OZAYTIRMA DARAJA Belgining so‘zga nisbatan oz (kuchsiz) ekanini ifodalovchi daraja, bu daraja shakli oʻzbek tilida -roq qo‘shimchasi bilan yasaladi; quruqroq, qorongʻiroq (xona) kabi.
P
PARADIGMA (yun. paradigmia – misol, namuna) Til birliklari, grammatik shakllarning umumiy ma’nosiga koʻra birlashuvchi, xususiy ma’nosiga koʻra farqlanuvchi tizimi. Masalan, fe’lning shaxs-son paradigmasi; otning kelishik paradigmasi va b.
PARADIGMATIK MUNOSABAT Bir paradigmaga birlashuvchi til birliklariiing oʻzaro munosabati. Masalan, sinonimiya, antonimiya, giponimiya, graduonimiya leksik birliklar orasidagi pradigmatik munosabatdir.
PARADIGMATIK QATOR Ma’lum umumiylik xususiyati asosida birlashib, ayrim farqli (oʻziga xos) xususiyati bilan qarama-qarshi turadigan va nutqiy aloqa talablariga koʻra biri ikkinchisi bilan almashina oladigan birliklar (unsurlar). Masalan, i-e-a-u-o‘-o unli fonemalar paradigmatik qatori, chiroyli – go‘zal – suluv – zebo sinonim leksemalar paradigmatik qatori, daftar – daftarni – daftarning – daftarga – daftarda – daftardan kelishik paradigmatik qatori.
PARADIGMATIKA 1. Til birliklarini til tizimiga mansub paradigmalarning unsuri sifatida tekshirish aspekti. Qiyos. Sintagmatika.
2. Paradigmalar tizimi.
PARAFRAZA (yun. paraphrasis – tasviriy ifoda, tasvir). Narsa, hodisani oʻz nomi bilan emas, ularning xarakterli belgi-xususiyatlari asosida tasviriy usul bilan ifodalash; shunday ifoda. Masalan, dala malikasi (makkajoʻxori), zangari olov (gaz) kabi.
PARALINGVISTIKA Tilshuoslikning oʻzaro aloqa-aralashuvda imo-ishora, mimika, nutq vaziyati kabi omillarni oʻrganuvchi sohasi.
PASSIV NUTQ A’ZOLARI – q. Nofaol nutq a’zolari.
PAUZA (yun. pausiz – toʻxtatish) – q. Toʻxtam.
PAYT ERGASH GAP Bosh gapdan anglashilgan harakat, voqea-hodisalarning yuzaga kelish paytini (vaqtini) bildiruvchi ergash gap: Oybodoq keta boshlagan edi, Otabek uni to‘xtatdi. (A. Qodiriy) Yomg‘ir yog‘a boshlasa, ish taqqa to‘xtaydi. (H. G‘ulom)
Do'stlaringiz bilan baham: |