Abu zakariyo yahyo ibn sharaf navaviy riyozus-solihiyn


Download 5.07 Kb.
Pdf ko'rish
bet26/53
Sana30.08.2017
Hajmi5.07 Kb.
#14625
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   53

www.ziyouz.com kutubxonasi 
155
o‘tirdilar. Shunda bir a’robiy: «Bu qanaqa o‘tirish?» dedi. Rasululloh (s.a.v.) esa: «Alloh 
meni fazilatli banda qilib yaratgan. Mutakabbir va qaysar etib yaratmagan», deb, keyin 
yana: «Laganning atrofidagi ovqatdan yenglar. Tepasidan yemanglar. O’shanda baraka 
bo‘ladi», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari. 
 
108-BOB 
Suyanib yeyishning karohiyati to‘g‘risida 
 
744/1. Abu Juhayfa Vahb ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) 
«Men suyanib yemayman», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 
Xattobiy aytadilar: Hadisning arabcha lafzidagi «al-muttakiy»dan maqsad — ostidagi 
to‘shakka yaxshi joylashib o‘tirishdir. Bu yerda Rasululloh (s.a.v.) «Taomni ko‘p yeyish 
maqsadida yostiq va boshqa narsalarga suyanib yeyuvchilar kabi emas, balki omonat 
o‘tirib kifoya qilgudek miqdorida yeyman», dedilar. Bu Xattobiyning so‘zlari edi. Lekin 
boshqalar «al-muttakiy» bir tomonga yonboshlashdir, deyishdi. 
745/2. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Rasululloh (s.a.v.) ikki dumbalarini 
yerga qo‘yib va ikki boldirlarini tik qilgan holda xurmo yeb turganlarini ko‘rdim», dedilar. 
Imom Muslim rivoyatlari. 
 
109-BOB 
Taomni uchta barmoq bilan yeyishning va ovqatdan keyin 
barmoqlarni yalashning mahbubligi hamda barmoqni yalashdan 
oldin sochiqqa artishning karohiyati va laganni yalashninghamda 
to‘kilib qolgan luqmalarni yeyishning mahbubligi hamda 
barmoqlarni yalagandan keyin bilak, oyoq va boshqa a’zolarga 
surtishning joizligi haqida 
 
746/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Sizlardan biringiz 
ovqatlanadigan bo‘lsa, barmoqlarini yalamasdan yoki yalatmasdan oldin artmasin», 
dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
Foyda:  Barmoqlarni yuvishdan oldin yalamoqlik, shu singari qoshiqlarni ham 
yuvishdan oldin yalamoqlik, tabarrukona boshqalarning barmoqlarini yalashning joizligi 
oydinlashmoqda. 
747/2. Ka’b ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) uch barmoq ila 
ovqat yeganlarini ko‘rdim. Agar u zot ovqatlanib bo‘lsalar, barmoqlarini yalardilar. Imom 
Muslim rivoyatlari. 
Foyda:  Barmoqlar ovqat tugagandan keyin yalanadi. Ovqat tanovul qilinayotgan 
asnoda emas. Chunki tupuk qoldiqlari ovqatga aralashib ketishi mumkin. Va yana 
ovqatni uchta barmoqda yeyish mahbubdir. Ular Imom Tabaroniy rivoyatlarida 
kelganidek bosh, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlardir. Rasululloh (s.a.v.) aksar paytlarda 
mana shundoq qilganlar. Chunki uch barmoqdan ozida ovqat tanovul qilish 
mutakabbirlik alomati. Uch barmoqdan ko‘pida ovqat tanovul qilish esa, ochofatlik 
belgisidir. 
748/3. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ovqatdan keyin barmoqlarni 
va laganni yalashga buyurdilar. Va: «Sizlar taomingizning barakasi qaerida ekanini 
bilmaysizlar», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
749/4. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Sizlardan birortangizning 
luqmasi tushib ketsa, uni olsin-da, changini artib, shaytonga qoldirmasdan o‘zi yesin. 
Barmog‘ini yalamasdan oldin sochiqqa artmasin. Chunki axir u ovqatining barakasi 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
156
qaerda ekanini bilmaydi-da», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
750/5. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Albatta, shayton sizlarning 
har bir ishingizda hoziru nozirdir. Hattoki taomingiz ustida ham hozir bo‘ladi. Agar 
sizlardan biringizning luqmasi tushib ketsa, uni tozalab tashlasin-da, shaytonga nasiba 
qoldirmasdan o‘zi yesin. Ovqatlanib bo‘lganidan keyin barmoqlarini yalasin. Chunki 
taomining barakasi qaerida ekanini bilmaydi-ku», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
751/6. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) qachon ovqat yesalar, uch 
barmoqlarini yalardilar. Va: «Agar sizlardan birortangizning luqmasi tushib ketsa, uni 
tozalasin-da, shaytonga nasiba qoldirmasdan, o‘zi yesin», dedilar. Hamda bizni laganni 
yalashga buyurib: «Chunki sizlar taomingizning barakasi qaerida ekanini bilmaysizlar-
ku», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
752/7. Said ibn Horisdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot Jobirdan (r.a.): «Olovda 
pishirilgan taom yeganda tahorat qilinadimi?» deb so‘raganlarida, bu zot: «Yo‘q, biz 
Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida bunaqa ovqatni kamdan-kam topar edik. Agar topsak 
ham, qo‘l artgani sochiqlarimiz bo‘lmas edi. Kaftlarimiz, bilaklarimiz va oyoqlarimizga 
artib ketaverar edik-da, keyin tahorat qilmay namoz o‘qirdik» dedilar. Imom Buxoriy 
rivoyatlari. 
 
110-BOB 
Taom ustida ko‘p qo‘l bo‘lishining fazilati haqida 
 
753/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Ikki kishilik ovqat 
uch kishiga va uch kishilik ovqat to‘rt kishiga kifoya qiladi», dedilar. Imom Buxoriy va 
Muslim rivoyatlari. 
754/2. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Bir kishining ovqati ikki 
kishiga, ikki kishining ovqati to‘rt kishiga va to‘rt kishining ovqati sakkiz kishiga kifoya 
qiladi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
 
111-BOB 
Ichimlik ichishning odobi, bir narsa ichganda idishning 
tashqarisida uch marta nafas olish va suv idishni o‘ngdan 
aylantirishning mahbubligi hamda suv ichayotganda idish ichida 
nafas olishning karohiyati haqida 
 
755/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ichimlik ichsalar, suv idishni 
og‘izlaridan tashqariga olib, uch marta nafas olardilar. Imom Buxoriy va Muslim 
rivoyatlari. 
Foyda: Biror ichimlikni uch ho‘plamdan qilib ichishning va har ho‘plamdan keyin nafas 
olishning hamda nafas olayotganda idishdan uzoqda turishning mahbubligi ayon bo‘ladi. 
Albatta bunday qilishning sihat-salomatlik uchun foydalari ko‘p. 
756/2. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Tuyaga o‘xshab bir 
ho‘plamda ichmanglar. Ikki va uch ho‘plam qilib ichinglar. Ichayotganda: «Bismillah», 
denglar. Ichib bo‘lib: «Alhamdulillah», deb aytinglar», dedilar. Imom Termiziy 
rivoyatlari. 
757/3. Abu Qatodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) suv ichayotganda 
idishning ichida nafas olishdan qaytardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
758/4. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohga (s.a.v.) suv qo‘shilgan sut olib 
kelindi. U zotning o‘ng tomonlarida a’robiy, chap tomonlarida esa Abu Bakr (r.a.) edilar. 
Rasululloh (s.a.v.) undan ichib a’robiyga berdilar. Va: «O’ngdan beringlar», deb aytdilar. 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
157
Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
759/7. Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohga (s.a.v.) bir ichimlik olib 
kelindi. Undan ichdilar. O’ng tomonlarida bir yosh bola, chap tomonlarida esa yoshi katta 
sahobalar bor edi. Rasululloh (s.a.v.) haligi yosh bolaga: «Bu idishni mana bu yoshi 
kattalarga avval berishimga ijozat bersanmi?» deganlarida, yosh bola: «Yo‘q, Allohga 
qasamki, sizdan oladigan nasibamga hech bir 
kishini o‘zimdan ortiq ko‘ra olmayman», dedi. Bas, Rasululloh (s.a.v.) idishni bolaning 
qo‘liga berdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. O’sha yosh bola Ibn Abbos edilar. 
 
112-BOB 
Mesh va shunga o‘xshash idishlarning og‘zidan ichishning karohiyati 
va bu tanzihiy (pok) karohiyat bo‘lib, harom karohiyat 
emasligi to‘g‘risida 
 
760/1. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) meshlarning 
og‘zini bukib, suv ichishdan qaytardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
761/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) mesh yoki boshqa 
idishlarning og‘zidan suv ichishni ta’qiqladilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
762/3. Hasson ibn Sobitning (r.a.) singillari Kabshata binti Sobitdan (r.a.) rivoyat 
qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) mening huzurimga kirib, osig‘liq turgan meshdan tik turib 
suv ichdilar. Keyin men borib meshning og‘zini (muborak bo‘lgani) uchun kesib olib 
qo‘ydim. Imom Termiziy rivoyatlari. 
Bu sahobiya xotin meshning og‘zini kesib olishlariga sabab, Rasululllohning (s.a.v.) 
muborak og‘izlari tekkan narsani e’zozlash, boshqalarning qo‘liga tushib, behurmat 
bo‘lishidan saqlash uchun, shundoq qildilar. Bu hadisdan meshning og‘zidan suv ichilsa 
ham durustligi va yuqoridagi ikki hadisdan ichmaslik afzal va komilligi anglashiladi. 
 
113-BOB 
Ichiladigan narsaga puflashning makruhligi haqida 
 
763/1. Abu Said al-Hudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ichiladigan 
narsaga puflashdan man qildilar. Shunda bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, idishda iflos 
narsa ko‘rsam, nima qilay», deganida, u zot: «Uni to‘kib tashla», dedilar. Haligi kishi: 
«Men bir nafas bilan suvga qonmayman», deganida, u zot: «Undog‘ bo‘lsa, har nafas 
olganingda idishni og‘zingdan uzoq qil», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 
764/2. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) suv idishga og‘izni tutib 
nafas olishdan yoki puflashdan man qildilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 
 
114-BOB 
Tik turib biror ichimlik ichishning joizligi, ammo o‘tirib ichish 
afzal ekanligining bayoni 
 
Bu bobimizga Kabshata binti Sobitdan rivoyat qilingan 762-hadis ham dalil bo‘ladi. 
765/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohni (s.a.v.) zamzam suvi bilan 
siylaganimda, u zot tik turib ichdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
766/2. Nazzol ibn Sabradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Ali (r.a.) Ko‘fadagi «rahaba» 
darvozasi oldiga kelib, tik turib (suv) ichdilar-da: «Men Rasulullohning sh,  xuddi sizlar 
meni ko‘rib turganingizdek, tik turib ichganlarini ko‘rganman», dedilar. Imom Buxoriy 
rivoyatlari. 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
158
767/3. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Biz Rasululloh (s.a.v.) 
zamonlarida yurgan yo‘limizda ovqatlanib, tik turib (suv) ichar edik», dedilar. Imom 
Termiziy rivoyatlari. 
768/4. Amr ibn Shu’ayb otalaridan, otalari esa bobolaridan qilgan rivoyatlarida: 
«Rasulullohning (s.a.v.) tik turib ham, o‘tirib ham suv ichganlarini ko‘rdim», deyilgan. 
Imom Termiziy rivoyatlari. 
769/5. Ansadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) kishini tik turib (suv) 
ichishdan qaytardilar. Qatoda (r.a.) aytadilar: Biz Anasga (r.a.): «Tik turib ovqatlanish-
chi?» desak, Anas (r.a.): «Tik turib ovqatlanish tik turib suv ichishdan ham yomonroq va 
xunukroq», dedil ar. Imom Muslim rivoyatlari. 
Imom Muslimning boshqa rivoyatlarida: «Rasululloh (s.a.v.) tik turib suv ichganlarni 
koyir edilar», bo‘lib kelgan. 
770/6. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Sizlardan 
birortangiz tik turib suv ichmasin. Kimki unutib, tik turgan holda ichib qo‘ysa, qayt qilib 
yuborsin», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
Foyda:  Avvalgi uchta hadisdan tik turib ichimlik ichish va ovqatlanish joizligi 
chiqmoqda. Ammo keyingi hadislardan tik turib biror ichimlik ichishning makruhligi, tik 
turib ovqatlanishning esa undanda qattiq karohiyatli ekani chiqmoqda. Endi kimki tik 
turib biror narsa ichib qo‘ysa sunnatga xilof qilgani uchun nafsini jazolash sifatida ichgan 
narsasini qayt qilib yuborishi mahbub amaldir. Albatta sunnatga xilof qilishni qasd 
etgandagina shunday qiladi. Ammo muxoliflikni qasd qilmasa unday emas. 
 
115-BOB 
Odamlarni suv bilan siylagan kishi o‘zi oxirida ichishining 
mahbubligi to‘g‘risida 
 
771/1. Abu Qatodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Odamlarni suv bilan 
siylagan kishi o‘zi oxirgi bo‘lib ichadi», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 
 
116-BOB 
Tilla va kumushdan tashqari barcha pok idishlarda va qo‘lda, 
idishsiz og‘iz bilan anhordan suv ichishning joizligi hamda suv 
ichishda, ovqatlanishda, tahorat olishda va boshqa ishlarda tilla 
va kumush idishlar ishlatishning haromligi haqida 
 
772/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni namoz vaqti kirganida uyi yaqinlar 
(tahorat olish uchun) o‘z xonadonlariga kirib ketishdi. Boshqalar esa o‘sha joyda 
qolishdi. Rasulullohga (s.a.v.) toshdan yasalgan bir idish olib kelindi. U idish shu qadar 
kichik ediki, u zotning kaftlari yozilsa, sig‘mas edi. O’sha yerdagi hamma odam shu 
idishdagi suvda tahorat qildi. Anasdan (r.a.): «O’shanda qancha kishi edingizlar?» deb 
so‘rashdi. Anas (r.a.): «Sakson va undan ko‘proq kishi edik», dedilar. Imom Buxoriy va 
Muslim rivoyatlari. 
Bu imom Buxoriy rivoyatlaridagi lafz. Imom Muslimning rivoyatlarida: «Rasululloh 
(s.a.v.) idishda suv olib kelinishini buyurdilar. Bas, sayoz bir idishda suv keltirildi. Va 
barmoqlarini unga tiqib turdilar. Anas (r.a.) aytadilar: «Suvga qarasam, u zotning 
barmoqlari orasidan suv toshib chiqayotgan edi. U yerda tahorat qilayotganlarning soni 
yetmish bilan sakson o‘rtasida, deb taxmin qildim». 
773/2. Abdulloh ibn Zayddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) 
huzurimizga keldilar. Biz u zotga misdan bo‘lgan idishda suv keltirdik. U zot o‘sha suvda 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
159
tahorat qildilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 
774/3. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bir kuni sahobalar bilan 
birga ansoriylardan birining uyiga kirib: «Huzuringda kechasi meshga olib qo‘ygan 
suving bo‘lsa, keltir. Bo‘lmasa, og‘zimiz bilan ichamiz», dedilar. Imom Buxoriy 
rivoyatlari. 
775/4. Huzayfadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ipak va kimxob kiyishdan 
hamda tilla, kumush idishlarda suv ichishdan ma’n qildilar. Va: «Bu narsalar bu dunyoda 
kofirlar uchun, oxiratda esa sizlar uchundir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim 
rivoyatlari. 
776/5. Ummu Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Kumush 
idishlarda suv ichadiganlar qornini do‘zax oloviga to‘ldiribdi», dedilar. Imom Buxoriy va 
Muslim rivoyatlari. 
Imom Muslimning rivoyatlarida: «Tilla va kumush idishlarda suv ichuvchi va 
ovqatlanuvchilar» bo‘lib kelgan. Muslimning boshqa rivoyatlarida: «Kim tilla yoki 
kumush idishda (suv) ichsa, qornini do‘zax oloviga to‘ldiribdi», deyilgan. 
 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
160
LIBOS KITOBI 
 
117-BOB 
Oq kiyim kiyishning mahbubligi va qizil, ko‘k, sariq va qora 
rangli hamda paxta, kanop va jundan to‘qilgan kiyimlarni 
kiyish joizligi haqida 
 
Alloh taolo: 
«Ey Odam bolalari, Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan libosni ham, 
yasan-tusan  (libosini)  ham tushirdik. (Hammasidan)  yaxshiroq taqvo libosidir» 
(A’rof surasi, 26-oyat). 
«Sizlar uchun issiq (sovuq)dan  asraydigan kiyimlar va sizlarni (dushmanning) 
ziyon yetkazishidan saqlaydigan sovutlar (yaratdi)» (Nahl surasi, 81-oyat), deb 
aytgan. 
777/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Oq liboslarni kiyinglar. 
Chunki u liboslarning yaxshisidir. Va u bilan o‘liklaringizni kafanlanglar», deb aytdilar. 
Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 
778/2. Samuradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Oq libos kiyinglar. 
Chunki u pok va yoqimlidir. Va u bilan o‘liklaringizni kafanlanglar», deb aytdilar. Imom 
Nasaiy va Hokim rivoyatlari. 
779/3. Barrodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) o‘rta qomatli zot edilar. Men 
bir kuni u zotni qizil bir kiyimda ko‘rdimki, (bundan oldin) sira undan chiroyli narsada 
ko‘ramaganman. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
780/4. Abu Juhayfa Vahb ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohni (s.a.v.) 
Makkaning qumlik yerlarida qizil teridan bo‘lgan chaylada ko‘rdim. Bilol (r.a.) o‘sha 
chayladan Rasulullohning (s.a.v.) tahorat suvlarini olib chiqdilar. Kimdir undan badaniga 
sochdi. Kimdir badaniga surtib, baraka hosil qildi. Shu payt Rasululloh (s.a.v.) ustlarida 
qizil kiyim bilan chiqdilar. Go‘yoki boldirlarining oppoqligiga qarab turgandekman. U zot 
tahorat oldilar. Bilol (r.a.) esa azon aytdilar. Men Bilolning (r.a.) og‘izlariga ahamiyat ila 
qarab turdim. U zot o‘ng tarafga burilib: «Hayya ‘alas-solah» va chap tarafga burilib: 
«Hayya ‘alal falah», deb aytdilar. Keyin Rasulullohning (s.a.v.) old taraflariga sutra 
qo‘yildi. Rasululloh (s.a.v.)  oldinga o‘tib, namoz o‘qidilar. Oldilaridan it va eshak o‘tar 
edi. Hech kim ularni to‘smas edi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
781/5. Abu Rimsa Rifoa’ at-Tamimiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Rasululloh 
(s.a.v.) ustlarida ikki ko‘k ko‘ylak ko‘rdim», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 
782/6. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Makka fath bo‘lgan kuni 
boshlariga qora salla kiygan holda kirdilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
Foyda:  Qora kiyim kiyishning joizligi aniq bo‘lyapti. Ulamolar: «Dushman ustidan 
g‘alaba qozonilganda qora salla kiyish mahbubdir», deb aytishgan. 
783/7. Abu Said Amr ibn Huraysdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Go‘yoki Rasululloh 
(s.a.v.)ni ko‘rib turgandekman. U zotning boshlarida qora sallalari bo‘lib, pechini ikki 
kiftlari orasiga tashlab qo‘ygandilar». Imom Muslim rivoyatlari. 
Imom Muslimning boshqa rivoyatlarida: «Rasululloh (s.a.v.) odamlarga xutba 
o‘qidilar. U zotning boshlarida esa qora sallalari bor edi», deb kelgan. 
784/8. Oishadan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasulullohni (s.a.v.) Yamanning Sahuliyya 
qishlog‘ida paxtadan to‘qilgan uchta oq kiyim bilan kafanlashdi. Bular ichida ko‘ylak 
ham, salla ham yo‘q edi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
785/9. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) tongda tuya egari 
surati tushirilgan qora jundan to‘qilgan chopon kiyib chiqdilar. Imom Muslim rivoyatlari. 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
161
786/10. Mug‘iyra ibn Shu’badan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kecha yo‘lda Rasululloh 
(s.a.v.) bilan birga ketayotgan edim. U zot menga: «Suving bormi?» dedilar. Men: 
«Ha», degan edim, u zot ulovlaridan tushdilar-da, qorong‘i yerga g‘oyib bo‘ldilar. Keyin 
qaytib keldilar. Men idishdan suv quyib berdim. Yuzlarini yuvdilar. Ustlarida jundan 
bo‘lgan chopon bor edi. (Uning yenglari tor bo‘lganidan) bilaklarini chiqara olmadilar. 
Oxiri uni past tarafdan chiqarib, ikki bilaklarini yuvib, boshlariga mash tortdilar. Keyin 
men mahsilarini yechish uchun qo‘limni uzatgan edim, u zot: «Qo‘yaver, chunki men uni 
tahorat ila kiyganman», deb 
uning ikkoviga mash tortdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
Boshqa rivoyatda: «U zotda yengi tor shomiy chopon bor edi» bo‘lib kelgan. 
Yana boshqa rivoyatda: «Bu voqe’a Tabuk g‘azotida bo‘lgan», deyiladi. 
 
118-BOB  
Ko‘ylak kiyishning mahbubligi to‘g‘risida 
 
787/1. Ummu Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu onamiz: «Rasulullohga (s.a.v.) 
liboslarning eng yaxshisi ko‘ylak edi», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 
 
119-BOB 
Ko‘ylak, uning yengi, ishton va sallaning qay darajada uzun 
bo‘lishi va takabburlik yuzasidan osiltirishning haromligi 
hamda takabburlik bo‘lmaganda buning makruhligi haqida 
 
788/1. Asmo binti Yazid al-Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu onamiz: «Rasululloh 
(s.a.v.) ko‘ylaklarining yengi bilaklarigacha edi», deb aytdilar. Abu Dovud va Termiziy 
rivoyatlari. 
789/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim takabburlik bilan 
libosini sudrab yursa, Qiyomat kuni Alloh taolo nazar solmaydi», deganlarida, Abu Bakr 
(r.a.): «Ey Allohning Rasuli, ba’zida ishtonimni bog‘lab yurmasam, osilib qoladi, bu ham 
kibrdanmi?» dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.)  «Sen buni takabburlik bilan 
qiluvchilardan emassan», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Muslim bularni 
ba’zisini rivoyat qilganlar. 
Foyda: Chunki amallar niyatga qarab bo‘ladi. Hukmlar ham niyat o‘zgarishiga qarab 
o‘zgaradi. Ammo kim mutakabbirlik niyatida kiyimini uzaytirib yursa, qattiq va’idlar 
borligi uqtirilyapti. 
790/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh taolo Qiyomat 
kuni ishtonini takabburlik bilan sudrab yuruvchilarga (rahmat nazari ila) qaramaydi», 
dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
791/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Ishtonining ikki 
to‘pig‘i pastidan tushgan miqdori do‘zax o‘tidadir», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 
792/5. Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Uch toifa kishi borki, 
Alloh Qiyomat kunida ularga gapirmaydi va ularni oqlamaydi hamda ular uchun alamli 
azob bordir», deb uch bora shu so‘zni aytdilar. Shunda Abu Zarr (r.a.): «Hasrat-
nadomatda qolgurlar -ular kimlar o‘zi?» deganlarida, Rasululloh (s.a.v.): «Kiyimlarini 
mutakabbirlik uchun uzun qilib kiyuvchilar, minnat qiluvchilar va molini yolg‘on qasamlar 
bilan o‘tkazuvchi kishilar», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
Muslimning boshqa rivoyatlarida «Ishtonini uzun qilib kiyuvchilar» bo‘lib kelgan. 
793/6. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Ishtonini, ko‘ylagini 
va sallasini takabburlik bilan sudrab yuruvchilarga Alloh taolo Qiyomat kuni (rahmat 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
162
nazari ila) qaramaydi», dedilar. Abu Dovud va Nasaiy rivoyatlari. 
794/7. Abu Jurayh Jobir ibn Sulaymdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni men bir odamni 
ko‘rdim. Odamlar u kishining ra’yi bilan ish qilishar edi. «Bu kim?» deb so‘rasam, 
sahobalar: «Allohning Rasuli», deyishdi. Men u zot huzurlariga borib: «Alaykassalom ey 
Allohning Rasuli», deb ikki marta aytsam, u zot: «Alaykassalom», deb aytma. Chunki 
«alaykassalom» o‘liklarning salomidir. Balki «Assalomu alayka», deb aytgin», dedilar. 
Men: «Siz Allohning Rasulimisiz?» desam, u zot: «Men U Allohning Rasulidirmanki, agar 
senga biror zarar yetib, Unga duo qilsang, o‘sha narsani sendan aritadi. Agar ocharchilik 
yili yetsa Unga duo qilsang, mo‘l-ko‘lchilik bo‘ladi. Agar cho‘lu sahroda uloving yo‘qolib 
qolib, Unga duo qilsang, ulovingni qaytarib beradi», dedilar. Men: «Vasiyat qiling», 
desam, u zot: «Biror kishini so‘kma», dedilar. O’sha kundan keyin biror hurni ham, qulni 
ham, tuyani ham, qo‘yni ham so‘kmadim. Va yana u zot: «Yaxshiliklardan birortasini 
past sanamagin. Hattoki birodaringga chehrangni ochib gapirishdagi yaxshilikni ham 
past sanamagin. Albatta, bu ham yaxshilikdir. Ishtoningni yuqori ko‘tarib yur. Uni 
boldiringning yarmigacha, bunga ko‘nmasang, ikki to‘pig‘inggacha osiltirgin, xolos. 
Ishtonni osiltirib yurishdan saqlangin. Chunki bu ham mutakabbirlikdir. Albatta, Alloh 
taolo mutakabbirni yaxshi ko‘rmas. Agar seni biror kishi so‘ksa yoki sendagi 
ayblarni bilib ayblasa, sen undagi bor narsalar bilan ayblama. O’shanda bu narsalarning 
gunohi o‘sha kishiga bo‘ladi», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 
795/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi ishtonini osiltirib namoz o‘qidi. 
Rasululloh (s.a.v.) u kishiga: «Borgin, tahorat qilib kelgin», dedilar. U borib tahorat qilib 
keldi. Rasululloh (s.a.v.) «Borib tahorat qilib kelgin», dedilar. Shunda boshqa bir kishi: 
«Ey Allohning Rasuli, nima uchun tahorat qilishni buyurdingizu, keyin jim bo‘lib 
qoldingiz?» deganida, Rasululloh (s.a.v.) «Bu kishi ishtonini osiltirib namoz o‘qidi. Alloh 
taolo ishtonini osiltirgan kishining namozini qabul etmaydi», dedilar. Abu Dovud sahih 
isnod ila rivoyat qildilar. Bu hadis imom Muslimning shartlariga binoan sahihdir. 
Download 5.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   53




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling