Islom ensiklopediyasi
Download 5.13 Kb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi 261 SANUSIYLAR - shim. afrikalik so’fiylik tariqati tarafdorlari. Sanusiya tariqatiga 1837 y.da Makkada jazoirlik Muhammad ibn Ali Sanusiy asos solgan. Tariqatning markazi Kirenaika (Liviyaning g‘arbiy viloyati) ga ko‘chgandan keyin uning faoliyati kengaydi. S.ning asosiy maskani Jagbubda, keyinchalik Kufra vodiysida bo‘lgan. Sanusiy o‘z targ‘ibotida izchil e’tiqodli ulamolarni ham, Misr va Turkiya diniy islohchilarini ham tanqid qildi, Yevropa ta’sirining tarqalishiga qarshi chiqdi, "ilk islom sofligiga" qaytishga chaqirdi. Sanusiy qarashlarining shakllanishiga vahhobiylar qarashlari hamda so’fiylik g‘oyalari katta ta’sir ko‘rsatdi. S. mustamlakachilikka qarshi kurashda faol ishtirok etdi, ayni vaqtda tariqat rahbarlari ko‘pincha mustamlakachilar bilan ham hamkorlik qilib turdi. Liviya mustaqillikka erishgandan keyin (1951) tariqatning rahbari Muhammad Idris Sanusiy qirollik taxtini egalladi. 1969 y. inqilobida uning hokimiyati ag‘darilgandan keyin S.ning ta’siri bir muncha pasaydi. SARAXSIY, Abu Hafs Umar ibn Muhammad ash-Sheroziy as-Saraxsiy (1058-1135) - mufassir, muhaddis va faqih. Saraxs viloyatidagi Sheroz qishlog‘ida tug‘ilgan. Marvda yashagan va Abul Muzaffar Sam’oniyning shogirdi bo‘lgan. S. fiqhdaga ixtiloflarga doir Zta asar yozgan. Umrining oxirida kambag‘allarga dars berib, Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘lgan. Marvdagi Sijdon qabristoniga dafn etilgan. SARAXSIY, Abul Abbos Muhammad ibn Abdurrahmon ad-Dog‘uliy as-Saraxsiy (? - 975 yoki 999) - shofi’iylikdagi mashhur muhaddis, imom va faqih. Saraxsda tug‘ilgan. Buxoro va Nishopurda hadislardan ta’lim olgan, Saraxsda va’zlar o‘qigan. Sam’oniyning ma’lumotiga ko‘ra birinchi bo‘lib shofi’iylikni Saraxsda targ‘ib etgan. Iroqda bo‘lgan. Movarounnahr va Xurosonda uning 8 shogirdi, Iroq va Marvda 3 ta ustozi borligi qayd etilgan. "Al-Mu’jam" hadislar to‘plami muallifi. SAFAVIYA - so’fiy-darvishlik tariqati. 13-a. oxirida Eron Ozarbayjonida paydo bo‘lgan. Asoschisi - shayx Safiy ud-din Ishoq (1252-1334). S. dastlab o‘z tarafdorlarini hukmdor- larning jabr-zulmlaridan himoya qiladigan diniy jamoa sifatida shakllangan. 15-a.da S. rahbarlari Ardabil hukmdorlariga, S. esa ular hokimiyatining tayanchiga aylandi. Qizilboshlar S. shayxlarining harbiy tayanchi bo‘lgan. S. tarafdorlari shialikdan mafkuraviy kurol sifatida foydalangan. 1499 y. Ismoil I (1487-1524) boshchiligida S. tarafdorlarining Oq Qo‘yunli davlatiga qarshi harakatlari g‘alaba qilgandan so‘ng safaviylar davlati (1502-1736 yillar) tashkil topdi, shialik bu davlatning rasmiy dini deb e’lon qilindi. Safaviylar davlati tarkibiga Ozarbayjon, Armanistonning bir qismi, Eron, hozirgi Afg‘oniston (Balx viloyatidan tashqari), Iroq Arabistoni (vaqt-vaqti bilan) va b. kirgan edi. Bu davlat Usmonli turk imperiyasi va o‘zbek xonlari bilan uzluksiz urush olib borgan. SAFVON al-JUMAHIY, Abu Vahb Safvon ibn Umayya ibn Xalaf ibn Vahba al-Jumahiy al-Qurayshiy al-Makkiy (? - 661) -sahobalardan. Johiliyatda ham, islomda ham quraysh qabilasining ulug‘laridan edi. Makka fathidan so‘ng islomga kirgan. Yarmuk g‘azotida qatnashgan. Makkada vafot etgan. 13 ta hadis rivoyat qilgan. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 262 SAFIYA bint HUYAY, Safiya bint Huyay ibn Axtab al-Xazrajiyya (? - 670) - Rasululloh (sav)ning xotinlaridan biri. Johiliyat davrida zodagon oilada tarbiya topgan. Madina axlidan bo‘lib, yahudiy diniga kirgan. Yahudiy qabilasidan bo‘lmish Bani Qurayzalik Sallom ibn Mishkami unga uylangan, keyin undan ajralib, Kinona ibn ar-Rabiga turmushga chiqqan. Kinona Haybar jangida halok bo‘lgan. Undan so‘ng Rasululloh uni o‘z nikoxdariga olganlar. 10 ta hadis rivoyat qilgan. Madinada vafot etgan. SA’D ibn ABU VAQQOS, to‘liq ismi Molik ibn Vahb ibn Abdumanof al-Qurayshiy Zahriy (taxm. 590-674) - sahoba, makkalik ilk musulmonlardan. Asharai Mubashsharadan, Muhammad (sav)ning qo‘riqchilaridan biri. Quraysh qabilasidan, Rasuli Akramning onalari Omina kabi Bani Zahra urug‘idan bo‘lgan. Madinaga ko‘chib borgan muhojirlardan. Rasululohning barcha g‘azovatlarida qatnashib, u kishining hurmatlariga sazovor bo‘lgan. Royat jasur, mard inson, mohir mergan hisoblangan. Uhud jangida Rasuli Akramning yonlarida turib jang qilgan Sa’d mingdan ortiq o‘q otgan. Eronga yuborilgan qo‘shinga lashkarboshi etib tayinlangan. Unga shuhrat keltirgan Qodisiya jangvda (636y.) Rustam boshchiligidaga 40 ming kishilik fors qo‘shinlari yengilgan. So‘ng Madoin (Ktesifon) sh.ni hujum bilan olgan va Sosoniy shoxlarining behisob xazinalarini qo‘lga kiritgan. Ma’lum muddat Eron va Iroq noibi bo‘lgan. Umar (ra) zamonida (638 y.) Kufa sh.ni qurgan. Usmon (ra)ning fojiali o‘limidan so‘ng biror ishga qo‘shilmagan, xalifalikka da’vogarlik qilmagan. Jamal va Siffin janglarida ishtirok etmagan. Muoviya huzuriga chaqirtirilganda bormagan. Madina tashqarisidaga uyida 84 yoshvda vafot etgan. Vasiyatiga binoan, Badr jangida kiygan va 55 y.dan beri asrab kelgani - jundan to‘qilgan bir jubbasi bilan kafanlangan. SA’Y - Safo va Marva tepaliklari orasida chopish, umra va haj marosimlari shartlaridan biri. S. tavofdan so‘ng bajariladi. S. taxminlarga ko‘ra, Safo va Marva tepaliklarida turgan Isofa va No’ila ma’budlariga sajda qilishning mustaqil marosimi bo‘lgan. Musulmon an’anasida S.ning kelib chiqishi haqida bir necha fikrlar bor. Shulardan biriga ko‘ra, nomi zikr etilgan tepaliklar Odamato va Momohavoning dam olish joylari bo‘lgan ekan, shuning xotirasi sharafiga S. bajo etiladi. Boshqa bir fikrga binoan Ibrohim (as) S.ni bajo etib Allohga ibodat qilish marosimini ado etgan. Uning yo‘liga Iblis turib olgan va Ibrohim (as) qochishga majbur bo‘lgan. Hojar va uning o‘g‘li Ismoil (as)ning azob- uqubatlari haqidagi fikr eng ko‘p tarqalgan. Chanqoqlikdan nobud bo‘layotgan Ismoil (as)ni kutqarish uchun Hojar suv izlab yetti marta Safo va Marva oralig‘ida chopgan. Tavof qilgach, ziyoratchi Masjid al-Haromdan chiqib chap oyog‘i bilan qadam bosishni boshlab Safo tepaligiga ko‘tariladi, yuzini Ka’baga o‘giradi, Allohga iltijo qilib, o‘ziga shafqat qilishni va balo-qazolardan saqlashni so‘raydi, so‘ngra tepalik etagiga o‘rnatilgan ustun (mil)gacha pastga tushadi, u yerdan Marva etagidagai boshqa bir ustungacha chopadi, shundan keyin shu tepalikka ko‘tariladi. U yerda Ka’baga qarab duo o‘qiydi va Safoga qaytadi. S. yetti marta bajariladi. Agarda ziyoratchi "kichik haj" (umra)ni ado etayotgan bo‘lsa, unda S.dan so‘ng ehrom holatidan chiqadi. Agar umradan so‘ng haj qilinadigan bo‘lsa, ziyoratchi haj tugaguncha ehrom holatida qoladi. S. haj marosimining muhim sharti (rukn al-haj) hisoblanadi, uni bajarish vojibdir. Biroq S.ni bajarmaslik hajni bekor qilmaydi, kafforat uchun kurbonlik qilinsa bas. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 263 SAHIH (arab. ishonchli, to‘g‘ri) - eng ishonchli deb hisoblangan hadis nomi. O’rta asrlarda hadislarni to‘plash bilan shug‘ullangan muhaddislar ularni din nuqtai nazaridan haqiqiy va nohaqiqiylarini ajratish (ya’ni, kodifikatsiya qilish) bilan shug‘ullanib, hadislar asoslangan isnodni tekshirish yo‘li bilan sahih (ishonchli), hasan (yaxshi) va zaif (zaif, kuchsiz)dan iborat uch toifaga bo‘lgan, ulardan sahixlarni to‘plam qilganlar. Shu munosabat bilan ba’zi to‘plamlarning nomi ham S. deb atalgan (mas., "S. i Buxoriy", "S. i Muslim"). S. hadis deb: uning sanadi to oxirgi muhaddisga qadar o‘rtada uzilib qolmagan, sanadning biror tabaqasidagi roviyning ma’naviy nuqsoni bo‘lmagan (kar, soqov, duduq yoki akd zaiflik, yoki yolg‘on gapirib qo‘yishlik kabi illatlar bo‘lmagan), sanadning biror tabaqasida roviy yolg‘izlanib qolmagan va barcha sanaddagi roviylarning ishonchliligi elga mashhur bo‘lgan kishilarning rivoyatiga aytiladi. "SAHIHI BUXORIY" (asl nomi "al-Jomi’ as-sahih" - "Ishonchli to‘plam") - oltita ishonchli hadis to‘plamidan biri. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy tuzgan. Islom dini tarixiga oid eng mukammal manbalardan hisoblanadi. To‘plamga Muhammad (sav) va uning sahobalari haqidagi hadislardan tashqari islom huquqshunosligi (fiqh), marosimchiligi hamda o‘sha davr tarixi va etnografiyasiga oid hadislar ham kiritilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoriy 600 mingga yaqin hadislarni to‘plab, ulardan faqat 7250 tasini "ishonchli" deb hisoblab kitobiga kiritgan. "S. B." keyinchalik musulmonlar orasida katta obro‘ qozongan va musulmon mamlakatlarida ko‘plab nashr etilgan. Toshkentda Imom Buxoriyning "al-Jomi’ as-sahih" asari to‘rt jildda (1-jild - 1991, 2-jild - 1996, 3-jild - 1994, 4-jild - 1992), 2-nashri esa 1997 y.da chop qilindi. "SAHIHI MUSLIM" - oltita ishonchli hadis to‘plamidan biri, Abul-Husayn Muslim ibn Hajjoj al-Kushayriy an-Naysoburiyning shoh asari. Imom Buxoriyning "Sahih"idan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. To‘plamga muallif o‘zi yig‘ib yod olgan 300 mingta hadisdan 12 mingtasini tanlab kiritgan. Buning uchun u 15 yil umrini sarflagan. Imom Muslim o‘z ishiga o‘zi baho berib: "Mabodo, Yer yuzidagi olimlar 200 yil hadis yozsalar ham shu mening to‘gshamimdagi hadislardan oshirib yoza olmagan bo‘lur edilar" - degan. Shunday bo‘lsa ham ba’zi munaqqid ulamolar to‘plamdagi 132 ta hadisning sahihligida shubha borligani bayon etib tanqid qilganlar. Tanqid qilingan hadislar ichida Imom Buxoriy to‘plamida ham rivoyat etilgan bir xil mazmundaga 32 ta hadis bor. Ibn Hajar al-Asqaloniy bu hadislarni oqlab Imom Buxoriy "Sahihi"ga yozgan sharhida javob aytgan. "SAHIHI TERMIZIY", "Sunani Termiziy"- oltita ishonchli hadis to‘plamidan biri. Abu Iso Muhammad Termiziy yozgan. "Al-jomi’ as-sahih" ("Ishonarli to‘plam"), al-Jomi’ ul- kabir" ("Katta to‘plam") nomlari bilan ham yuritiladi. "S.T." Imom Termiziyning 20 yil davomida o‘zga yurtlarda hadislarni o‘rganib, yig‘ib, so‘ng ustozi va zamondoshi Imom Buxoriy bilan maslahatlashib yig‘gan to‘plamidir. U tartibi eng ixchamligi, takrori eng ozliga bilan ajralib turadi. Unda boshqa hadis kitoblarida uchramaydigan xususiyatlar bor. Chunonchi, har bir bobning hadisi zikr qilingandan keyin, xuddi shu bobga tegishli hadis rivoyat qilganlarning ismlari sanab o‘tiladi; fiqhiy masalalarda faqihlarning fikr- karashlari zikr qilinadi; har bir hadisning ishonarlilik va zaiflik darajasi aniqab beriladi va "sahih" ustiga "hasan" belgasi ("juda sahih", "beshak sahih" ma’nosida) kiritiladi. "S.T." Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 264 kitobida Imomi A’zam mazhabi jihatlari e’tiborga olingan 6 jilddan iborat "S.T." 1- jildining o‘zbekcha tarjimasi 1999 y. Toshkentda nashr etildi. SAHOBALAR (yoxud as-sahoba, sohib -"tarafdor"ning ko‘pligi - ashob) - Muhammad (sav)ning safdoshlari, u zot bilan muloqotda bo‘lgan yoxud g‘azotlarida qatnashgan kishilar; keyinchalik Muhammad (sav)ni loaqal bir marotaba, garchi go‘daklik chog‘ida bo‘lsa ham ko‘rgan barcha kishilar S. deb atala boshlagan. S. Arabistondan tashqaridagi o‘lkalarni fath etishga kirishgan ilk musulmon qo‘shinining o‘zagini va eng sobit qadam, qatiyatli qismini tashkil etgan. S.ning oliy qatlamini muhojirlar va ansorlar tashkil qilgan; ular dastlabki xalifalarni saylashga ta’sir ko‘rsatganlar, ularni noiblik va oliy darajadagi lashkarboshilik mansablariga tayinlashgan. Xalifalikda S.ning imtiyozga ega ekanligi ularga to‘lanadigan katta maoshda (641-y.dan to‘lana boshlangan) ham ko‘ringan: - ularga yiliga 3-5 ming dirham to‘langan, xolbuki jangchilarning asosiy qismi faqat 300 dirhamga yaqin maosh olgan. S. erkaklarning umumiy mikdori Umar I davrida 10 ming kishini tashkil etgan. S.ning islom tarixidagi alohida ahamiyati shundaki, Muhammad (sav) vafot etganlaridan so‘ng, ular Rasululloh (sav)ning ta’limotlarini hammalari bir bo‘lib saqladilar, ularning Payg‘ambar (as) so‘zlari va ishlari haqidaga hikoyalari (hadislar), shuningdek, shaxsiy o‘rnaqlari va fikrlari islom axloqiy ta’limoti - sunnaning eng muhim tarkibiy qismini tashkil etdi. S.ga bo‘lgan hurmat, ehtirom keyinchalik ularning qabrlarini e’zozlashga va S.ning fazilatlari haqida asarlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Hadislarni to‘plash va isnoddarni tanqidiy tarzda tahdil etish zaruriyati 9-a.da hadis roviylarining tarjimai hollariga oid lug‘atlarni yaratilishiga sabab bo‘ldi, bu lug‘atlarda eng faxrli o‘rinni S. egalladi. Bunday lug‘atlar ichida eng yirigi Ibn Hajar al- Asqaloniy (15-a.)ning "al-Isoba fi tamyiz as-sahoba" lug‘ati Muhammad (sav) bilan aloqador bo‘lganligi qayd etilgan 12 mingdan ziyod shaxs ismlarini qamrab olgan. SEHR - g‘ayritabiiy kuchlarni bo‘ysundirib, ular yordamida mo’jizalar vujudga keltiruvchi xatti-harakat yoki duolar; afsun, jodu; shar’iy ta’rifi - g‘aroyib ishlarni qilishga qodir bo‘lish uchun malaka hosil qilishni o‘rgatadigan ilm. Qur’onda payg‘ambarlik S.ga qarama-qarshi qo‘yiladi va S. bilan shug‘ullanish gunoh hisoblanadi (20:69-72). Islom yuzaga kelishining dastlabki davrida Muhammad(sav)ning raqiblari uni sehrgar, targ‘ibotini sehrgarlik deb kamsitmoqchi bo‘ddi. Qur’onga ko‘ra, S. Alloh tomonidan Bobilda 2 farishta - Horut va Morutga yuborilgan (2:102). Bu farishtalar odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun S.dan foydalangan. Bu bilan haqiqiy bilimni Alloh berishi, S. esa, yolg‘on ekanligi ta’kidlanadi. Sehrgar turli uslublarni ishlatib, kishilarga ta’sir o‘tkazuvchi shaxsdir. Qur’oni karimda S. to‘g‘risida kelgan oyatda erkakni xotindan ajratuvchi ishlarni qilguvchilar ham sehrgar ekanligi aytilgan. Imom Nasoiy Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar (sav): "Kimki tugun tugab unga dam ursa, sehr qilgan bo‘ladi. Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi", deganlar. Qur’onda sehrgarlarning ishi kufr ekanligi aytilgan. Hanafiy ulamolar fikricha, sehrgarning tavbasi qabul qilinmaydi. Uni qatl qilish vojibdir. Uni tavba qilishga chorlab o‘tirilmaydi. Chunki, u jamiyatda fasod tarqatadi. Boshqa fiqhiy mazhablar ham shunga yaqin hukmlarni chiqarganlar. Ba’zi ulamolar, e’tiqodi mustahkam kishilardan ba’zilari odamlardan S.ni qaytarish uchungina uni o‘rganib qo‘ysa joiz, deganlar. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 265 SIDDIQ (arab. — "chin dildan tasdiq etib ishonuvchi") - tasavvufda payg‘ambarlikdan keyin turadigan eng yuqori valiylik martabasi. Bu martaba birinchi bo‘lib, xalifa Abu Bakr (ra)ga nasib bo‘lgan. Umuman siddiqlik martabasiga erishgan valiylar quyidagilardir: 1. Abu Bakr Siddiq. 2. Salmon al-Forisiy. 3. Qosim ibn Muhammad ibn Abu Bakr. 4. Ja’far as-Sodiq. 5. Boyazid Bistomiy. 6. Abulhasan Haraqoniy. 7. Shayx Abulqosim Gurgoniy. 8. Abu Ali Formadiy. 9. Shayx Abu Yusuf Hamadoniy. 10. Abdulholiq G’ijduvoniy. 11. Xoja Orif Revgariy. 12.Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy. 13. Xoja Azizon Romitaniy. 14. Xoja Muhammad Boboyi Samosiy. 15. Sayyid Amir Kulol. 16. Bahouddin Naqshband. 17. Mavlono Ya’kub Charxiy. 18. Xoja Ahror. 19. Muhammad Qoziy. SIYRA (arab. - hayot yo‘li, tarjimai hol) -Muhammad(sav) hayot yo‘lini bayon qilishga bag‘ishlangan, ilk islom davrida vujudga kelgan diniy-tarixiy asarlarning umumiy nomi. Dastlab Slar ko‘p bo‘lgan, ularning anchasi yo‘qolib ketgan. Ulardan Voqidiy (747- 823)ning "Kitob al-mag‘oziy" ("Harbiy yurishlar kitobi") va avvalgi S.larni umumlashtirgan Ibn Ishoq va Ibn Hishomning "Siyrat Rasul Alloh" ("Alloh elchisining hayot yo‘li") asarlari bizgacha yetib kelgan. S.lar ilk islom tarixini tadqiq qilishda asosiy manba hisoblanadi. SILSILA (arab. - zanjir, halqa) -tasavvufda tariqat mashoyixlarining ikki xil nisbiy bog‘lanishlari: 1) har bir shayx o‘z piri (shayxi, murshidi)ning ustozi, ustozining ustozi va ular ajdodlarini birma-bir to Muhammad(sav)ga qadar nomma-nom bayon qilishi; 2) har bir shayx o‘z ota-bobolari (etti pushti) kimlar bo‘lgani va qaysi mashhur zotga borib taqalishini isbotlab beradigan shajara. S. pir va murid o‘rtasidagi barqaror munosabatga asoslanib, 12-a. oxiri va 13-a. o‘rtalarida so’fiylik tariqatlarining tashkiliy tuzilishi rivojlanishi bilan mustahkamlandi. Hadislardagi isnod tizimi ham S.ga bevosita ta’sir o‘tkazgan. SIROT (arab. - yo‘l) - islom manbalarida Sirotul Mustaqim - qiyomat kuni jahannam uzra tortilgan qilko‘prik; fors va turkiyzabon xalqlarda Pulsirot ("Sirot ko‘prigi") deb yuritiladi. Diniy manbalarga ko‘ra, jannatga eltuvchi yagona yo‘l mazkur ("soch tolasidan yupqa, shamshirdan o‘tkir") Pulsirot bo‘lib har bir banda undan yurib o‘tishga majbur etiladi. Ba’zilar chaqmoq uchqunidek tez, ba’zilar uchkur otdek, ba’zilar sekinroq o‘tsa, ba’zilar qulab jahannamga ravona bo‘ladi. SIFAT - ilk marta mutaziliylar tomonidan "ilohiy atributlar" (sifatlarni) anglatish uchun qo‘llanilgan termin. Kalom rivojlanishining dastlabki bosqichlarida S.ning ekvivalenti bo‘lib, ma’oniy ("ahamiyatlar", "ma’nolar", "g‘oyalar") termini xizmat qilgan. Ba’zi mutakallimlar (Jubba’iy, Boqilloniy, Juvayniy va Faxriddin ar-Roziy) S. termini o‘rniga ahvol ("holatlar") terminini ishlatishgan, shu tufayli ularni ashob al-ahvol ("holat tarafdorlari") deb atashgan. SIFATIYLAR, as-Sifatiya - "ilohiy sifatlar" (sifat Alloh yoki as-sifat)ni e’tirof etuvchilarning umumiy nomi. "As-Sifat" terminini bu ma’noda dastlab mu’taziliylar "nu’ut" termini o‘rniga muomalaga kiritganlar. Mu’taziliylar Allohning sifatlari va Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 266 mohiyati haqidagi masalani musulmon ilohiyotining bosh aqidasiga aylantirganlar. Allohning yagonaligidan kelib chiqqan holda mu’taziliylar "ilohiy sifatlar"ni mustaqil mavjudligini inkor etganlar, ular faqat Uning mohiyatining oddiy ko‘rinishi xolos, mohiyati bilan bu xususiyatlar bo‘linmas yaxlitlikni tashkil qiladi, deb hisoblaganlar. S.dan ba’zilari "ilohiy sifatlar"ni maxluklar sifati bilan tenglashtirgan, shuning uchun ularni mushabbihiylar (inson qiyofasiga o‘xshatuvchilar) deb atashgan. Boshqa birlari "ilohiy sifatlar"ni g‘oya, "ilohiy substantsiya"da mavjud bo‘lgan moddiy bo‘lmagan reallik deb hisoblashgan. SIFFIN JANGI - Yuqori Mesopotamiyada, Frot daryosining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Siffin mavzesida xalifa Ali (kv) qo‘shini bilan Shom (Suriya) hokimi Muoviya qo‘shini o‘rtasida sodir bo‘lgan jang (657 y. yozi). To‘qnashuvga 656 y. uchinchi xalifa Usmon (ra) o‘ldirilishi munosabati bilan Ali (kv) va Muoviya tarafdorlari o‘rtasidagi keskin qarama-qarshiliklar sabab bo‘lgan. Marhum xalifaning yaqin qarindoshi bo‘lgan Muoviya xalifalik taxtini egallagan Ali (kv)dan aybdor jinoyatchilarni topshirishni talab qilgan. Muoviyaning janjalni hakamlik sudi yordamida tinch yo‘l bilan hal qilish haqidagi taklifini Ali (kv) qabul qilishi bilan jang to‘xtatilgan. Sudda Muoviya vakili Ali (kv)ning taxtdan voz kechishiga roziligani olishga erishgan. Ali (kv) qo‘shinining bir qismi uni g‘alabani qo‘ldan boy berganlikda ayblab, qo‘shinni tark etgan. Bu guruh xorijiylar harakatini boshlab bergan. SOBI’IYLAR (yoki as-Sobi’a), as-Sobi’un - ahl ul-kitob va ahl uz-zimma kategoriyalaridan biri, dindorlar bilan majusiylar orasidagi mavqeni egallagan va shu tufayli musulmon jamoasining "homiyliga"dan foydalangan diniy jamoa. Qur’onda S. yahudiylar va xristianlar qatorida qayd etilib kelgan, ular Allohga va Qiyomat kuniga ishonganlari uchun Allohning marhamatiga erishib majusiylardan ajratilganlar (2:62/59; 5:69/73; 22:17). Xalifalik vujudga kelgach, Shim. Mesopotamiyadagi Harron diniy jamoasini S. deb atashgan (8-11-a.lar). Harron S.lari gnostik ta’limotlar ta’siri bilan qad. Mesopotamiyaning osmon sayyoralariga sajda qilishni saqlab qolganlar. Ular musulmon dunyosiga johiliyat davridagi Mesopotamiya madaniy merosining ko‘p jihatlarini, jumladan tibbiyot va alkimyo sohasidagi ko‘pgana bilimlarni yetkazganlar. 9-10-a.larda Xarron S.i Bag‘dodda paydo bo‘lib, xalifa saroyida muhim rol o‘ynay boshlagan, ularning ko‘pchiligi kotib, tarjimon, tabiblik bilan shug‘ullanishgan. Ular orasvdan mashhur faylasuflar (Sobit ibn Qurra), tarixchilar (Ibrohim va Hilol as-Sabi) chiqqan. 11-a.da bu S. alohida jamoa sifatida barham topgan. Hozirgi vaqtda S. nomi faqat Jan. Iroqdagi mandeylar jamoasiga nisbatangina qo‘llaniladi. SOLIMIYA - Basrada 10-11-a.da mavjud bo‘lgan ilohiyotchilar va so’fiylar maktabi, Sahl at-Tustariy izdoshlari. Unga at-Tustariyning eng yaqin safdoshi Abu Abdulloh Muhammad ibn Solim (909 y. v.e.) asos solgan. Ba’zi bir xususiy masalalardan tashqari uning qarashlari ustozinikidan farq qilmagan. Muhammad ibn Solim qat’iy zohidlikni targ‘ib etgan: o‘zini to‘liq Alloh irodasiga topshirish (tavakkul), sinoatlarga bardosh berish, turmush qurmaslik va b. S. unga Muhammad ibn Solimning o‘g‘li Ahmad ibn Solim rahbarlik qilgan paytda uzil-kesil shakllangan va ta’sirchan bo‘lgan. Unga ba’zi masalalarda (xususan inson irodasi erkinligi va takdirni oldindan Alloh tomonidan belgilanganligi o‘rtasidagi nisbat haqida) Basra mu’taziliylariga yon bosgan molikiy Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 267 mazhabidagi ilohiyotchi va so’fiylar kirgan. Bag‘dodning mashhur olimlaridan Abdulqohir al-Bag‘dodiy, Abul Muzaffar al-Isfaroiniy, ular bilan bir qatorda so’fiy-hanbaliy Abdulqodir Jiloniy as-Solimni al-Halloj qarashlariga xayrihoxligi uchun qattiq tanqid qilishgan va uni "Allohni insonda mujassam bo‘lishi" (xululiya) tarafdorlari qatoriga kiritganlar. Bundan ilgariroq uni mashhur so’fiy-shofi’iy Ibn Hafif tanqid qilib "Ibn Solimni rad etish" (ar-Radd ala Ibn Solim) asarini yozgan. SOLIK (arab. yo‘lchi, yo‘ldan yuruvchi) -tasavvufda suluk - tariqatni ixtiyor qilib, uni o‘zlashtirish harakatiga tushgan, lekin hali biror maqom yoki martabaga erishmagan murid. S. o‘ziga xos odob-qoidalar majmuiga rioya etsagana, tariqat ahli sirasidan joy olgan. SOLIH (as) - Qur’onda zikri kelgan payg‘ambarlardan biri. Qur’onga ko‘ra, Samud qavmini hidoyatga boshlash uchun payg‘ambar qilib yuborilgan. Hijoz bilan Shom orasida Hijr degan joyda yashovchi bu qavm nafsoniy lazzatlarga berilgan, huzurbaxsh ichimliklar ichib, shohona uylarda yashab yurar, o‘zlari yasab olgan butlarga sig‘inar edi. S. (as) ularni yolg‘iz Allohga ibodat qilishga chaqiradi. Biroq qavm hidoyat yo‘liga yurish o‘rniga S. (as)ni masxara qila boshlaydi, unga qarshi adovatni kuchaytiradi va haqiqatdan ham payg‘ambar bo‘lsang, bizga mo’jiza ko‘rsat deb da’vo qiladi. Shunda S. (as) Allohdan o‘ziga bir mo’jiza berishini so‘rab duo qiladi. Alloh S. (as)ning duosini ijobat qiladi va S. (as) mo’jiza ko‘rsatib xarsang toshdan tuya chiqaradi. Va S. (as) Samud qavmini mo’jiza qilib berilgan tuyaga ozor bermaslikka chaqirib, Samud qavmi suv olib ichadigan havzadan bir kun tuya suv ichishini va bir kun Samud qavmi suv olib ichishini bildiradi (Qamar surasi 27-28-oyatlar). Ammo, Samud qavmi xiyonat qiladi va tuyani so‘yib yuboradi, shuningdek, S. (as) va uning oilasini yo‘qotishga qasd qiladi. Ammo, osmondan kuchli yashin yuborilib, ular halok etiladi. S. (as) o‘ziga imon keltirgan kishilar bilan birga Falastindagi Ramla degan joyga borib, umrining oxirigacha shu yerda yashaydi (Zoriyot surasi 44-oyat). Download 5.13 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling