Lavrov vitaliy alekseyevich mamatmusayev toxir shaydulovich


 Taraqqiy qilgan shahar-shahriston


Download 2.05 Mb.
Pdf ko'rish
bet22/72
Sana03.08.2023
Hajmi2.05 Mb.
#1664997
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   72
Bog'liq
O‘RTA OSIYO SHAHARSOZLIK MADANIYATI

 
6. Taraqqiy qilgan shahar-shahriston 
 
Mustahkamlangan qal‟a va qishloqlar ichidan kattaligi va ahamiyati bo„yicha 
katta savdo yo„llarida joylashganlari ajralib turgan. 
Karvon savdosini tashkil qilishda yer egalari-dehqonlar faol ishtirok etganlar. 
Dehqon qal‟asi, savdo inshootlari, bozorlar ko„pincha yaxlit bir butunlikni tashkil 
qilgan. Aholi joylarining barpo bo„lishiga omil bo„luvchi alohida sabablar shunday 
jamlashgan. Bosqinchi-ko„chmanchilar o„zlari bosib olgan o„troq xalqlar 
madaniyati rivojiga hech qanday muhim ta‟sir ko„rsatmay o„z siyosiy tuzilishini 
to„liq saqlagan va faqatgina ma‟lum o„lpon to„lashga majbur bo„lgan uyushmagan 
shahar jamoalarining birlashtiruvchilari rolini bajargan. 
Arablar istilosi davriga kelib (VII-VIII asrlar) O„rta Osiyo shaharlari ikki 
batamom shakllangan qismlardan iborat bo„lgan:
a) sitadel; 
b) shahriston-xokimiyat manzilgohi, shaharning mustahkamlangan qismi.
Yuksak qurilish va badiiy madaniyat bu markazlar inshootlarini ajratib turgan. 
Ijtimoiy-siyosiy hayot asta-sekin sitadeldan chetga, qo„rg„on devorlari bilan 
himoyalangan yangi tashkil topgan aholi yashash hududiga chiqa boshlagan. Bu 
yerda o„z me‟moriy-rejaviy usullari shakllangan, ya‟ni asta-sekin sitadeldan 
ma‟muriy muassasalar va madaniy inshootlar ko„chib o„tgan. Shahriston devorlari 
yonida ko„pincha bozor joylashtirilgan. 
O„rta Osiyo ilk o„rta asrlar shahri-shahriston qanday ko„rinish kasb etgan? Ilk
o„rta asrlarning yetarlicha batafsil manzarasini beruvchi X asr muallifi Narshaxiy 
dalillariga murojaat qilamiz. Uning so„zlaricha, “...shahristonda ko„shklar bo„lgan 


68 
va ba‟zi kvartallar qishloqlarga o„xshab bir-biridan uzoqda joylashgan”. Bundan 
shunday xulosa qilish mumkinki, arablargacha bo„lgan Buxoro umumiy mudofaa 
devori bilan o„ralgan dehqonlarning mustahkamlangan qo„rg„onlari guruhlarini 
tashkil qilgan. Bu qo„rg„onlarning joylashuvi shahar atrofi joylashuvidan kam farq 
qilgan. Ozgina asosiy farqi, qurilmalar joylashuvining zichlik darajasi, 
hunarmandchilikning, muntazam savdoning borligi va nihoyat shahar devorlari 
bilan birlashgan qo„rg„onlar mustahkam guruhining qolgan hamma rayon-
rustaklarga nisbatan o„ynagan siyosiy rolidir. “Shahar” va “qishloq” terminlari
o„sha vaqtlarda aralashib ketgan. Bu taajjublanarli emas, chunki aholi punktlari 
orasidagi o„xshashlik juda katta bo„lgan. Masalan, xitoy manbalariga ko„ra, 
Samarqand viloyatida 30 ta katta shahar va 30 ta kichik mustahkamlangan 
manzilgohlar bo„lgan. Xarkana kichik viloyatida 20 ta shahar va 100 tagacha 
mustahkamlangan manzilgohlar, Farg„onada 6 ta katta va 100 tagacha kichik 
shaharlar bo„lgan. 
Dunyo savdo karvon yo„llarida qulay joylashuvi bilan birga 
hunarmandchilikning rivoji ham aholi joylari rivojining sharti bo„lgan. Shahar, 
savdo aloqalarining faqat tashkilotchisi bo„lmay, ishlab chiqarish vositalarining 
to„planish joyi ham bo„lib qolgan. Bu uning doimiy aholi punkti sifatidagi holatini 
anchagina mustahkamlagan, aholi tarkibini kengaytirgan, alohida aholi joylarini 
o„zaro iqtisodiy aloqalarni bog„lashga undagan. Aloqalar rivoji bilan alohida 
shaharlarning ishlab chiqarish ixtisoslashuvi yuzaga kelgan. X asrga tegishli 
zamondoshlarning guvohliklari (masalan, Maqdusiy), bu jarayonning chuqur 
rivojidan guvohlik beradi. 
Shahristondagi hunarmandchilik va savdo qanday ko„rinishda bo„lgan va 
ularning rivoji shahar rejasi tuzilishida qanday aks etgan? Narshaxiy, Buxoro 
shahristonini ta‟riflab, hech qayerda uning markazi yaqinida bozor do„konchalari 
va hunarmandlar kvartallari bo„lganligi haqida gapirmaydi. Bozorlar va ularga 
muvofiq hunarmandchilik turlarini u shahriston devorlari oldiga yoki hozirda uning 
tashqarisiga, bo„lajak rabod hududiga qo„yadi. Shahar atrofi-rabodlarlarga asos 
solganlar hunarmandlar yoki asirlar bo„lgan. Sharqda bosib olingan viloyatlardan 


69 
g„oliblar tomonidan olib kelingan ustalar shaharni yaratish ishida qanday ulkan rol 
o„ynaganligi adabiyotlarda ko„p marta ta‟kidlangan. Asirlardan tashqari erkin 
hunarmandlar ham ko„p bo„lgan. Chamasi, qullarning kattagina qismi ozod 
qilingan qul holatida bo„lgan va o„z dehqoniga to„lovlarni mahsulot va pullar bilan 
to„lagan. 
O„rta Osiyo bevosita arab istilosidan oldin (VII-VIII asrlargacha) ko„plab 
shahar-shahristonlarga ega bo„lgan. So„g„d shaharlari Samarqand, Kushoniya
Arbinjon, Dobusiya, Karmana, Panjikent - Zarafshon vodiysida, Nasaf va Kesh - 
Qashqadaryo vodiysida, Termiz - Amudaryo sohilida bo„lgan. Buxoro vohasida - 
Buxoro, Vardana, Varaxsha, Romiton, Tavavis joylashgan; Xorazm vohasida - 
Ket, Xiva, Xazorasp, Zamuxshir, Urganch; Farg„onada - Koson, Axsikent va 
boshqalar bo„lgan. 
V.Bartold ma‟lumotlariga ko„ra, ilk o„rta asrlardagi arablargacha bo„lgan 
Samarqand 7 kmdan katta uzunlikdagi devorga ega bo„lgan. Shosh devorlarining 
uzunligi - 3-4 km, Tarozning devori - 3 km, Kosonda - 1,4 km, Paykonda - 1,5 km 
dan kam. Buxoro shahristoni 30-35 gektarni egallagan (eng katta shahar Marv 
(Govur qal‟a) bo„lgan, uning maydoni 100 gektarga yetgan). 
Marv shahristoni - bu 30 metr balandlikga ega bo„lgan devorlar bilan o„ralgan 
Govur-qal‟a manzilgohi (“olovga sig„inuvchilar qo„rg„oni”)dir. Bu yerda xom 
g„ishtdan qurilgan burjlar qoldiqlari ko„zga ko„rinadi. Shimoliy devorning deyarli 
markazida noto„g„ri halqasimon shakldagi sitadel bo„lgan.
Buxoro shahristoni janubiy va shimoliy tomonlardan o„rab turgan hududdan 
anchagina ko„tarilgan joy rel‟yefi tufayli yetarlicha aniq belgilangan. G„arbiy 
chegara yaqinida, sitadel va Kalon jome masjidining g„arbiy devori orasidan 
Samarqand darvozalari tomonga olib boruvchi ko„cha o„tgan. 
Musulmonchilikkacha bo„lgan Buxoro 30-35 gektar maydondagi noto„g„ri 
to„rtburchakni tashkil qilgan. Shahristonni shimoldan janubga va sharqdan g„arbga 
kesib o„tuvchi ikki asosiy ko„chaning yo„nalishi, asosan mavjud ko„chalarga 
muvofiq keladi. Ular Muhra, Shahriston, Nau Attaron darvozalariga olib borgan. 
Bundan tashqari, shahristonda uchta qo„shimcha darvoza bo„lgan (Xakrak va 


70 
Sadabon), ularga ikkinchi darajali ko„chalar olib borgan. Shaharning janubi-
sharqiy qismida bozor joylashgan. Chamasi, uning anchagina qismi qo„rg„on 
devorlaridan tashqariga, bo„lajak rabod hududiga o„tgan. Isfajob-Sayram (hozirgi 
Chimkent yaqini), o„troq zona va ko„chmanchi sahro birikuvidagi muhim 
shaharlardan birining shahristoni chegarasini joy rel‟yefi tufayli hozir ham ko„rish 
mumkin. Darvozalar, aynan Beklik-darvoza (shimoliy), Bozor darvoza (janubiy), 
Koramurt (sharqiy) va Chimkent (g„arbiy) darvozalari o„rni ham shahriston 
to„rttala devori har birining o„rtasida saqlanib qolgan. Bu darvozalar ikki 
perpendikular yo„nalgan ko„chalar bilan birlashadi, ularning kesishgan joylari jome 
masjidlari bilan belgilangan. Shahristonning umumiy maydoni 30 gektargacha. 
Bozor janubiy devor yonida bo„lgan. Sitadel ehtimol shahriston devoridan
tashqarida bo„lgan bo„lishi ham mumkin. 
Xiva shahristoni hozir ham to„rt darvozali qo„rg„on devorlari bilan o„ralgan. 
Ularning nomlari quyidagicha: Bog„cha darvoza yoki Urganch (shimoliy), Ota 
darvoza (janubiy), Polvon darvoza yoki Xazorasp (sharqiy) va Ko„hna bozor 
darvoza (g„arbiy). Shahriston chegarasidagi shahar bir qismining zamonaviy nomi 
- Ichan qal‟a (ichki shahar)dir.
Arxeologik ma‟lumotlar VI-VIII asrlardayoq shahristonning o„z rejaviy 
yechimi umumiy tuzilishini saqlagan holda bugungi kundagi chegarasida mavjud 
bo„lganligini tasdiqlash imkonini beradi. Devorlar bilan o„ralgan hudud 26 
gektarni tashkil etadi. Shimoldan janubga va sharqdan g„arbga shahar 
darvozalariga olib boruvchi ikki ko„cha o„tadi. Ulardan sharqdan g„arbga tomon 
yo„nalgan ko„cha muhim ahamiyat kasb etgan va unda anchagina yirik mahobatli 
ibodat, saroy va savdo binolari qurilgan. Bu binolarning eng qadimiysi Juma 
masjid bo„lib, u o„zining qadimiy tarhini qisman saqlagan holda XVIII asrda qayta 
ta‟mirlangan. Sitadel - ko„handiz (Ko„xna ark) g„arbiy darvoza oldida, shahriston 
hududining chegarasida joylashgan. Bozor janubiy darvoza ortiga chiqarilgan. 
Buxoro yaqinidagi katta savdo shahri - Paykond shahristoni asta-sekin yuzaga 
kelgan. Uning sharqiy qismi anchagina qadimiy bo„lgan. VII asrga kelib shahriston 
hududi deyarli ikki barobar kattalashdi va mavjud chegaralarga ega bo„ldi.


71 
Qo„rg„on devorlari ichidagi shahar umumiy maydoni 20 gektarga yaqin bo„lgan. 
To„rt devorning har birida darvozalar bo„lgan: ularning o„rinlarini hozir ham 
ahamiyatsiz qoldiqlar bo„yicha qidirib topish mumkin. Shimoliy va janubiy 
darvozalar shahristonning ichki ko„ndalang devorlari yaqinida, sharqiy darvoza-
ko„handiz yaqinida bo„lgan. Taxminan bir gektar maydonga ega ko„handiz - 
shahriston devori chizig„idan ozgina narida, shimoliy burchakda bo„lgan.
Hududning o„zida ko„chalar qoldiqlarini topishning imkoni yo„q.
Afrosiyob qadimiy shahar shahristonida asosiy ko„chalar chorrahalarini 
belgilovchi mahobatli inshoot qoldiqlari topilgan. Qal‟a darvozalarini aniq 
belgilash va ko„chalar yo„nalishlarini aniqlash qiyin. 
Jome masjidining shahriston markazida xuddi shunday joylashuvini 
Zarafshon chap qirg„og„ida, Buxoro vohasining Kampirdevor mudofaa devori 
istehkomlari sistemasida joylashgan Kichik shahar - Hazorada ham kuzatish 
mumkin. 
Buxoro vohasining qadimiy siyosiy markazi, hukmdor qarorgohi bo„lgan - 
Romiton shahristoni - 16 gektargacha maydonga ega noto„g„ri to„rtburchakni 
(sitadel bilan birga) tashkil qiladi. Uning devorlari ko„p marta yangilangan. Pastki 
qismlarida yirik xom g„isht taxlami kuzatiladi. Shahriston devorlarida uchta 
darvoza bo„lgan. Ehtimol, asosan eski yo„nalishlarni takrorlovchi zamonaviy 
ko„chalar kesishuvida shahriston uchun xos bo„lgan ancha keyingi vaqtga tegishli 
bo„lgan ibodat binosi - masjid joylashgan. Bozor o„rnini aniqlash qiyin. 
Romiton misolida biz ancha ko„p uchraydigan shahriston namunali 
sxemasidan chetga chiqishni ko„ramiz, ya‟ni darvozalar soni uchtaga keltirilgan. 
Bu, chamasi, shahriston hududida sitadelning egallagan juda katta joyi va 
shahristonning nisbatan kichik o„lchamlari bilan tushuntiriladi. 
O„troq rayonlar va ko„chmanchi sahro chegarasi yaqinidagi Talas daryosi 
qirg„og„idagi Taraz shahristoni sxemasi ham xuddi shunday. Qadimgi Taraz 
devorlari buzilgan, ulardan faqat ozgina qoldiqlar qolgan xolos. Ammo 
shahristonning umumiy chegarasini aniqlash mumkin. Sitadel yaxlitligicha 
shahriston devorlari ichida. Sitadel tutashgan devordan tashqari har bir devordagi 


72 
uch darvoza zamonaviy tarhda ham saqlanib qolgan asosiy ko„chalarning 
xochsimon yo„nalishini belgilab beradi. Bozor, hozirgi eski bozor kabi, chamasi 
janubiy devor yonida joylashgan. 
Zarafshon sohilidagi somoniylar davri shaharlaridan biri - Dabusiya 
(Karmana yaqini) shahristoni cho„ziq to„g„ri burchakka yaqin. Uning hududi 35 
gektarga teng. Bu yerda asosiy ko„chalar an‟anaviy yo„nalishini belgilovchi to„rtta 
darvoza bor.
So„g„dning qadimgi kanallaridan biri Narpay sohilidagi Dabusiyadan 25 km 
dagi Arbinjon shahristoni kuchli vayrona ahvolda bizgacha yetib kelgan. Devorlar 
ko„rinishini faqat taxminiy belgilash mumkin. Shahar taxminan 60 gektargacha 
bo„lgan maydonni egallagan. 
Xarashkent shahristoni - Xonqa (Toshkent vohasi) kuchli buzilgan
ko„rinishda saqlangan. Sitadel shahristonning anchagina qismini egallagan. Uning 
maydoni 50 gektardan ortiq bo„lgan. Shahriston devorlarida to„rtta darvoza 
mo„ljallangan. Ichki planirovka saqlanmagan, ammo darvozalar holatiga ko„ra 
o„zaro kesishuvchi ikki asosiy ko„cha mavjud bo„lgan. 
O„xshash tabiiy sharoitlarda Termiz va Afrosiyob shahristonlari rivojlangan. 
Birinchisi Amudaryo sohilida, ikkinchisi Siyobning tik qirg„oqlarida joylashgan. 
Bu darvozalar sonida aks etgan. Daryolar tik sohillari bo„ylab cho„zilgan 
devorlarda, tabiiyki, chiqish joylari bo„lmagan. Bu shaharlar vayron bo„lib ketgan, 
shu sababli ko„chalar yo„nalishini tiklashning iloji yo„q. 
Bola, Sarig„, Varaxsha, O„tror shahristonlari ham yomon saqlangan. Faqat 
manzilgohlar o„lchamlari, ularning umumiy shakli va sitadel o„rni haqida gapirish 
mumkin.
Termiz sitadeli chamasi shahristonning janubi-sharqiy qismida bo„lgan. Bu 
yerda, jarlik tepasida hozirgi vaqtgacha xom g„ishtdan qurilgan inshoot saqlangan. 
Uning yaqinida hukmdor saroyi vayronalari mavjud. Saroy Varaxsha sitadeli 
yonida joylashgan. Undan ajoyib o„ymakorlik va sura bilan bezatilgan devorning 
alohida qismlari qolgan. 


73 
Balxda devorlar qoldiqlari 10 metrgacha baland ko„tarilgan. Ular bilan 
o„ralgan hudud 60 gektarga yetadi. 
Sarig„da (Bishkek shahri yaqini), devorlarning ikki qavatli halqasiga ega 
murakkab manzilgohida sitadel tepalikda, ya‟ni janubi-g„arbiy burchakda bo„lgan. 
Sitadelga yaqin devorlar qatorini shahriston devori sifatida belgilash mumkin. 
O„trorda sitadel o„rnini yetarlicha aniqlikda belgilash mumkin emas. Uch 
darvoza shuningdek shartli belgilanadi.
Xazora va Chinachkent kabi muhim bo„lmagan shaharlarning kichik 
shahristonlari 3 gektardan oshmaydi. Ularning ichki planirovkasi, chamasi juda 
oddiy bo„lgan. 
Arablar istilosi davri boshlarida, balki undan ham ilgariroq, aholini milliy va 
mulkiy belgilariga ko„ra ajratish rusum bo„lgan. Shahriston uchun tipik bo„lgan 
rejavlash sxemasi: butun shahar bo„ylab o„tgan ikki kesishuvchi magistrallar 
uning hududini to„rt qismga ajratgan, ularning har birida aholining turli doiralari 
guruhlashgan. Bu odatni bir-biriga dushmanlarcha kayfiyatda bo„lgan, o„z urug„ va 
qabilalari uchun qattiq turuvchi, shaharlarda o„troqlashgan ko„chmanchilar olib 
kirgan. Shuning uchun ular o„z kvartallari atrofida shahar ichidagi himoya 
devorlari inshootlarigacha ajratishga harakat qilganlar. 
Bu holatni O„rta Osiyo shaharlarida ham nisbatan ancha vaqtlargacha 
kuzatish mumkin. Masalan, XVIII asr oxirida Toshkentda shaharning to„rt asosiy 
qismlari - Shayxontohur, Sebzor, Beshyog„och va Ko„kcha o„rtasida ochiq 
to„qnashuvlargacha borib yetadigan nizolar bo„lib turgan. Markaziy bozor 
yaqinidagi janglar o„tadigan joy Jangoh deb nomlangan, bu “janglar anhori” 
demakdir. Bu o„zaro ichki urushlarda qisqa vaqtga bo„lsa ham mustaqil Toshkent 
davlatini yaratgan Yunusxo„ja g„olib kelgan.
Turli tillar va dinlardagi alohida xalqlar shuningdek devorlar ajratilgan 
mustaqil kvartallarga birlashgan. Shaharni alohida qismlarga ajratuvchi ichki 
devorlar Toshkent devorlariga o„xshash sharqiy o„rta asrlarning ko„plab 
shaharlarida XVIII asrgacha saqlangan, chunki bu devorlar bir vaqtning o„zida
ichki tartibni saqlash uchun xizmat qilgan. 


74 
Shunday qilib, ilk o„rta asrlar shahar-shahristonlarida qo„llanilgan shaharni 
ikki kesishgan ko„chalar bilan, ba‟zida esa devorlar bilan to„rt qismga ajratish 
planirovka usuli shahriston shaharning mustaqil qismi sifatida allaqachon yo„q 
bo„lgan vaqtlarda ham ancha vaqtlargacha mavjud bo„lgan. Bu usul shahar atrofi 
park-qarorgohlar planirovkasida doimiy qo„llandi va u chorbog„ nomini oldi, ya‟ni 
to„rt bog„. Bundan tashqari, to„rt tomonga yo„naltirilgan asosiy ko„chalarning 
to„rt yo„nalishi go„yo hukmronlikning hamma burchaklari bilan bog„langan 
hukmron qarorgohi sifatidagi shahar ahamiyatining ramzi bo„lib xizmat qilgan. 

Download 2.05 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   72




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling