12-modda. Tabiat resurslariga egalik qilish va ulardan foydalanish
1. Korxona belgilangan tartibda haq evaziga yer va boshqa tabiat resurslariga egalik qiladi va ulardan foydalanadi, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollar bundan mustasno.
2. Korxona o‘z ishlab chiqarishining tabiiy muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga va bu ta’sirning o‘rnini qoplashga qaratilgan tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirishi shart. Bunday tadbirlar o‘z mablag‘lari yoki o‘zga manbalar hisobidan pul bilan ta’minlanishi mumkin.
13-modda. Korxonaning yuridik va jismoniy shaxslar mablag‘larini jalb etishi
1. Korxona ishlab chiqarishni kengaytirish va takomillashtirish, mehnat jamoasini ijtimoiy rivojlantirish maqsadlarida qimmatli qog‘ozlar chiqarish hamda sotish yo‘li bilan yuridik va jismoniy shaxslarning qo‘shimcha pul mablag‘larini jalb etish huquqiga egadir.
2. Korxonaning qimmatli qog‘ozlar chiqarish va sotish tartibini, ularning turlari hamda bunday qimmatli qog‘oz egalarining huquqlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlari belgilaydi.
14-modda. Korxona mulkiy huquqlarining kafolatlari
Davlat korxonaning mulkiy huquqlari himoya qilinishiga kafolat beradi. Davlatning korxonaga qarashli asosiy fondlarni, oborot mablag‘larni va boshqa mol-mulkni tortib olishiga yo‘l qo‘yilmaydi, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollar bundan mustasnodir.
Yuridik va jismoniy shaxslar, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari tomonidan korxonaning mulkiy huquqlarini buzish natijasida unga yetkazilgan zarar sud yoki xo‘jalik sudi qaroriga ko‘ra korxonaga to‘lanadi.
IV BO‘LIM. KORXONANI BOShQARISh
15-modda. Korxonani boshqarishni tashkil etishning umumiy qoidalari
1. Korxona o‘z ustaviga muvofiq boshqariladi. Korxona boshqaruv strukturasi, shakli va uslublarini mustaqil aniqlaydi, shtatlarni belgilaydi.
Mulkdor yoki xo‘jalikni to‘la yuritish huquqi subyekti korxonani bevosita yoki o‘zi vakolat bergan idoralar orqali boshqaradi. Mulkdor yoki xo‘jalikni to‘la yuritish huquqi subyekti yoxud u vakolat bergan idoralar ana shu huquqlarni korxona kengashiga (idorasiga) yo bo‘lmasa korxona ustavida ko‘zda tutilgan hamda mulkdor va mehnat jamoasi manfaatlarini ifoda etadigan boshqa idoraga topshirishi mumkin.
2. Korxona rahbarini yollash (tayinlash, saylash) va bo‘shatish korxona mol-mulki egasining huquqi bo‘lib, bu huquqni u bevosita, shuningdek o‘zi vakolat bergan idoralar orqali yoki korxonani boshqarish huquqi berilgan korxona kengashi, boshqaruvi yoxud boshqa idoralar orqali amalga oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |