Attraksionlarni identifikatsiya qilish va muomalaga chiqarish qoidalari


havo bilan to‘ldirilgan attraksion


Download 275.93 Kb.
bet6/11
Sana23.12.2022
Hajmi275.93 Kb.
#1045857
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
677 28.11.2022

havo bilan to‘ldirilgan attraksion — konstruksiyasi o‘zaro bog‘langan va havo bosimi bilan ushlab turiladigan bir yoki bir necha qobiqlardan iborat bo‘lgan attraksion;
harakatlanishda xavf zonalari — ularga konstruksiyalar va begona buyumlar tegib ketishi natijasida yo‘lovchilarga og‘irligi turli darajadagi zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan harakatlantirilayotgan yo‘lovchilar tanasi atrofidagi zonalar.
4. Attraksion turlari va tiplari ushbu Texnik reglamentga 1-ilovada belgilangan.
5. Attraksionlarning yo‘lovchilariga biomexanik ta’sir turlari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavf darajalari va yo‘lovchi o‘rindiqlarining og‘ish turlari Texnik reglamentga 2-ilovada belgilanadi.
6. Texnik reglament bolalar o‘yin maydonchalari uchun asbob-uskunalarga va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ahamiyatsiz darajali biomexanik xavfga (IV) ega bo‘lgan hamda kuchlanishi 36 voltdan past bo‘lgan elektr uzatmali mexanizatsiyalashgan attraksionlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
2-bob. Attraksionlarni identifikatsiyalash qoidalari
7. Attraksionlar ularning Texnik reglamentning qo‘llash sohasiga taalluqliligini belgilash uchun identifikatsiyalanadi.
8. Attraksionlarning turlari, tiplari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavf darajalari, shuningdek, yo‘lovchilarga biomexanik ta’sirlar turlari va qiymatlari attraksionlarni identifikatsiyalash belgilari hisoblanadi.
9. Attraksionlarni identifikatsiyalash quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi:
a) ishlab chiqaruvchi, sotuvchi (yetkazib beruvchi);
b) akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organi.
10. Atraksionlarni identifikatsiyalash quyidagi usullardan birini yoki bir nechtasini qo‘llagan holda amalga oshiriladi:
a) hujjatlar bo‘yicha identifikatsiyalash (ekspluatatsiya hujjatlarida ko‘rsatilgan attraksionning turi va tipi, texnik tavsiflarini Texnik reglamentga 1 va 2-ilovalarda nazarda tutilgan ma’lumotlar bilan taqqoslash);
b) vizual usul (attraksionning tashqi ko‘rinishini ekspluatatsiya hujjatlarida keltirilgan tavsif bilan taqqoslash);
v) instrumental usul (attraksionning o‘lchamlarini o‘lchash yoki uni sinovdan o‘tkazish natijasida olingan ma’lumotlarni ekspluatatsiya hujjatlarida ko‘rsatilgan texnik tavsiflar bilan taqqoslash). Agar ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida ko‘rsatilgan usullarni qo‘llash orqali attraksionlarni identifikatsiyalash imkoni bo‘lmasa, instrumental usuldan foydalaniladi.
3-bob. Attraksionlarni muomalaga chiqarish qoidalari
11. Attraksionlar Texnik reglament talablariga mos bo‘lganda va Texnik reglamentning 6-bobiga ko‘ra muvofiqlikni baholash tartibotidan o‘tkazilgan taqdirda, muomalaga chiqariladi.
12. Texnik reglament talablariga mos bo‘lgan attraksionlar muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alanadi.
13. Muomalaga chiqarilayotgan attraksionlar belgilangan xizmat muddati (tayinlangan resurs) davomida maqsadiga ko‘ra ishlatilishi sharti bilan xavfsizlik talablariga javob berishi kerak.
14. Texnik reglament talablariga muvofiqligi tasdiqlanmagan attraksionlar muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alanmaydi va ularni muomalaga chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4-bob. Attraksionlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Attraksionlarni loyihalashtirishda xavfsizlik talablari
15. Attraksionlarni loyihalashtirishda hayot siklining barcha bosqichlarida, shu jumladan normal foydalanishda, favqulodda vaziyatlarda (nosozliklar va tashqi ta’sirlar natijasida), xodimlarning taxmin qilingan xatolari va yo‘l qo‘yilmaydigan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha xatarlar identifikatsiyalanishi kerak.
16. Yo‘lovchilar attraksionda harakatlantirilayotganda ko‘tarish (tushirish) balandligi, tezlik, o‘rindiqning og‘ish yoki aylanish burchagiga qarab turli darajadagi biomexanik xavflar mavjud bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan yo‘lovchilarga nisbatan biomexanik xavflarning turlari va qiymatlarini hisobga olgan holda, ularni kamaytirish yoki istisno qilish bo‘yicha choralar ko‘rilishi kerak. Attraksionlarni loyihalashtirishda nosozliklardan kelib chiqadigan xatarlar va ularning ehtimoliy oqibatlarini tahlil qilish uchun yo‘lovchilar biomexanik ta’sirga qay tarzda va qay darajada tez-tez duchor bo‘lishlarini hisobga olish muhimdir.
17. Attraksiondan foydalanishda yo‘lovchiga (yo‘lovchilarga) ko‘rsatiladigan biomexanik ta’sirlar har doim ham sog‘lig‘i zaiflashgan yoki o‘zini yomon his qilayotgan odamlar uchun maqbul emas, shuning uchun attraksionning ekstremalligi va undan foydalanishni har qanday cheklash haqidagi ma’lumotlar attraksiondan foydalanish bo‘yicha qo‘llanmada va tashrif buyuruvchilar uchun ma’lumotlarda keltirilishi kerak.
18. Attraksionlar shunday loyihalashtirilishi kerakki, ularni ishlab chiqarish va ulardan foydalanishda ishlatiladigan xomashyo, materiallar va moddalar inson hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga, mol-mulkka va atrof muhitga xavf solmasligi kerak. Suyuqlik va gazlardan foydalanilganda bu bilan bog‘liq bo‘lgan xavflar istisno qilinishi kerak.
19. Attraksionni boshqarish tizimlari ulardan barcha ish rejimlarida va foydalanish shartlarida nazarda tutilgan har qanday tashqi ta’sirlarda foydalanish xavfsizligini ta’minlashi kerak.
20. Attraksionni boshqarish tizimlari mantiqiy xatolarga yo‘l qo‘yilganda va operator tomonidan boshqarish harakatlari noto‘g‘ri bajarilganda, xavfli vaziyatlarning vujudga kelishini istisno qilishi kerak.
21. Attraksionni boshqarish tizimlari ogohlantirish signalizatsiyasi vositalari va xavfli vaziyatlar vujudga kelishiga olib keladigan attraksion ishlashidagi nosozliklar haqida ogohlantirish uchun boshqa vositalarni o‘z ichiga olishi kerak.
22. Attraksionning ishlashidagi nosozliklar haqida ogohlantirish vositalari operator tomonidan ma’lumotlarning xatosiz, ishonchli va tez qabul qilinishini ta’minlashi kerak.
23. Attraksionni ishga tushirish, shuningdek, to‘xtatilgandan keyin (to‘xtatish sababidan qat’i nazar) qayta ishga tushirish faqat ishga tushirishni boshqarish organi orqali amalga oshirilishi kerak. Attraksion harakatlanishidan oldin, agar bu xavfsizlik nuqtai nazaridan kerak bo‘lsa, operator tomonidan yoqiladigan ogohlantiruvchi ovozli signal bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
24. Avariya holatida to‘xtatishni boshqarish organi:
oson identifikatsiyalanadigan va tushunarli bo‘lishi kerak;
attraksionni tezda to‘xtatishi va bunda xavf tug‘dirmasligi kerak;
harakatga keltirilgandan keyin majburan boshlang‘ich holatga qaytarilguncha, to‘xtashga mos bo‘lgan holatda bo‘lishi kerak;
attraksion boshlang‘ich holatga qaytarilgandan so‘ng attraksionning ishga tushib ketishiga olib kelmasligi kerak;
qizil rangli bo‘lishi, shakli va o‘lchamlari bilan boshqa boshqaruv organlaridan farq qilishi kerak.
25. Tanlangan boshqaruv rejimi boshqa boshqaruv rejimlariga nisbatan ustunlikka ega bo‘lishi kerak, avariya holatida to‘xtatish bundan mustasno.
26. Elektr ta’minotini to‘liq yoki qisman to‘xtatish va keyinchalik uni qayta tiklash, shuningdek, elektr ta’minotini boshqarish tizimining shikastlanishi xavfli vaziyatlarga olib kelmasligi kerak, shu jumladan:
elektr ta’minoti tiklanganda attraksionning o‘z-o‘zidan ishga tushishi;
to‘xtash uchun berilgan ko‘rsatmaning bajarilmasligi;
himoya moslamalari samaradorligining pasayishi.
27. Attraksionlar, yo‘lovchilar modullari va to‘siqlarning ochiq qismlarida shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘tkir qirralar va notekis yuzalar bo‘lmasligi kerak.
28. Attraksionlarning harakatlanuvchi qismlari ular shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan zonalarga odamlar kirishining oldini oluvchi to‘siqlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
29. Attraksionning barcha to‘siqlari shunday mahkamlangan bo‘lishi kerakki, ular faqat asboblar yordamida ochiladigan bo‘lishi shart. To‘siqlarning eshiklari qulflanuvchi moslama bilan jihozlanishi kerak.
30. Yuqori va past haroratdagi attraksion detallari va uning jihozlarini ushlash yoki ularga yaqinlashish natijasida yuzaga keladigan xavfni bartaraf etish choralari ko‘rilishi kerak.
31. Attraksionlar yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq attraksion asbob-uskunalarining ishlashi natijasida yuzaga keladigan yong‘in yoki qizib ketish xavfi bo‘lmaydigan tarzda loyihalashtirilishi kerak.
32. Attraksionlarni loyihalashtirishda ulardan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlovchi shovqin (tovush), infratovush, ultratovush, umumiy va (yoki) mahalliy tebranish, elektr, magnit, elektromagnit va elektrostatik maydonlarning, shuningdek, infraqizil (termal), ultrabinafsha va ko‘rinadigan diapazonlar, shu jumladan, lazerli nurlanishning gigiyenik parametrlariga (ko‘rsatkichlariga) rioya qilinishini nazarda tutish zarur.
33. Attraksionlarda lazer asbob-uskunalari qo‘llanilganda, bu asbob-uskunalar tasodifiy nurlanishning oldi olinadigan hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri, aks etuvchi, tarqoq va ikkilamchi nurlanishdan himoya ta’minlanadigan tarzda loyihalashtirilishi va ishlab chiqarilishi kerak.
34. Attraksionlarni loyihalashtirishda xodimlar va yo‘lovchilarni ionlamaydigan nurlanish, statik elektr, doimiy magnit maydonlari, sanoat chastotali elektromagnit maydonlari, radiochastota va optik diapazonlardagi elektromagnit nurlanishning salbiy ta’siridan himoya qilish choralari ko‘rilishi zarur.
35. Attraksionlarni loyihalashtirishda quyidagi choralarni qo‘llash orqali xavflar to‘liq bartaraf etilishi yoki kamaytirilishi kerak:
kompleks ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirilishini ta’minlash;
belgilangan tartibda verifikatsiya qilingan uslublar asosida zarur kompleks hisob-kitoblar va sinovlarni amalga oshirish;
attraksionlardan foydalanish parametrlari va shartlariga qarab ularning ayrim turlarida qo‘llaniladigan materiallar va moddalarni aniqlash;
loyihachi (ishlab chiquvchi) tomonidan cheklangan holatlarning asoslangan mezonlarining belgilanishi;
loyihachi (ishlab chiquvchi) tomonidan xizmat muddatining, resurslarning, texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va utilizatsiya qilish muddatlarining belgilanishi;
yo‘l qo‘yilmaydigan foydalanishning oldini oluvchi talablarni belgilash;
tashrif buyuruvchilarga attraksionning ekstremalligi va biomexanik ta’sirlari to‘g‘risida qulay va tushunarli ma’lumot berishning zarurligini hisobga olish;
odamlarning ayrim toifalari uchun attraksiondan foydalanishni cheklash;
yo‘lovchilar va konstruksiyalarga bo‘lgan me’yoriy yuklamalarni va ta’sirlarni lozim darajada tanlash;
attraksionlarning yo‘lovchilarni ushlab turuvchi moslamalarini lozim darajada loyihalashtirish;
konstruksiyalar va boshqaruv tizimlarini lozim darajada loyihalashtirish va ishlab chiqarish, shu jumladan, muhim parametrlar, muhim komponentlarni aniqlash va zaxiralash;
attraksionlarni avariya holatida to‘xtatish moslamalari (zarur bo‘lganda) va evakuatsiya vositalari bilan ta’minlash;
attraksion uzellari va detallarining ko‘zdan kechirish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish uchun osonligini ta’minlash;
attraksionni boshqarish xavfsizligini ta’minlovchi operatorlar uchun tegishli ishlash sharoitlarini yaratish va operatorning ish joyidan yetarli darajada ko‘rishni ta’minlash;
ekspluatant uchun attraksionlarni noto‘g‘ri montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish), sozlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ulardan foydalanishda yuzaga keladigan xavflarni bartaraf etish maqsadida ekspluatatsiya hujjatlarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish;
yo‘lovchilar va xodimlarni ehtimoliy evakuatsiya qilish yo‘llari va usullarini tashkil qilish.
36. Attraksionlarni loyihalashtirishda quyidagilar zarur:
a) tashqi energiya manbai orqali ishga tushirish oqibatida zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mexanizatsiyalashgan attraksionlar konstruksiyasining xususiyatlarini hisobga olish;
b) tezlashuv va inersiya kuchlari ta’sirini hisobga olgan holda, yo‘lovchilarning mexanizatsiyalashgan ilgarilab va aylanma harakatlanuvchi attraksionlarda harakatlanish xususiyatini hisobga olish;
v) havo bilan to‘ldirilgan attraksionlarning shamol ta’sirida ag‘darilish, yomg‘ir paytida elektr toki urishi, teshiklar, tirqishlar, yoriqlar va tunnellarga tushganda bolalarning jarohatlanishi xavfidan iborat bo‘lgan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavflarni hisobga olish;
g) yo‘l qo‘yilmaydigan tezlanishning yo‘lovchilarga ta’sirini istisno qilish;
d) yo‘lovchilar harakatlanishi uchun yetarli o‘lchamdagi xavfsizlik konturlari, shuningdek, attraksionlarning ishonchli boshqaruv tizimi va tormoz tizimi yaratilishini ta’minlash;
e) attraksionlar komponentlarining mahkamlanishi va biriktirilishining ishonchliligini ta’minlash;
j) yo‘lovchilar modullarining harakatlanishi va to‘satdan tormozlanishi paytida xavf zonalarini hisobga olish. Bunday zonalarning o‘lchamlari jarohatlarning og‘irligini hisobga olgan holda, yo‘lovchilarning antropometrik ma’lumotlariga, mahkamlab qo‘yish tizimlariga va nisbiy harakatlanish tezligiga bog‘liqdir. Ushbu xavflarni kamaytirish uchun xavflarni tahlil qilish asosida tegishli zonalarning to‘sish zonalarini ko‘paytirish yoki to‘siqlarni kerakli masofaga uzaytirish choralarini ko‘rish zarur.
37. Attraksionlarni loyihalashtirishda nosozliklarning turlari, oqibatlari va muhimligini tahlil qilish va nosozliklar oqibatlariga qarab ularni tasniflash zarur:
yo‘lovchilarning o‘limiga yoki attraksion avariyasiga olib kelishi mumkin bo‘lgan halokatli xavf;
yo‘lovchilarga og‘ir jarohat yetkazishi yoki attraksionga katta zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan muhim xavf;
yo‘lovchilarga yengil jarohat yetkazishi yoki mol-mulkka zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kichik xavf;
yo‘lovchilarga zarar yetkazish yoki mol-mulkka zarar yetkazish uchun jiddiy bo‘lmagan xavf.
38. Xavfning konstruksiyaning o‘zaro bog‘liq qismlariga ta’sirini izchil tekshirish orqali xavflarni bartaraf etish yoki kamaytirish choralarini ko‘rish zarur.
39. Attraksionlarni loyihalashtirishda “yo‘lovchi o‘rindig‘idan tortib attraksion asosigacha” ketma-ketlikda quyidagi muhim komponentlarni tahlil qilish kerak:
mahkamlab qo‘yuvchi moslamalar, o‘rindiqlar, qulflash moslamalari, tirsak qo‘ygichlar, suyanchiqlar, xavfsizlik kamarlari (ta’sir etuvchi tezlanish yo‘nalishlari va qiymatlarini hisobga olgan holda), shu jumladan, yo‘lovchilarning tushib qolishi yoki jarohatlanishining oldini oluvchi foydalanish qoidalari ataylab buzilganda;
yo‘lovchilar modullari (yo‘lovchilarning vazni, barcha dinamik yuklamalar natijasida hosil bo‘ladigan kuchlarning ta’sirini hisobga olgan holda) va ularning harakatni yo‘naltiruvchilarga va (yoki) boshqa yo‘lovchilar modullariga ishonchli mahkamlanishi;
blokirovka qiluvchi, tormozlovchi va himoya moslamalari (ularga ta’sir qiluvchi barcha omillarni hisobga olgan holda);
yo‘naltiruvchi moslamalar va ularni mustahkamlash;
attraksionning asosiy yuk ko‘taruvchi konstruksiyalari;
xavfsizlik konturiga tushishi mumkin bo‘lgan qo‘zg‘aluvchi mexanik qismlar.
40. Attraksionlarni loyihalashtirishda muhim komponentlarni va cheklangan resursli komponentlarni aniqlash, ekspluatatsiya hujjatlariga ilova qilinadigan muhim komponentlar ro‘yxatiga va cheklangan resursli komponentlar ro‘yxatiga kiritish, shuningdek, ushbu ro‘yxatlarni loyiha-konstruktorlik hujjatlari bilan birga ishlab chiqaruvchiga topshirish zarur.
41. Muhim komponentlar zaxiralangan bo‘lishi, rezerv element yuklama xususiyati va shartlarini hisobga olgan holda, asosiy elementdan kam bo‘lmagan ishonchlilikka ega bo‘lishi kerak.
42. Almashtirish usuli bilan zaxiralash mumkin bo‘lmasa, bu muhim komponentning (attraksion uzelining) barcha elementlarida hisob-kitob kuchlanishlarini yetarli darajada kamaytirish orqali ta’minlanadi. Bunda muhim komponentning putur yetkazmaydigan nazorat usuli va davriyligi ko‘rsatiladi. Hisob-kitoblardagi ishonchlilik koeffitsiyentining eng yuqori qiymatlari foydalanish jarayonida to‘g‘ridan to‘g‘ri nazorat qilib bo‘lmaydigan elementlarda bo‘lishi kerak.
43. Attraksionlarda elektr energiyasi ishlatilsa, ular elektr toki urishi xavfini istisno qilgan holda loyihalashtirilishi kerak.
44. Attraksionlarda noelektr energiyasi (gidravlik yoki pnevmatik) ishlatilsa, ular ushbu turdagi energiya bilan bog‘liq har qanday xavfni istisno qilgan holda loyihalashtirilishi kerak. Quvurlar nazarda tutilgan yuklamalarga bardosh berishi, ishonchli tarzda mustahkamlangan bo‘lishi va tashqi mexanik ta’sirlardan himoyalangan bo‘lishi zarur. Quvurlar buzilganda va to‘satdan siljiganda, yuqori bosimli oqimlar buzilganda, xavfli oqibatlardan himoya qilish choralari ko‘rilishi kerak.
45. Bolalar uchun mo‘ljallangan attraksionlar Texnik reglamentga 3-ilovada keltirilgan xavfsizlik talablariga, mexanizatsiyalashmagan suv attraksionlari Texnik reglamentga 4-ilovada keltirilgan xavfsizlik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
46. Loyihachi (ishlab chiquvchi) attraksionning Texnik reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlash uchun attraksion loyihasining xavfsizlik asosini ishlab chiqadi.
47. Attraksion loyihasining xavfsizligi asosining asl nusxasi loyihachida, ko‘chirma nusxasi esa belgilangan xizmat muddati tugaguniga qadar sertifikatlashtirish organida saqlanadi. Belgilangan xizmat muddati uzaytirilganda yoki modifikatsiya qilingandan so‘ng attraksion loyihasining xavfsizlik asosi aniqlashtiriladi.
48. Attraksion loyihasining xavfsizlik asosi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) attraksion, uning konstruksiyasining asosiy qismlari va ishlash tamoyillari tavsifi, attraksionning asosiy texnik tavsiflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, mexanik, pnevmatik, gidravlik, elektr va elektron asbob-uskunalar (shu jumladan boshqaruv tizimlari) va boshqa ishlatiladigan asbob-uskunalarning tavsiflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek attraksionning o‘ziga xos xususiyatlari va uni montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish) usullari, o‘lchamlari va ushbu o‘lchamlardan tashqariga chiquvchi harakatlanish, cheklovlar, konstruktiv xususiyatlar va ishlatilgan materiallar, harakatlanish tizimlari, uzatmalar tiplari, tezliklar, tezlanishlar, elektr asbob-uskunalari, ishlash sikli, boshqarish tartibi va alohida tashrif buyuruvchilar uchun cheklovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
b) attraksionning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavflari tahlili, hayot siklining bosqichlarida xavfni kamaytirish uchun ularga nisbatan choralar ko‘rilishi zarur bo‘lgan muhim komponentlar va muhim parametrlar ro‘yxati;
v) xavfsizlik talablarini ta’minlash uchun ahamiyatga ega bo‘lgan moslamalarning o‘lchamlari ko‘rsatilgan chizmalar. Chizmalarda ularni tekshirish va tasdiqlash uchun talab etiladigan ko‘ndalang kesimlarning barcha o‘lchamlari va qiymatlari, materiallarning, yig‘ish birliklari va detallari, mahkamlash va biriktirish moslamalarining xususiyatlari, shuningdek, asosiy tezlik va tezlanishlarning qiymatlari ko‘rsatiladi. Attraksionning chizmalar to‘plamiga quyidagilar kiritiladi:
umumiy o‘lchamlari, ichki o‘lchamlari (o‘rindiqlar, yon va orqa tirgaklar, qo‘llar va oyoqlar uchun bo‘sh joylar), qo‘llar va oyoqlar uchun tirgaklarning, qulflash va saqlash moslamalarining, tutqichlarning mavjudligini ko‘rsatgan holda, yo‘lovchilar modullarining (talab etiladigan turlardagi va ko‘ndalang kesimlardagi) chizmalari;
ko‘tarish va burish mexanizmlarining tayanchlari, uzatmalari va boshqaruv tizimlari, ko‘tarish va burish amplitudalarini ko‘rsatgan holda ularning chizmalari;
yuklamalarni ko‘rsatgan holda, uzatmali g‘ildiraklar va xavfsizlik moslamalarini, podshipniklarni, o‘qlarni, vallarni, ularning yo‘lovchilar modullariga nisbatan ulanishi va siljish ehtimolini, boshqarish va nazorat qilish moslamalarini, qaytaruvchi moslamalarni, relslardan chiqib ketish va ag‘darilishning oldini oluvchi moslamalarni, bamperlarni, saqlovchi moslamalarni, uzatmalar va tormozlarni, poydevorga mahkamlagichlarni tasvirlagan holda yurish mexanizmlarining chizmalari;
elektr (elektron), pnevmatik va gidravlik asbob-uskunalar chizmalari;
g) o‘lchamlari, materiallari va muhim parametrlari, shuningdek, cheklangan holatlar tahlili natijalarini ko‘rsatgan holda muhim komponentlarning chizmasi va hisob-kitoblari. Yuklamalar va ta’sirlar Texnik reglament talablariga muvofiq bo‘lishi va xavfsizlikni ta’minlashi kerak. Payvandlangan birikmalar choklarining hisob-kitobi kesmalarning keskin o‘zgarish joylarida kuchlanish konsentratsiyasi koeffitsiyentlarini qo‘llagan holda ularning mustahkamligini ta’minlanish hisobga olinib amalga oshiriladi;
d) texnik nazoratni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan asosiy harakat kuchlari, massalari, shamol tezligi, tayanch tagliklari, barcha kuchlanish uchastkalari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarning mustahkamligi va ishonchliligi hisob-kitoblarining asosiy natijalari va xulosalari;
e) 400 nafar va undan ortiq tashrif buyuruvchilar uchun mo‘ljallangan yopiq binolar uchun hisob-kitoblarni tekshirgan holda, zaxira chiqish yo‘llari va ularning o‘lchamlari tasvirlangan rejalar, yong‘in sodir bo‘lganda harakat qilish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalar;
j) montaj qilingan attraksionni sinovdan o‘tkazish dasturi va uslubi;
z) favqulodda vaziyatlarda yo‘lovchilarni attraksiondan evakuatsiya qilish bo‘yicha yo‘riqnoma.
49. Attraksionlarni loyihalashtirishda quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi ekspluatatsiya hujjatlari ishlab chiqiladi:
attraksion pasporti;
attraksiondan foydalanish bo‘yicha qo‘llanma;
attraksionga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash bo‘yicha qo‘llanma;
ehtiyot qismlar va ashyolar qaydnomasi;
attraksionni montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish), ishga tushirish, rostlash va yurgizib ko‘rish bo‘yicha yo‘riqnoma;
attraksionni tashish va saqlash bo‘yicha yo‘riqnoma;
attraksionni foydalanishdan chiqarish va utilizatsiya qilish bo‘yicha yo‘riqnoma;
attraksiondan foydalanish va unga texnik xizmat ko‘rsatish hisobini yuritish jurnallari.
50. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning I, II va III darajalariga ega bo‘lgan attraksionlarning muvofiqligini baholash va texnik holatini nazorat qilish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish uchun Texnik reglamentga 5-ilovada keltirilgan shakl bo‘yicha attraksion pasporti rasmiylashtiriladi.
51. Foydalanish bo‘yicha qo‘llanma quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
attraksion ishlashining tavsifi, shu jumladan, asosiy tizimlar, mexanizmlar, boshqaruv tizimlari va ularning ishlashining batafsil tavsifi;
bitta yo‘lovchi moduli va (yoki) umuman attraksiondagi yo‘lovchilarning eng ko‘p soni va vazni;
foydalanishga topshirish, foydalanishni to‘xtatib turish tartibotlariga, texnik sabablarga ko‘ra ishlamay turishi va qayta foydalanishga topshirish tartibotlariga qo‘yiladigan talablar;
yo‘lovchilar bilan attraksiondan foydalanishni amalga oshiruvchi operatorlarning ishlash tartibi, shu jumladan, favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga qo‘yiladigan talablar;
tashrif buyuruvchilar uchun attraksiondan foydalanish qoidalari, shuningdek, agar attraksionning biomexanik ta’sirlari nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ruxsat etilsa, ularga xizmat ko‘rsatish qoidalari;
yo‘lovchilar sog‘lig‘ining holati, yoshi, bo‘yi va vazni bo‘yicha attraksiondan foydalanishdagi cheklovlar haqida ma’lumotlar (zarur bo‘lganda);
yo‘lovchilarni yuqori balandlikdan yoki erga nisbatan sezilarli og‘ishishga ega bo‘lgan o‘rindiqlardan avariya holatida evakuatsiya qilish usullari;
attraksiondan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydigan ob-havo sharoitlari tavsifi;
yo‘lovchilar bilan attraksiondan xavfsiz foydalanish qoidalari, attraksionni yo‘lovchilar bilan yuklash chizmalari (zarur bo‘lganda);
muhim komponentlar va muhim parametrlarga nisbatan kundalik tekshirishlar tartibi.
52. Texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha qo‘llanma quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
muhim komponentlar va parametrlar ro‘yxati, cheklangan resursli qismlar ro‘yxati va ularni almashtirish jadvali, yig‘ish chizmalari, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan asosiy o‘lchamlarni aks ettiruvchi chizmalar, elektr, gidravlik va pnevmatik sxemalar;
attraksionning texnik holatini attraksionni ishlatish boshlanishidan oldin va tugagandan so‘ng kunlik tekshirish tartibotining tavsifi;
attraksionni yig‘ish, qismlarga ajratish, rostlash va uning alohida uzellarini moylash tartibi, ularni amalga oshirish davriyligi va ishlatiladigan sarflash materiallari;
texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash mazmunini va texnik talablarni batafsil bayon etgan holda ularning turlari ro‘yxati;
elektr asbob-uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlashga oid tavsiyalar;
ekspluatant yoki uchinchi shaxs tomonidan loyihachining roziligisiz modifikatsiyalashni taqiqlash;
komponentlarni modifikatsiyalash tartibi va shartlari (faqat loyihachi bilan kelishilgan holda va (yoki) uning ko‘rsatmasi bo‘yicha).
53. Foydalanishdan chiqarish va utilizatsiya qilish bo‘yicha yo‘riqnoma quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
attraksionni foydalanishdan chiqarish tartibi;
elektron komponentlar va xavfli moddalarni o‘z ichiga oluvchi alohida uzellarni utilizatsiya qilish xususiyatlarini hisobga olgan holda, alohida qismlarni xavfsiz utilizatsiya qilish tartibi.
54. Attraksionning ekspluatatsiya hujjatlari davlat tilida rasmiylashtiriladi.
2-§. Attraksionlarni ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
55. Attraksionlarni ishlab chiqarishda ularning loyiha-konstruktorlik hujjatlar talablariga muvofiqligi ta’minlanishi kerak.
56. Attraksionlarning komponentlari va detallarini ishlab chiqarish uchun faqat loyiha-konstruktorlik hujjatlarida nazarda tutilgan konstruksiya materiallari ishlatilishi kerak. Loyihachi bilan kelishmasdan konstruksiya materiallarini almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
57. Muhim komponentlar uchun payvandlangan birikmalarga va tanlangan materiallarning payvandlanuvchanligiga alohida e’tibor berilishi kerak.
58. Mahkamlash buyumlari loyihachi tomonidan belgilangan ishonchlilik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
59. Attraksionning xavfsizligi bog‘liq bo‘lgan materiallar, detallar, moslamalar va uzellar texnik talablarga, hisob-kitob tavsiflariga va Texnik reglamentning xavfsizlik talablariga javob berishi kerak.
60. Muhim komponentlar ishlab chiqaruvchi yoki pudratchining tamg‘asiga ega bo‘lishi kerak. Ushbu tamg‘a komponentlarni keyinchalik identifikatsiyalash imkoniyatini ta’minlash uchun aniq va tushunarli bo‘lishi, ko‘rish uchun oson bo‘lgan joyga joylashtirilishi zarur.
61. Muhim komponentlar uchun yetkazib beriladigan barcha materiallar va butlovchi qismlar zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan holda kirish nazoratidan (verifikatsiyadan) o‘tishi kerak.
62. Ishlab chiqarish jarayonida ham ishlab chiqaruvchi, ham uning yetkazib beruvchilari tomonidan ishlab chiqarilgan materiallar (shu jumladan, sarflash materiallari) va komponentlar (elementlar) nazorat qilinishi kerak.
63. Agar loyiha-konstruktorlik hujjatlarida muhim komponentlar uchun ularni ishlab chiqarish jarayonida sinovdan o‘tkazish zarurligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi sinovlar o‘tkazilishini ta’minlashi shart.
64. Loyiha-konstruktorlik hujjatlarini tekshirish paytida yoki texnik talablarda ushbu detallar yoki uzellar xavfsizlikni ta’minlash uchun muhim ekanligi va ularni sinovdan o‘tkazish zarurligi belgilangan taqdirda, ishlab chiqaruvchi ushbu sinovlarning o‘tkazilishini ta’minlashi shart.
65. Putur yetkazmaydigan nazorat attraksionni loyihalashtirishda shakllantirilgan va ishlab chiqaruvchiga loyiha-konstruktorlik hujjatlari bilan birga topshirilgan muhim komponentlar ro‘yxatida nazarda tutilgan muhim komponentlar va elementlar birikmalariga nisbatan qo‘llanilishi kerak.
66. Ishlab chiqaruvchi har bir material va har bir komponent uchun asosiy xavfsizlik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlarining loyiha-konstruktorlik hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarga muvofiqligini ta’minlashi va ishlab chiqarishning tegishli tartibotlarini nazarda tutishi kerak.
67. Attraksion konstruksiyasida ishlatiladigan zanjirlar, po‘lat arqonlar, to‘qimachilik arqonlari va kamarlar quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi guvohnomaga ega bo‘lishi kerak:
ishlab chiqaruvchining nomi va joylashgan joyi;
zanjir, po‘lat arqon, to‘qimachilik arqoni yoki lentaning nominal o‘lchami, tuzilishi va materiali haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi markasi;
qo‘llanilgan sinovdan o‘tkazish usuli;
eng kam uzilish (yoki buzilish) kuchi.
68. Texnik reglamentning 67-bandida ko‘rsatilgan guvohnoma shakli O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
69. Zanjir, arqon yoki kamarning yig‘ish birligi hisoblanmaydigan har bir qismi tamg‘alangan bo‘lishi kerak, agar buning iloji bo‘lmasa, ishlab chiqaruvchi nomi va uning joylashgan joyi ko‘rsatilgan taxtacha yoki yechilmaydigan halqaga ega bo‘lishi kerak.
70. Ishlab chiqaruvchi loyihachi tomonidan belgilangan attraksionning barcha metall qismlarini zanglashdan, yog‘och qismlarini chirishdan, shisha plastik va polimer materiallardan bo‘lgan qismlarini eskirishdan himoya qilish usulini ta’minlashi kerak. Foydalanishda bunday qismlarni tekshirish davriyligi ekspluatatsiya hujjatlarida ko‘rsatilishi kerak. Konstruksiyaviy po‘latdan yasalgan ichi bo‘sh seksiyalarni ishlatishda ichki zanglashning oldini olish zarurligini hisobga olish kerak.
71. Attraksionlarning metall konstruksiyalarining muhim komponentlari, shu jumladan, o‘zgaruvchan yuklamalarni o‘zga oluvchi komponentlarining payvandlangan birikmalari ularning xavfsizligini ta’minlashi kerak.
72. Har bir attraksionda ishlab chiqaruvchining quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi axborot taxtachasi o‘rnatilishi kerak:
a) ishlab chiqaruvchi va (yoki) sotuvchining (yetkazib beruvchining) nomi va manzili;
b) attraksion nomi va (yoki) belgilari (model tipi (raqami));
v) mahsulotning zavod raqami;
g) ishlab chiqarilgan oy va yil.
73. Texnik reglamentning 72-bandida ko‘rsatilgan axborot taxtachasidagi ma’lumotlar attraksionning butun xizmat muddati davomida aniq va yaxshi ajratiladigan tasvirni ta’minlovchi har qanday usulda tushirilishi mumkin. Ma’lumotlar davlat tilida yoziladi.
3-§. Attraksionlarni xavfsiz montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish) va sozlashni ta’minlash
74. Attraksionni montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish), uning konstruksiyalarini almashtirish bilan bog‘liq montaj va ta’mirlash ishlari faqat attraksionning ekspluatatsiya va ta’mirlash hujjatlari asosida ixtisoslashtirilgan montaj tashkiloti tomonidan bajarilishi kerak.
75. Attraksionning poydevori loyiha-konstruktorlik hujjatlariga binoan qurilish ishlariga ruxsatnomasi bo‘lgan tashkilot tomonidan amalga oshirilishi kerak.
76. Attraksionni montaj qilishda (qismlarga ajratishda) va u ishga tushirilgunga qadar unga shaxslarning ruxsatsiz kirishiga yo‘l quyilmasligi kerak. Attraksion egasi yoki u vakolat bergan shaxs shaxslarning ish joyiga ruxsatsiz kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi, shu jumladan, to‘siqlar yoki ogohlantirish belgilarini o‘rnatishi kerak.
77. Attraksionni foydalanishga topshirishdan oldin uni montaj qilishda (yig‘ishda, o‘rnatishda) xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagi talablar bajarilishi kerak:
a) attraksionni montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish), ishga tushirish, rostlash va yurgizib ko‘rish bo‘yicha yo‘riqnomaga yoki montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish), sozlash va rostlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oluvchi boshqa ekspluatatsiya hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;
b) quyidagilarga ishonch hosil qilish kerak:
er attraksiondan tushadigan yukka xavfsiz tarzda bardosh bera olishi;
attraksionni montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish) bo‘yicha yo‘riqnomaga muvofiq attraksionni xavfsiz montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish) va foydalanish uchun maydon yetarlicha yassi, tekis va mustahkam bo‘lishi.
Attraksion montaj qilingandan (yig‘ilgandan, o‘rnatilgandan) so‘ng erni, ayniqsa, noqulay ob-havo sharoitida yuk ko‘tarish qobiliyatining yomonlashmaganligiga ishonch hosil qilish uchun muntazam ravishda tekshirish zarur. Attraksion ostidagi maydon yer osti suvlarining ta’sir qilish xavfi bo‘lgan taqdirda, drenaj bilan jihozlangan bo‘lishi kerak;
v) ekspluatant attraksionni montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish) yoki undan foydalanishda xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan yer osti kommunikatsiyalari yoki havo liniyalarining joylashishini, zarur bo‘lganda tegishli organning tavsiyasini hisobga olgan holda aniqlashi kerak. Agar kommunikatsiyalar xodimlar yoki tashrif buyuruvchilar uchun xavf manbai bo‘lishi mumkin bo‘lsa, mos ravishda yoki lozim darajada o‘rnatilgan to‘siqlardan foydalangan holda yoki boshqa yo‘l bilan bunday xavfning oldini olish uchun barcha oqilona va mumkin bo‘lgan choralar ko‘rilishi kerak.
Yerga ustunlar, qoziqlar o‘rnatishda yoki xandaqlar, poydevor uchun chuqurlarni qazish bo‘yicha ishlar olib borilganda, yer osti kommunikatsiyalarining shikastlanmasligini ta’minlash zarur. Bunday ishlarni boshlashdan oldin, agar yer osti kommunikatsiyalarining yo‘qligi oldindan aniqlanmagan bo‘lsa, kommunikatsiyalarni aniqlash uchun maxsus usullarni qo‘llash zarur;
g) attraksionlarni o‘rnatishda ekspluatant quyidagi tamoyillarga asoslanishi kerak:
shamol ta’sirida attraksionning xavfli ravishda erdan ko‘tarilish ehtimolini hisobga olish kerak;
attraksionlar shunday joylashtirilishi kerakki, tashrif buyuruvchilar har bir attraksionga belgilangan joylarda xavfsiz kirishlari va undan xavfsiz chiqishlari mumkin bo‘lsin, favqulodda vaziyatlarda xavfli tiqilinch holatlarini keltirib chiqaradigan tor o‘tish joylari bo‘lmasin;
avariya xizmatlarining transport vositalari va statsionar yong‘inni o‘chirish gidrantlariga (shu jumladan, tashrif buyuruvchilarni evakuatsiya qilish paytida) kirishni ta’minlash uchun kirish yo‘llarida attraksionlar va attraksionlarning yordamchi moslamalari orasida hamda ularning ustki tomonida yetarli masofa bo‘lishi kerak;
yong‘in paytida olovning tarqalish xavfini kamaytirish uchun qo‘shni attraksionlar, inshootlar yoki boshqa band qilingan zonalar o‘rtasida yetarli masofa bo‘lishi kerak;
agar attraksionlar kesishgan yoki bir-biridan o‘tadigan bo‘lsa, har bir attraksion uchun kamida xavfsizlik konturlari qo‘llanilishi kerak. Ekspluatant ham yo‘lovchilar, ham boshqa tashrif buyuruvchilar uchun xavfsizlik konturlariga rioya qilinishini ta’minlashi kerak;
jeton bilan ishlaydigan bolalar uchun mo‘ljallangan attraksionlar orasidagi masofa xavfsizlik konturlariga rioya qilingan taqdirda o‘zgarishi mumkin;
d) agar attraksion poydevorga montaj qilinsa (yig‘ilsa, o‘rnatilsa), unda attraksionni montaj qilishdan (yig‘ishdan, o‘rnatishdan) oldin poydevorning xavfsizligi tasdiqlanishi kerak. Poydevorlar qurilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lishi kerak;
e) attraksionlarni poydevorsiz o‘rnatishda dinamik yuklarni hisobga olish zarur, ular attraksion ishlaganda attraksionning siljishiga yoki ag‘darilishiga olib kelmasligi kerak;
j) attraksionni montaj qilish (yig‘ish,o‘rnatish) bo‘yicha ishlar tugallangandan so‘ng ishlab chiqaruvchining tavsiyalariga muvofiq uni sozlash va rostlash amalga oshirilishi kerak.
78. Attraksionni Texnik reglamentga muvofiq ko‘rikdan o‘tkazish va tekshirish vaqtida aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etilgandan so‘ng, agar ekspluatatsiya hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, attraksion kamida 15 ta ishchi sikl uchun yuklanmasdan sinovdan o‘tkaziladi.
79. Sinash uchun ishga tushirish paytida quyidagilar tekshiriladi:
attraksion harakatlanish trayektoriyasining barcha nuqtalarida boshqa qismlarga nisbatan xavfsizlik konturining o‘lchamlariga rioya qilinishi;
dasturlanadigan, avariya holatidagi va blokirovka qiluvchi boshqaruv tizimlarining to‘g‘ri ishlashi;
xavfsiz ishlashga ta’sir qiluvchi alohida qismlarning belgilangan tezlik chegaralari, tezlanishlari va massasiga rioya qilinishi;
gidravlik yoki pnevmatik tizimlarda ishlaydigan ishchi bosim ko‘rsatkichlari;
tugallovchi o‘chirgichlarning sozlanganligi, attraksionning qiyalik burchaklarini nazorat qilish vositalari, ortiqcha yukdan himoya qiluvchi moslamalar (masalan, bosim tushirish klapanlari) va boshqalar;
himoya va xavfsizlik vositalari;
tormoz paytida yo‘lovchilar uchun ruxsat etilgan tezlashuv qiymatlari va tormozlarning ish qobiliyati;
erdan ko‘tarilish yoki ag‘darilishga qarshi barqarorlik.
80. Boshqaruv tizimlari, favqulodda to‘xtatish qurilmalari, qulflash vositalari hamda boshqa himoya va favqulodda asbob-uskunalar to‘g‘ri ishlashiga ishonch hosil qilish uchun favqulodda vaziyatlar simulatsiya qilinadi (agar bu ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa).
81. Attraksion o‘rnatilgandan so‘ng, shu jumladan, attraksionni rekonstruksiya qilish va sozlash ishlari amalga oshirilgandan so‘ng ularni amalga oshirgan tashkilot attraksion egasi bilan birgalikda Texnik reglamentga 6-ilovaga muvofiq attraksionning texnik tayyorligi dalolatnomasini tuzadi. Bu bajarilgan ishlar ishlab chiqaruvchining ekspluatatsiya hujjatlarida bayon etilgan talablarga, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq o‘tkazilganligini tasdiqlaydi.
82. Attraksionlarni foydalanishga topshirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-§. Attraksionlardan foydalanishda xavfsizlik talablari
83. Attraksionlardan foydalanishda quyidagilar talab etiladi:
ekspluatatsiya hujjatlari talablarini bajarish, tegishli jurnallarni yuritish;
attraksionga kirish joyi oldida tashrif buyuruvchilar uchun attraksiondan foydalanish qoidalarini, shuningdek, agar attraksionning biomexanik ta’sirlari nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ruxsat etilsa, ularga xizmat ko‘rsatish qoidalarini joylashtirish;
attraksionga kirish joyi oldida sog‘lig‘i, yoshi, bo‘yi va vazni bo‘yicha attraksiondan foydalanishga oid cheklovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish (agar bu ekspluatatsiya hujjatlarda nazarda tutilgan bo‘lsa);
yo‘lovchilarning bo‘yi va vaznini o‘lchash uchun vositalarga ega bo‘lish (agar bu ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa);
har bir foydalanilayotgan attraksionga kirish joyi oldida so‘nggi yillik tekshiruv o‘tkazilgan sana va keyingi yillik tekshiruvni o‘tkazish sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi axborot taxtachasini joylashtirish. Taxtacha o‘qiladigan, ob-havo ta’siridan va ataylab shikast yetkazishdan himoyalangan bo‘lishi kerak;
attraksion pulti yonida attraksionning asosiy texnik tavsiflari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi taxtachani joylashtirish;
tibbiyot qutichalariga ega bo‘lish;
yo‘lovchilarni katta balandlikdan yoki erga nisbatan sezilarli og‘ishishga ega bo‘lgan o‘rindiqlardan evakuatsiya qilish bo‘yicha zarur evakuatsiya belgilari, rejasi va choralarini joylashtirish;
yo‘lovchilarni yo‘lovchi modullaridan evakuatsiya qilish vositalariga ega bo‘lish (agar bu ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa);
xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ish joyida attraksionga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha asosiy qoidalarni joylashtirish;
attraksionni yo‘lovchilar bilan yuklash sxemalarini joylashtirish (agar bu ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa);
xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ish joyida muhim komponentlar va muhim parametrlarga nisbatan kunlik tekshirishlar tartibi bo‘yicha xodimlarga qo‘yiladigan talablar bayon etilgan taxtachani joylashtirish;
attraksiondan foydalanishga kunlik ruxsat berish to‘g‘risidagi yozuvlarni jurnalga kiritgan holda kunlik tekshirishlarni amalga oshirish;
attraksionning ishlash vaqtida va undan tashqari vaqtda tashrif buyuruvchilarning xavfli zonalarga (yo‘lovchilar modullari, mexanizmlarning harakatlanish zonalari, elektr uskunalari uchun shkaflar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun maydonchalar va narvonlar) erkin kirishini taqiqlash;
attraksiondan yo‘l qo‘yilmaydigan foydalanishni man etish;
xodimlar uchun xavfsiz ish joylarini tashkil etish;
attraksionlar maydonlarida shamol kuchi va atrof muhit havosining haroratini o‘lchash uchun asboblarni o‘rnatish (agar bu ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa);
har bir attraksionni yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan ta’minlash.
84. Ekspluatant attraksionlarni kunlik va yillik tekshirishlarni, shuningdek, ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa turdagi tekshirishlarni amalga oshiradi.
85. Foydalanish uzoq vaqt (12 oydan ortiq) to‘xtatib turilgandan so‘ng texnik sabablarga ko‘ra ishlamay turgandan keyin foydalaniladigan attraksionlar qisman yoki to‘liq qismlarga ajratilgan taqdirda ekspluatant attraksionning to‘liq tekshirishni amalga oshiradi.
86. Attraksionlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash ekspluatatsiya hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
87. Agar attraksionning asosiy ko‘tarib turuvchi konstruksiyasi va almashtirib bo‘lmaydigan qismlarining belgilangan xizmat muddati tugagan bo‘lsa, ekspluatant attraksiondan foydalanishni to‘xtatishi kerak.
88. Attraksionning belgilangan xizmat muddati tugagach, qoldiq resursni baholashni o‘tkazmasdan undan maqsadli foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
89. Belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan attraksionning qoldiq resursini baholash akkreditatsiya qilingan tashkilot tomonidan ko‘rikdan o‘tkazish shaklida amalga oshiriladi.
90. Attraksionni ko‘rikdan o‘tkazishda quyidagilar amalga oshiriladi:
nuqsonlarni, nosozliklarni, eskirish va zanglash darajasini aniqlagan holda attraksion asbob-uskunasining holatini aniqlash;
metall konstruksiyalar, yo‘lovchilar modullari, mahkamlab qo‘yuvchi moslamalar holatini, yo‘lovchilar o‘rindiqlari, shassilar, tormoz moslamalari, boshqaruv tizimlarini mahkamlashning ishonchliligini nazorat qilish;
elektr zanjirlari va elektr uskunalarining izolatsiyasini sinovdan o‘tkazish, attraksion asbob-uskunasining erga ulanishini vizual va o‘lchash nazorati.
91. Ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlar attraksion pasportida qayd etiladi.
92. Ko‘rikdan o‘tkazish natijalari asosida attraksiondan foydalanishni uzaytirish shartlari va uning ehtimoliy muddatini o‘z ichiga oluvchi xulosa rasmiylashtiriladi.
93. Qoldiq resursni baholash texnik holatni baholash doirasida amalga oshirilishi mumkin (agar bu qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa).
94. Loyihachining dastlabki roziligisiz attraksionni modifikatsiyalashga yo‘l qo‘yilmaydi.
95. Attraksionlarni tashish va saqlash ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
96. Ekspluatatsiya hujjatlarida attraksionlarni xavfsiz tarzda utilizatsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar belgilangan bo‘lishi kerak.
97. Attraksionlarning Texnik reglamentga muvofiqligi uning talablarini bajarish orqali ta’minlanadi.
98. Attraksionlarni tadqiq qilish (sinovdan o‘tkazish) va o‘lchash usullari tadqiq qilish (sinovdan o‘tkazish) va o‘lchash qoidalari hamda usullarini, shu jumladan, namunalarni tanlab olish qoidalarini o‘z ichiga oluvchi standartlar ro‘yxatiga kiritilgan standartlarda belgilanadi.
5-bob. Attraksionlar muvofiqligini baholash (tasdiqlash)
1-§. Muvofiqlikni baholash (tasdiqlash) tasdiqlash tartibi
99. Texnik reglament talablariga muvofiqlikni baholash muvofiqlikni tasdiqlash (deklaratsiyalash yoki sertifikatlashtirish) shaklida amalga oshiriladi.
100. Attraksionlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlash majburiy sertifikatlashtirish yoki muvofiqlikni deklaratsiyalash shaklida amalga oshiriladi.
101. Attraksionlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlash quyidagicha amalga oshiriladi:
sertifikatlashtirish organi tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning I darajasiga ega bo‘lgan attraksionlarga nisbatan majburiy sertifikatlashtirish shaklida;
o‘zining dalillari hamda sertifikatlashtirish organi, akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyasi (markazi) ishtirokida olingan dalillar asosida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning II, III darajalariga ega bo‘lgan attraksionlarga nisbatan muvofiqlikni deklaratsiyalash shaklida.
102. Muvofiqlik deklaratsiyasi yoki muvofiqlik sertifikati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, ularning amal qilish muddati attraksion pasportida ko‘rsatiladi.
103. Attraksionning muvofiqligini tasdiqlash uchun ariza beruvchi Texnik reglamentning xavfsizlik talablariga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar to‘plamini shakllantiradi va u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
xavfsizlikni asoslash;
ekspluatatsiya hujjatlari;
shartnoma (yetkazib berish shartnomasi) va tovarning kuzatuv hujjatlari (mahsulot partiyasi, bitta mahsulot uchun);
ishlab chiqaruvchining sifatni boshqarish tizimiga sertifikat (agar mavjud bo‘lsa);
ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va (yoki) sinov laboratoriyalari (markazlari) tomonidan o‘tkazilgan attraksionni sinovdan o‘tkazish bayonnomalari;
materiallar va tarkibiy qismlarning muvofiqligini tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatlar (muvofiqlik sertifikati yoki muvofiqlik deklaratsiyasi) yoki ularni sinovdan o‘tkazish bayonnomalari (agar mavjud bo‘lsa);
xorijiy sertifikatlashtirish organlaridan olingan attraksionning muvofiqligini tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatlar (agar mavjud bo‘lsa);
Texnik reglamentning 98-bandida ko‘rsatilgan, attraksion talablariga javob berishi lozim bo‘lgan standartlar ro‘yxati (ishlab chiqaruvchi tomonidan qo‘llanilganda);
attraksionning Texnik reglament xavfsizlik talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar (agar mavjud bo‘lsa).
2-§. Attraksionlarning muvofiqligini deklaratsiyalash tartibi
104. Attraksionlarning muvofiqligini deklaratsiyalash quyidagi sxemalar bo‘yicha amalga oshiriladi:
a) 1D-sxema — yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning II va III darajalariga ega bo‘lgan turkumli ishlab chiqariladigan attraksionlar uchun qo‘llaniladi va arizachi tomonidan bajariladigan quyidagi harakatlarni o‘z ichiga oladi:
Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini shakllantirish;
ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish;
ishlab chiqarish jarayoni attraksionlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligini ta’minlashi uchun barcha zarur choralarni ko‘rish;
namunalarni ariza beruvchining sinov laboratoriyasida va (yoki) boshqa sinov laboratoriyasida (markazida) sinovdan o‘tkazish;
muvofiqlik deklaratsiyasini qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish.
b) 2D-sxema — yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning II va III darajalariga ega bo‘lgan attraksionlar partiyasi (bitta attraksion) uchun qo‘llaniladi va ariza beruvchi tomonidan bajariladigan quyidagi harakatlarni o‘z ichiga oladi:
Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini shakllantirish;
namunalarni ariza beruvchining sinov laboratoriyasida va (yoki) boshqa sinov laboratoriyasida (markazida) sinovdan o‘tkazish;
muvofiqlik deklaratsiyasini qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
v) 3D-sxema — yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning II darajasiga ega bo‘lgan turkumli ishlab chiqariladigan attraksionlar uchun ularni foydalanish joyida montaj qilishdan (yig‘ishdan, o‘rnatishdan) oldin to‘liq sinovdan o‘tkazish imkoni bo‘lmaganda qo‘llaniladi va ariza beruvchi tomonidan bajariladigan quyidagi harakatlarni o‘z ichiga oladi:
Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini shakllantirish;
ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish;
ishlab chiqarish jarayoni attraksionlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligini ta’minlashi uchun barcha zarur choralarni ko‘rish;
sertifikatlashtirish organiga (sinov laboratoriyasiga (markaziga)) attraksion tipini quyidagi usullardan biri bo‘yicha tadqiq qilish uchun buyurtmanoma yuborish;
kelajakdagi barcha mahsulotlarning namunaviy ko‘rinishi sifatida rejalashtirilgan ishlab chiqarish uchun attraksion namunasini tadqiq qilish;
texnik hujjatlarni, attraksionning namunasini yoki muhim komponentlarini sinovdan o‘tkazishni tahlil qilish.
Attraksion tipini tadqiq qilish natijalari xulosa (muvofiqlik sertifikati) va (yoki) bayonnomada rasmiylashtiriladi, unda sinov laboratoriyasi (markazi) attraksion tipining Texnik reglament talablariga muvofiqligini baholaydi.
Xulosa (muvofiqlik sertifikati) va (yoki) bayonnoma asosida ariza beruvchi muvofiqlik deklaratsiyasini qabul qiladi va ro‘yxatdan o‘tkazadi;
g) 4D-sxema — yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning II darajasiga ega bo‘lgan turkumli ishlab chiqariladigan attraksionlar uchun ishlab chiqaruvchining menejment tizimi mavjud bo‘lganda qo‘llaniladi va Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini shakllantirishni o‘z ichiga oladi, uning tarkibiga boshqarish tizimini sertifikatlashtirish organi tomonidan berilgan boshqarish tizimi uchun sertifikat kiradi.
105. 1D, 3D va 4D-sxemalar bo‘yicha muvofiqlikni deklaratsiyalashda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi bo‘lishi mumkin.
106. 2D-sxema bo‘yicha muvofiqlikni deklaratsiyalashda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi (yetkazib beruvchi) bo‘lishi mumkin.
107. Muvofiqlik deklaratsiyasi sertifikatlashtirish organi tomonidan rasmiylashtiriladi. Muvofiqlik deklaratsiyasida deklaratsiyalanayotgan attraksionlar taalluqli bo‘lgan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavflar darajasi ko‘rsatiladi.
108. Muvofiqlik deklaratsiyasi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Muvofiqlik deklaratsiyasining amal qilishi Muvofiqlik sertifikatlari va muvofiqlik deklaratsiyalari reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlanadi. Muvofiqlik deklaratsiyasining amal qilish muddati attraksionning belgilangan xizmat muddatiga yoki belgilangan resursiga mos keladi.
109. Ariza beruvchi muvofiqlik deklaratsiyasini va Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini muvofiqlik deklaratsiyasining amal qilish muddati tugagan kundan boshlab 10 yil davomida saqlashi shart.
110. Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plami davlat nazorati organlariga ularning talabi bo‘yicha taqdim etilishi kerak.
3-§. Attraksionlarni sertifikatlashtirish tartibi
111. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning I darajasiga ega bo‘lgan attraksionlarni sertifikatlashtirish quyidagi sxemalar bo‘yicha amalga oshiriladi:
a) 1C-sxema — turkum ishlab chiqariladigan attraksionlar uchun qo‘llaniladi va quyidagi harakatlarni o‘z ichiga oladi:
ariza beruvchi Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini shakllantiradi va sertifikatlashtirish uchun buyurtmanomani sertifikatlashtirish organiga topshiradi;
sertifikatlashtirish organi taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi va mahsulotni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavf darajasiga qarab identifikatsiya qiladi, sinov laboratoriyasida (markazida) sinovdan o‘tkazish uchun ariza beruvchidan namunalarni tanlab oladi va sinovdan o‘tkazish dasturini belgilaydi;
sinov laboratoriyasi (markazi) attraksionlar namunalarini sinovdan o‘tkazadi;
sertifikatlashtirish organi ishlab chiqaruvchida ishlab chiqarish holatini va attraksionlar namunalarini sinovdan o‘tkazish natijalarini tahlil qiladi hamda natijalar ijobiy bo‘lganda, ariza beruvchiga muvofiqlik sertifikatini beradi;
sertifikatlashtirish organi sinov laboratoriyasida (markazida) attraksionlar namunalarini sinovdan o‘tkazish va (yoki) ishlab chiqarish holatini tahlil qilish orqali sertifikatlangan attraksionlarning inspeksiya nazoratini amalga oshiradi;
b) 2C-sxema — turkum ishlab chiqariladigan attraksionlar uchun ishlab chiqaruvchining sertifikatlangan menejment tizimi mavjud bo‘lganda qo‘llaniladi va quyidagi harakatlarni o‘z ichiga oladi:
ariza beruvchi Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini shakllantiradi, uning tarkibiga menejment tizimini sertifikatlashtirish organi tomonidan berilgan menejment tizimi uchun sertifikat (menejment tizimi uchun sertifikat nusxasi) kirishi shart, va sertifikatlashtirish organiga sertifikatlashtirish uchun buyurtmanoma topshiradi;
sertifikatlashtirish organi taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi va mahsulotni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavf darajasiga qarab identifikatsiya qiladi, sinov laboratoriyasida (markazida) sinovdan o‘tkazish uchun ariza beruvchidan namunalarni tanlab oladi va sinovdan o‘tkazish dasturini belgilaydi;
sinov laboratoriyasi (markazi) attraksionlar namunalarini sinovdan o‘tkazadi;
sertifikatlashtirish organi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar to‘plami va attraksionlarni sinovdan o‘tkazish natijalarini tahlil qiladi hamda natijalar ijobiy bo‘lganda ariza beruvchiga muvofiqlik sertifikatini beradi;
sertifikatlashtirish organi sinov laboratoriyasida (markazida) attraksionlar namunalarini sinovdan o‘tkazish va ishlab chiqaruvchining sertifikatlangan menejment tizimi uchun menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organining inspeksiya nazorati natijalarini tahlil qilish orqali sertifikatlangan attraksionlarning inspeksiya nazoratini amalga oshiradi;
v) 3C-sxema — attraksionlar partiyasi (bitta attraksion) uchun qo‘llaniladi va quyidagi harakatlarni o‘z ichiga oladi:
ariza beruvchi Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini shakllantiradi va sertifikatlashtirish uchun buyurtmanomani sertifikatlashtirish organiga topshiradi;
sertifikatlashtirish organi taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi va mahsulotni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavf darajasiga qarab identifikatsiya qiladi, sinov laboratoriyasida (markazida) sinovdan o‘tkazish uchun ariza beruvchidan namunalarni tanlab oladi va sinovdan o‘tkazish dasturini belgilaydi;
sinov laboratoriyasi (markazi) attraksionlarni sinovdan o‘tkazadi. Agar attraksion montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish) joyiga yaxlit emas, balki alohida qismlarda olib kelinsa, sinovdan o‘tkazish u foydalanish joyida montaj qilingandan (yig‘ilgandan, o‘rnatilgandan) va sozlangandan so‘ng amalga oshiriladi;
sertifikatlashtirish organi attraksionlarni sinovdan o‘tkazish natijalarini tahlil qiladi va natijalar ijobiy bo‘lganda, ariza beruvchiga muvofiqlik sertifikatini beradi;
g) 4C-sxema — xorijiy ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib beriladigan cheklangan hajmdagi attraksionlar partiyasi uchun qo‘llaniladi va quyidagi harakatlarni o‘z ichiga oladi:
ariza beruvchi Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plamini shakllantiradi va sertifikatlashtirish uchun buyurtmanomani sertifikatlashtirish organiga topshiradi;
sertifikatlashtirish organi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar to‘plamini tahlil qiladi va attraksionlarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavf darajasiga qarab identifikatsiya qiladi hamda natijalar ijobiy bo‘lganda, ariza beruvchiga muvofiqlik sertifikatini beradi.
112. 1C, 2C va 4C-sxemalar bo‘yicha sertifikatlashtirishda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi bo‘lishi mumkin.
113. 3C-sxema bo‘yicha sertifikatlashtirishda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi (yetkazib beruvchi) bo‘lishi mumkin.
114. Sertifikatlashtirish sxemasini tanlash Texnik reglament qoidalarini hisobga olgan holda ariza beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
115. Sertifikatlashtirish uchun buyurtmanoma ariza beruvchi tomonidan rasmiylashtiriladi va quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
ariza beruvchining nomi va joylashgan joyi;
ishlab chiqaruvchining nomi va joylashgan joyi;
attraksion (uning tarkibi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar va uning identifikatsiya qiluvchi belgilari (attraksion nomi, turi va tipi), ekspluatatsiya hujjatlarida ko‘rsatilgan texnik tavsiflar, ishlab chiqarish shakli (turkum ishlab chiqarish yoki partiya), shartnoma rekvizitlari;
foydalaniladigan standartlar ro‘yxati (agar mavjud bo‘lsa);
sertifikatlashtirish sxemasi;
ariza beruvchining sertifikatlashtirish qoidalari va shartlarini bajarish to‘g‘risidagi majburiyatlari.
116. Sertifikatlashtirish organi buyurtmanomani va u bilan birga taqdim etilgan Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi hamda sertifikatlashtirishni amalga oshirish imkoniyati to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
117. Sertifikatlashtirish organi sertifikatlashtirish sxemasiga muvofiq ish olib boradi, qaror tayyorlaydi va natijalar ijobiy bo‘lganda, ariza beruvchiga muvofiqlik sertifikatini beradi.
118. Sertifikatlashtirish natijasi salbiy bo‘lganda, sertifikatlashtirish organi ariza beruvchiga muvofiqlik sertifikatini berishni rad etish to‘g‘risida asoslantirilgan qarorni yuboradi.
119. Partiyadan olingan attraksion yoki bitta attraksion namunasini (namunalarini) sinovdan o‘tkazish sertifikatlashtirish organining topshirig‘iga binoan sinov laboratoriyasi (markazi) tomonidan sertifikatlashtirish organi belgilagan sinov dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
120. Ishlab chiqarish holatini tahlil qilish sertifikatlashtirish organi tomonidan ishlab chiqaruvchida amalga oshiriladi (agar sertifikatlashtirish sxemasida nazarda tutilgan bo‘lsa). Tahlil natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
121. Sertifikatlashtirish sxemasida nazarda tutilgan tekshiruvlarning natijalari ijobiy bo‘lganda sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtiradi va uni ariza beruvchiga beradi.
122. Muvofiqlik sertifikati O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining qarori bilan tasdiqlanadigan shaklda rasmiylashtiriladi. Muvofiqlik sertifikatida sertifikatlangan attraksionlar taalluqli bo‘lgan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavf darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
123. Sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muvofiqlik sertifikatlari va muvofiqlik deklaratsiyalari reyestriga kiritadi.
124. Muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati turkum ishlab chiqariladigan attraksionlar uchun 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatni tashkil etadi, attraksionlar partiyasi uchun muddat belgilanmaydi.
125. Sertifikatlangan mahsulotlarning inspeksiya nazorati muvofiqlik sertifikatini bergan sertifikatlashtirish organi tomonidan tanlangan sertifikatlashtirish sxemasida nazarda tutilgan hollarda, muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati davomida yiliga kamida bir marta amalga oshiriladi. Inspeksiya nazorati natijalariga ko‘ra sertifikatlashtirish organi:
muvofiqlik sertifikatining amal qilishini unda belgilangan amal qilish muddati doirasida tasdiqlaydi;
muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turadi;
muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tugatadi.
126. Agar aniqlangan nomuvofiqliklarni tuzatish choralarini ko‘rish orqali bartaraf etish va ularni bartaraf etish natijalarini tekshirish mumkin bo‘lsa, sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Tuzatish choralari ko‘rilgandan va aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etilgandan so‘ng sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddatini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Agar aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etishni tekshirish natijalariga ko‘ra sertifikatlangan mahsulotlarning Texnik reglament talablariga to‘liq muvofiqligi to‘g‘risida xulosa chiqarib bo‘lmasa, sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
127. Muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qaror inspeksiya nazoratini amalga oshirishda aniqlangan Texnik reglament talablariga nomuvofiqliklarni sertifikatlashtirish organi bilan kelishilgan tuzatish choralarini amalga oshirish orqali bartaraf etish mumkin bo‘lmagan taqdirda qabul qilinadi.
128. Texnik reglamentning 103-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘plami, sinov bayonnomalari, muvofiqlik sertifikati quyidagi muddat davomida ariza beruvchida va sertifikatlashtirish organida saqlanishi kerak:
turkum ishlab chiqariladigan attraksionlarga — muvofiqlik sertifikatining amal qilishi tugagan kundan boshlab kamida 10 yil;
attraksionlar partiyasiga (bitta attraksionga) — partiyadan oxirgi mahsulot sotilgan kundan boshlab kamida 10 yil.
129. Texnik reglamentning 115-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar davlat nazorati organlariga ularning talabiga binoan taqdim etilishi kerak.
6-bob. Attraksionlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularning texnik holatini baholash
130. Attraksion muvofiqlik deklaratsiyalangandan so‘ng va foydalanishga topshirishdan oldin belgilangan tartibda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan ro‘yxatga olinadi.
131. Belgilangan xizmat muddati (belgilangan resurs) davomida attraksionning muvofiqligini baholash texnik holatni baholash shaklida 12 oyda kamida bir marta akkreditatsiya qilingan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
132. Attraksion qayta foydalanishga topshirilganda, shu jumladan, modifikatsiyalashdan (mukammal ta’mirlashdan), avariya sababli foydalanish to‘xtatib qo‘yilgandan, attraksionning belgilangan xizmat muddati tugashi sababli foydalanish to‘xtatib qo‘yilgandan so‘ng Texnik reglament talablariga muvofiq uning nazorat tekshiruvi o‘tkazilishi kerak.
7-bob. Attraksionning xizmat muddatini uzaytirish maqsadida texnik diagnostika o‘tkazish
133. Ekspluatatsiya hujjatlarida belgilangan xizmat muddatini (resursni) o‘tab bo‘lgan attraksionlardan keyingi foydalanishga texnik diagnostika o‘tkazmasdan va belgilangan xizmat muddatini (resursni) uzaytirmasdan yo‘l qo‘yilmaydi.
Ekspluatatsiya hujjatlaridan xizmat muddati to‘g‘risidagi ma’lumotni olishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, attraksionni texnik diagnostika qilish u ishlab chiqarilgan kundan boshlab 10 yildan kechiktirmay amalga oshiriladi. Texnik diagnostika attraksion egasining tashabbusi bilan belgilangan xizmat muddatiga yetguncha amalga oshirilishi mumkin.
134. Attraksion texnik diagnostikasining vazifalari quyidagilardan iborat:
texnik holatni nazorat qilish;
nomuvofiqliklar, nuqsonlar, nosozliklarni izlash va ularning sabablarini aniqlash;
ta’mirtalab attraksionlarning tayanch konstruksiyalarining muhim komponentlari va elementlarini aniqlash;
attraksionning qoldiq resursini va uning xizmat muddatini uzaytirish imkoniyatini aniqlash.
135. Attraksionni tekshirish va sinovdan o‘tkazish hajmi ekspluatatsiya hujjatlari, Texnik reglament va boshqa texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari asosida tuzilgan individual texnik diagnostika dasturida belgilanadi.
Attraksion egasi tomonidan attraksionlarni tekshirishda qo‘shimcha ravishda quyidagilar amalga oshiriladi:
attraksion asbob-uskunalarining holatini nuqsonlar, nosozliklar, eskirish va zanglash darajasi orqali aniqlash;
putur yetkazmaydigan nazorat usullari yordamida konstruksiyalarni tekshirish;
attraksionning texnik diagnostika sinovlarini yuksiz va nominal yuk bilan kamida beshta ish sikli davomida amalga oshirish.
Boshqa tekshiruv va sinovlarni o‘tkazish zarurati attraksionlarni texnik diagnostika qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan belgilanadi.
136. Belgilangan xizmat muddatini uzaytirish bo‘yicha ekspert xulosasi va texnik diagnostika bo‘yicha hisobot hujjatlari attraksion pasportiga ilova qilinadi va uning ajralmas qismi hisoblanadi. Texnik diagnostikani amalga oshirgan tashkilot attraksion pasportiga tayinlangan xizmat muddatini uzaytirish bo‘yicha ekspertiza xulosalari to‘g‘risidagi yozuvni kiritadi.
8-bob. Attraksionlarni tamg‘alash
137. Texnik reglament talablariga javob beradigan va muvofiqlikni tasdiqlash tartibotidan o‘tkazilgan attraksionlar muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alanadi.
138. Tamg‘alash attraksionlar muomalaga chiqarilishidan oldin amalga oshiriladi.
139. Muvofiqlik belgisi attraksionlarning butun xizmat muddati davomida aniq va aniq tasvirni ta’minlaydigan har qanday usulda tushiriladi.
Tamg‘alash davlat tilida amalga oshiriladi.
140. Muvofiqlik belgisi attraksionning o‘ziga va ekspluatatsiya hujjatlariga tushiriladi.
9-bob. Texnik reglament talablariga rioya etilishining davlat nazorati
141. Mazkur Texnik reglament talablariga amal qilish bo‘yicha davlat nazorati Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
142. Attraksionlardan foydalanish sohasida davlat nazorati va tekshiruvi:
a) Attraksionlardan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ (keyingi o‘rinlarida — maxsus vakolatli organ) — Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi — istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanish sohasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiradi;
b) attraksionlardan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari:
Favqulodda vaziyatlar vazirligi — tegishli davlat boshqaruvi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi vositasida avariyaga oid tashqi va ichki rejalarning bajarilishi, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi va attraksionlardan foydalanish obyektlarida yong‘in xavfsizligi talablarini ta’minlash bo‘yicha davlat nazorati;
Energetika vazirligi — iste’molchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnika qoidalariga rioya qilinishi va ularning texnik holati yuzasidan nazoratni amalga oshirish.
10-bob. Texnik reglament talablari buzilganligi uchun javobgarlik
144. Mazkur Texnik reglament kuchga kirgan paytdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududida attraksionlar xavfsizligiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydigan amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar Texnik reglamentga muvofiqlashtirilgunga qadar Texnik reglamentga zid bo‘lmagan qismida qo‘llaniladi.
145. Ushbu Texnik reglament talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risida umumiy texnik reglamentga
1-ILOVA
Attraksionlar turlari va tiplari
RO‘YXATI


Download 275.93 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling