Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
bob. Qaysi biringiz Malala?Yozning oxirgi kunlarida maktab ochilishiga tayyorgarlik ko‘rayotgan otam Karachidagi maktab o‘quvchilari tomonidan taqdim etilgan portretim ramkasidan ko‘chib ketganiga ko‘zi tushib qoldi. Otam ushbu portretni juda yaxshi ko‘rar, uni o‘z karavoti ro‘parasiga ilib qo‘ygandi. Shu sabab portretni hozirgi ahvolda ko‘rish otamga o‘ng‘aysiz tuyuldi. Uni tuzatib qo‘y, — dedi otam onamga g‘ayrioddiy qo‘pol ohangda. Bir necha kundan so‘ng, matematika o‘qituvchimiz Shaziya xonim maktabga juda tushkun ahvolda keldi va otamga tunda yomon tush ko‘rganligini aytib berdi. U tushida mening maktabga kuygan oyog‘im bilan kelganimni va menga yordam ko‘rsata olmaganligini ko‘ribdi. Shaziya xonim otamdan kambag‘allarga iloji boricha qaynatilgan guruch tarqatishni iltimos qildi. Pushtunlar nafaqat qaynatilgan guruchni oladigan odamlar, balki dasturxonga tushgan guruchlarni terib yeydigan qushlar va chumolilar ham biz uchun ibodat qilishadi degan gapga ishonishadi. Otam kambag‘allarga guruch o‘rniga pul berdi. Shaziya xonim pul guruch o‘rnini bosmaydi deb otamdan biroz ranjidi. Shaziya xonimning bizni tinmay ogohlantirishlari kulgimizni qistatdi, ammo tez orada men ham yomon tushlar ko‘rishni boshladim. Ammo, ota-onamga hech narsa demadim. Qo‘rquv meni tobora ko‘proq taʼqib qila boshladi. Ko‘chada yurganimda toliblar Afg‘onistondagi ayollar bilan bo‘lgani kabi menga ham o‘q uzishidan yoki yuzimga kislota sepishidan qo‘rqardim. Ko‘chamizga olib boradigan zinapoyadan chiqayotganimda qanaqadir oyoq tovushlarini eshitishim bilan, yuragim shuv etib ketardi. Baʼzan tunda qulog‘imga qadam tovushlari chalinib, «Zulmat ostonasidagi muhabbat”dagi kimningdir dahshatli soyalari ko‘zimga ko‘ringandek bo‘lardi. Otamdan farqli o‘laroq, men ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ydim. Har kuni kechqurun uydagilar uxlab qolishganlaridan so‘ng eshik va derazalar ishonchli qulflanganligini tekshira boshladim. Dastlab, hovliga chiqib, darvoza qulflanganini tekshirar, so‘ngra barcha xonalarni navbat bilan aylanib chiqardim. Xonamning ikkita derazasi bo‘lib, otam menga kechalari pardani tushirib qo‘yishni tayinlar, biroq men hovliga kirgan terrorchilarni darhol ko‘rish uchun bunday qilmasdim. O‘zimga o‘zim ushbu so‘zni takrorlashdan charchamasdim: Agar toliblarning niyati meni o‘ldirish bo‘lganida, buni 2009 yildayoq amalga oshirishardi. Shunga qaramay jangarilar devorga narvon qo‘yib, hovliga oshib tushib, derazani sindirib uyga kirib kelishlaridan hadiksirardim. Oxiri ibodat qilishni boshladim. Tunlari yanada ko‘proq ibodat qilardim. Toliblar otam bilan meni musulmon deb hisoblash mumkin emasligini eʼlon qildi. Ammo unaqa emasligi aniq edi. Biz ham xudoga ishonamiz va har doim undan madad kutamiz. Odatda Qurʼoni karimning «Baqara” surasidan parcha hisoblangan “Oyat al-Kursiy” ni qayta-qayta o‘qirdim. Bu maxsus oyat bo‘lib, musulmonlar quyidagi narsalarga qattiq ishonishadi: Agar uni tunda uch marta o‘qisangiz, uyingiz shayton va boshqa yovuz ruhlarning bosqinidan himoya qilinadi. Agar siz uni besh marta o‘qisangiz, yovuz ruhlar sizning ko‘changizga kirib bormaydi, Agar siz uni yetti marta o‘qisangiz, butun shahar yoki qishloq himoyalangan bo‘ladi. Men oyatni har tuni yetti marta, hatto undan ham ko‘proq o‘qigan bo‘lsam kerak. So‘ngra Allohga murojaat qildim: Bizni o‘z marhamatingdan darig‘ tutma, yo Rabbim. Otamga va butun oilamizga, ko‘chamizga, mahallamizga, butun Svat vodiysiga va barcha musulmonlarga baraka bergin. Yo‘q, yo‘q, nafaqat musulmonlarga, balki yer yuzidagi barcha insonlarga baraka ato etgin. Imtihonlar paytida ayniqsa ko‘p ibodat qilardim. Bu vaqtda nafaqat men, balki do‘stlarim ham kuniga besh mahal namozni kanda qilmasdi. Kunduzi ibodat qilish juda qiyin edi — bu vaqtda odatda televizorda qiziqarli dasturlar namoyish etilar, televizor qarshisidan ketish uchun esa katta jasorat talab qilinardi. Ammo imtihonlar paytida men doimo namozga turar va Allohdan yaxshi baholar olishimda yordam berishini so‘rardim. To‘g‘ri, o‘qituvchilarimiz quyidagi gaplarni tez-tez takrorlashardi: Agar siz o‘zingiz harakat qilmasangiz, xudo sizga hech qanaqa yordam bermaydi. Xudo faqat loyiq bo‘lganlarga saxiy va rahmdildir. Imtihonlarga juda kuchli tayyorgarlik ko‘rdim. Imtihonlar menga nimalarga qodir ekanligimni isbotlash imkoniyatini bergani tufayli ularni juda yaxshi ko‘rardim. Ammo 2012 yil oktabr oyi yaqinlashib kelgani sayin asabiylasha boshladim, chunki yana mart oyida bo‘lgani kabi Malka-i-Nurga yutqazib, ikkinchi bo‘lib qolishim mumkin edi-da. O‘shanda u mendan bir-ikki ochkoga emas, balki besh ochkoga ilgarilab ketgandi. G‘oliblikni qo‘ldan boy bermaslikni xohlaganim sababli, o‘g‘il bolalar maktabining o‘qituvchisi janob Amjaddan qo‘shimcha darslar ola boshladim. Imtihonlar arafasida tungi soat uchgacha dars qildim, darsliklarni boshidan oxirigacha qayta o‘qidim. 8-oktabr dushanba kuni birinchi imtihon fizika fanidan bo‘lib o‘tdi. Dunyodagi siyosiy vaziyatga, jamiyat kayfiyatiga yoki mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotga bog‘liq bo‘lmagan olamning o‘zgarmas va obʼektiv qonunlarni o‘rgangani sabab fizika faniga o‘zgacha mehr bergandim. Imtihon boshlanishi arafasida muqaddas oyatlarni qayta- qayta takrorladim. Imtihonga kirganimda barcha savollarga tez-tez javob berdim, ammo imtihon varaqasini qayta tekshirib ko‘rganimda bitta javobda xatoga yo‘l qo‘yganim ayon bo‘ldi. Xo‘ngrab yig‘lab yubordim. Bitta savolga noto‘g‘ri javob berish faqat bir balldan mahrum qiladi, ammo bu menga haqiqiy falokatdek tuyulardi. Uyga qaytganimda juda charchaganimni his qildim va ko‘zimga uyqu kelmadi. Ammo ertasi kuni doim menga qiyinchilik tug‘dirgan Pokiston tarixidan imtihon topshirishimiz kerak edi. Yana qovun tushirishni xohlamasdim, shuning uchun uyqusirashning oldini olish uchun o‘zimga sutli kofe tayyorladim. Kofeni tayyorlab, endi ichmoqchi bo‘lganimda onam oshxonaga kirib keldi va bokaldagi kofeni xo‘plab- xo‘plab ichib qo‘ydi. Men onamga «ichmang, buni o‘zim uchun тайёрладим» deb ayta olmadim. Ustiga-ustak, shkafimizda boshqa kofe qolmagan экан… Nailoj, mustaqil vatanimiz tarixini kofesiz o‘rganib chiqishga majbur bo‘ldim. Ertalab ota-onam odatdagidek xonamga kirib, meni uyg‘otishdi. To‘g‘risini aytsam, oxirgi marta qachon o‘zim uyg‘onganim esimda yo‘q. Onam har doimgidek biz uchun nonushta tayyorladi — maydalangan tuxum, chapatis va shirin choy. Barchamiz, men, ota-onam va ukalarim Xushal va Atal birgalikda nonushta qildik . Bu onam uchun o‘zgacha kun edi. Bugun u meni bir paytlar o‘qitgan boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi Ulfat xonimdan saboq olishni boshlaydi. Otam soyasidan ham qo‘rqadigan sakkiz yoshli Atalni masxara qildi: Atal, Malala bosh vazir bo‘lganida, sen uning yordamchisi bo‘lasan, bundan ortig‘ini bajara olmaysan. Atal bu gaplardan juda hafa bo‘ldi. — Yo‘q, yo‘q. Men Malaladan ko‘ra aqlsiz emasman. Aksincha, men bosh vazir bo‘laman va uni kotiba qilib ishga olaman. Ushbu o‘ynoqi suhbatga chalg‘ib, stolda juda uzoq qolib ketibman. Kechikkanimni anglaganimda tuxumni tugatmasdan sakrab o‘rnimdan turdim va o‘qishga otildim. Pokiston tarixidan bo‘lib o‘tgan imtihon kutganimdan yaxshiroq o‘tdi. Menga Muhammad Ali Jinnah Pokistonni tarixdagi ilk musulmonlar davlatini qanday tuzgani va Bangladeshning mustaqil bo‘lishiga olib kelgan milliy fojia haqidagi savollar tushdi. Pokistondan minglab kilometr uzoqlikda joylashgan Bangladesh bir paytlar mamlakatimizning bir qismi bo‘lganligini tasavvur qilish qiyin edi. Imtihon varaqasini tez va ishonchli to‘ldirdim. Imtihon tugaganidan xursand bo‘lib, do‘stlarim bilan maktab avtobusi uyimizga olib ketishini kutib, suhbatlashib, kulishib o‘tirdik. Avtobus har kuni ikki marotaba o‘tadi, biz ikkinchi marta ketayotgan edik. Dugonalarim bilan bir-birimizdan ayrilgimiz kelmasdi. Moniba imtihondan so‘ng, suhbatlashish yoqimli ekanini aytib o‘tdi. Men uning fikriga to‘la qo‘shildim. Imtihonni topshirgandan so‘ng, o‘zimni shu qadar yengil his qildimki, barcha tashvishlarimni unutayozdim.Ammo, juda ochiqib ketgandim. Afsuski, o‘n besh yoshda bo‘lganimiz sababli, tashqariga chiqib, bemalol taomlana olmasdik. Juda qornim ochib ketsa, oldimda turgan yagona yo‘l kichkina qizlardan biriga qaynatilgan makkajo‘xori so‘tasini olib kelishini iltimos qilish edi. Shunday qildim ham. So‘tani bir necha marta tishlab, boshqa qizga berdim. Nihoyat, kunduzi soat 12 da karnay orqali avtobus kelganligi eʼlon qilindi va biz avtobus tomon yugurdik. Mendan boshqa barcha qizlar maktab darvozasidan chiqishlari bilan yuzlarini yopdilar. Men esa boshimni sharf bilan yopishni yetarli deb bildim. O‘rindiqlarimizga o‘tirganimizdan so‘ng biz bilan birga ketadigan ikkita o‘qituvchini kuta boshladik. Men haydovchi Usmon Bxay Jandan kulgili voqeani aytib berishini so‘radim. U har doim qiziq-qiziq latifalar aytib berishni kanda qilmasdi. Ammo shu kuni u latifa o‘rniga, bizga toshlar bilan bir nechta fokus ko‘rsatdi. Ko‘z o‘ngimizda amalga oshirilib, bizni lol qoldirgan ushbu fokusning sirini Usmon Bxay Jan oshkor qilmadi. Nihoyat hamma tayyor bo‘ldi. Rubi xonim va ikkita yosh qizaloq haydovchi kabinasida o‘tirdi. Yana bir qizchaning ko‘zi yoshga a to‘ldi va u ham kabinada o‘tirmoqchi ekanligini aytdi. Haydovchi boshqa joy yo‘qligini bildirsa ham, men unga juda achinib ketdim va kabinadagilarni u o‘tirishi uchun biroz surilishga ko‘ndirdim. Onam boshlang‘ich maktabda o‘qiydigan Ataldan men bilan birga uyga qaytishini talab qildi. Biroq qaysar Atal piyoda borgan maʼqul, dedi va do‘stlari bilan uyiga ketdi. Usmon Bxay benzin quyib olganidan so‘ng avtobus harakatlana boshladi. Men Moniba bilan suhbatlashib ketdim. O‘sha kuni Hoji Bobo ko‘chasida o‘zgacha tarovat hukmron edi. Ko‘chadagi bir-biridan chiroyli bezatilgan foytunlar, xush kayfiyatdagi piyodalar va tryuk ko‘rsatuvchi mototsiklchilar turli shoular ko‘rsatardi. Bir so‘z bilan aytganda, bayram kayfiyati hukmron edi. Qizil va oq yadroviy raketaning tasviri tushirilgan katta uch oyoqli velosipedda muzqaymoq sotuvchi o‘qituvchilardan biri qo‘lini silkitguncha bizni kuzatib bordi. Bir kishi yo‘l bo‘yida qonini sachratib tovuqlarni so‘yayotgan edi. Bu voqea negadir kayfiyatimni ko‘tardi. Shtir-shtir, shpaq- shpaq. Yoshligimda, Svat vodiysi aholisi tinch va totuv yashagan davrlarda, bu yerda tovuq so‘yadigan odamni topish qiyinligini tez-tez eshitganman. Ammo, yillar odamlarni o‘zgartirdi... Dimog‘imizga uriladigan hid — daryodan chiqayotgan ahlat, dizel yoqilg‘isi hamda issiq non va kabob hidlarining aralashmasi – boshqa joyda uchramaydi. Otamning atrof-muhitni himoya qilish bo‘yicha saʼy- harakatlariga qaramay, odamlar axlatni daryoga tashlashda davom etaverdi. Mayli. Yaqinda, qish keladi. Qor yog‘adi va atrofdagi hamma narsani qaytadan poklaydi. Avtobus armiya nazorat punktidan o‘ngga qayrildi. U yerda “Terroristlar qidirilmoqda!“ sarlavhali salla kiygan, uzun soqolli va ko‘zlari qo‘rqinchli odamlarning fotosuratlari o‘rin olgan banner ilingandi. Tabiiyki, bu odamlar ichida Fayzulloh ham bor edi. Svat vodiysini Tolibondan ozod qilish operatsiyasi boshlanganiga ham uch yildan ko‘proq vaqt bo‘ldi. Albatta, toliblar hukmronligiga chek qo‘ygan armiyadan minnatdor edik, ammo nega bizning vodiy hali ham harbiy holat ostida ekanligini tushuna olmasdik. Har qadamda nazorat punktlari o‘rin olgan, pulemyotchilar tomlarda kunu tun o‘tirishadi. Svatga kelish uchun odamlar rasmiy ruhsatnoma olishi talab etiladi. Tepalikka olib boradigan yo‘l odatda foytunlar va piyodalarga to‘la bo‘ladi, ammo o‘sha kuni negadir atrofda zog‘ ham ko‘rinmasdi. — Qiziq, odamlar qayerga ketdi? — deb so‘radim Monibadan. Qizlar bilan baqir-chaqir qilib kelayotgan edik, shu sababli boshqa qizlar atrofda odamlar yo‘qligiga deyarli eʼtibor berishmadi. Maktabni olti yoshida tashlab ketib, endigina qayta o‘qiy boshlagan onam bu vaqtda maktabda edi. Shu haqida o‘ylab турганимда… Avtobus yo‘lini to‘sib qo‘ygan ikki yosh yigitni payqamadim. Avtobus boshqa sabab bilan to‘satdan to‘xtab qoldi deb o‘yladim. To‘satdan qurol ko‘targan ikki yigit ro‘paramizga kelishganida ularning muddaosini tushundim: Qaysi biringiz Malala? Men ularga dunyodagi barcha qizlar, shu jumladan singillari va qizlari ham maktabga borishga haqli ekanligini tushuntirishga ulgurmadim... Miyamdan bugun kechqurun navbatdagi imtihonga tayyorgarlik ko‘rishim kerak degan o‘y o‘tdi. Uchta o‘q ovozi eshitildi. Ko‘zim oldida tovuq so‘yayotgan odam gavdalandi. Shitir-shitir, shpaq-shpaq. Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling