- N.P. Dubinin va S. Rayt tajribalarga asoslanib, populyatsiyalarda hamma vaqt Xardi- Vaynberg qonuni tasdiqlanavermasligini, kichik populyatsiyalarda u yoki bu allelning konsentratsiyasi bir qancha bo`g`in mobaynida o`zgarishi mumkinligini isbotlab berdilar. Populyatsiya qancha kichik bo`lsa, u holda geterozigota formalarning o`zaro uchrashishi va gomozigota formalar hosil bo`lishi ham shuncha tezlashadi. Populyatsiyada organizmlar soni ko`p bo`lsa, aksincha geterozigota formalarning o`zaro uchrashishi va gomozigota formalar paydo bo`lishi kamayadi. Odatda, populyatsiyalardagi o`zgarishlarga ta’sir etuvchi faktorlar ichida tabiiy tanlanish eng muhimi hisoblanadi. Organizmlar soni kam bo`lgan populyatsiyalarda, odatda, tabiiy tanlanish zararli o`zgarishlarga ega formalarni bartaraf etib, foydali o`zgarishlarga ega formalarning ko`payishiga tezroq imkon tug`diradi. Shu bilan bir qatorda, kichik populyatsiyalarda genotiplarning tasodifiy saqlanish imkoniyati ham tug`iladi. Populyatsiyalarda organizmlar soni kam bo`lganda, qandaydir tasodifiy hodisa tufayli bir xil mutatsiyalarga ega formalar saqlanishi, ikkinchi xil mutatsiyali formalar qirilib ketishi mumkin. Populyatsiyalarning keyingi bo`g`inlarida saqlangan formalar son jihatdan ortadi va oqibatda populyatsiya genofondidagi genlar konsentratsiyasi o`zgaradi. Tasodifiy hodisalar natijasida populyatsiyada genlar konsentratsiyasining o`zgarishi genetik-avtomatik jarayon yoki genlar dreyfi deb ataladi. Bu jarayon turg`un yoki tasodifiy bo`ladi.
- Tabiatda bo`g`indan-bo`g`inga o`tgan sari individlar soni o`zgarmay, turg`un holatda saqlanadigan birorta ham tur, populyatsiya yo`q. Ko`pchilik tur va populyatsiyalarda organizmlar soni ko`p yoki kam me’yorda o`zgarib turadi. Chunonchi, mart qo`ng`izi, chivin, sichqonlar soni turli yillarda bir necha million nisbatda ko`payishi yoki kamayishi kuzatilgan. Tur yoki populyatsiyaga mansub organizmlar soni har xil sabablarga ko`ra o`zgaradi. Ba’zan abiotik omillarning noqulayligi (hasharotlar, amfibiyalar, reptiliyalar uchun sovuq sharoit), o`txo`r hayvonlar esa yirtqichlarning ta’siri tufayli son jihatdan turli yillarda turlicha bo`ladi (1-rasm).
- Tur yoki populyatsiyada bo`g`indan-bo`g`inga o`tgan sari organizmlar sonining o`zgarib turishi «hayot to`lqini» yoki «populyatsiya to`lqini» deb ataladi. Tur yoki populyatsiyaga mansub organizmlarning son jihatdan o`zgarib turishining aniq sabablari turli-tumandir. Ular muhitning biotik va abiotik omillariga taaluqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |