Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar


bob. Rabbim, meni o‘z marhamatingdan darig‘ tutma


Download 0.59 Mb.
bet29/33
Sana02.05.2023
Hajmi0.59 Mb.
#1421165
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   33
Bog'liq
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz

bob. Rabbim, meni o‘z marhamatingdan darig‘ tutma


Usmon Bxay Jan nima bo‘lganini tushunishi bilanoq katta tezlikda Markaziy kasalxonaga qarab yo‘l oldi. Barcha qizlar yo‘l bo‘yi yig‘lab ketishdi. Monibaning tizzasida yotganim elas-elas yodimda. boshim va chap qulog‘imdagi jarohatdan qon otilib chiqdi. Kasalxonaga ketadigan yo‘lning yarmiga yetganimizda politsiya xodimi avtobusni to‘xtatib, savolga tuta boshladi va qimmatli vaqtimizni behuda sarf qildi. Qizlardan biri nafas olayotganimni tekshirmoqchi bo‘lib, ko‘kragimga qulog‘ini qo‘ydi:
— U tirik! – jon holatda baqirdi. — Uni zudlik bilan kasalxonaga olib borishimiz kerak. Bizni so‘roq qilgandan ko‘ra, bu ishni qilgan jinoyatchilarni qidirganingiz maʼqul!
Biz uchun, Mingora ulkan shahar bo‘lib tuyuladi, lekin aslida unaqa emas. Bu yerda yangiliklar yashin tezligida tarqaladi. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda otam xususiy maktablar assotsiatsiyasida o‘tkazilgan press-klubda bo‘lgan. Endigina so‘zga chiqmoqchi bo‘lganida, uyali telefoni jiringlagan va Xushal maktabining raqamini ko‘rib, do‘sti Axmad Shohga javob berishi uchun telefonni uzatgan.
«Terroristlar maktab avtobusiga hujum қилишибди»… Ahmad Shoxning bo‘g‘iq ovozda aytgan gapidan otamning rangi quti o‘chib ketgan. Mening ushbu avtobusda bo‘lishim mumkinligi esa uni yanada tashvishga solgan. Otam ishtirok etayotgan uchrashuv nihoyatda muhim hisoblanib,
unda Svat vodiysi bo‘ylab 400 ga yaqin maktab egalari ishtirok etayotgandi. Uyushma aʼzolari hukumatning xususiy maktablarni markaziy hokimiyat nazorat ostiga olishi borasidagi rejalariga qarshi norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqchi edilar. Uyushma prezidenti sifatida otam uchrashuvdan ketishga haqqi yo‘q edi. Shuning uchun, u o‘z chiqishini bekor qilmadi. Ming bir hayol bilan, qaro terga botib, amallab o‘z nutqini yakunlashga harakat qildi.
Otam o‘z nutqini tugatishi bilanoq, tomoshabinlarning savollarini kutmasdan do‘stlari Ahmad Shoh va Riaz bilan birgalikda kasalxonaga yugurdi. Ular kasalxonaga kirib kelganlarida kameralar bilan qurollangan ko‘plab jurnalistlar to‘planib qolishgandi. Jurnalistlarni ko‘rgan otam mening yaralanganimni darhol payqadi va yuragi siqilib ketdi. Jurnalistlarning hay-haylashiga qaramasdan, olomon orasidan yorib o‘tib, ichkariga o‘zini urdi. Men karavotda boshim bog‘langan holda yotar edim. Ko‘zlarim yumuq, qip-qizil qonga belangan sochlarim yostiq ustiga ёйилган…

  • Jasur va go‘zal qizalog‘im, — dedi otam peshonam va yonoqlarimni o‘pib. Negadir, otam ingliz tilida gapirayotgandi. Garchi ko‘zlarim yumilgan bo‘lsa ham, otamning gaplarini eshitayotgandim.

Otam kimgadir yuzlanib:
— Sababini tushuntirib berolmayman, lekin u meni eshitayotganini his qildim.
Kimdir mening kulganimni aytdi. Otam ham lablarimning harakatini payqab qoldi va qalbida meni yo‘qotib qo‘ymaslik umidi paydo bo‘ldi. Oradan yillar o‘tib otam o‘sha kun hayotidagi eng qora kun ekanligini tez-tez takrorladi. Barcha bolalar ota-onalari uchun bebaho hisoblanadi, ammo otam uchun men tasvirlab bo‘lmaydigan darajada muhim edim. Esimni tanibmanki, men unga nafaqat farzand, balki do‘st, hamfikr, o‘rtoq bo‘ldim. Dastavval yashirincha Gul Makay tahallusi ortida, keyinchalik ochiqchasiga. Menga nisbatan qilingan tahdidlarga qaramay, otam Tolibonlar qiz bolaga nisbatan bunchalikka boradi deb o‘ylamagandi. Ular bir o‘q bilan ikkita quyonni urmoqchi bo‘lishgan: meni o‘ldirish va otamning ovozini abadiy ўчириш…
Otamning yuragi qayg‘udan adoyi tamom bo‘ldi, ammo ko‘zidan bir tomchi yosh chiqmadi. Atrofimiz to‘la odamlar. Uchrashuvning barcha ishtirokchilari kasalxonaga kelishdi, shuningdek jurnalistlar va jamoat arboblari zalni to‘ldirishdi. Go‘yo, butun shahar shu yerda yig‘ilgandek edi. Otam hammadan men uchun ibodat qilishlarini so‘radi. Shifokorlar otamga kompyuter tomografiyasi o‘q miyaga taʼsir qilmasligini ko‘rsatganini, jarohatga malham qo‘yib, bog‘lashganini aytdi.

  • Ey Ziyovuddin! Qanday qilib bunaqa voqea sodir bo‘lishi mumkin! Maryam xonim xonaga otilib kirib keldi. U o‘sha kuni uy ishlari bilan ovora bo‘lib, maktabga bormagandi. Uyida televizor ko‘rib o‘tirganida, Xushal maktabining avtobusiga xujum uyushtirilgani haqidagi xabarga ko‘zi tushib, hushi boshidan uchibdi. Mening jarohat olganimni bilgach esa, darhol erini chaqirib, kasalxonaga mototsiklida yetib kelibdi. Ushbu transport vositasi pushtun ayoliga unchalik mos ko‘rilmaydi, ammo tig‘iz paytda urf-odatga qarab o‘tiradimi odam?

  • Malala, Malala, eshityapsanmi? – Maryam xonim havotirli ovoz bilan.

Men javoban ingrab qo‘ydim. Maryam xonim mening ahvolim haqida batafsil maʼlumot olishga harakat qildi. U tanigan shifokor unga o‘q miyaga tegmasdan frontal suyakni teshib o‘tganini va mening hayotimga hech qanday xavf solmasligini aytdi. Men bilan birga jarohat olgan ikki qiz ham kasalxonada edi. Shaziya ikkita o‘q yegan edi: biri suyagini teshib o‘tgan, ikkinchisi — kaftini. Koinot esa yaralanganini sezmagan ham. Faqat uyga borganida o‘q uning chap bilagiga tekkanidan xabardor bo‘lgan. Shundan so‘ng oila aʼzolari uni kasalxonaga olib borgan.
Mening karavotim oldidan bir daqiqa ham ketishni istamagan otam shogirdlarining ahvolidan ham havotir ola boshladi. Shu onda uning telefoni jiringlashdan to‘xtamasdi. Birinchi bo‘lib Xayber Paxtunxva Bosh vaziri qo‘ng‘iroq qildi.
— Xavotir olmang, hammasi yaxshi bo‘ladi”, dedi u. — Qizingiz Peshovardagi eng yaxshi kasalxonaga ko‘chiriladi.
Armiya ham bizni yolg‘izlatib qo‘ymadi. Kunduzi soat uchlarda kasalxonaga mahalliy harbiy qism qo‘mondoni kelib, meni Peshovarga vertolyotda olib ketishlarini aytdi. Men Peshovarda ayollarning yordamiga muhtojlik sezardim. Ammo, onamni kutib turishga vaqt yo‘q, shu sababli Maryam xonim biz bilan uchib ketadigan bo‘ldi. Maryam xonimning oilasiga esa bu qaror yoqmadi, chunki u yaqinda kichik operatsiyani boshidan o‘tkazgan o‘g‘lini emizishi kerak edi. Ammo ikkinchi onam hisoblangan Maryam xonim meni tashlab ketolmadi.
Vertolyot maydoni tomon ketar ekanmiz otam biz harakat qilayotgan tez yordam mashinasiga toliblar hujum qilishidan xavotirga tushdi. Unga atrofdagilar mashinada kim ketayotganini biladigandek tuyuldi. Vertolyot uchastkasi kasalxonadan atigi bir kilometr uzoqlikda joylashgan, besh minutda bosib o‘tiladigan yo‘l edi, ammo otam uchun bu besh daqiqa besh asrdek tuyuldi. Biz yetib kelganimizda, vertolyotdan darak yo‘q edi, shu sabab ozroq kutib turishimizni aytishdi. Otam kutishdan toqati toq bo‘lgandi. Baxtimizga, vertolyot bizni ko‘p kuttirmadi. Mendan tashqari vertolyotga Otam, amakivachcham Xanji, Axmad Shoh va Maryam xonim chiqishdi. Ilgari hech birimiz vertolyotda
uchmaganmiz. Vertolyot havoga ko‘tarilib, qanaqadir armiya bayrami bo‘lib o‘tayotgan stadion ustidan uchib o‘tdi. Qulog‘imizga vatan haqidagi qo‘shiqlar chalina boshladi. Otamning ensasi qotib, qo‘llari bilan quloqlarini yopib oldi. Aslida otam qo‘shiq eshitishni juda suyadi, lekin o‘n besh yashar qizi yonida o‘likdek hushsiz yotganida balandparvoz qo‘shiqlar quloqqa kirarmidi?!
Yig‘lab-yig‘lab ko‘z yoshlari qurib qolgan onam mayuslik bilan tomimizda turib vertolyotning o‘tishini kuzatardi... Men yaralanib, kasalxonaga olib ketilayotganimda, onam Ulfat xonimdan saboq olayotgan, hayotida birinchi marta «kitob” va «olma” so‘zlarini o‘qishga harakat qilayotgan edi. Dahshatli xabar onamga yetib kelganida maktab avtobusi avtohalokatga uchradi va shunchaki oyog‘im jarohatlandi deb ishongan ekan. Onam yashin tezligida uyga yugurdi va biz bilan birga yashayotgan buvimga borini aytib berdi va buvimdan men uchun ibodat qilishni iltimos qildi. Biz pushtunlar sochiga oq oralagan keksalarning ibodatlari Allohga tezroq etib borishiga ishonamiz. Ertalab o‘qishga shoshib, to‘liq yeyilmagan maydalangan tuxum qoldiqlariga ko‘zi tushgan onam boshqa chiday olmadi. O‘kirib yig‘lab yubordi. Devorlarda turli xil mukofotlarga sazovor bo‘lganimda tushgan fotosuratlar ilingan turardi. Har doim birorta tadbirda qatnashib, mukofot olganimdan so‘ng, onamning ko‘ngli g‘ashlanardi. Ana endi onam rasmlarimga boqib ўтирибди… «Malala, Malala, Malala, Alloh seni o‘z panohida asrasin.»
Tez orada uyimiz ayollar bilan to‘lib ketdi. Pushtun urf-odatlariga ko‘ra, agar kimdir vafot etsa, marhumning uyini odamlar bosib ketadi.
Uyimizda bunchalik ko‘p odamning o‘tirishi onamning kapalagini uchirib yubordi. Lekin o‘zini qo‘lga olgan onam darhol joynamozga o‘tirdi va Qurʼon suralarini tilovat qilishni boshladi. Bundan tashqari atrofdagi ayollarga «Yig‘lamanglar, ibodat qilinglar undan ko‘ra”, dedi. So‘ngra ikkala ukam birin-ketin uyga keldi va televizorni yoqib, menga o‘q uzilgani haqidagi xabarni o‘z quloqlari bilan eshitdi. Ikkala ukam ham nima bo‘layotganini anglolmaydigan darajada karaht ahvolga tushishdi. Telefon tinimsiz jiringlar edi. Onamga hayotim uchun hech qanday xavf yo‘qligi, o‘q faqat old suyakka tekkani haqidagi xabar yetib kelganidan so‘ng sal-pal xotirjam bo‘ldi. Ammo endi uning hayollari to‘zg‘ib ketgandi — dastlab oyog‘im jarohatlangani haqidagi xabar, keyin boshimdan jarohat olganim....
Onam kasalxonaga borishni va mening yonimda bo‘lishni xohlar edi, ammo odamlar uni uyda qolishga undashdi. Biroz vaqt o‘tib otamning do‘stlaridan biri qo‘ng‘iroq qilib, meni Peshovarga olib ketishayotganimni aytdi. Kimdir hujum sodir bo‘lgan joydan mening
kalitlarimni olib kelibdi. Shu paytgacha o‘zini xotirjam tutgan onam endi chiday olmadi va yig‘i aralash baqirdi:

  • Menga kalitlar emas, qizim kerak! Malala yonimda bo‘lmasa, menga uning kalitlari nega kerak?

Vertolyotning shovqinini eshitildi. Ayollar tomga shoshilishib, qichqirishdi:

  • Malala uchmoqda!

Onam ro‘molini boshidan yulib oldi va qo‘lida silkitdi va pichirladi:

  • Rabbim, men uni sening panohingga topshirman. Biz sening qo‘riqlashingga ishonganimiz uchun qo‘riqchilardan voz kechdik. Qizimning hayoti sening qo‘lingda, Sen inson yashashini yoki o‘lishni hal qilasan.

Vertolyotda qon qusishni boshladim. Otam buni ichki qon ketishining alomati deb bilib, dahshatga tushdi. Soniya sayin uning umidlari chilparchin bo‘la boshladi. Ammo Maryam xonim ro‘molimning uchi bilan og‘zimni artmoqchi bo‘lganimni payqab qoldi va «U hushiga keldi!» deya qichqirib yubordi. — Bu yaxshilik alomati!
Nihoyat Peshovarga yetib keldik. Men bilan birga kelganlar bizni eng zo‘r neyroxirurg doktor Mumtoz ishlaydigan «Lady Reading» kasalxonasiga olib borishadi deb o‘ylashgan edi, ammo buning o‘rniga Buyuk Britaniyaning hukmronligi davrida qurilgan 600 o‘rinli Peshovardagi eng katta kasalxona — Birlashgan harbiy kasalxonaga olib borishdi. Peshovar — Federal boshqariladigan qabila hududlariga kirish eshigi bo‘lgani bois, bu yerda armiya va jangarilar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlanganidan beri shifoxona doimo odamlar bilan to‘la bo‘lgan. Bu yerda yarador askarlar va terakt qurbonlari yordam olishadi. Mamlakatimizdagi ko‘plab shifoxonalar singari, bu yer ham baland beton devorlar bilan o‘ralgan va uning hududiga yetib borish uchun nazorat punktidan o‘tishingiz kerak. Bularning barchasi xudkush terrorchilarga qarshi qo‘llangan zarur choralar hisoblanadi.
Meni zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yuborishdi. Palatada o‘rnatilgan soat tushdan keyingi beshni ko‘rsatardi. Hamshira menga qanaqadir ukol yubordi. Yonimdagi karavotda bomba portlashi tufayli oyog‘i uzilib ketgan yosh askar yotardi. Ko‘p o‘tmay, yosh neyroxirurg polkovnik Junayd palatamizga kirib keldi. Otam shifokorning yosh ekanligidan norozi bo‘ldi. Chunki bu odam ko‘rinishidan doktorga o‘xshamas edi. Maryam xonim hammaga o‘zini «Malalaning онаси»
sifatida tanishtirgandi va shu sabab ichkariga kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shifokor meni obdon tekshirdi. Men o‘zimni bilayotgan edim, goh- gohida og‘riqdan ingrab qo‘yardim, lekin hech narsa deya olmasdim. Doktor chap qoshim ustidagi yarani — o‘qning kirish teshigini tikib qo‘ydi. Ajablanarlisi shundaki, o‘q rentgen nurida ko‘rinmasdi.
-Agar kirish joyi bo‘lsa, demak chiqish joyi ham bo‘lishi kerak- , dedi shifokor.
U umurtqa pog‘onamni ko‘zdan kechirdi va chap yelka suyagimdagi o‘qni topdi.

  • Jangarilar unga o‘q uzishganda, uning boshi oldinga egilgan bo‘lgan.

Meni yana kompyuter tomografiyasidan o‘tkazishdi. Shifokor otamni o‘z kabinetiga taklif qildi va tekshiruv natijalarini ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mingora kasalxonasida skanerlash faqat bitta ko‘rinishda qilingan ekan. Yangi rentgen natijalariga ko‘ra vaziyat avvalgidan ko‘ra jiddiyroq edi.

  • Ko‘ryapsizmi, Ziyovuddin, o‘q miyaga ancha yaqinlashgan, — deb tushuntirdi shifokor otamga. — Suyak bo‘laklari miya membranalariga zarar yetkazgan. Bundan buyog‘iga umid qilishdan o‘zga najotimiz yo‘q. Hozirda qizingizni operatsiya qilish mantiqsiz.

Otam tushkun ahvolda qoldi. Mingoralik shifokorlar unga mening hayotimga hech narsa tahdid solmaydi, deb ishontirishgandi, ammo endi jarohat juda xavfli ekanligi maʼlum bo‘ldi. Аммо… Xo‘p, vaziyat shunaqa jiddiy ekan, nega operatsiyani keyinga qoldirish kerak bo‘lib qoldi? Shubha-gumonlar…
Harbiy kasalxonada otam o‘zini juda noqulay his qila boshladi. Armiya ko‘p marta hokimiyatni kuch bilan egallab olgani uchun odamlar harbiylardan ehtiyot bo‘lishadi. Uzoq vaqt davomida harbiy holat ostida bo‘lgan Svat vodiysida bu hushyorlik yanada kuchliroq edi. Otamning do‘stlaridan biri uni chaqirib:

  • Malalani tezda bu kasalxonadan olib chiqing. Uning bu dunyoda qiladigan ishlari hali ko‘p, Liaqat Ali Xon singari shahid bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz darkor, — dedi.

Ota nima qilarini bilmasdan, gangib qoldi va darhol Polkovnik Junaydning yoniga borib, bor dardini to‘kib soldi:

  • Men tushunmay qoldim, nega bizni bu yerga olib kelishdi? Men qizimni oddiy fuqarolar shifoxonasiga olib borishadi deb o‘ylagandim. Mayli, boriga shukr dermiz. Ammo Doktor Mumtozni maslahatga taklif qila olasizmi?

  • Uning rozi bo‘lishiga amin emasman, — javob qaytardi polkovnik Junayd ranjigandek bo‘lib.

Keyin bilsak, polkovnik Junayd yosh ko‘rinishiga qaramay, armiyaning o‘n uch yilllik eng tajribali va bilimdon mutaxassislaridan birii hisoblanarkan. Keyinchalik u harbiy neyroxirurg bo‘lgan amakisi izidan borib, harbiy shifokor bo‘lishga qaror qilganini aytib bergandi. Armiya kasalxonalari fuqarolik shifoxonalariga qaraganda yaxshiroq sharoitga ega edi. Peshovar kasalxonasi Tolibon bilan urushda eng katta yordami tekkan shifoxona bo‘lsa, polkovnik Junayd eng faol shifokorlardan bo‘lgan.

Ammo o‘sha paytda bularning hech biridan xabardor bo‘lmagan otam yosh shifokorga ishonchsiz munosabatda bo‘lgan. Ammo, qo‘lidan boshqa ish kelmaydigan otam doktorga qarab: «O‘zingiz to‘g‘ri deb bilgan ishingizni qiling, siz докторсиз» – dedi va xomush kayfiyatda xonani tark etdi.
Keyingi bir necha soat hayajonli kutish bilan o‘tdi. Hamshiralar yurak urish tezligini va boshqa muhim belgilarni doimiy ravishda kuzatib borishdi. Vaqti-vaqti bilan ingradim, ko‘zimdan yosh chiqib turdi yoki qo‘limni qimirlatdim. Qulog‘imga Maryam xonimning ismim bilan chaqirgani chalindi: — Malala, Malala. Bir marotaba ko‘zimni ham ochdim va buni payqagan Maryam xonim: «Men hech qachon uning ko‘zlari bunchalik go‘zalligini oldin payqamagan ekanman”, dedi. Qo‘limga o‘rnatilgan datchikni olib tashlamoqchi bo‘lib, harakat qilganimda, Maryam xonimdan dakki eshitdim.

  • Xonim, meni darsdan haydamang, — deb aljiradim, xuddi maktabda bo‘lganimiz kabi. Maryam xonim juda qattiq direktor edi-da.

Kechqurun onam va Atal kasalxonaga yetib kelishdi. Ularni otamning do‘sti Muhammad Farruh olib kelibdi. Maryam xonim onamga oldindan qo‘ng‘iroq qilib, uni ogohlantiribdi:

  • Malalani ko‘rganingizda, achinishingiz yoki yig‘lashingiz shart emas. U ko‘zlari yumilgan bo‘lsa ham, behush bo‘lib tuyulsa ham, hamma narsani eshitadi.

Otam ham onamga qo‘ng‘iroq qilib, har qanday vaziyatga tayyor turishlari kerakligini aytgan ekan. Onam va otam quchoqlashib ko‘rishishdi.

  • Qizim, Atal shu yerda, — dedi onam menga qarab. — U seni ko‘rish uchun keldi. Ko‘zingni och!

Kichkina ukamdan o‘zini tutishni so‘rashgan bo‘lishsada, u meni ko‘rgach, baland ovozda yig‘lab yubordi.
Onam nima uchun shifokorlar jarrohlik amaliyotini o‘tkazmayotgani va o‘qni olib tashlamayotganini bilishga qiziqdi. Javobdan uning ko‘ngli to‘lmadi.

  • Jasur qizim, go‘zal qizim — deb sochlarimni siladi onam.

Atal shovqin ko‘taravergach, oxir-oqibat butun oilamni kasalxonadagi mehmonxonaga olib borishdi. Ayni paytda shifoxona tashqarisida ko‘plab odamlar — menga hamdardlik bildirmoqchi bo‘lgan siyosatchilar, davlat amaldorlari, jamoat arboblari, jurnalistlar to‘plangan edilar. Hatto viloyatimiz hokimi ham kelib, mening davolanishim uchun otamga 100.000 rupiya tashlab ketdi. Mamlakatimizda marhumning uyiga hukumat aʼzolari hamdardlik bildirish uchun kelishsa, alohida sharaf hisoblanadi. Ammo otam bizga ko‘rsatilayotgan ehtiromdan faqat g‘azablandi. Chunki bu odamlar meni himoya qilish uchun hech narsa qilmagandi.
Mehmonxonada Atal televizorni yoqqanida otam darhol o‘chirib qo‘yishni buyurdi. U qiziga qilingan suiqasd haqidagi yangiliklarni eshita olmasdi. Otam xonadan chiqqach, Maryam xonim yana televizorni yoqdi. Xuddi men allaqachon vafot etgandek, barcha kanallarda men bilan sodir bo‘lgan voqea yoritilardi.

  • Malala, mening bechora Malalam, — onam faryod soldi. Maryam xonim ham unga qo‘shildi.

Yarim tunda polkovnik Junayd otamni xonasiga chaqirdi.

  • Ziyovuddin, Malalada miya shishi bor, - dedi u bosiqlik bilan.

Otam bu nimani anglatishini va qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilmasdi. Shifokor mening ahvolim yomonlashayotganini, xotiram asta-sekin yo‘qolishini va yana qon qusishni boshlashimni aytdi. Nihoyat, miya shishi hayotimga tahdid solish-solmasligini aniqlaydigan yana bir tomografiya o‘tkazishga qaror qilishdi.

  • Ammo bizga o‘q miyaga tegmadi, deyishgandiku, — ming‘irladi otam.

Shifokor o‘q suyakni parchalagani, suyak parchalari miyani shikastlab, shishib ketishini tushuntirdi. Miya uchun ko‘proq joy ajratish maqsadida bosh suyagining bir qismini olib tashlash kerak ekan, chunki intrakranial bosimning oshishi hayotimga bevosita tahdid solar edi.

  • Faqatgina operatsiya qizga omon qolish imkoniyatini berishi mumkin. Agar qo‘l qovushtirib o‘tirsak, u aniq o‘ladi. Men esa harakatsizligim natijasida afsuslanib o‘tirishni xohlamayman.

Bosh suyagining bir qismini olib tashlanishi kerakligini eshitgan otam seskanib ketdi:
— Operatsiyani amalga oshirsangiz, u omon qoladimi? Shifokor unga hech qanday kafolat bera olmasligini aytdi.
Garchi kasalxona rahbariyati meni chet elga jo‘natish kerak deb hisoblab, operatsiyadan qaytargan bo‘lsa ham, polkovnik Junayd dadil qaror qabul qildi. Lekin shifokorning qatʼiyati sabab hayotim saqlab qolinishi mumkin edi. Otam ishni paysalga solmasdan harakat qilishni iltimos qildi. Polkovnik Junayd doktor Mumtozdan yordam so‘rashini aytdi. Otam yaxshilab duo qilganidan so‘ng, operatsiya uchun rozilik berishi to‘g‘risidagi xujjatni imzoladi. Bu hujjatda: «Bemor o‘lishi мумкин» deb yozilgandi.
Amaliyot tungi soat bir yarimda boshlandi. Ota-onam operatsiya xonasi yonidagi koridorda tinmay duo qilib chiqishdi.

  • Rabbim, iltimos qilaman, Malalaning hayotini saqlab qol! Qizimning tirik qolishi uchun umrim oxirigacha sahroda yalangoyoq yurishga tayyorman. Men usiz yashay olmayman. Rabbim mayli mening jonimni ol, men yetarlicha yashadim. Ammo qizimning hayotini saqlab qol, iltimos sendan. Mayli, nogiron bo‘lib qolsa ham, tirik qolsa bo‘ldi.

Otamning telbanamo gaplarini onam bo‘lib qo‘ydi:

  • Xudo baxil emas va siz bilan savdolashmaydi. Agar u Malalaning yashashini xohlasa, uni tirik va sog‘lom holatda bizga qaytaradi.

Onam qo‘llariga Qurʼon ushlagancha namoz o‘qishni boshladi. Bir necha soat to‘xtamasdan muqaddas suralarni yoddan tilovat qildi.

  • Men hech qachon bir odamning bunchalik ibodat qilganini ko‘rmaganman, — keyinchalik ushbu voqeani eslar ekan Maryam xonim. – Aynan shundan so‘ng, Alloh chin dildan ibodat qilgan odamga so‘raganini berishiga amin bo‘ldim.

Bu orada polkovnik Junayd operatsion arra yordamida bosh suyagimning yuqori chap tomonidan sakkiz santimetr kvadrat qismini kesib tashladi. Endi mening shishgan miyamning atrofida bo‘shliq hosil bo‘ldi. So‘ngra shifokor qorin bo‘shlig‘imning teri osti to‘qimasini kesib tashladi va bosh suyagining bir qismini joylashtirdi. Shundan so‘ng, shish tufayli nafas olishim bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida menga traxeotomiya (nafas olish paytida yuz beradigan to‘siqni bartaraf etish uchun nafas trubasiga naycha o‘rnatish) amaliyotini o‘tkazdi. Shuningdek, shifokor miyamdagi qon quyqalari hamda chap yelkam ostidagi o‘qni ham olib tashladi.
Amaliyot deyarli besh soat davom etdi. Otam kasalxonada yig‘ilgan odamlarning 90% i mening o‘limim haqidagi xabarni kutishyapti degan o‘yga bordi. Albatta, ular orasida chin dildan xavotirlanadiganlar ham bor edi. Ammo ko‘pchilik bizning shon-shuhratimizga hasad qilishar, mening bu ko‘yga tushganimdan ich-ichidan rohatlanishayotgandi. Otam o‘ziga kelib olish uchun biroz yo‘lak bo‘ylab yurishga qaror qildi. Operatsiya xonasidan uzoqlashishi bilan hamshira uni chaqirdi:

  • Siz Malalaning otasisiz-a?

Otamning yuragi siqilib ketdi. Indamay bosh irg‘adi. Hamshira uni palataga olib bordi.
Otam hamshiradan “Qo‘limizdan kelganini qildik, ammo, bandalik…“ degan gapni kutgan edi. Buning o‘rniga hamshira qon quyish stansiyasiga borib, qon olib kelishni buyurdi. Otam bir vaqtning o‘zida ham yengillik, ham bezovtalik his qildi. — Haqiqatan ham mendan boshqa buni qiladigan odam yo‘qmi? – deb o‘yladi va do‘stlaridan birini stansiyaga jo‘natdi.
Nihoyat, ertalab soat olti yarimda jarrohlar operatsiya xonasidan chiqib kelishdi. Ular otamga bosh suyagimdan bir parcha suyakni olib, qorin bo‘shlig‘imga tikkanliklarini aytishdi. Shifokorlar bemorning qarindoshlariga uzoq vaqt tushuntirish berishlari odat tusiga kirmagan, shu sabab otam hayiqibroq so‘radi:
— Ruxsat etsangiz, bir ahmoqona savol bermoqchiman. U tirik qoladi deb ayta olasizmi?

  • Tibbiyotda ikki karra ikki doimo to‘rt bo‘lavermaydi, — javob qildi polkovnik Junayd. — Biz qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Endi buyog‘iga faqat kutishimiz kerak.

  • Maʼzur tutsangiz, yana bitta ahmoqona savolim bor, — davom etdi otam. — Nega uning qorin bo‘shlig‘iga suyak joylashtirdingiz?

  • Uch oy ichida biz uni chiqarib, yana bosh suyagiga qo‘yamiz”, — deb tushuntirdi doktor Mumtoz. – Bu odatiy amaliyot.

Ertasi kuni ertalabgi xabar hammani xushnud etdi. Qo‘llarim qimirlay boshladi! Meni tekshirish uchun uchta eng malakali jarroh shifoxonaga keldi. Ular polkovnik Junayd va doktor Mumtoz juda yaxshi ish qilishganini hamda operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini taʼkidlashdi.Shuningdek, hushimga kelsam, intrakranial bosim kuchayishi mumkinligini inobatga olib meni sunʼiy koma holatida saqlash kerakligini maslahat berishdi.
Men hayot bilan o‘lim o‘rtasida sarson bo‘lib yurganimda tolibon mening hayotimga qilingan suiqasd uchun javobgarligini o‘z bo‘yniga oldi.
Biroq, jangarilar suiqasdning sababi mening inson huquqlari uchun kurashganim ekanligini rad etishdi. Tolibon vakili Ehzanulloh Ehson quyidagi bayonot bilan chiqdi:
«Ha, biz uni otib tashladik. Bizga qarshi bo‘lganlarning boshiga shu kun tushishini eslatib o‘tmoqchimiz. Kufrni tarqatishda bosh-qosh bo‘lgani uchun Malalani otib tashladik. Yosh bo‘lishiga qaramay, u pushtun o‘lkalarida g‘arb turmush tarzini targ‘ib qildi. U g‘arbparast. Uning rahnamolari g‘arbliklar bo‘lgani bois u bizni doimo qoralab kelgan. U prezident Obamani o‘zining kumiri deb atagan.»
Otam Tolibon vakili nimaga ishora qilayotganini yaxshi bilar edi. Bir yil oldin Tinchlik bo‘yicha milliy mukofotga sazovor bo‘lganimdan beri, ko‘plab televizion shoularda qatnashdim. Ulardan birida mendan sevimli siyosatchim kimligini so‘rashdi va men Xon Abdul G‘affor, Benazir Bxutto va Barak Obamaning ismlarini aytdim. Men shunchaki Amerika prezidentining hayoti haqida o‘qib, kambag‘al oiladan chiqqan yosh afroamerikalik o‘zining barcha orzulari va ambitsiyalarini amalga oshira olganiga qoyil qolgandim. Ammo AQShning Pokistondagi obro‘si shubhasiz salbiy bo‘lib, dron hujumlari, hududimizdagi maxfiy reydlar va Markaziy razvedka boshqarmasi agenti Raymond Devisdan keyin bu obro‘ yanada pasaygandi. Tolibon vakili Fazlulloh meni ikki oy oldin bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda otib tashlashni buyurganini aytdi:

  • Bizga qarshi hukumatni qo‘llab-quvvatlaydigan har kim bizning qo‘limizda jon beradi. Doimo shunday bo‘lib kelgan va endi ham shunday bo‘ladi. Tez orada yangi marralarni zabt etamiz.

Fayzulloh, shuningdek, men va mening sayohat yo‘nalishim to‘g‘risida maʼlumot to‘plagan svatlik ikki fuqaroning xizmatidan foydalanganini, hujum toliblarning armiyadan qo‘rqmasligini ko‘rsatish uchun aynan armiya nazorat punkti yaqinida amalga oshirilganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
Operatsiyadan keyin ertalab kasalxonada shov-shuv ko‘tarildi – hamshiralar hamma yoqni tozalay boshlashdi, shifokorlar yangi formalarini kiyib olishdi, xo‘jalik xodimlari gazonlarni bo‘yashga tushishdi. Keyin bilsak, armiyaning bosh qo‘mondoni, general Kayani kasalxonaga tashrif buyurishi kerak ekan. Qo‘mondon o‘zini ko‘p kuttirmadi va palataga kirishi bilan , otamga xushmomilalik bilan dedi:

  • Butun Pokiston xalqi siz va qizingiz uchun ibodat qilmoqda.

Men general Kayani bilan 2009 yilda, u toliblarga qarshi miting o‘tkazilayotganda Svat vodiysiga kelganida uchrashganman.

  • Armiya o‘z vazifasini bajarib, Tolibonni quvib chiqarganidan xursandman, degandim ushbu mitingda qo‘mondonga qarab. — Endi faqat Fazlullohni qo‘lga olish qoldi.

Ushbu so‘zlar ortidan rosa chapak чалинганди…
General Kayani yonimga kelib, otalarcha mehr bilan qo‘lini boshimga qo‘ydi. Polkovnik Junayd general bilan operatsiya natijalari va keyingi davolanish rejalari to‘g‘risida o‘rtoqlashdi. General malakali mutaxassislardan maslahat olish uchun tomografiya natijasini chet elga yuborish kerakligini aytdi. General ketganidan so‘ng ham yo‘qlab kelgan odamlarning keti uzilmadi: kriketchidan siyosatchiga aylangan Imron Xon; viloyatimizning axborot vaziri, yolg‘iz o‘g‘lini otib o‘ldirgan Tolibondan bizdan kam nafratlanmaydigan Mian Iftixor Xuseyn; viloyatimizning bosh vaziri Haydar Xoti shular jumlasidandir. Ammo ularning hech biriga meni ko‘rishga ruxsat berishmadi.

  • Malala hali ko‘p yashaydi deb umid qilamiz, — dedi Xoti kasalxonaga yig‘ilgan odamlarga qarab. — U hali ko‘p ish qilishi kerak.

Kunduzi soat uchlar atrofida vertolyotda ikkita ingliz mutaxassisi — doktor Javid Kayani va doktor Fiona Reynolds yetib kelishdi. Ikkalasi ham o‘sha paytda Birmingemdagi klinikalarda ishlagan va Pokistondagi birinchi jigar transplantatsiyasi dasturi bo‘yicha armiya jarrohlariga maslahat berish uchun mamlakatimizga kelgan edi. Pokiston nafaqat taʼlim sohasida, balki sog‘liqni saqlash sohasida ham ancha tushkun ahvolda edi. Pokistonlik bolalarning 15 foizga yaqini gepatit bilan kasallangan bo‘lib, infeksiya ko‘pincha tibbiy muassasalarda shprits yordamida yuqtirib olinadi. Pokistonda jigar sirrozi kasalligidan o‘lim darajasi ham juda yuqori. General Kayani bu vaziyatni o‘zgartirishga qaror qildi va armiya yana bir bor fuqarolik hokimiyatining kuchi yetmaydigan vazifani o‘z zimmasiga oldi. General Britaniyalik mutaxassislardan uylariga uchib ketishidan oldin o‘z yutuqlari to‘g‘risida master-klass o‘tib ketishni iltimos qildi. Shifokorlarning general bilan uchrashuvi men yaralanganimning ertasi kuni bo‘lib o‘tdi. Ular generalning idorasiga kirishganida, monitorda ikkita kanal, biridan mahalliy urdu kanali, ikkinchisidan esa ingliz tilidagi Sky News qo‘yilgan ekan.
General va shifokor bir xil familiyali bo‘lishiga qaramay, o‘zaro qarindosh emasdi. General doktor Javidga mening ahvolimdan xavotirda ekanligini aytdi va meni tekshirishni iltimos qildi. Qirolicha Yelizaveta kasalxonasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mutaxassisi doktor Javid esa bunga rozi bo‘lib, Birmingem bolalar kasalxonasi xodimi va bolalar intensiv terapiyasi mutaxassisi doktor Fionani o‘zi bilan olib kelishini aytdi. Lekin u chet elliklar uchun yopiq bo‘lgan Peshovarga borishdan qo‘rqardi. Ammo qizlarning o‘qish
huquqi uchun kurashganimni bilgach, u barcha qo‘rquvlarini yengib o‘tib, menga yordam berishga qaror qildi. Doktor Fiona yer yuzidagi barcha qizlarning taʼlim olish imkoniyatga ega bo‘lishini xohlar edi. Polkovnik Junayd va shifoxona rahbari ingliz shifokorlarini unchalik xushlamadi. Ammo general Kayani ularni yuborganini bilganidan so‘ng, noiloj meni ko‘rishga ruxsat berishdi. Peshovar kasalxonasidagi vaziyat inglizlarni umuman qoniqtirmadi. Shifokorlar qo‘llarini yuvmoqchi bo‘lganlarida kanalizatsiya tizimi yo‘qligini bilib dahshatga tushishdi. Kasalxonada ishlatilayotgan uskunalar esa ularga 1950 yillarni esga solib yubordi. Doktor Fiona mening qon bosimim oxirgi marta qachon o‘lchanganligini so‘radi. Ikki soat oldinligini bilganidan so‘ng, boshini chayqab, qon bosimimni doimiy ravishda o‘lchab turish lozimligini aytdi. Analiz natijalarini tekshirgandan so‘ng, qonimda karbonat angidrid miqdori juda past ekanligini aniqladi.
Otam doktor Javidning gaplarini eshitmayotganidan baxtiyor edi. Doktor Fiona hamkasbiga operatsiya o‘z vaqtida qilingani va muvaffaqiyatli bo‘lgani tufayli omon qolishim uchun umid borligini aytdi, ammo operatsiyadan keyingi to‘g‘ri davolanishning yetishmasligi mening imkoniyatlarimni sezilarli darajada kamaytirardi. Neyroxirurgik amaliyotdan so‘ng, bemorning nafas olish tezligini va gaz almashinuvini kuzatib borish juda muhimdir. Qonda karbonat angdrid darajasi normal darajada saqlanishi kerak. Albatta, buning uchun tegishli jihozlarga ehtiyoj seziladi. Doktor Javid aytganidek, bunday operatsiyadan so‘ng kasal odamni hayotga qaytarish samolyotni qaytadan yig‘ishga o‘xshaydi. Ko‘plab murakkab vositalarsiz bu ishni amalga oshirish mumkin emas. Aksiga olib, kasalxonada zarur jihozlar yo‘q edi, mavjudlaridan esa xodimlar qanday qilib to‘g‘ri foydalanishni bilishmasdi. Britaniyalik shifokorlar mening ahvolimdan juda xavotirga tushishdi, lekin Peshovarda uzoq vaqt tura olishmasligi tufayli tez orada vertolyot bilan o‘z yurtlariga jo‘nab ketishdi.
Men yotgan palataga kiritilmagan mehmonlar orasida Pokiston ichki ishlar vaziri Raxmon Malik ham bor edi. U men uchun pasport ham olib kelgandi. Garchi bu pasport men uchun foydali bo‘lishiga umuman ishonmasa ham, otam unga minnatdorchilik bildirdi.
-Rosti, Malalaga nima uchun pasport kerakligini bilmayman", - dedi u kechqurun onamga pasportini ko‘rsatib. - Axir jannatga kirishdan oldin hech qanaqa xujjat so‘rashmaydiku...
Otam ham, onam ham yig‘lab yuborishdi. Ular kasalxonani tark etishmagani tufayli hayotimga qilingan tajovuz haqidagi xabar allaqachon butun dunyoga tarqalib ketganligini, ko‘plab
mamlakatlarning eng ilg‘or klinikalari meni qabul qilishga tayyorligini bilishmas edi. Mening ahvolim yomonlasha boshladi. Otam telefon qo‘ng‘iroqlariga kamdan-kam javob beradigan bo‘ldi. Shunga qaramay, forumlarning birida men bilan yozishib qolgan Panjoblik Arfa Karim ismli qizning ota-onasi bilan telefon orqali muloqot qildi. Kompyuter dahosi bo‘lgan Arfa dasturlashda shunday muvaffaqiyatga erishgan ediki, to‘qqiz yoshida kompyuter sertifikatiga ega bo‘lib, dunyodagi eng yosh kompyuter mutaxassisi bo‘lgandi. Arfa Karim hatto Silikon vodiysiga tashrif buyurgan va u yerda Bill Geyts bilan uchrashgan. Afsuski, 2012 yil yanvar oyida, endigina 16 yoshga to‘lganida, epileptik tutilish natijasida yurak xurujidan vafot etgandi. Qabul qilgichda Otam Arfaning otasining ovozini eshitishi bilan yig‘lab yubordi:
-Qizimni yo‘qotib qo‘yganimdan keyin qanday yashashni ўргатинг…



  1. Download 0.59 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling