1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja
Kushon davri Shimoliy Baqtriya shaharlari
Download 192.46 Kb.
|
SMT
Kushon davri Shimoliy Baqtriya shaharlari. Kushon davrida tipologik jihatdan turlicha bo‘lgan, turli vazifalarni bajargan shaharlar paydo bo‘ladi. Baqtriyaning ko‘pgina shaharlari muhim karvon yo‘llari bo‘ylarida, daryodan o‘tish joylarida, savdo yo‘llari chorrahalarida paydo bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, ularning shakllanishi turli yo‘llar bilan bo‘lib o‘tgan. Shimoliy Baqtriyaning kushon davri shaharlari ikki xil yo‘l bilan paydo bo‘lgan. Ularning ayrimlari aholining ko‘payishi va yangi yerlarni o‘zlashtirilishi natijasida paydo bo‘lgan bo‘lsa, boshqalari esa eski yoki tiklangan shaharlar bo‘lgan.
Kushon davri Shimoliy Baqtriya shaharlarining shakllanish jarayoni, ularning tarhi va tuzilishi ko‘p hollarda uning asosiga, ilgari aholi yashagan manzilgohga bog‘liq bo‘lgan. Bu holatni arxeologik ma’lumotlar asosida o‘rgangan E.V.Rtveladze o‘z asoslari bilan farqlanuvchi shaharlarning quyidagi uchta guruhini ajratadi: 1. Ahamoniylar va antik davrida qadimgi asosga ega bo‘lgan ko‘p qatlamli shaharlar (Jondavlattepa, Qal’aimir, Hayitobodtepa va balki Termiz); 2. Yunon-Baqtriya yoki Salavkiylar davriga borib taqaladigan shaharlar (Dalvarzintepa, Kayqubodshoh, Saksonoxur, Termiz, Shahrinav, Xolchayon); 3. Yuechji yoki Kushon davrida paydo bo‘lgan shaharlar (kichkina shaharlarning asosiy qismi va Budrach, Zartepa, G‘arov-qal’a (Yavan), Kallaminor (Denov yonida), Shohtepa va boshq.). Kushon davri shaharlarining kelib chiqishi va shakllanish jarayonini Dalvarzintepa nisbatan yaxshi aks ettiradi. Uning dastlabki asosi mil. avv. III asrda ko‘hna shaharning janubi-sharqiy qismida, ikki tomondan qadimgi irmoq o‘tib turgan balan tepalikda paydo bo‘ladi. Bu irmoqlardan xandaq sifatida foydalanilgan. Keyinroq, Yunon-Baqtriya davrida bu bo‘lak 2 metrdan oshiq qalinlikdagi paxsa devor bilan o‘rab olinadi va maydoni 3 gektardan ziyod qal’aga aylanadi. Uning shimolida esa tarqoq rejaga ega mustahkamlanmagan qishloq paydo bo‘ladi. Aftidan, mil. avv. I asrning ikkinchi yarmi yoki milodiy I asr boshlarida dastlabki markaz o‘rnida qalinligi 7 metrli devor va xandaq bilan o‘rab olingan mustahkam qal’a shakllanadi. Mustahkamlanmagan manzilgoh shaharga aylanadi. Bu shahar aniq to‘g‘ri burchakli rejasi va shu reja asosidagi devorlari bilan ajralib turadi. Uning ichida jadallik bilan qurilishlar olib boriladi. Shu davrdan boshlab Dalvarzintepa tarixida yangi davr - shahar davri boshlanadi. Dalvarzinning keyingi rivojlanishi Kushon davriga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, hashamatli turar-joy inshootlari, ibodatxonalar, ishlab chiqarish mahallalari barpo etilib, devorlar mustahkamlanadi. Shuningdek, bir tomonida diniy va dafn marosimlariga oid inshootlar, ikkinchi tomoniga qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq mulklar markazlashgan kattagina shahar oldi qismi shakllanadi. Bu erdan ibodatxonalar, shahar aholisining uylari, ishlab chiqarish ustaxonalari, shahar maydonlari va hovuzlar, suv tarmoqlari tizimi, ko‘cha tarmoqlari qazib ochilgan va o‘rganilgan. Qiyosiy tahlil uchun solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, S.P.Tolstovning yozishicha, O‘rta Osiyo shaharlari o‘sib chiqadigan boshlang‘ich asos bir tomondan - refugium (lotincha, mustahkamlanmagan, xavf tug‘ilgan paytida aholi panagohi) va ikkinchi tomondan - bozor hisoblanadi. E.E.Nerazikning ta’kidlashicha, qal’a atrofida shaharlarning shakllanishi Xorazm uchun rivojlanishning eng tarqalgan usullaridan biri edi. Parfiya va Marg‘iyonaning ham ko‘pgina shaharlari asosini mustahkam qism - qal’a tashkil etgan. Janubiy Sug‘diyonaning antik davrga oid qator ko‘hna shaharlari - Qal’ai Zahoki Maron, Shulluktepa, Ko‘hna Fazli, Kindiklitepa kabilarning ham dastlabki asosini mustahkamlangan qal’a va minoralar tashkil etgan. Demak, O‘rta Osiyoning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi, Shimoliy Baqtriyada ham shaharlarning shakllanishi asosan qal’adan boshlangan. Shuning uchun ham, kushon davri barcha shaharlarda ilgarigi mustahkamlangan manzilgoh asosi bo‘lgan qal’alar mavjudligi tasodifiy hol emas, deb xulosa chiqarish maqsadga muvofiqdir. Bu holat qurilish uslublaridagi mahalliy an’analar antik davrda ham davom etganligidan dalolat beradi. Antik davrda Shimoliy Baqtriyada tarhiy tuzilishi aniq to‘g‘ri burchakli va to‘rt qismli (qal’a, shaharning o‘zi, shahar oldi va atrof) shahar va shaharchalar ko‘p tarqalgan. Tashqi rejaviy tuzilishi notekis bo‘lgan shaharlar kam uchraydi. To‘g‘ri burchakli shaharlar negizini yagona shaharsozlik an’analari hamda qaysidir ma’noda, kushon davri ijtimoiy va madaniy me’yorlari tashkil etgan bo‘lsa, noto‘g‘ri reja asosidagi shaharlar mustahkam qal’alar yonida, o‘z-o‘zidan, aholi o‘sishi natijasida paydo bo‘lib, ularning sohiblari mavjud chegaralarga moslashganlar. Ko‘plab kushon qal’alari oldingi davr bilan genetik bog‘liq bo‘lgan. Ular mustahkamlangan qo‘rg‘on-markaz o‘rnida shakllanib ulardan tashqi ko‘rinishini ham meros qilib olgan (Dalvarzintepa, Termiz, Kampirtepa). Ularning ayrimlari (Jondavlattepa, Zartepa, Xayrobodtepa) avval boshdayoq qal’a sifatida shakllangan bo‘lishi ham mumkin. Bu qal’alar bir-birlaridan o‘lchamlari va shahar qurilishi tartibida joylashuvi bilan farqlanadi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, qal’alarning ahamiyati shaharlarning vazifalari va o‘lchamlari bilan belgilanib, bir qator omillar, xususan, tabiiy sharoitlar ham hisobga olingan. Ko‘pchilik qal’alar shaharning bir burchagiga joylashib, to‘liq shahar qurilishi tizimiga kirgan. Ayrim hollarda qal’a ko‘hna shaharning bir burchagida joylashib shahar devorlari chegarasidan chiqib turgan (Dalvarzin, Arpapoyatepa). Ba’zi qal’alar ko‘hna shaharning markazida (Yalangto‘shtepa, G‘arovqal’a, Dilbarjin), ayrimlari esa shaharning asosiy qismidan alohida yoki daryo bo‘yida joylashgan (Termiz, Kampirtepa). Ko‘hna shaharlarning qal’alari o‘lchamlari va rejaviy tuzilishi jihatdan ham bir-biridan farqlangan. Misol uchun to‘g‘ri burchakli (Kampirtepa, Termiz), to‘rt burchakli (Zartepa, Oqmozotepa, Xayrobodtepa), ko‘pburchakli (Dalvarzintepa). Shaharlarning ma’muriy-hududiy joylashuviga qarab ulardagi qo‘rg‘onlar turli vazifalarni bajarganlar. Ta’kidlash joizki, ko‘pgina qal’alar harbiy-mudofaa xususiyatiga ega bo‘lgan. O‘rta Osiyoning boshqa ko‘hna shaharlarini qal’alar bilan qiyosiy tahlil qilsak, ular kushon davrida boshqacharoq tuzilishiga ega bo‘lgan. Misol uchun, Tuproqqal’aning so‘nggi antik davr qal’asida saroy, otashkada va harbiylar bilan bog‘liq bir necha inshootlar bo‘lgan. Qadimiy Marvning qal’asi Erkqal’ada esa, shoh saroyi, xizmatchilar xonalari va ma’muriy inshootlar joylashgan. G.A.Pugachenkovaning taxminlariga ko‘ra, O‘rta Osiyo antik davr shaharlarining qal’alari, ma’muriy binolar markazlashgan joy bo‘lib, bu yerda hukmdor huzuridagi xizmatkorlar, omborxonalar va garnizon inshootlari joylashgan. Ko‘hna shaharlar ko‘p hollarda aniq reja asosida, bir necha qismdan iborat bunyod etilgan bo‘lib, har bir qismning muayyan vazifasi bor edi. Ushbu qismlar shaharlar hududlarida joylashib, ular joylashuvida tabiiy-geografik va harbiy-siyosiy vaziyatlar hamda shart-sharoitlar hisobga olingan. Antik davr Shimoliy Baqtriya shaharlari ma’muriy, harbiy-siyosiy va mafkuraviy markaz bo‘libgina qolmasdan, savdo-sotiq va hunarmandchilik markazlashgan hudud ham hisoblangan. Chjan Szyanning mil. avv. II asrning o‘rtalariga oid ma’lumotlariga ko‘ra, Dahya (Baqtriya) aholisi savdo-sotiqda nihoyatda mohir, mamlakatning poytaxtida esa har xil mahsulotlarga boy bo‘lgan bozor mavjud edi. O‘rta yer dengizi mamlakatlarini Uzoq Sharq bilan bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘lining ushbu hududlardan o‘tishi shaharsozlik madaniyati va xalqaro savdoning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratgan edi. Ptolomey tasvirlagan bu yo‘lning bir tarmog‘i Baqtradan shimolga, Amudaryo orqali Tarmitadan o‘tib shimoli-sharqqa qayrilgan va Surxon vohasi bo‘ylab borib Qoratog‘ orqali Qorategin tomonga ketgan. Bu yo‘lning boshqa bir tarmog‘i Tarmitadan so‘ng Sheroboddaryo vodiysidan o‘tgan va Temir darvoza orqali Sug‘dga olib chiqqan. Bu yo‘l O‘rta Osiyo va Shimoliy Baqtriyaning markaziy va shimoliy viloyatlarini Hindiston bilan bog‘lab turgan. Antik davrda Shimoliy Baqtriyaning ko‘hna shaharlarida kulolchilikka ixtisoslashgan mahallalar mavjud bo‘lib, ularda bir vaqtning o‘zida bir nechta xumdonlar ishlab turgan. Ulardagi idishlarni pishirish ustaxonalarida bir pishirishda yuzdan ortiq idishlar sig‘dirilgan. Ko‘hna shaharlarda temirni qayta ishlaydigan hunarmandchilik ustaxonalari ham bo‘lgan. Ular temirdan har xil buyumlar tayyorlaganlar. Termizdan temirchilar mahallasi aniqlangan. Temir va misni qayta ishlash hunarmandchiligi ustaxonalarning qoldiqlari Sho‘rtepadan ham topilgan. Shimoliy Baqtriya shaharlarida qurilish ishlari va me’morchilikning yuqori darajasi bu hududlarda o‘z kasbining ustasi bo‘lgan quruvchilar va me’morlar bo‘lganligidan dalolat beradi. Qurilishda xom g‘isht va paxsa bilan bir qatorda Kushon davrida pishiq g‘isht ham ishlatilgan. G‘isht pishiradigan xumdonlar Dalvarzintepada aniqlangan. Ayrim g‘ishtlardan shaxsiy muhrlar izlari qayd etilgan. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, g‘isht pishiruvchi ustaxonalar buyurtma bo‘yicha ishlashgan. Shimoliy Baqtriyaning shaharlarida to‘qimachilik hunarmandchiligi ham keng tarqalgan. Qazishmalar paytida juda ko‘plab urchuq uchlari topilganki, ular gilam, sholcha va mato tayyorlashda ishlatilgan. To‘qimachilikning keng rivojlanishi shundan dalolat beradiki, ixtisoslikning bu turi faqat mayda, uy hunarmandchiligi bo‘lib qolmasdan, ko‘hna shaharlarda yirik to‘qimachilik ustaxonalari bo‘lib, ular xalqaro va ichki bozor uchun mahsulot chiqarganlar. To‘qimachi ustalar bo‘lganligini Dalvarzintepa va Kampirtepadan topilgan shaxsiy muhrlar yana bir marta isbotlaydi. Ko‘hna shaharlarda hunarmandchilikning boshqa ko‘rinishlari - zargarlik, toshga ishlov berish, tegirmonchilik (un tortish) ishlari ham rivojlangan. Ko‘pgina shaharlardan tanga pullarning topilishi pul zarb etish yaxshi yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi. Xullas, antik davr Shimoliy Baqtriya shaharlari o‘z taraqqiyotining yuqori bosqichiga ko‘tarilgan edi. Yozma manbalarda Baqtriya haqida «ming shaharlar o‘lkasi», deb eslatib o‘tilishi hamda ko‘p sonli arxeologik ma’lumotlar ushbu fikrimizning dalilidir. Antik davrda bu hududlardagi shaharlar taraqqiyoti uchun ko‘pgina imkoniyatlar (ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy, geografik va boshq.) mavjud edi. Shaharlar ko‘p hollarda ilgaridan belgilab qo‘yilgan qat’iy me’morchilik rejasi asosda qurilib bir necha qismdan iborat bo‘lgan. Har bir qismning muayyan bajaradigan vazifasi mavjud edi. Shaharlarning o‘zi esa ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy markaz hisoblanib, siyosiy hayotda ham muhim ahamiyat kasb etgan. Taraqqiyot qonuniyatlariga ko‘ra, avvalgi davrlarda bo‘lgani kabi, antik davr shaharlari davlatchilik taraqqiyotining asosiy omili bo‘lib qolaverdi.
Download 192.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling