axamiyat kasb etadi. Chunki bu boradagi asosiy vazifa — jamiyatimiz a’zolari ongi, qalbiga istiqlol g’oyasi tamoyillari mazmunini singdirish ularda estetik madaniyatni shakllantirishni zaruran taqozo etadi. Keyingisining amalga oshirilishi esa, asosan, quyidagi ikki yo’nalishda olib borilishni talab etadi. Birinchidan, estetik madaniyatning samarali yo’l-yo’rik, usullarini ko’rsatib beruvchi estetik tarbiya tamoyillarini ishlab chiqish; Bunda estetik tarbiya uzluksiz umumiy tarbiya tizimining tarkibiy qismi sifatida olib qaraladi va uning tamoyillarini hayotga tadbiq etish bilan shug’ullanadi. Ikkinchidan, estetika — jamiyat badiiy hayoti, estetik madaniyatining rivojlanish qonunlarini, ularning jamiyat ma’naviy hayoti va madaniyatining boshqa sohalari bilan o’zaro aloqadorligi, tizimli tarzdagi tuzilishini o’rganadi. Bunda estetik nazariya, bilimlar quyidagi to’rt soha kishilari uchun alohida ahamiyatliligini kursatish mumkin. bevosita badiiy qadriyatlarni, san’at asarlarini yaratuvchilar uchun; yaratilgan badiiy qadriyatlarni idrok, iste’mol etuvchilar uchun; 3) badiiy qadriyatlarni maxsus o’rganuvchi tadqiqotchilar uchun; 4) jamiyatning badiiy hayoti, badiiy madaniyatini tashkillashtiruvchi, boshkaruvchi ijtimoiy institutlar uchun. Endi qayd qilingan har bir soha vakillari uchun estetik bilimlarning dasturilamaliy ahamiyatliligi haqida qisqacha to’xtalamiz. Ijodkorning yuksak san’at asarlari yaratishlari uchun uning iste’dod va talanti yetarli emas. U ayni paytda muayyan falsafiy-estetik dunyoqarashga, bilimlarga ega bo’lmog’i kerakki, bular uning uchun ijod usuli, metodlari vazifasini o’taydi. Mazkur usullarni ongli ravishda qo’llay olgan ijodkorgina yuksak san’at asarlari yarataoladi. Masalan, aytish mumkinki, agar Alisher Navoiy tasavvuf ta’limotining falsafiy-estetik mohiyatini chuqur bilmaganida va ijodda uning tamoyillariga tayanmaganda edi, o’zining betakror dahosini, talantini to’lasincha namoyon qila olmagan bo’lur edi. Sa’nat asarlarini idrok, iste’mol etuvchilar (tinglovchi, o’quvchi, tomoshabin) estetik bilimga ega bo’lgan paytdagina ularni ma’naviy qadriyatlar sifatida baholayoladilar. Bunday bilim estetika faning asoslarini, xususan, go’zallik, ulug’vorlik, fojiaviylik, hajviylikning tabiati, san’atdagi obrazlilik va badiiy ijodning xususiyatlarini o’zlashtirish orqali orttiriladi. Shunday bilimga ega bo’lgan kishi san’at asarlarini ma’naviy qadriyatlar tarzida baholayoladi, idrok etadi va ruhiy lazzatlanadi. U yoki bu sa’nat turining tarihi, nazariyasi masalasini o’rganuvchi tadqiqodchi, san’at asarlarini tahlil qilish, baho berish bilan shug’ullanuvchi tanqidchi san’atning estetik mohiyati, genezisi, vazifalari xamda rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini yaxshi bilmog’i yoki eng bo’lmaganda bular haqida umumiy tasavvurga ega bo’lmogi zarur. Va shu paytda ular (tanqidchi, san’atshunos, sosiologlar) ijod jarayonining umumiy qonun normalari mezonidan kelib chikkanlari xolda san’at asarlarining estetik kimmatini baxolaydilar. Chunki estetika fani badiiy ijodning konuniyatlarini umumlashtiruvchi bilimlar tizimidir. San’at asarlarini kayd etilgan mezonda baxolay oluvchi tankidchi, san’atshunosgina ijodkorga, san’at asarini idrok etuvchiga ta’sir kursata oladi, ularga “murabbiy”lik kila oladi. Xar bir jamiyat a’zosining, ommaning estetik madaniyatini shakllantirish, rivojlantirish ijtimoiy institutlar (ma’naviyat va ma’rifat markazlari, madaniy-oqartuv muassasalari va boshqalar) faoliyatining asosiy vazifasi sanaladi. Shunga ko’ra, mazkur vazifa eng avvalo estetik bilimlarni keng ommaga yetkazish, tashviq qilish, yoyish orqali amalga oshiriladi. Estetika fanining mamlakatimizda demokratik, fuqarolik jamiyati qurishdagi o’rni uning umumiy tarbiya tizimida estetik tarbiyani amalga oshirish bilan belgilanadi. Ma’lumki, mamlakatimizda qurilayotgan demokratik, fuqaroviy jamiyatining sunggi maksadi - bu xar jihatdan barkamol, ya’ni komil insonni shakllantirishdir. Shunga ko’ra Bosh qomusimizning 13-moddasida “O’zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko’ra Inson (ta’kid, bizniki — M.O), uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa dahlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi», - deb ko’rsatiladi.33[2][2] Demak, inson komilligi jamiyatimizning oliy qadriyati ekan, u mohiyatan ayni paytda uning estetik ideali hisoblanadi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda demokratik, fuqarolik jamiyati qurish vazifasi “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan siyosiy qurilish dasturi asosida olib borilmokda. Bunda qator vakolatli vazifalarni davlatdan o’z-o’zini boshqarishga asoslanuvchi mahalliy jamiyat organlariga, jamiyat fuqarolar tuzilma va tashkilotlariga bosqichma-bosqich topshirish ko’zda tutiladi. Dasturga muvofiq davlat boshqarish tasarrufida asosan konstitusion tuzumni, mamlakatning mustaqilligini va hududiy yaxlitligini himoya qilish, huquq - tartibot va mudofaa qobiliyatini ta’minlash, tashqi siyosat yuritish va boshqa shu kabi vazifalar qolishi kerak. Qolgan barcha vazifalar maxalliy xokimiyat, fukarolarning o’z-o’zini boshqarish organlari tomonidan hal etilishi kerak. Ana shu vazifalarni amalga oshirishning muhim ta’sirchan vosita, mexanizmlaridan biri umumhalk estetik tarbiya tizimini tashkil etish hisoblanadi, chunki o’z-o’zini boshqarish tamoyili birinchi galda yuksak darajada estetik onglilik, madaniyatlilikni taqozo etadiki, bu vazifani estetik tarbiyasiz amalga oshirib bo’lmaydi. Shuningdek mazkur tarbiya milliy istiqlol g’oyasini xalkimiz qalbi va ongiga singdirishning eng muhim omili bo’lib hisoblanadi. Har qanday g’oyalar kishilarning tafakkuri, shuuri bilan birgalikda his-tuyg’usi, ruhiyati orqali ularning iymon, e’tiqodlariga aylanadi. Iymon-e’tiqod mohiyatan, vujudan his etilgan, qalb bilan anglanilgan amaldagi g’oyadir. Istiqlol g’oyasining mohiyati estetik tamoyillar orqali his etilgan va anglashilgan paytda ana shunday amaldagi, o’zgartiruvchi g’oyaga aylanadi. Bugungi kunda estetik tarbiya yo’nalishining asosiy vazifasi har bir jamiyatimiz a’zosida ana shu amaldagi g’oyani shakllantirish bo’lib hisoblanadi. Shunday qilib, estetika fanining amaliy ahamiyati jamiyatimiz estetik madaniyatini shakllantirish va bu orqali uni yuksak yangi ijtimoiy taraqqiyot bosqichiga ko’tarishida xizmat qilishida namoyon bo’ladi. Download 4.7 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling