Muallif: Sardor Ali
Yetmish yillik urush: Isroil-Falastin urushining nihoyasi bormi?
23:48 / 14.11.2018
60283
Foto: Blick
Hozirgi kunda Falastin muammosining yechimi 1948 yildagiga nisbatan birmuncha muammolidek ko‘rinmoqda. Aynan o‘shanda Isroil davlati tashkil topgani e'lon qilingan va Arab-Isroil urushi boshlangandi.
O‘tgan 70 yil davomida o‘n minglab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan bu nizo goh susayib, goh avj oladi, ammo hech qachon butkul to‘xtamaydi. Falastin jangarilari G‘azo sektoridan turib Isroil shaharlariga raketa zarbalari beradi, TsAXAL (Isroil mudofaa armiyasi) namoyishchilarni o‘ldiradi – bularning bari bugungi kunda, rasman jangovar harakatlar olib borilmayotgan vaqtda bo‘lib o‘tmoqda. AQSh, Rossiya, BMT har doimgidek bu holatdan tashvish bildiradi, maslahatlashuvlar o‘tkazadi, ammo Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroga barham berilmaydi.
Ular nega bir-birlarini bunchalik yomon ko‘rishadi? Nima uchun butun dunyo bu nizoning barchani qanoatlantiradigan yechimini topolmaydi? Nima uchun bu ikki xalq maydoni 25 ming kvadrat kilometr bo‘lgan, quyosh nuridan jizg‘anak yerni talashib kelmoqda?
Yeri bo‘lmagan xalq
Quddus. XX asr boshlari
Falastindagi yahudiy podshohligi eramizning I asrida Rim imperiyasi zarbalari ostida qulagan: o‘shandan buyon bu hududning xo‘jayinlari bir necha bor almashgan. Ammo Yevropa davlatlari bo‘ylab tarqalib ketgan yahudiylar bu yerni qaytishlari zarur bo‘lgan muqaddas vatan deb hisoblab kelishgan.
Avstro-vengriyalik jurnalist va yahudiy davlatini tashkil etish tashabbuskori bo‘lgan Teodor Gertslning (1860 — 1904) eslashicha, «Dreyfus ishi» vaqtida (sotqinlikda nohaq ayblangan fransuz armiyasining yahudiy ofitseri) yuzlab fransuzlar «Yahudiylarga o‘lim!» deya hayqirishgan. Rossiya va Sharqiy Yevropada yahudiylarga qarshi hujumlar boshlangan, Germaniya va Avstriyada antisemit ruhidagi risolalar bitilgan.
Gertsl boshqa bunday davom etishi mumkin emas, yahudiylar o‘z davlatlariga ega bo‘lishlari zarur degan fikrga keladi. U 1896 yilda «Yahudiy davlati» nomli risolasini yozadi. Unda Gertsl yahudiylarga Falastinda o‘z davlatlariga ega bo‘lishlari uchun jahon hamjamiyatini yordam berishga chaqiradi. Bir yildan so‘ng u Jahon sionistik tashkilotiga asos soladi. Sionizm yahudiylarning tarixiy vatanlariga qaytishi va u yerda o‘z davlatini tashkil etish mafkurasidir.
Asta-sekin, lekin sobitqadamlik bilan yahudiylarning Falastinga ko‘chishlari o‘sib boradi: ularga Yevropadagi boy yahudiylar (Rotshildlar, Monteofiorlar) yordam beradi, Falastindan yer sotib olish uchun pul yig‘ib berishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |