Jalil rahmat


Download 0.5 Mb.
bet38/55
Sana15.06.2023
Hajmi0.5 Mb.
#1480191
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   55
Bog'liq
Munisaning munchog\'i

07.07.2006.
11
Qahhor safardan saharga yaqin qaytar ekan, o’tmishdagi o’kinchli xayollar ummoniga g’arq bo’lib, darvozasi oldida bexos o’ziga keldi. Darvoza halqasidan ushlab, bir oz tin oldi-da, uni sekin silkitib shiqirlatdi. Ichkaridan sado bo’lmagach, Qahhor darvozani qattiqroq va yana qattiqroq taqillata boshladi. Tirqishdan ko’z tikib, quloq tutdi. Jim-jit. Bu jimlik Qahhor ko’nglidagi shaytonchalar shovqiniga sabab bo’ldi. Qahhor devor oshib hovliga o’tdi. U shaxdam qadamlar bilan yotoqxonaga yo’nalgan edi, ikki kishiga mo’ljallab solingan o’rinning betartib holda turganidan yomon o’yga bordi. To’rda turgan beshik pardasini ochib qaradi, o’g’ilchasi bemalol pishillab uxlar, ammo Zulya ko’rinmasdi. Qahhor hovliqib hovliga otilib chiqdi. Bog’ga olib chiquvchi darcha tomon yo’nalgan edi, qo’qisdan nimagadir qoqilib, muvozanatini yo’qotishiga sal qoldi. Ortiga o’girilib, yarim yalang’och holda cho’zilib yotgan bir ayolga ko’zi tushdi. G’ira-shirada Zulyani zo’rg’a tanib, u tomon talpindi. Yelkasidan quchib, suyab turg’izmoqchi bo’lgan edi, qo’rquvdan bir sapchib, eti seskandi, butun vujudi bo’shashib, peshonasidan sovuq ter chiqdi.
Peshonadan sovuq termas, sho’r chiqdi-yo,
G’arib boshi pishmagan xom, g’o’r chiqdi-yo,
Taqdir taxir, yo zamona zo’r chiqdi-yo,
Buncha og’ir savdolarga uchradi u.

Musicha don, uvoq yig’ib kun ko’rarmish,


Xashak to’plab bolasiga in qurarmish,
Qush uyasin buzganlarni jin urarmish,
G’aflat bosib, g’avg’olarga uchradi u.

O’zi sarosima, yuzi sarg’ish bo’lib,


Qarg’alardan eshitgani qarg’ish bo’lib,
Darvoza chertib, dabadar, darvesh bo’lib,
Qay dardi bedavolarga uchradi u.
* * *
O’lim sababini izlab har yerdan,
Qishloqda tarqaldi turlicha mish-mish.
Har qancha gap bo’lsa, ortmaskan eldan,
Go’yo dunyoda yo’q, o’zga bir tashvish.

Har kim o’zicha haq, avliyo kabi,


Kim oqlagan bo’ldi, kim qoralagan.
Qiziqroq tuyuldi qo’shnilar gapi,
Yarim tun hovlida jin oralagan.

Vahimali qiy-chuv, xunuk qiyqiriq,


Qo’shnilar oromin buzdi o’sha kech.
Ajina ko’rsatmish xo’p ajab qiliq,
Ko’z ko’rib, quloq ham eshitmagan hech.

Ko’plar yurak yutib, yoqa ushladi,


Jinga taqadilar o’lim aybini.
Kimlar g’azabida qo’lni mushtladi,
Bitta so’z qotmadi, tishlab labini.

Zumda ayon bo’ldi kichik, kattaga,


“Sho’rlik Zulfiyani kimlar o’ldirgan”?,
Qahhor ham ishondi bu safsataga,
Demak, xotinini jinlar o’ldirgan.
* * *
Qirq-ellikta qishloq ahli jam bo’lib,
Zulfiyani topshirdilar tuproqqa.
Kim beparvo, kimning ko’zi nam bo’lib,
Kuyindilar xazon bo’lgan yaproqqa.
Tanimasdi Qahhor ular ko’pini,
Ko’rinmas u kutgan ulug’ ulfatlar.
Qismatidan qisildi ko’p o’kinib,
Qaydan keldi boshiga bu kulfatlar.
* * *
Tosh otildi marhumaning ketiga,
“O’z boshini o’zi yedi ojiza”.
Etak tutib bo’larmi oy betiga,
Elak tutib bo’larmi el og’ziga.

Yerda qolmas yomonlarning jazosi,


Yerda qolsa, ko’kda hukm ijrosi.
Keksayarman deb kekkayma, ey osiy,
Bir nafasdir, ikki dunyo arosi.

Shukr ayla har kuning, har damingga,


Alhamdu lillah joning bu zaminda.
Marosimning ikkinchi kuni choshgohga yaqin Abdunabi ota kuyoviga hamdardlik bildirmoq niyatida uning uyiga keldi. Qur’ondan tilovat qilingach, Qahhor qaynotasiga qarab: -“Munisani o’zingiz bilan bir yo’la olib kelmabsiz, har nima og’ir kunimga yurakka dalda bo’lib turardi”, deb qoldi. Abdunabi ota kutilmagan bu ginali gapdan gangib, taajublandi. U bunga javoban, ikki kun muqaddam tog’asi Munisani bu yerga keltirib qo’yganini aytgan edi, Qahhor bir sapchib o’rnidan turib ketdi. Atrofdagi qo’ni-qo’shnilardan so’ralganda, ular Qahhor xizmat safariga ketgan kun, bir haftadan buyon Munisani uchratmaganlarini aytishdi. Ro’y berayotgan tushunib bo’lmas sirli voqealardan dovdiragan qishloq ahli qo’zg’aldi. Qahhor esa peshonasini mushtlab, g’ussaga botdi, oh tortdi, hushini yo’qotdi, tanasi tosh qotdi.

Toshrabotning toshdi sabr kosasi,


Osongina ochilmas darvozasi,
Qaylarda ul gulg’uncha andozasi,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Qir-adirlar ag’darildi bosh-oyoq,


Tog’ quladi, yanchildi har tosh, qayroq,
Qay bir manzil, qay yo’l keldi qulayroq,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Bog’lar mahzun, bulbul bag’ri xun bo’lib,


Har daqiqa, dardli, uzun kun bo’lib,
Yugurdilar yuz-ko’zlarga qum to’lib,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

To’qaydagi to’ng’iz yo’li to’sildi,


Toshbaqalar toshi bir-bir teshildi,
Ilon po’sti shilinib ip eshildi,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.
Polvonlari dil-bag’rini poralab,
Tirmashdilar, tik qoyani qoralab,
Butazorni bitta-bitta oralab,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Na’mataklar xomushgina mo’ltirar,


Shoxida bir shoda munchoq qaltirar,
Shaytonlar shay turib ko’zni chalg’itar,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Nogoh, Qahhor ko’zi tushib munchoqqa,


Jonu tani titrab ketdi shu chog’da,
Soy yoqalab, ham o’ng, ham so’l qirg’oqda,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Eplolmaslar epchilidan iz olib,


Soyga sho’ng’ib ketdi ko’plar muz yorib,
Kim qizarib, tag’in kimdir bo’zarib,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Taqdir taxir, sho’r ekan u peshona,


Munisadan shu bir munchoq nishona,
Tag’in kimga, nimagadir ishona,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Suvga cho’kdi va yo cho’g’ga tushdi u,


Yer yutdimi va yo ko’kka uchdi u,
Essizgina qay baloni quchdi u,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Bir kun emas, uch kun emas, haftalab,


Qolguncha kuch, qittak mador, hafsala,
Yechilar deb sirli jumboq, masala,
Qishloq qalqib, Munisani qidirdi.

Ko’nikib bu ko’hna dunyo yukiga,


Tan berdilar oxir taqdir hukmiga,
Ojiz banda suyanadi kimiga?,
Yuragiga xudosini sig’dirdi.

Xullas Munisaning na o’ligi, na tirigidan darak topildi. E’lon qilingan qidiruvdan ham natija chiqmadi. Sir sirligicha qolib, kunlar o’tishi bilan o’tmish sekin-asta unutila boshlandi.





Download 0.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling