partiya safidan oʻchirildi.
«Tamom!» – dedi ichida Tanaboy, murdaday sovib.
– Men Segizboyevga hayfsan berilishini talab qilaman, – dedi boʻsh kelmasdan
Karimbekov.
Buni ovozga qoʻymasa ham boʻlardi. Lekin Qashqatoyev ovozga qoʻyish kerak, degan
qarorga keldi. Bunda oʻzining yashirin maqsadi ham bor edi.
– Kim oʻrtoq Karimbekovning taklifiga qoʻshilsa qoʻl koʻtarishlaringizni soʻrayman. –
Yana uch kishi uni yoqlab, uch kishi qarshi qoʻl koʻtaradi. Yana Qashqatoyev toʻrtinchi
boʻlib qoʻl koʻtarib Segizboyevni hayfsandan qutqarib qoldi. «Lekin u buni bilarmikan,
bu xizmatning qadriga yetarmikan? Kim biladi buni... Makkor, quv».
Odamlar ketishga tayyorlanib, oʻrinlaridan qoʻzgʻalishdi. Tanaboy endi hamma narsa
tamom boʻldi deb oʻyladi va indamay oʻrnidan turdi, hech kimga qaramay eshik tomon
yura boshladi.
– Bakasov, qayoqqa? – Toʻxtatdi uni Qashqatoyev. – Partiya biletingizni qoldirib keting.
– Qoldirib ketay? – Nima hodisa boʻlganini Tanaboy endi tushungan edi.
– Ha. Stolga qoʻying. Endi siz partiya a’zosi emassiz va uni olib yurishga haqqingiz yoʻq.
Tanaboy partbiletini olish uchun qoʻyniga qoʻl soldi. Oraga choʻkkan jimlikda u ancha
ivirsidi. Uning partbileti fufaykasi, kostyumi ostidagi charm sumkachada boʻlib, buni
Jaydar tikib bergan edi. Bu sumkachani Tanaboy qayish oʻtkazib yelkasiga taqib yurardi.
Xullas, u sumkachani oldi. Qoʻynidan koʻksiga tegib, badanining iliq hid urib qolgan
partiya biletini oldi va Qashqatoyevning sovuq, yarqiroq stoli ustiga qoʻydi. Hatto oʻzi
ham sovuqqa qotgandek junjikib ketdi. Yana hech kimga qaramasdan sumkachasini
qoʻyniga solib ketmoqchi boʻldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |