6-bob. Shartnoma, import kontrakti va/yoki qo‘shimcha kelishuv loyihasini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olishni rad etish
36. Quyidagilar shartnoma, import kontrakti va/yoki qo‘shimcha kelishuv loyihasini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
agar import kontrakti loyihasi bo‘yicha to‘lov imtiyozli soliq tartibini taqdim etadigan va/yoki moliyaviy operatsiyalarni o‘tkazishda axborot oshkor etilishi va berilishini nazarda tutmaydigan davlatlarda yoki hududlarda (offshor zonalarida) ro‘yxatga olingan norezident foydasiga, shuningdek, offshor zonalarida joylashgan banklardagi norezidentlarning hisobraqamlariga o‘tkaziladigan bo‘lsa;
buyurtmachi ekspertiza o‘tkazish va/yoki ro‘yxatga olish uchun zarur hujjatlarni to‘liq hajmda taqdim etmaganligi;
buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonarsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjudligi;
xarid tartib-taomillari jarayonining buzilishi;
shartnoma/import kontrakti/qo‘shimcha kelishuv loyihasini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olishga ariza berilgan paytda aynan bir xil tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida hosil bo‘lgan konyunktura va o‘rtacha bozor narxi darajasiga nisbatan xarid qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining oshirib yuborilganligi;
taqdim etilgan hujjatlarning mazkur Nizom talablari va shartlariga muvofiq emasligi.
Shartnoma, import kontrakti va/yoki ularga qo‘shimcha kelishuv Markazning e’tirozlarini hisobga olmagan holda imzolangan va amalga oshirilgan taqdirda buyurtmachining mansabdor shaxslari ular yuzasidan qabul qilingan qarorlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
37. Buyurtmachi shartnoma, import kontrakti va/yoki qo‘shimcha kelishuv loyihasini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olishni rad qilgan taqdirda, to‘langan summa qaytarib berilmaydi.
38. Rad etish to‘g‘risidagi bildirishnoma buyurtmachiga rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda yozma (elektron) shaklda, shu jumladan Markazning elektron axborot platformasi orqali elektron ko‘rinishda yuboriladi.
39. Buyurtmachi rad etishga asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etgandan so‘ng shartnoma, import kontrakti va/yoki qo‘shimcha kelishuv loyihasini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish uchun takroran kiritadi.
40. Rad etishga asos bo‘lgan sabablar buyurtmachi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, ekspertiza va ro‘yxatga olish Markaz tomonidan shartnoma, import kontrakti va/yoki qo‘shimcha kelishuv loyihasi hamda rad etish sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan boshlab ko‘pi bilan besh ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
41. Takroran taqdim etilgan hujjatlar Markazning e’tirozli xulosasi olingan kundan boshlab olti oy ichida kiritilgan taqdirda, shartnoma, import kontrakti va/yoki qo‘shimcha kelishuv loyihasini takroran ko‘rib chiqish uchun haq undirilmaydi.
Takroran taqdim etilgan hujjatlar Markazning e’tirozli xulosasi olingan kundan boshlab olti oy muddat o‘tgandan so‘ng kiritilgan taqdirda, shartnoma, import kontrakti va/yoki qo‘shimcha kelishuv loyihasini takroran ko‘rib chiqish uchun yangi hujjat ekspertizasiga belgilangan miqdorda haq undiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |