Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi


Poetik sintaksis nazariyasi maxsus tekshirilgan tadqiqotlar


Download 0.93 Mb.
bet8/59
Sana19.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1613174
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   59
Bog'liq
latinskiy dissertatsiya222

1. Poetik sintaksis nazariyasi maxsus tekshirilgan tadqiqotlar.
2. Adabiyot nazariyalari va muayyan davr she’riyati, muayyan shoirlar ijodi o‘rganilgan tadqiqotlarda poetik sintaksisga oid qarashlar ifodasi.
1.Ingliz adabiyotshunosligi va tilshunosligida poetik sintaksis “Poetic Syntax”, “Poetic Stratification”, “Poetic Expressiveness” va uni ifodalovchi sintaktik birliklar “Figures of Speech”, “Poetic Devices” singari terminlar bilan yuritilgan. Taniqli tilshunos R.Yakobson “Poetry of Grammar and Grammar of Poetry” asarida grammatika, xususan, sintaksisning she’riyatdagi o‘rni haqida “A difference in grammatical concepts does not necessarily represent a difference in the state of affairs referred to. […] Only the way of presentation differs.” (“Grammatikadagi farqli tushunchalar she’riyatda tasvir vositalarini farqlash uchundir”) deb ta’kidlab, sintaksisni she’rning suyagiga o‘xshatadi11. Ingliz adabiyotshunosligi va tilshunosligida T.Ostin12, J.Toms13, R.Kureton14, N.Fabb15 kabi olimlarning poetik sintaksis to‘g‘risidagi ilmiy ishlari kognitiv pragmatika, poetik sintaksis va grammatik og‘ish holatlari borasida yuzaga kelgan savollarga batafsil tarzda javob bera oladi. Poetik sintaksis masalasi ham tilshunoslar, ham adabiyotshunoslarning o‘rganish sohasi bo‘lib qoldi va bu borada Kureton bu nazariyalar orasidagi farq faqatgina ularning tuzilishi va ta’sirida ekanligini ta’kidlaydi: “...the major difficulty is the diversity, fragmentation, and relative isolation of these theories, both from one another and from the structure and effect of other aspects of poetic language. While each of these approaches does not necessarily exclude the other, their basic presuppositions often conflict and there has been no suggestion as to how these conflicts can be resolved16.
Rus adabiyotshunosligida A.V.Aksenova, N.V.Patroyeva, A.A.Lebedev, I.I.Kovtunova, E.M.Beregovskaya, I.V.Bejenova, Ye.V.Stepanov kabi olimlarning ishlarida poetik snntaksis masalasi maxsus o‘rganilgan. Ta’kidlash kerakki, bu yo‘nalishdagi monografik tadqiqot I.I.Kovtunovaning “Poetik sintaksis” (“Poeticheskiy sintaksis”) nomli keng qamrovli monografiyasidir. Aslida adabiyotshunoslikka “poetik sintaksis” terminini shu olim ilmiy muomalaga olib kirgan17.
I.I.Kovtunovaga ko‘ra, poetik sintaksis va nasriy asarlar sintaksisi o‘rtasidagi asosiy farq she’riy nutqqa xos bo‘lgan tilning sintaktik vositalarining maxsus semantikasi va funksiyalarida namoyon bo‘ladi. Poetik nutqda kuzatilayotgan til shakllaridagi semantik o‘zgarishlar bevosita yoki bilvosita she’riy matnlarning badiiy asarlarga mansubligini bildiradigan shunday xususiyatlari bilan belgilanadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, she’riy nutqning sintaktik o‘ziga xosligi sintaksis termini mohiyatidan kelib chiqib, o‘zini to‘la namoyon qila oladi18. Olimaning fikricha, poetik sintaksis she’riy matnning badiiy asarga mansubligini bildirib keladi. Bu termin tilshunoslikdagi “sintaksis” termini bilan bog‘liq bo‘lib, sher tuzilishini anglatadi. U fikrlarini davom ettirib, lirik she’rning kompozitsiyasi muqobil turkum shaklini olishini, ularning murakkab she’riy funksiyalarga egaligini ta’kidlaydi19. Lirik asarlar sintaktik tuzilishini yaxlit o‘rgangan olima she’rning murakkab she’riy funksiyalarga egaligini ta’kidlaydi. Uning fikricha: “Lirikaning asosiy xususiyati – uzluksiz predikativlikka moyillik, belgilar bilan to‘yinganlik – lirik she’rlarning ichki tuzilishida – kompozitsion texnikada, misra ketma-ketligida, sintaktik mazmunda, semantikada ro‘yobga chiqadi”20. Darhaqiqat, poetik sintaksis lirik she’rlarning ichki tuzilishi, kompozitsiyasida ko‘zga tashlanadi. Bu unsurlar unda ifodalangan mazmunni yuzaga chiqaradi. I.I.Kovtunovaning ta’kidlashicha, she’riy sintaksisda xuddi shunday rol she’riy nutqning figuralariga tegishli bo‘ladi. O‘quvchilar e’tiborini ma’lum bir hodisa yoki muayyan muammoga qaratish uchun yozuvchi ba’zan ritorik so‘roqni ishlatadi. Bu o‘quvchilar yoki tinglovchilardan javob olish uchun emas, balki alohida hodisaga e’tiborni jalb qilish uchun qo‘yilgan. Bundan tashqari, olim misra ketma-ketligining taranglik va birlik kabi sifatlarini ham nomlaydi. Aynan ma’noviy “to‘planish” darajasi va misraning tarkibiy va semantik birligi ma’lum bir she’rda, ma’lum bir sintaktik tizimda ushbu tizimning birligi sifatida ko‘rib chiqilishini belgilaydi. Bu tizimning asosiy vazifasi ham “ma’no ifodalovchi”, ham “matn tuzuvchi”dir. Demak, she’riy matnning sintaktik birligi hajmi minimal (ibora, sodda gap) va maksimal (grafik, ritmik-musiqiy va struktur-semantik sintaktik birlik sifatidagi she’riy bayt) bo‘lishi mumkin.
She’rda har doim sintaksis va ritmning o‘zaro ta’siri mavjud. Ushbu o‘zaro ta’sirdan she’rdagi inversiya va dislokatsiyalarning eng keng tarqalgan vazifasi kelib chiqadi – ular she’r ritmini ochib berish va ta’kidlash qobiliyatiga ega. I.Kovtunovaning fikricha, inversiya misra ritmini saqlaydi, so‘zlarni ta’kidlashga, misradagi so‘zning intonatsion mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi21.
Yana bir jihatni alohida ta’kidlash kerakki, dunyo adabiyotshunosligi va tilshunosligida poetik sintaksisning har bir unsuri deyarli alohida tekshirilgan. Bu jihatdan K. K. Mar, S.Vin, M.Vekkesser, A.Lebedev ishlari ahamiyatli. K. K.Mar va S.Vin kabi olimlarning alliteratsiya tadqiqiga bag‘ishlangan ishlari muhimlik kasb etadi. Unda yozilishicha, alliteratsiyaning ta’siri she’r ritmini qo‘zg‘atish, she’rlarni musiqiy xususiyatga ega bo‘lish va ularni yanada jozibali va qiziqarli qilishdir. U she’rga yoki boshqa adabiy shaklga badiiy uslub qo‘shishi mumkin. Matnni oldinga olib boradigan tez va nozik oqimli ritm yaratishi mumkin. Bu adabiy asarni o‘qish zavqini oshirishi, matnda musiqiy effekt yaratishi mumkin. U asarga oqim va go‘zallik baxsh etadi, she’rlarni jozibali qiladi. Alliteratsiya qattiq yoki yumshoq tovushlar bilan she’rning ruhiyatini shakllantirish qobiliyatiga ega22. M.Vekkesser polisindetonni stilistik figura sifatida o‘rgangan. Uning yozishicha, polisindeton koordinatsiyali yoki tobe bog‘lovchilarning ko‘p takrorlanishiga va ko‘p nomli murakkab gap yoki murakkab sintaktik yaxlitlikning bir qismi sifatida obrazli tipdagi stilistik figuradir23. A.Lebedev esa P.A.Vyazemskiy she’rlari misolida antitezaning vazifalarini ochib bergan. Uning yozishicha, antitezaning she’riy sintaksis shakllanishidagi o‘rni muhim. U ekspressivlik vositasidir24. Ko‘rinadiki, poetik sintaksisning har bir unsuri she’rda muayyan badiiy yuk vazifasini o‘taydi. A.Lebedevning “P.A.Vyazemskiy asarlari poetik sintaksisi” tadqiqoti bu jihatdan e’tiborli. Olimning fikricha, sintaktik parallelizm lingvistik ekspressivlikning klassik vositalaridan biri sifatida ko‘pincha badiiy ijodda (nasriy va she’riy) qo‘llaniladi. Parallelizm yordamida shoir she’r ritmi bilan bog‘liq bo‘lgan stilistikadan versifikasiyagacha bo‘lgan bir qator vazifalarni hal etadi25. Shunday qilib, P.Vyazemskiy sintaktik figuralar qatorida anafora, antiteza, xiazmni ham qo‘llaganligini asoslaydi26. Olim anaforaning she’riyatdagi vazifasini ham to‘g‘ri va aniq ko‘rsatib beradi: “P.Vyazemskiy she’riyatidagi to‘rt komponentli konstruksiyalarni boshqa sintaktik figura – anafora bilan birlashtirish mumkin. She’riy satrlar boshida so‘zlarning takrorlanishi shoirga o‘quvchi diqqatini jamlashga, bu parchaning butun matndagi rolini kuchaytirishga imkon beradi”27.
Ma’lumki, rassom ranglardan, haykaltarosh marmartosh va gildan, musiqachi ohanglardan foydalanib obraz yaratadi. Adabiyotning asosiy quroli esa so‘zdir. Shoir-yozuvchi, ijodkor so‘z vositasida badiiylik yaratadi. Xader fikriga ko‘ra, she’riyat barcha til shakllari kabi muloqotdagi hodisadir28. She’riyat adabiyotning eng qadimiy shaklidir. Qadim zamonlarda odamlar yozma til haqida hech narsa bilmaganlarida, hikoyachidan eshitishgan. Hikoyachi ko‘p hikoyalarni xotirasiga tayangan holda so‘zlagan. She’riyat va adabiyotning boshqa shakllari o‘rtasida boshqa keskin farq yo‘q. Lourens Perrin shunday deydi: “She’riyat va boshqa adabiyot turlari o‘rtasidagi farq faqat bir darajadir”29. Ekspressiv ta’sirni kuchaytirish uchun shoirlar bir so‘z yoki bir xil o‘zakli so‘zlarning turli shakllarini takrorlashga murojaat qiladilar30. N.Patroyeva she’riyatda qo‘llaniladigan takrorlarniing vazifasini, matndagi o‘rnini to‘g‘ri izohlab beradi: ekspressiv, kompozitsion va ritm hosil qiluvchi funksiyalarni qo‘shimcha birikmalar bilan konstruksiyalar tomonidan yaratilgan takrorlar bajaradi31.
O‘zbek adabiyotshunosligida poetik sintaksis masalasi B.Sarimsoqov, T.Boboyev, D.Quvvatova, D.Tadjibayeva ishlarida o‘rganilgan. Taniqli olim B.Sarimsoqov bu nazariy masalaga alohida e’tibor qaratdi: “Poetik sintaksis masalalari o‘zbek adabiyotshunosligida juda zaif o‘rganilgan ilmiy sohadir. Holbuki, poetik nutq va uning shakllari, badiiy kechinmaning ifodalanishida ijodkorning mahorati nazariy poetikaning dolzarb muammolarini tashkil etadi. Chunki badiiy so‘z san’atida favqulodda poetik fikr kashfiyoti qanchalar muhim bo‘lsa, ana shu fikrni o‘ziga xos tarzda ifodalash ham shunchalar ahamiyatli. Mana shu ikki jihatning, boshqacha aytganda, shakl va mazmunning uyg‘unligi azal-azaldan adabiyot nazariyasida yetakchi mavzu sanalib keladi”32. Haqiqatan ham she’r tuzilishi masalasi hamisha adabiyotshunoslikning nazariy masalalaridan bo‘lib kelgan. Olim fikrlarini davom ettirib, yozadi: “Alisher Navoiy g‘azallarida apperseptiv o‘choq hisoblanmish baytda so‘z qo‘llash, poetik jumla tuzish, har bir poetik jumlaning bayt doirasidagi shakli va lirik kechinmani ifodalashdagi shoirning mahoratini kuzatish o‘ziga xos qiziqarli muammo. Chunki poetik sintaksis, ayniqsa, uning bayt doirasidagi inkishofi shoirning fikriy qamrovi va uni ifodalashdagi evfonik, ritmik va hissiy uyg‘unlik bevosita mahorat masalalari bilan aloqadordir. Demak, g‘azaldagi eng kichik apperseptiv o‘choq hisoblanmish baytning ham poetik sintaktik tabiatida juda ko‘plab usullar, poetik figuralar mavjud”33. Bunda adabiyotshunos baytda so‘z qo‘llash, poetik jumla qurishga alohida diqqat qaratadi.
Bu yo‘nalishdagi eng muhim tadqiqotlardan biri adabiyotshunos T.Boboyev qalamiga mansub. U poetik sintaksisni o‘zbek adabiyotshunosligiga tatbiq etgan, unga ta’rif bergan va ichki ko‘rinishlarini tasnif etgan. Jumladan, olim poetik sintaksisga quyidagicha ta’rif bergan: “Ma’lumki, tilshunoslikda sintaksis gap qurilishi, gapda so‘zlarning tartibi haqida bahs yuritsa, poetik (she’riy nutqda) sintaksis esa she’r misralari, baytlari va bandlaridagi jumla qurilishi va ularda gap bo‘laklarining tartibi haqida fikr yuritish bilan shug‘ullanadi. She’riy nutqda, xususan, she’riy jumla qurish, so‘z tanlash va ularni gap qurilishida mohirona ishlatish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Poeziyada jumla qurilishi, eng avvalo, g‘oyatda ixcham va siqiqligi, serma’noligi bilan tavsiflanadi”34. Darhaqiqat, she’riyatda jumla qurilishi, so‘zni mahorat bilan qo‘llash poetik sintaksisning talabi hisoblanadi. D.Quvvatova esa I.Otamurod va A.Mahkam dostonlaridagi sukut, ellipsis, anafora singari unsurlarning badiiy vazifalarini ko‘rsatib beradi. Olima yozadi: “I.Otamurodning 90-yillarda yaratgan “Yobondagi yolg‘iz daraxt”, “Tag‘azzul”, “Ichkari...Tashqari...”, “Xaritaga tushmagan joy” singari dostonlarida ellipsis ifoda uslubi muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, “Ichkari...Tashqari...” dostonida so‘zlar nihoyatda tejab ishlatilgan. Shu asosda shoir, avvalo, kompozitsion ixchamlikka hamda o‘ziga xos ohangdorlikka erisha olgan. Qolaversa, bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan hayotiy, ruhiy manzaralarni yaxlit ko‘rinishda sodda qilib tasvirlash imkoniyatini qo‘lga kiritgan”35. Yoki boshqa bir o‘rinda olima fikrlarini davom ettirib, yozadi: “Sukut davr dostonchiligida falsafiylikni kuchaytirishga xizmat qilgan poetik sintaksis vositalaridan biridir. Ikrom Otamurod dostonlari tuyg‘uni belgilar vositasida ifodalash shoirning deyarli barcha dostonlarida kuzatiladi”36. Shu asosda D.Quvvatova poetik sintaksis unsurlaridan ellipsis, anafora, sukut kabilarni dostonlardagi badiiy vazifalarini ochib bergan. D.Tadjibayeva zamonaviy o‘zbek she’riyatini tahlil qilish davomida individual uslubni belgilash maqsadida poetik sintaksis masalasiga ham e’tibor qaratgan37.
2. Adabiyot nazariyalari va muayyan davr she’riyati, muayyan shoirlar ijodi o‘rganilgan tadqiqotlarda poetik sintaksisga oid qarashlar ifodasi. Binobarin: “She’riy ijod – obraz yaratishdir. Poetik til – obrazlar tili. Evfoniya va ritm she’riy ilhom mevalarini o‘rab turgan go‘zal kiyimdir. She’riy nutqning tovush tuzilishini evfonik vositalar: qofiya, alliteratsiya, assonans va onomatopiya sohasi tashkil etadi”38. Sh.Voloskiy sintaksisni skeletga qiyoslaydi, she’r tuzilishidagi unsurlarni esa evfonik vositalar deb ataydi. Uning fikricha, skelet to‘ldirilsa yangi, hayajonli poetik nutq hosil bo‘ladi”39.
I.Kovtunovagacha bo‘lgan tadqiqotlarda poetik sintaksis unsurlari haqida fikr yuritilgan, lekin ular yaxlit tizimga solinmagan. Jumladan, rus adabiyotshunosi A.Kvyatkovskiy deyarli barcha poetik sintaksis unsurlariga e’tibor qaratadi. Uning fikricha: “Anafora (yunoncha αναφορά. – boshida qo‘yish – qo‘shni misralar yoki baytlar boshida o‘zaro bog‘liq tovushlar, so‘zlar, sintaktik yoki ritmik konstruksiyalarning takrorlanishidan iborat stilistik qurilma”dir40. U tovush, leksik, sintaktik, strofik, strofik-sintaktik, ritmik, pauza anafora kabilarni ajratadi.
F.M.Golovenchenkoning yozishicha: “Badiiy asarlar tilining ekspressivligi va emotsionalligiga nafaqat so‘z tanlash, balki ularning boshqa so‘zlar bilan qo‘shilib kelishi orqali erishiladi. Poetik nutq so‘zlarni qayta tartibga solishdan, urg‘u va intonatsiyaning o‘zgarishidan, nutqni tezlashtirish va sekinlashtirishdan, undov yoki so‘roq shaklini kiritishdan boshqa xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Badiiy asarda gap, so‘z birikmasi qurilishi bilan bog‘liq barcha shakllar figuralar deyiladi. Ushbu shakllarning ko‘rib chiqilishi ko‘pincha she’riy sintaksis deb ataladi”41. Ko‘rinadiki, rus olimi o‘tgan asrning 60-yillaridayoq she’r tuzilishi masalasiga e’tibor qaratib, she’riy sintaksis terminini qo‘llagan. She’r qurilishini tashkil etuvchi qismlarni esa figuralar deydi. U fikrlarini davom ettirib yozadi: “Troplar singari, figuralar ham nutqning oddiy bezaklari emas, ular muhim, turli psixologik holatlarni bildiradi. Kishi hayajonlanganda, quvonch, qayg‘u yoki g‘azab tuyg‘ulariga to‘lganida, uning nutqi g‘ayrioddiy bo‘lib qoladi. U o‘zining sokinligini yo‘qotadi, tuzilishi o‘zgaradi: iboralar qisqaradi, ba’zi so‘zlar talaffuz qilinmaydi, boshqalari takrorlanadi”42. Zero, she’rda ifoda topuvchi shu unsurlar uning sintaksisini – tuzilishini tashkil etadi.
V.M.Jirmunskiyning yozishicha, so‘zlar jumlalarga birlashtiriladi; sintaksis gap va uning qismlarini, gapdagi so‘zlarning joylashishini, gaplarning bir-biri bilan bog‘lanishini va hokazolarni o‘rganadi. Poetika uchun sintaksisning ahamiyati katta. Pushkin she’rlarida sintaktik parallelizm, inversiya va boshqalarning qo‘llanishi, Fet yoki Balmontning impressionistik lirikasida fe’lsiz jumlalar, undov va so‘roqdan foydalanish hissiy bo‘yoqdorlikka xizmat qilgan. Olim shularga nisbatan “poetik sintaksis” terminini qo‘llaydi43.
Rus olimi Ye.V.Stepanov fikricha: “Anafora lirik-falsafiy asarning ritmik-evfonik tuzilishiga urg‘u beradi, uning semantikasini billurlashtiradi, misralarni bog‘laydi va aslida, she’rni she’rga aylantiradi”44. U anaforani she’rdagi fikrlarni birlashtirishi, yaxlitlashtirishini inobatga olib, “yagona yurak”ka tenglashtiradi.
Nazariyotchi olim V.Tomashevskiy: “Anafora tuzilmalarini o‘rganayotganda takroriy so‘z o‘z ma’nosini qanchalik saqlab qolganligiga e’tibor qaratish lozim” 45, – deb yozadi. Ko‘rinadiki, anafora she’riyatga xos poetik unsur. Uning yordamida poetik fikr aniqlashtiriladi, emotsionallik ta’minlanadi hamda stilistik vazifa bajariladi. Yoki olimning fikricha: “Elliptik shakllar odatda so‘zlashuv shakllaridir. Ular iboraga muayyan ixchamlik, alohida ifodalilik, ixchamlik, energiya beradi. Ellipsis – so‘zlashuv nutqining o‘ziga xos xususiyati, lekin har doim ham emas. Og‘zaki nutqqa e’tibor bermasdan yozma nutqda ellipsis paydo boladi”46. Darhaqiqat, ellipsis orqali poetik nutqda ham fikr ixchamligiga erishish mumkin.
Inversiya ham poetik sintaksisning o‘zgartiruvchi figuralariga kiradi. Aslida bu she’rning muhim xususiyatidir. V.Tomashevskiy inversiya haqida fikr yuritar ekan, odatdagi so‘z tartibining o‘zgarishini inversiya deydi. Uning fikricha, ko‘p holatlarda ikki yonma-yon kelgan so‘zning o‘rni almashtiriladi. Masalan, aniqlovchi sifatdoshdan oldin qoyiladi47.
O‘zbek adabiyotshunosligida ham poetik sintaksis masalasi yaxlit ishlanmagan. Biroq adabiyot nazariyasi masalalari o‘rganilgan umumiy yo‘nalishdagi ishlarda, she’rshunoslikka oid ishlarda bu masalaga e’tibor qaratilgan. Adabiyotshunos M.Q.Baqoyevaning yozishicha: “She’riyat boshqa uslub va janrlar ichida eng jonlisi va ta’sirchan bo‘lganligi, shuningdek, u qofiya, misra, band kabi tartibga soluvchi unsurlarga ega bo‘lganligi tufayli, tabiiyki, undagi gaplarda so‘z tartibi nasrga qaraganda ko‘p va antiqa o‘zgarishlarga uchrab turadi. Sintaktik uslubiy vositalar ham nazmda nasrdagidan ko‘ra ko‘proq qo‘llanib, ular she’r ritmini tashkil etishda, uning ifoda kuchini oshirishda, eng muhimi, uning g‘oya va mazmunini kitobxonning his-tuyg‘ulariga kerakli ta’sirni o‘tkazishda ishtirok etadi. Uslubiy inversiya, ajratilgan bo‘laklar, takrorlar, sintaktik parallelizm, xiazm (teskari parallelizm), ritorik savollar kabi sintaktik vositalar ingliz tilidagi she’riy asarlarda ham, o‘zbek nazmida ham ko‘plab uchraydi”48. Ko‘rinadiki, M.Q.Baqoyeva ham uslubiy inversiya, ajratilgan bo‘laklar, takrorlar, sintaktik parallelizm, xiazm (teskari parallelizm), ritorik so‘roq kabilarni sintaktik uslubiy vositalar sifatida talqin etgan.
S.Sultonsaidova, O‘.Sharipovalarning yozishicha: “Sintaktik figuralar nutqni ohangdor, ta’sirchan va jozibali qilish uchun ishlatiladi. Asosan, tinglovchining tushunishiga osonlik yaratadi. Shu jihatdan ular nutq musiqasi deb yuritiladi. Ular quyidagi nomlar bilan ma’lum: anafora, epifora, kompozitsion bog‘lanish, takror, sintaktik parallelizm, antiteza, gradatsiya, ritorik so‘roq”49. Ko‘rinadiki, o‘zbek tilshunosligida poetik sintaksis ma’nosida sintaktik figuralar termini ishlatilgan.
Adabiyotshunos F.M.Xajiyeva poetik sintaksis unsurlarini sintaktik-stilistik vositalar50, deya nomlaydi.
Poetik sintaksis bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar tahlili asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling