- Har bir turga mansub polulyatsiyalar tabiatda to`lig`icha bir-biridan alohidalashmagan. Shu sababli bir populyatsiyadagi organizmlarning o`z makonidan chiqib, ko`chib yurishi tabiiy bir hol. Tirik organizmlarning ko`chishi iborasi ekologiyada ham, evolyutsion nazariyada ham keng qo`llaniladi. Ekologiyada tirik organizmlarning ko`chishi haqida fikr yuritilganda, uning evolyutsion jarayonga ko`rsatadigan ta’siri e’tiborga olinmaydi.
- Organizmlarning ko`chib yurishi kundalik, mavsumiy bo`ladi. Umurtqali hayvonlar, bo`g`imoyoqlilarning yuksak darajada rivojlangan vakillari oziq topish uchun doim harakatda bo`ladi. Baliqlar, qushlarda yashash uchun qulay sharoit topish maqsadida har yili mavsumiy ko`chish kuzatiladi. Yuksak hayvonlar ayrim individlar, suvda o`troq hayot kechiruvchi individlarning esa harakatchan lichinkalari, yuksak o`simliklar changi va urug`i, tuban o`simliklar, zamburug`lar sporalari yordamida joydan-joyga ko`chadi.
- Evolyutsion nazariyada tirik organizmlarning ko`chishi keng ma’noda, ya’ni bir populyatsiyadagi organizmlarning o`z makonidan tashqariga chiqib, boshqa populyatsiyaga mansub organizmlar bilan chatishishi natijasida, genofondining o`zgarishi, hatto yangi tur kelib chiqishi uchun asos bo`lishi tushuniladi. Organizmlarning ko`chishi tufayli populyatsiya genofondining o`zgarishi genlar oqimi va genlar introgressiyasi yo`nalishida boradi.
Alohidalanish (izolyatsiya) evolyutsiya jarayonining dastlabki omili - Evolyutsiya jarayonida alohidalanish— izolyatsiya organizmlarning osonlik bilan chatishishini bartaraf etishga, populyatsiyalar va turlarga mansub organizmlardagi farqning ko`payishi va mustahkamlanishiga qaratilgan. Farqlarning mustahkamlanishi esa o`z navbatida yangi individlarning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko`rsatadi. Tabiatda alohidalanishning xilma-xil formalari va ko`rinishlari mavjud. Avvalo, alohidalanish o`z tabiatiga ko`ra 2 gruppaga: territorial, ya’ni geografik va biologik alohidalanishga bo`linishini aytib o`tish kerak. Odatda, territorial, ya’ni geografik. alohidalanish deyilganda, populyatsiyaga mansub organizmlarning turli to`siqlar tufayli alohidalanishi tushuniladi. Quruqlikda tarqalgan bir turga mansub organizmlarning suv to`sig`i— daryolar, dengizlar yoki suv muhitida tarqalgan organizmlarning quruqlik to`sig`i, tekislikda tarqalgan turlarning esa baland tog`lar tufayli alohidalanishini territorial alohidalanishga misol qilib ko`rsatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |