Mavzu: Bolalarni «Kurk tovuq» ertagini tarbiyachi bilan birgalikda qayta hikoya qilish.
Maqsad: Bolalarga ertakni tarbiyachi bilan birgalikda qayta hikoya qilishga o`rgatish. Kitobdagi rasmlarga qarab badiiy asarning mazmunini gapirib berishga o`rgatish.
Vazifalar: Rasmga qarab, so`z birikmalari, 2-3ta so`zdan iborat gap tuza olishga o`rgatish.
Kutilayotgan natijalar:
Bolalarni «Kurk tovuq» ertagini tarbiyachi bilan birgalikda qayta hikoya qilishga o`rganadilar. Kitobdagi rasmlarga qarab badiiy asarning mazmunini gapirib bera oladilar.
Kerakli jihozlar:
«Kurk tovuq» stol teatri, o`yinchoqlar: mushuk, mushukcha, kuchuk-kuchukcha, kitob-kitobcha, mashina....
Mashg`ulotning borishi
Tarbiyachi: bolalar, qanday tovuqlarni ko`rgansiz? Tovuqlar qanday rangda bo`ladilar? (oq, qora...) Tarbiyachi bolalarga oq, qora tovuqlarni rasmini ko`rsatadi. Bugun men sizga bir tovuq haqida ertak aytib beraman. Ertagimning nomi «Kurk tovuq». Diqqat bilan eshiting. Tarbiyachi ertakni stol teatri orqali sahnalashtirib bolalar bilan birgalikda ikki marta hikoya qiladi. Keyin tarbiyachi stol teatri personajlarini tarqatadi va ertakni yana bir marta hikoya qilishni taklif etadi. Uni o`zi boshlaydi. Davomini bolalar mustaqil hikoya qiladilar.
Bir bor ekan, bir yo`q ekan.....(Chol bilan kampir bor ekan)
Ularning chipor .....(tovug`i bor ekan)
Kunlardan bir kun tovuq... (tilla tuxum qilibdi)
Chol urib-urib... (sindira olmabdi)
Kampir ham.... (urib-urib sindira olmabdi)
Sichqoncha qochaman deb, dumi bilan ...(urib yuborgan ekan, tuxum yerga tushub sinibdi)
Bundan xafa bo`lib chol yig`labdi....(kampir yig`labdi)
Tovuq esa qaqalabdi: yig`lamang, bobojon....( yig`lamang, buvijon. Men sizga boshqacha, tilla tuxum emas, oddiy tuxum qilib beraman)
Tarbiyachi o`yinchoq tovuqni ko`rsatadi. Ertak qanday tugadi?-degan savolni beradi.
Tarbiyachi «Yig`lamang, bobojon, yig`lamang, buvijon. Men sizga boshqacha, tilla tuxum emas, oddiy tuxum qilib beraman» degan matnni 4-5 ta bolaga takrorlatib, mashg`ulotni yakunlaydi.
Tetiklashtiruvchi mashq. «Tovuq va jo`jalar» o`yini.
O`yinda qatnashayotgan bolalar jo`jalarni, tarbiyachi esa tovuqni ifoda etadi. Kurk tovuq va jo`jalar uyda bo`lishadi.
Bir chekkada mushuk yashaydi. Kurk tovuq arqonchaning tagidan engashib o`tadi va bolalarga don qidirib ketadi. Keyin «qo-qo-qo-qo» deb jo`jalarini chaqiradi. Uning ovozini eshitib, jo`jalar ham arqoncha tagidan o`rmalab o`tishadi va yugurib tovuqning oldiga borishadi. Hammalari birga o`ynaydilar, engashadilar, cho`nqayib o`tiradilar, don-dun qidiradilar. Tarbiyachining: «Mushuk», degan so`zini eshitgach, hamma jo`jalar tez qochib ketadi va uylariga yashirinadi. O`yin 3-4 marta takrorlanadi.
Mashg`ulot yakunida tarbiyachi barcha bolalarni shirin so`zlar bilan rag`batlantiradi.
Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun savollar:
-Ertakning nomi nima ekan?
-Tovuq qanday tuxum qildi?
- Chol urib-urib tuxumni sindira oldimi?
- Kampir urib-urib tuxumni sindira oldimi?
-Tuxum qanday qilib sinib qoldi?
- Chol va kampir nega xafa bo`lishdi?
Tovuq chol va kampirga nima dedi?
Do'stlaringiz bilan baham: |