PREDIKATIV ALOQA Ega va kesim oʻrtasidagi aloqa.
PREDIKATIV BIRIKMA Ikki tarkibli gapning tuzilish asosini, grammatik markazini tashkil etuvchi ega bilan kesim bogʻlanmasi: Majlis kech tugadi (majlis tugadi – predikativ birikma).
PREDIKATIV MUNOSABAT Ega bilan kesim oʻrtasidagi munosabat.
PREDIKATIVLIK Gap mazmunining voqelikka munosabatini til vositalari bilan ifodalanishi. Zamon, shaxs-son va modallik kategoriyalari predikativlikni ifodalovchi grammatik vositalar boʻlib, xabar ohangi bilan birga gapning umumiy xarakterli belgilari hisoblanadi. O‘zbek tilida predikativlikni ifodalovchi bo‘lak kesimdir.
PREDIKATSIYA (lot. pradiacutum – bayon qilish, fikr berish) Gapda fikr mazmunining obyektiv voqelikka nisbat berilishi.
PREDIKAT (lot. pradiacutum – aytilgan) – ayn. Logik kesim.
PREFIKS (lot. praefixum – oldiga yopishtirilgan) – q. Old qoʻshimcha.
PREPOZITSIYA (lot. praepositio – oldiga qoʻyish) – q. Old joylashuv.
PROFESSIONAL LEKSIKA – q. Kasb-hunar leksikasi.
PROFESSIONALIZM (lot. professio – kasb-kor, mutaxassislik) Biror kasb-hunar egalari nutqiga xos soʻz yoki ibora. Masalan, xat (sopol idishlarga boʻyoq bilan solinadigan toʻgʻri chiziq).
PROGRESSIV ASSIMILATSIYA (lot. progression – oldinga qarab harakatlanish) Oldingi tovush ta’sirida keyingi tovushning oʻzgarib, u bilan oʻxshashlik kasb etish: qishloq + ga < qishloqqa.
PROKOPA (yun. prokope – oldindan qisqarish) Soʻz boshidagi tovushning tushishi: iroq < yiroq kabi.
PRONOMOLIZATSIYA (lot. pronomen – olmosh) – q. Olmoshlashish.
Do'stlaringiz bilan baham: |