Jalil rahmat


Download 0.5 Mb.
bet29/55
Sana15.06.2023
Hajmi0.5 Mb.
#1480191
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   55
Bog'liq
Munisaning munchog\'i

02.10.2007.

Onam ketdi




I
Yigirmanchi kuni jon bolam,
Manzilimga eltib qo`yarsan.
Bo`g`zimda tosh qotganda nolam,
Holim ko`rib, zor-zor kuyarsan.

Ko`ngil ketdi qovun, uzumga,


Dona-dona, tilim-tilim yey,
Umr poyon etibdi zumda,
Kuyib borar bag`ri dilimey.

Hukm faqat qodir Xudodan,


Bandasidan bajo deydilar.
Kelib foniy dunyoga odam,
Ketar dorul baqo deydilar.

Ko`p kuyinmang o`g`il-qizlarim,


Bir so`z demay ketdi onam deb.
Yorug` qolsin bosgan izlarim,
Yashab o`tdim siz deb, xonam deb.

Roziligim so`rab birma-bir,


Yolvordingiz titroq tovushda.
Sizga tilsiz tiladim sabr,
Yurakkinam ushlab hovuchda.

Og`zimga suv quying tomchilab,


Tomoqqinam qurib qaqshadi.
Azroil jon olar chimchilab,
Ro`paramda o`lim dahshati.

Yetib keldi so`nggi nafas ham,


Jon halqumdan chiqdi otilib,
Tinchib qoldi ko`krak qafas ham,
Vujudimni qo`ydi qotirib.

Yer chayqalib, osmon bir qalqdi,


Umr tugab bo`ldi nihoyat.
Pokiza ruh hurmati, haqqi,
O`qib turing Qur’ondan oyat.


II
Oqibatsiz dunyolardan,
Toqati toq onam ketdi.
Haqiqatsiz ro`yolardan,
Ko`ksi pur dog` onam ketdi.

O`g`il-qizi g`amini yeb,


To`ldirayin kamini deb,
Tugib meva anoru seb,
Bag`ri chorbog` onam ketdi.

Birin bilsa, birin bilmay,


Kelar shum taqdirin bilmay,
Qarib ham o`z qadrini bilmay,
Oshib qirg`oq onam ketdi.

Tanasida ta’na toshi,


Tog`dan ekanmi bardoshi,
Tatimadi minnat oshi,
Tishlab barmoq onam ketdi.

O`t charsillab kuydi yurak,


Bir qarsillab qo`ydi kurak,
Sovurdi bor-yo`qni kuzak,
Hazin yaproq onam ketdi.

Tengsiz dunyo teng qolsin deb,


Qo`lsizlarga yeng qolsin deb,
Yomonga yer keng qolsin deb,
Bir kaft tuproq onam ketdi.


III
Endi eshik poylab yo`l kutmas hech kim,
Endi ko`ksin joylab gul tutmas hech kim,
Onam diydor tilab, sanamas kech, kun,
Taqdir qilgan kordan qutulmasman hech,
Endi juda kech.

Kulbamda kun bo`lib yorishmas yuzi,


Ostonam ortida qorishmas izi,
Ushog`i to`tiyo tutgan non, tuzi
Bu zoru ozordan qutulmasman hech,
Endi juda kech.

Etagini o`pib cho`kka tushardim,


Mayli suvga cho`kib, cho`g`ga tushardim,
Jonimni poyiga qat-qat to`shardim,
Dil tutgan xumordan qutulmasman hech,
Endi juda kech.

Jalil Rahmat haqdan yuzing o`girma,


Avvaldan yozilmish, avgust, yigirma,
Telbalarcha o`zni urib yugurma,
Peshonada bordan qutulmassan hech,
Endi juda kech.

So’nggi diydor


Tong yorishib, bir-bir so’nganda yulduz,
Sog’inib, sog’-omon ko’rishganda yuz,
Nursiz nigohingiz boqqandi ma’yus,
Onajon, so’nggi bor sizni ko’rganda.

“Iloho, ketgin o’z-o’zingdan boyib,


Bola degan shuncha bo’larmi g’oyib”,
Barmoqda kun sanab, qo’ydingiz koyib,
Onajon, so’nggi bor sizni ko’rganda.

Ketmoqqa chog’lansam, bir pas qolib jim,


Dedingiz: “Sabr qil, havo buncha dim”,
Ko’z kulib, ko’nglinggiz yig’ladi sim-sim,
Onajon, so’nggi bor sizni ko’rganda.

Bor aybni ag’darib, shoshilinch vaqtga,


Uzr so’rab ketdim, o’sha poytaxtga,
Noxush sayrab qo’ydi, bir qush daraxtda,
Onajon, so’nggi bor sizni ko’rganda.

Ketdim, o’z-o’zimni suyib, suyunib,


Bolam deb qoldingiz, kuyib, kuyunib,
Sezmagan ekanman vido kuyini,
Onajon, so’nggi bor sizni ko’rganda.

Do’st emas ekan, bu dunyoi duni,


Diydor, endi faqat qiyomat kuni,
Yo xudoyim, qaydan bilibman buni,
Onajon, so’nggi bor sizni ko’rganda.

Nima qildim onamga men


Maqtashdi, tildan tomib bol,


Sig’may ketdim olamga men.
Faqat qiynar bitta savol,
Nima qildim onamga men.

Turmush dedim, tashvish dedim,


Olib qolay olqish dedim,
Yaqinni ham olis dedim,
Nima qildim onamga men.

Yo’qlolmadim bir oyda bir,


Yo’qotganim, topganim sir,
O’ylayversam jonim og’rir,
Nima qildim onamga men.

Sovg’a qilib bir dastro’mol,


To’rt-besh yil yurdim bemalol,
Umrimning teng yarmi uvol,
Nima qildim onamga men.

Avval o’zim rizqimni yeb,


So’ng ulashdim bolamga deb,
Tag’in berdim xonamga zeb,
Nima qildim onamga men.

Xudodan yoshim tilagan,


Bolam deb boshim silagan,
Tugun tutib, xo’b siylagan,
Nima qildim onamga men.

Ko’nglimda dard, ko’ksimda darz,


To qiyomat bo’ynimda qarz,
Qo’shgan edi uyimga fayz,
Nima qildim onamga men.

Qirqib qo’yib qirq bir yoshni,


Qo’ydirganim bitta toshmi?,
Toshga urdim yetim boshni,
Nima qildim onamga men.

Jalil Rahmat, ko’p vaysadim,


Ruhim nurga xo’b chayqadim,
Kech payqadim, kech payqadim,
Nima qildim onamga men.

Download 0.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling