Falsafiy ta


Uyg‘onish davri falsafasi


Download 38.36 Kb.
bet9/11
Sana06.05.2023
Hajmi38.36 Kb.
#1435430
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
3. Falsafiy tafakkur bosqichlari, G\'arb falsafasi

Uyg‘onish davri falsafasi. Nikolay Kuzanskiy Uyg‘onish davri naturfalsafasining va dialektikasining asoschisi. Uning falsafasida Xudo borlig‘i (mohiyati) haqidagi ta’limot markaziy o‘rinni egallaydi. Kuzanskiy Xudoni o‘rta asrga xos ortodoksal sxolastik talqin qilishdan chekinib, panteizmga yaqinroq g‘oyani ilgari suradi va Xudo shaxssiz(dipersonizatsiya)lashtiradi. Xudo “o‘zgacha”, “borliq-imkoniyat”, “o‘zi imkoniyat”, eng muhimi “absolyut maksimum” kabi cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. Uning ta’kidlashicha, Xudoning o‘zi turli qarama-qarshiliklardan iborat. Uning vujudida qarama-qarshiliklar yuzaga kelishining muhim shart-sharoitlaridan biri uning o‘zida mavjud bo‘lgan mutlaq maksimallikdir. Bundan tashqari Xudo bo‘linmasligi bilan ham o‘zidagi mutlaq maksimallikni namoyon qiladi. Xudo o‘zida turli qarama-qarshiliklar birligini mujassamlashtiradi. Xudo vujudida turli qarama-qarshiliklar birligining mujassam bo‘lishi mutlaq maksimallik va mutlaq minimalliklar birligining ifodasidir.
Bundan quyidagilarni xulosa qilish mumkin. Birinchidan, Xudo olamdagi hamma narsada namoyon bo‘ladi. Shuning uchun Xudoni olamdan tashqarida deb o‘ylash noto‘g‘ri. Ikkinchidan, Xudo sabab va oqibat birligidir, ya’ni uning o‘zi ham yaratuvchi, ham yaraluvchidir. Uchinchidan, olamda ko‘zga ko‘rinadigan narsalarning mohiyati ham Xudoga borib taqaladi, ya’ni olamdagi barcha narsalar, hodisalar, voqealar Xudo bilan bog‘liq. Bunday holat olamning birligidan dalolat beradi. Kreatsionizm, ya’ni Xudoning erkin xohishi bilan bir lahzada narsalarning yaratilishi tamoyili inkor qilinadi.
Kuzanskiyning panteistik va dialektik g‘oyalari uning kosmologik va naturfalsafa qarashlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Chunonchi, Xudo tabiatida cheksiz imkoniyatlar mavjudligini nazarda tutib, koinotning makonda cheksizligi g‘oyasini ilgari surdi. “...Olam mashinasi hamma yerda o‘z markaziga ega, biroq biror yerda o‘z nihoyasiga ega emas, chunki uning markazi va nihoyasi Xudodir. Xudo esa, hamma yerda mavjud va hech qaerda mavjud emas.”1
Uyg‘onish davrining yirik tabiatshunos olim va faylasuflaridan yana biri – “G‘oyalarning soyasi”, “Kukun ustidagi bazm”, “Ibtido va yagonalik, sabab haqida”, “Koinot va olam, cheksizlik haqida”, “Tantana qilgan hayvonning quvilishi”, “Pegasning siri, killen.. ......ilovasi bilan” kabi falsafiy asarlar muallifi italiyalik Jordano Brunodir.
Naturfalsafa va kosmologiya sohasida Bruno bir qator g‘oyalarni ilgari surdiki, ular ma’lum darajada o‘rta asr ilohiyotchiligi va sxolastikasi tamoyillariga zid edi. Bruno koinot cheksiz-chegarasiz, uning na boshi, na oxiri bor, degan fikrni isbotlash uchun Xudo cheksiz qudratga ega, shuning uchun ham u hech qachon chegarasi va oxiri bor narsalarni yaratmaydi, degan dalildan foydalandi. Brunoning ta’kidlashicha, ilohiy qudrat emas, balki o‘sha zamon astronomiya va fizikasida qilingan eng yangi kashfiyotlardir, birinchi navbatda Kuzanskiy va Kopernik ta’limotidir. Koinotda mavjud bo‘lgan turli sayyoralar, xatto osmon yoritgichlari o‘rtasida ham aloqadorlik va o‘zaro ta’sir bor. Markaz hamma joyda bo‘lishi ham, o‘z navbatida bo‘lmasligi ham mumkin. Son-sanoqsiz dunyolarga ichki harakat berib turgan manba vazifasini ilohiy qudrat emas, balki universal dunyoviy jon bajaradi. Bruno ta’kidlashicha, borliqning asosida monada deb nomlanuvchi eng kichik zarracha yotadi. Uch xil monada mavjud: ontologik ma’noda borliqning kichik, minimal darajadagi substansiyasi, ham jismoniy, ham ruhiy ibtidosi tushuniladi. Fizika nuqtai-nazaridan monada atomni ifodalaydi. Matematika borasida u nuqtani anglatadi.
Eng yuqori substansiya deganda “monadalar monadasi”, ya’ni Xudo tushuniladi.
Bruno dialektik g‘oyalarni bayon etib, substansiya bir-biriga yaqin, bir-biriga o‘xshash ichki qarama-qarshiliklarning manbaidir, deydi. Ular esa, biri ikkinchisi bilan bog‘liq, biri ikkinchisiga mos tushadi. Bundan, hamma narsalar mohiyatiga ko‘ra bir-biriga mos tushadi, degan xulosa chiqadi. Chunonchi, to‘g‘ri chiziq aylanaga, markaz chekkalarga, shakl materiyaga, erkinlik zaruriyatga, sub’ektivlik ob’ektivlikka o‘xshaydi.
Hamma qarama-qarshiliklar bitta bo‘linmas nuqtaga – “monadalar monadasi”ga, ya’ni Xudoga borib taqaladi.
Brunoning falsafiy, tabiiy-ilmiy g‘oyalari o‘rta asr sxolastik dunyoqarashiga zarba berdi. Uning panteizmi mumtoz Uyg‘onish davri an’analari chegarasidan chiqib ketdi. Uyg‘onish davri falsafasining antropotsentrik xususiyati, o‘sha davrda shakllangan ijtimoiy nazariyalariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Ushbu davr falsafasining ilohiyot ta’siridan holi bo‘lishi jamiyat, davlat va huquq muammolariga yangicha nuqtai-nazardan qarash imkonini berdi. Uyg‘onish davri mutafakkirlari davlatning mohiyati va genezisini din aqidalariga asoslanib emas, balki inson manfaatlari va ehtiyojlariga asoslanib talqin qilishga intildilar.
Bu g‘oyalarni Uyg‘onish davrida ilgari surgan mutafakkirlar Nikkolo de Bernardo Makiavelli (1469-1527) va Jan Bodel (1530-1596) lardir. Ular ta’limotining asosiy g‘oyasi – adolatli barpo qilish. Adolatli jamiyat qurish g‘oyasi shakllanishining ikkinchi bosqichi ijtimoiy tenglik barqaror bo‘lgan jamiyatning idealini yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu g‘oyaning asoschilari Tomas Mor (1478-1535) va Tommazo Kampanella (1568-1639) lardir.
Ma’lumki, XVII asr oxiri va XVIII asrda bir talay G‘arbiy Ovro‘pa mamlakatlari, xususan, Gollandiya, Angliya, Fransiya kapitalistik taraqqiyot yo‘liga o‘tdi. Kapitalistik taraqqiyot tajribaviy bilimlarga ehtiyojni yanada oshirib yubordi. Bu esa moddiy olamdagi narsa va hodisalarni chuqur o‘rganish, tabiat qonunlarini bilish zaruriyatini tug‘dirdi. Shunday sharoitda falsafa insonning amaliy hayoti va faoliyati uchun zarur bo‘lgan ob’ektiv haqiqatni ochib beruvchi fan deb qarala boshlaydi. O‘rta asr falsafasi foydalanib kelgan umumnazariy qoidalar va uslublar noto‘g‘ri, kishilarni adashtiruvchi ta’limot deb e’lon qilinadi va tadqiqotning yangi usullarini, haqiqatni bilishning yangi yo‘llarini yaratish masalasi ko‘ndalang qilib qo‘yiladi.
Ana shu olijanob ishga bel bog‘lagan faylasuflardan biri F.Bekon (1561-1626) bo‘ldi. U falsafaning asosiy masalasi bilishning yangi ilmiy uslubini yaratishdir deb chiqdi; Shu munosabat bilan Bekon fanning predmeti va vazifasini qayta ko‘rib chiqadi. Bekon fikricha, ilmiy bilishning maqsadi - insoniyatga foyda keltirishdir, Shundagina u o‘z vazifasini oqlaydi. Barcha fanlarning vazifasi insonning tabiat ustidan hukmronligini mumkin qadar ko‘proq ta’minlashdir, deydi mutafakkir. Bilim - bu kuchdir degan shior ham F.Bekonga mansubdir. Bekonning buyuk xizmati shundaki, u ilmiy bilishning tajribaga asoslangan uslubini ishlab chikdi. Uning fikricha, fanning xulosalari faqat rad etib bo‘lmaydigan dalillardan kelib chiqishi kerak. Bekon tomonidan qo‘llangan induktiv usul kuzatish, analiz qilish, taqqoslash va eksperimentga asoslanadi. Lekin tajribada ishonchli bilimga erishish uchun inson o‘z ongidagi zararli sharlalardan ozod bo‘lishi lozim. Ularni Bekon «urug‘ sharpasi», «g‘or sharpasi», «bozor sharpasi», va «teatr sharpasi» deb ataydi.
Urug‘ sharpasi — bu kishilik urug‘iga tegishli bo‘lib, uning natijasida odamlar o‘zlarining sub’ektiv xususiyatlarini tabiat predmetlarining xususiyati deb qaraydilar.
G‘or sharpasi — bu kishilarning olam to‘g‘risidagi noto‘g‘ri tushunchasidir.
Bozor sharpasi — bu ko‘p tarqalgan so‘zlarni noto‘g‘ri ishlatish natijasida vujudga kelgan tushunchalardir.
Teatr sharpasi — hurmatli kishilarning aytganlariga ko‘r-ko‘rona amal qilishdir.
Bekon insonni qurshab turgan moddiy dunyo turli-tumanligini va uni bilish ham cheksiz ekanligini qayd etadi.
Agar Bekon ilmiy bilishning tajribaga asoslangan induktiv uslubini ishlab chiqib, fanga katta hissa qo‘shgan bo‘lsa, uning zamondoshi fransuz mutafakkiri R.Dekart (1596-1650) esa, aksincha, ilmiy bilishning deduktiv uslubiga o‘z e’tiborini qaratadi. Dekart dunyoni bilishda birinchi o‘ringa aqlni qo‘yadi. Buni uning, «men fikrlar ekanman, men mavjudman» degan mashhur so‘zlari tasdiqlaydi. Dekart fikricha, falsafaning birinchi masalasi - bu ishonchli bilimga olib boradigan uslub masalasidir. Uni ishlab chiqishni Dekart o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi. Dekart ishlab chiqqan ilmiy bilishning deduktiv uslubi analitik yoki ratsionalistik ham deb ataladi. Dekartning deduktiv uslubi quyidagilarni talab etadi: 1) Haqiqat deb faqat aql nuqtai-nazaridan aniq, ravshan va shubhasiz bo‘lgan xulosalarni qabul qilish; 2) har bir murakkab muammolarni tarkibiy qismlarga bo‘lib o‘rganish; 3) bilish jarayonida ma’lum va isbot qilingandan noma’lum va isbot qilinmaganga borish; 4) tadqiqot mantiqiy halqalaridan birortasini ham tushirib qoldirmaslikdir.
Dekart bilishning bu uslubini qo‘llash farovon hayot uchun kishilarga katta imkoniyatlar yaratib berishiga hech shubha qilmadi. Biroq Dekartning aql kuchiga tayangan bilishning deduktiv uslubi uning «tug‘ma g‘oyalar»ni tan olishga olib keldi. Bu tajriba orqali olingan g‘oyalar emas, balki odam tug‘ilishi bilan uning miyasida oldindan bo‘lgan g‘oyalardir. Unga xudo g‘oyasi, sonlar va shakllar g‘oyasi, shuningdek, ayrim umumiy tushunchalar kiradi. Dekart ularni umumiy va zaruriy bilimning sharti sifatida qaraydi. Bu esa uning ilmiy deduktiv bilish uslubiga rahna solib turadi.
Buni e’tiborga olmaganda, Dekart Bekon singari falsafaning ilmiy masalalarini ishlab chiqishda o‘z davrida katta yutuqlarga erishdi. Lekin shuni ham aytib o‘tish lozimki, Bekon va Dekart tomonidan yaratilgan bilishning har ikki uslubini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish yoki ularning har birining ahamiyatini kamsitish noto‘g‘ri bo‘lur edi. Yangi davr falsafiy fikrida o‘rtaga qo‘yilgan muhim muammolardan biri — substansiya masalasi edi.
Shu davrda bu masalaning turlicha yechimini ko‘ramiz. Masalan, Dekart ruhiy va moddiy subrtansiya mavjudligini ko‘rsatdi. Ruhiy substansiyaning eng muhim belgisi bo‘linmaslik bo‘lsa, aksincha, moddiy substansiyaning belgisi uning cheksiz bo‘linuvchanligidir. Ruhiy substansiyaning asosiy atributlari — bu tafakkur va ko‘lamlilikdir. Uning qolgan atributlari — tasavvur, hissiylik, xohish, fikrlash moduslari bo‘lsa, moddiy substansiyaning atributlari bu shakl, xolat, harakat va tortiluvchanlikdir.
Shunday qilib, Dekart substansiya masalasini dualistik mavqedan turib hal qiladi.
Gollandiyalik faylasuf B.Spinoza (1632-1977) Dekart dualizmiga materialistik monizmni qarshi qo‘yadi, ya’ni ruhiylik va moddiylikni yagona bir substansiya sifatida talqin etadi. U ongimizdan tashqarida ob’ektiv ravishda mavjud bo‘lgan, sababchi kuchga muhtoj bo‘lmagan va o‘ziga-o‘zi sababchi bo‘lgan yagona moddiy substansiyani e’tirof etadi. Biroq Spinozaning substansiya haqidagi bu fikri panteistik tabiatga ega. Chunki u xudoni moddiy dunyoga qorishtirib yuboradi va tabiatni o‘zini o‘zi yaratuvchi xudo deb ataydi.
Shu davrning yirik mutafakkirlaridan biri G.Leybnis (1646-1716) hisoblanadi. U o‘zining substansiyalarning ko‘p xilligi haqidagi ta’limotini o‘rtaga qo‘yadi. Leybnis fikricha, substansiyalar juda xilma-xildir. Ularni Leybnis monadalar deb ataydi. Leybnis ta’limoticha, monadalar oddiy bo‘lib, ular qismlarga bo‘linmaydi. Bu bilan Leybnis monadalar moddiylik xususiyatiga ega emasligini, shuning uchun unga ko‘lamlik yot ekanligini ta’kidlaydi. Faqat moddiy narsalargina ko‘lamlikka ega bo‘lib, bo‘laklarga bo‘linadi. Shuning uchun ko‘lamlik emas, faoliyat monadalarning xususiyatidir. Faoliyat nima, degan savolga Leybnis, ko‘lamlik bilan izohlab bo‘lmaydigan tasavvur, idrok, intilishga o‘xshash ruhiy narsadir, deydi. Uni Leybnis oddiy substansiyalarning asosiy xususiyati deb ataydi.
Agar monadalarga sezgilar xos bo‘lsa, ular jonlar deb ataladi. Monadalarga aql xos bo‘lsa, ular ruhlar deb ataladi, deydi Leybnis. Leybnis fikricha, monadalar o‘z faoliyatlarini aniq va ravshan ifodalanish darajasiga qarab bir-birlaridan farq qiladilar. Onglilik va aqllilik monadalar qanchalik taraqqiy etganligi darajasini bildiruvchi mezon hisoblanadi.
Yangi davr falsafasida XVIII asr fransuz mutafakkirlarining qarashlari alohida diqqatga sazovordir. XVIII asr fransuz falsafasining asosiy va killari P.Golbax (1723—1789), D.Didro (1713-1784), K.Gelvesiy (1715-1771), J.Lametri (1709—1751) hisoblanadi. Ularning ta’limoticha, hamma narsalar - materiyadir. Materiya mayda molekula va atom zarrachalaridan tashkil topgan. Atomlar esa - materiyaning bir xildagi bo‘linmas, mayda zarrachalaridan iboratdir. XVIII asr fransuz faylasuflarining yutuqlaridan biri shuki, ular harakatni materiyaning ajralmas xususiyati, deb ta’kidladilar. Biroq ular harakatni tushunishda mexanistik darajadan yuqori ko‘tarila olmadilar. Harakat, ularcha, predmet yoki hodisalarning fazoda oddiy o‘rin almashuvidan iboratdir. Fransuz faylasuflari dunyoni bilish mumkinmi, degan savolga ham ijobiy javob berdilar. Ular o‘zlarining bilish nazariyalarida J.Lokkning sensualistik1 g‘oyalariga suyandilar. Ular bilish sezishdan iboratdir, sezishning manbai esa ob’ektiv reallikdir, deb uqdirdilar. Ssnsualizm — lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, sszgi, his, dsgan ma’noni bildiradi.
Fransuz faylasuflari bilish jarayonida aqlning rolini ham tan oladilar. Ularning fikricha, tafakkur sezgilarni qo‘shish, yig‘ish, solishtirish qobiliyatidan iboratdir.
Fransuz faylasuflari ijtimoiy hodisalarni tushunishda ham bir qator yangi g‘oyalarni ilgari surdilar. Jumladan, ularning fikricha, kishi ijtimoiy muhitning mahsuli, ijtimoiy muhit qanday bo‘lsa, kishi ham shunday bo‘ladi. Ular inson, uning manfaati, baxti, erki masalalariga ham e’tiborni qaratdilar. Fransuz faylasuflarining fikricha, baxtga intilish kishi xulq-atvorining tabiiy asosidir. Bo‘lajak jamiyatning asosiy vazifasi hamma kishilarni adolatli ravishda baxt huquqi bilan ta’minlashdir. Fransuz faylasuflari o‘z davrlari uchun ilg‘or bo‘lgan «ijtimoiy shartnoma» nazariyalarini ilgari surdilar. Bu nazariya davlat va jamiyatning kelib chiqish sababini tabiiy zaruriyat asosida tushuntiradi. Shularga ko‘ra, ularning ijtimoiy-siyosiy qarashlari falsafiy fikr taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Nemis klassik falsafasining asoschisi I.Kant (1724-1804) o‘z zamonasining dolzarb nazariy muammolari bilan shug‘ullangan olimdir. Kant dialektika g‘oyalarini qayta tiklagan mutafakkirdir. Kant faqat falsafaga emas, balki umuman fan taraqqiyotiga ulkan hissa ko‘shdi. Kantning Quyosh sistemasi katta gaz tumanligidan kelib chiqqanligi to‘g‘risidagi gipotezasi hozirgi paytgacha falakiyot fanidagi fundamental ilmiy g‘oyalardan hisoblanadi. Kant o‘z zamonidagi tabiyotshunoslikning prinsiplarini faqat koinotning tuzilishiga emas, balki uning tarixiga, ya’ni kelib chiqishi va rivojlanishiga tatbiq etishga ham urindi. Bu uning «Osmonning umumiy tabiiy tarixi va nazariyasi» kitobida o‘zining yaqqol ifodasini topdi. Kant o‘zining tabiiy-ilmiy qarashlari bilan tabiatni metafizik tarzda tushunishga chek qo‘ydi.
Kant fikricha, falsafaning borliq, axloq va din kabi muammolari bilan shug‘ullanishdan avval insonning bilish imkoniyatlari va uning chegaralarini aniqlab olish lozim. Shundan kelib chiqqan holda Kant kishini o‘rab turgan tashqi dunyodagi narsalarni ikkiga bo‘ladi. Biri — o‘z-o‘zicha mavjud bo‘lgan narsalar dunyosi, ikkinchisi - bizning sezgilarimiz aks ettirgan narsalar, hodisalardir. Kant ta’limoticha, biz dunyoni qanday mavjud bo‘lsa, shundayligicha bila olmaymiz, balki uning ifodalanishini bilamiz xolos. Kishilar «narsa o‘zida»ning mohiyatini bila olmaydi, ular hodisalarnigina biladi. Kant fikricha, hodisalar dunyosi tartibsiz, u hech qanday qonuniyat va zaruriyatga bo‘ysunmaydi. Inson bilish jarayonida hodisalar dunyosiga tartib kiritadi, uni ma’lum bir vaqt va makon bilan bog‘lab o‘rganadi.
Kantning falsafadagi xizmati shundaki, u dialektik yuyalar masalasini ko‘ndalang qilib qo‘ydi, oqilona fikrga dialektika xos ekanligini yaxshi tushundi.
Nemis klassik falsafasining eng yirik vakili G.F.Gegel edi. Gegel ta’limoticha, barcha mavjud narsalarning asosida «mutloq g‘oya»ning (u mutloq ruh ham deb ataladi) rivoji yotadi. Dastlabki paytda mutloq g‘oya «sof borliq» sifatida mavjud bo‘ladi. Keyinchalik u rivojlanib mazmun jihatdan biridan biri boy bo‘lgan tushunchalarni vujudga keltiradi. Mutloq g‘oya o‘zining butun mazmunini ifoda etmaguncha rivojlanib boraveradi. Mana shu rivojlanish jarayonida mutloq g‘oya tabiatni keltirib chiqaradi va moddiy narsalar tarzida namoyon bo‘ladi. Mutloq g‘oya ning tabiat tarzida ko‘rinishidan avval mexanik hodisalar vujudga keladi, keyin kimyoviy birikmalar va nihoyat inson, jamiyat paydo bo‘ladi. Shundan keyin mutloq g‘oya o‘zi uchun begona bo‘lgan moddiy qobiqdan chiqib yana o‘zining avvalgi shaklida, ya’ni kishilarning ongi, tafakkuri shaklida yashaydi. Inson ongi rivojlangani sari g‘oya tobora moddiylikdan qutulib boradi. Pirovard natijada mutloq g‘oya o‘zining oldingi holatiga qaytadi. Endi u sof borliq holatda emas, balki o‘zining butun mazmunini ifoda etgan va anglangan borliq sifatida ko‘rinadi. Gegel o‘z falsafiy tizimini (sistemasini) yaratib mutloq g‘oya o‘zining boy mazmunini moddiy olam - tabiat va jamiyat sifatida ifoda etishini ko‘rsatar ekan, avvalo dunyo uzluksiz taraqqiyotda ekanligini qayd etadi. Ikkinchidan, mutloq g‘oyaning taraqqiyot jarayonini ochib berar ekan, mana shu jarayon qarama-qarshi tomonlarning kurashi orqali sodir bo‘lishini, bunda bir tushuncha ikkinchi tushuncha tomonidan inkor etilishini, o‘tilgan bosqich yanada yuqori darajada takrorlanishini ko‘rsatib bera Albatta, Gegel har doim ham o‘z dialektik tamoyillarini izchil ifoda eta olmadi. Bu ayniqsa Gegel dialektikani moddiy olamga qo‘llaganida yaqqol ko‘rinadi. Dialektik tafakkur uslubini va uning asosiy qonunlarini tadqiq etish bilan Gegel falsafiy fikr taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shdi.
Nemis klassik falsafasining so‘nggi vakili L.Feyerbax (1804-1872) hisoblanadi. U falsafadagi boshqa yo‘nalishga - materialistik yo‘nalishga mansubdir. Feyerbax Gegelning mutloq g‘oyasiga keskin qarshi chiqdi. U Gegelning mutloq g‘oyasi inson miyasidan yulib olingan va tabiatdan tashqari kuchga aylantirilgan inson aqlidan o‘zga narsa emasligini qayd etdi. Gegel falsafasi, Feyerbax fikricha, din bilan o‘zviy bog‘liqdir. Feyerbax fikricha, tafakkur insondan tashqarida, unga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lishi mumkin emas, chunki u moddiy narsa - inson miyasi faoliyati bilan bog‘liqdir, Shuning uchun, deydi Feyerbax, tafakkur, ong, ikkilamchidir, materiyaning, tabiatning mahsulidir.
Gegeldan farqli o‘laroq, Feyerbax dunyoning aso siga tabiatni va insonni qo‘yadi. Feyerbax ta’limoti antropologik tabiatga ega. Yangi falsafa insonni, shu jumladan, tabiatni falsafaning birdan-bir universal va oliy predmetiga aylantiradi, deydi Feyerbax.
Antropologik prinsipga sodiq bo‘lgan Feyerbax borliq va tafakkur masaasini hal qilishda inson tabiatning bir qismi bo‘lishi bilan birga, u avvalombor, ijtimoiy mavjudot, tarixiy taraqqiyotning mevasi ekanligini, insonning onggi ijtimoiy munosabatlar bilan, hayot sharoiti bilan belgilanishini unutib qo‘ydi.

Download 38.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling