Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
2008 yil, 29 iyun, Boston.
Boston oteligacha yaqin, juda yaqin qoldi. Bu vaqt ichida qattiq asabiylashganidan Ellaning fikrlari tamoman chalkashib ketdi. Mehmonxonaning kutish joyiga kirganida, yaponiyalik turistlar yurganini ko'rdi - devorlardagi rasmlarni go'yo diqqat bilan kuzatayotganday, aslida esa - atrofdagi odamlarning ko'ziga tashlanmaslik uchun - u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Lekin qiziquvchanligi uni tezgina engdi. Ko'zlarini devordan olgan zahoti, u o'zini kuzatib turganini ko'rdi. U, barcha tugmalari taqilgan xaki (mosh) rangidagi ko'ylak va velvet shim kiygan edi. U ikki kun soqol olmagan ko'rinadi, lekin bu unga yarashgan edi. Qizg'ish-qo'ng'ir jingalak sochlari yashil ko'zlari ustiga tushib turar, bu esa unga o'ziga ishonganlik bilan birga, ajablanarlisi, sho'xchan tus berib turardi. Qotmadan kelgan va ozg'in, engil va navdadek egiluvchan bu odam buyurtma berib tiktiriladigan qimmatbaho kiyimlardagi Devidning butkul aksi edi. Ella uning nutqida o'zini maftun etgan shotlandcha talaffuz borligini sezdi, boz ustiga kulgusi samimiy edi. U quvonchi va hayajonini yashirmas edi. Shunda Ellaning ko'nglidan, «u bilan birga o'tirib, bir finjondan qahva ichsa, buning nimasi yomon?» degan xayol o'tdi. Keyinroq esa bu bir finjon qanday qilib bir qancha finjonga aylanib ketganini, nima uchun u barmoqlarini o'pa boshlaganini va nima uchun o'zi uni to'xtatmaganini ham eslay olmadi. Biroz vaqtdan keyin esa hech nimaning ahamiyati yo'q bo'lib qoldi. U gapirar, Ella esa uning lablari atrofidagi chuqurchalardan kuz uzmay, agar men uni o'psam qanday bo'larkin, degan xayolda unga quloq solib o'tirardi. Soat o'n bir yarim bo'ldi. U faqat yozgan elektron xatlarida o'zi haqida ma'lumot bergan, yozgan romanidan boshqa hech nimani bilmaydigan erkak bilan otelda o'tirar edi. - Demak, jurnal topshirig'i bilan bu yerga keldingmi? - so'radi Ella. - Aslida seni deb keldim, - dedi Aziz. - Xatingni oldim-u, seni juda ko'rgim keldi. Ella hali qaytish uchun vaqt borligini tushunib turardi. Ma'lum muddatgacha oralaridagi munosabatni faqat do'stona-virtual xatlar, telefondagi gaplashishlardangina iborat qilib ko'rsatib turish mumkin edi. Birozgina noz- karashma qilgan bo'lsa nima bo'lipti? Ha, buni to'xtatish mumkin edi. Toki Aziz: «Ella, mening nomerimga chiqishga qarshi emasmisan?» deb so'ramagunicha bu mumkin edi. Agar bu o'yin bo'lgan bo'lsa, ular ikkisi ham bu o'yinni shunga qadar o'ynashdi. Lekin bu savoldan keyin hammasi o'z o'rnini topdi, go'yo bu savol har ikkisi ham bilib turgan, lekin tan olmaslikka urinayotgan haqiqatni ochib qo'ygan edi. Ellaning hushi boshidan uchdi, sarosimaga tushdi, lekin rozi bo'ldi. U hayotda hech qachon bunchalik tez qaror qabul qilmagan edi; lekin bu taqdirdan ekanini anglab turardi. Olti yuz sakkizinchi nomer qora, qizil va novvotranglarda chiroyli bejalgan edi. Xona keng va iliq edi. Ella oxirgi marta qachon otelda bo'lganini eslashga urindi. Eri va bolalari bilan ancha ilgari Monrealga borgani esiga tushib ketdi. Undan keyin esa yozni Rodosda, o'z uylarida o'tkazadigan bo'lishgan edi, har kuni sochiqlarni almashtiradigan, kimdir begona odam ovqat pishiradigan joylarda yurishga hojat qolmagan edi. Otel nomerida Ella o'zini begona yurtda bo'lib qolganday his etardi. Balki, chindan ham shunday bo'lsa kerak. Seni hech kim bilmaydigan va sen ham hech kimni bilmaydigan joydagina bo'lishi mumkin bo'lgan erkinlikdan zavqlanish hissini u aynan shu yerda tuymayaptimi, axir. Ella xonaga kirgan zahoti asabiylashmay qo'ydi. Endi hech nimaning ahamiyati ham qolmagan edi, zero xona markazida qirollarnikiday hajmli karavot turardi. Karavot yonida Ella o'zini noqulay sezar va aybdorlik hissini tuyardi. U hozir o'ziga-o'zi berishi ham keraksiz bo'lgan, hech qanday natija bermaydigan savollarni berishga qarshi kurash olib borardi. Ular shuncha tez qovushadilarmi? Shunday bo'lishi kerakmi o'zi? Agar shunday bo'lsa, erining ko'zlariga qanday qaraydi? Devid o'zining sanoqsiz yurishlaridan keyin uning yuziga qaramagan. Aziz uning qomati haqida qanday xayollarga borarkan? Unga men yoqmasam-chi? Endi bolalar haqida o'ylashim mumkinmikin? Nima bo'lsa ham, ular hozir nima qilishayotgan ekan, uxlashayotganmikin? Yo televizor ko'rishayotganmikin? Agar ular uning hozir qiladigan ishini bilsalar, kechirarmikinlar? Uning holatini tushungan Aziz Ellaning qo'ltig'idan oldi va karavotdan uzoq, burchakda turgan kresloga o'tqazib qo'ydi. - Tinchlan, - shivirladi u. - Hozir boshingda ovozlar haddan tashqari ko'p. Ovozlar guvullayapti. - Afsuski, biz ancha ilgari bir-birimizni uchratmagan ekanmiz, - o'z ovozini eshitdi Ella. - Hech nima haddan ziyod erta yoki haddan ziyod kech bo'lmaydi, - e'tiroz bildirdi Aziz. - Barcha hodisalar o'z vaqtida sodir bo'ladi. - Sen rostdan bunga ishonasanmi? Aziz jilmaydi va peshonasidagi sochlarini nari qilish uchun boshini silkitdi. Keyin jomadon ochib, Gvatemalada sotib olgan ro'molni, ichida feruzarang marjoy va aylanuvchi kumushrang darvishlar tasviri tushirilgan qizil rangli dumaloq marjonlari bor kichkina qutichani oldi. Ella Azizga marjonni bo'yniga taqib qo'yishi uchun izn berdi. Uning barmoqlari tekkan joydagi terisi bilan ularning iliqligini sezdi. - Sen meni seva olasanmi? - Men allaqachon seni sevaman, - dedi jilmayib Aziz. - Lekin sen meni sira bilmaysan-ku! - Seni sevish uchun men seni bilishim kerak ham emas. Ella xo'rsindi: - Bu telbalik. Aziz qo'llarini uzatdi va Ellaning sochlaridagi to'g'nog'ichlarni sug'urib oldi, keyin mehr bilan uni etaklab borib, karavotga o'tqazdi, sochlarini ohista silay boshladi. Shu alfozda u tinmay nimalarnidir pichirlar edi. Ella birdan tushundi: u duo o'qiyotgan edi. Ella hech qachon bundan yuksak ruhiyatni his etmagan edi. Ularning harakatlarida sezgiga tegishli hech nima yo'q edi, shunga qaramay u o'z hayotida bundan ehtirosliroq tuyg'uni boshidan kechirmagan edi. Kaftlari, qo'llari, elkalari, butun vujudi qandaydir noma'lum quvvatga to'lib borardi. Ella o'zini xuddi to'lqinlanib turgan qorong'u suvda suzib yurgandek his etardi va undan faqatgina ikki narsa talab qilinardi: taslim bo'lish va tabassum qilish. Oldin Ella uning vujudi atrofida, keyin o'z vujudi atrofida allanechuk jonli jarayon borligini his etdi, go'yo ikkisi ham cho'milayotgan edilar. Ella ko'zlarini yumib oldi va to'lqinlanib turgan suvda, biron narsani tutib turishga ham harakat qilmasdan suzib ketdi. Oldinda sharshara kelishi tayin, lekin u to'xtamoqchi emas. Hayot quvonchi neligini his etgan Ella telbalarcha shod edi. Va u ayni shu erkakni seva olishini, juda qattiq seva olishini angladi. Shuni anglarkan, Azizni quchoqladi va uni o'ziga tortdi. Lekin Aziz ko'zlarini ochdi, uning burnidan o'pib qo'ydi va nari surildi. - Sen meni xohlamayapsanmi? - o'z ovozi qanchalar zaif chiqqanidan hayron bo'lgancha so'radi Ella. - Men sening keyinchalik o'zingni o'zing jazolab yuradigan hech nima qilishni istamayman. Ella bu gapdan keyin, bir tomondan, yig'lagisi keldi, ikkinchi tomondan - u juda mamnun bo'ldi. Yuragini allaqanday nurli tuyg'u to'ldirgan edi. U xijolatda edi, lekin nimagaligini tushunmasa ham, o'z xijolatidan lazzatlanardi. Soat tungi bir yarimlarda Ella Bostondagi o'z uyining eshigini ochdi. U oilaviy karavotda yotishni istamay, divanga o'rin solib yotdi. Buni u eri bu joyda boshqa ayollar bilan yotgani uchun emas, shunday qilish to'g'ri bo'ladi deb qildi: bu uy oteldagi nomer kabi Ellaniki emas edi, Ella bu erda mehmon edi, xolos. Uning haqiqiy «men»i uni qayerdadir boshqa yoqda kutardi. Shams Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling