Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar


Download 0.59 Mb.
bet30/33
Sana02.05.2023
Hajmi0.59 Mb.
#1421165
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   33
Bog'liq
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz

bob. Nomaʼlum yo‘nalish sari


Meni seshanba kuni tushdan keyin otib ketishgandi. Payshanba kuni ertalab esa otamda mening tirik qolishim borasida zarracha umid qolmagandi. U hatto tog‘am Fayz Muhammadga qishloqdagi qarindoshlarimiz dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashlari kerakligini ham tayinlagandi. Men sunʼiy koma holatida edim. Hayot ko‘rsatkichlarim yomonlashgan. Yuzim va tanam shishib ketgan, buyraklarim va o‘pkam ishlashdan to‘xtagandi. Meni naychalar bilan o‘ralgan holda harakatsiz yotganimni ko‘rgan otamning yurak-bag‘ri ezilib ketdi.

  • Qizim hali bu dunyoni tark etmasligi kerak. Axir, u endigina 15 yoshga to‘ldi-ku, — otamning miyasida shu fikr tinmay aylandi.

Onam tunlari uxlamay ibodat qilib chiqdi. Fayz Muhammad Qurʼonning «Haj” surani o‘qish foyda berishini aytganidan so‘ng onam tinmasdan shu surani qaytara boshladi. Onam otamga yuragi meni tirik qolishimni sezayotganini aytdi. Ammo bu otamga unchalik taskin bermadi, sababi ahvolim kundan-kunga tobora og‘irlashib borardi.
Polkovnik Junayd xonaga kirganida, otam tag‘in so‘radi:

  • Qizim yashab ketadi-a?

  • Xudoga ishonasizmi? — savolga savol bilan javob berdi shifokor.

  • Ha, — otam bosh irg‘adi.

So‘nmas imon va yuksak maʼnaviyat sohibi bo‘lgan Polkovnik Junayd otamga chin dildan ibodat qilishni tavsiya qildi.
Chorshanba kuni kechqurun Islomoboddan intensiv terapiya bo‘yicha mutaxassis hisoblangan ikki nafar harbiy shifokor yetib keldi. Ularni britaniyalik shifokorlarning Peshovar kasalxonasida to‘g‘ri davolanmayotganim va yuqumli kasalliklar yoki operatsiyadan keyingi asoratlar tufayli vafot etishim mumkinligi haqidagi axborotidan xavotirda bo‘lgan general Kayani yuborgan ekan. Britaniyalik mutaxassislar meni boshqa kasalxonaga o‘tkazish zarurligini taʼkidlashdi. Ular shuningdek doktor Fionaning tavsiyalari kasalxona xodimlari tomonidan bajarilmaganligini va mening ahvolim yomonlashishda davom etayotganini aniqlashdi. Payshanba kuni ertalab harbiy shifokorlardan biri polkovnik Aslam doktor Fionaga qo‘ng‘iroq qilib, dedi:

  • Malalaning ahvoli og‘ir. Qon bosimi keskin pasaygan va qonidagi kislota darajasi ko‘tarilgan. Buyraklar deyarli peshob chiqarishni to‘xtatgan. Umuman olganda, tana butunlay ishdan chiqqan. Vaziyat yanada og‘irlashishi мумкин…

Bu vaqtda doktor Fiona endigina Birmingemga uchib ketish uchun aeroportga kelgan edi. Lekin bu qo‘ng‘iroqdan so‘ng u meni qutqarish uchun Peshovarga qaytishga qaror qildi, shuningdek Birmingemda birga ishlagan ikkita hamshirasini ham olib keldi.
Doktor Fiona payshanba kuni tushga yaqin Peshovarga yetib keldi va meni tekshirganidan so‘ng, otamga meni zudlik bilan tajribali reanimatologlar ishlaydigan Ravalpindi shahridagi kasalxonaga yetkazish kerakligini aytdi. Otam voqea joyidan Peshovargacha vertolyotda kelganimda katta qiyinchiliklarni boshimdan kechirganimni eslab, yuragi orqaga tortib ketdi. Ammo doktor Fiona transportda menga hech qanaqa noqulaylik bo‘lmasligiga ishontirdi. Otam doktordan yashab qolishim uchun umid bor yoki yo‘qligini bilmoqchi bo‘lganida, doktor «Agar umid bo‘lmasa, men boshqa shaharga olib borishni talab qilmagan bo‘lar edim”, deya javob berdi. Otam o‘zini qo‘lga olishga harchand urinmasin, baribir, o‘zini tuta olmadi. Yig‘lab yubordi.
Biroz vaqt o‘tgach, ko‘zlarimga dori tomizish uchun palataga hamshira kirib keldi. — Qarang, Xayista, doktor Fiona to‘g‘ri aytgan, — dedi
onam otamga. -Agar umid bo‘lmaganida, ular Malalaning ko‘zlariga tomchi tomizishmasdi.
Tolibon tajavuzidan jabr ko‘rgan yana bir Shaziya ismli qizni men turgan kasalxonaga olib borishdi va doktor Fiona uni ham tekshirib ko‘rdi. Doktor otamga Shaziyaning ishlari joyida ekanligini va meni doimo asrab-avaylash kerakligini uqtirdi.
Tez yordam mashinasi bizni vertolyot maydoniga olib bordi. Xuddi hukumat delegatsiyalaridek, farasi yonib-o‘chadigan chiroqli mashinalar bilan mototsiklchilar eskorti bizni kuzatib qo‘ydi. Parvoz bir soatu, o‘n besh daqiqa davom etdi. Doktor Fiona bu vaqt davomida tez-tez hayotiy ko‘rsatkichlarimni tekshirib turdi. Aytishlaricha, bu shifokor Buyuk Britaniyadagi juda ko‘p og‘ir kasalga chalingan bolalarning tuzalishiga sabab bo‘lgan ekan. Ammo hozirgidaqa vaziyatga umrida ilk bora tushib qoldi. Peshovar chet elliklar uchun xavfli joy ekanligini mening ismimni gugllab bilib olish mumkin. Shu sabab doktor Fiona juda ehtiyot bo‘lishga qaror qildi. Keyinchalik, doktor Fiona o‘z xotiralarida:

  • Agar bu qizga biron nima bo‘lsa, buning uchun oq tanli shifokor aybdor bo‘lib qolishini tushunib yetdim. Agar u vafot etganida, men Pokiston milliy qahramonining qotili deb eʼlon qilinardim, — deb aytgandi.

Vertolyot Ravalpindiga qo‘nishi bilan, tez yordam mashinasi bizni harbiy eskort hamrohligida harbiy kardiologiya instituti kasalxonasiga olib bordi. Buni bilgan otamning xavotiri yanada ortdi. Boshidan jarohat olgan qizni nega kardiologik institutga olib bormoqchi bo‘lishlari haqida o‘ylab, o‘yiga yeta olmadi. Ammo doktor Fiona unga kasalxonada Pokistondagi eng so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan eng yaxshi intensiv terapiya bo‘limi va Britaniyada o‘qitilgan mutaxassislar o‘rin olganini tushuntirdi.
Biz bilan birga bo‘lgan birmingemlik hamshiralar mahalliy hamshiralarga neyro jarrohlikni boshidan o‘tkazgan bemorga g‘amxo‘rlik qilishning o‘ziga xos xususiyatlarini tushuntirishdi. Keyingi bir necha soat davomida shifokorlar meni yolg‘iz qoldirishmadi, doimiy ravishda antibiotiklar jo‘natishdi va bir necha bor qon quyishdi. Bir necha soatdan so‘ng, nihoyat, shifokorlar ahvolim barqarorlashganini eʼlon qilishdi.
Kattakonlarning buyrug‘iga ko‘ra kasalxona strategik harbiy obʼekt sifatida qo‘riqlana boshlandi. Batalon askarlari o‘z hududida, merganlar tomda o‘tirib kasalxonani mudofaa qilishdi. Barcha shifokorlarga harbiy kiyim kiydirildi, bemorlarning hol-ahvolini bilishga kelganlar qattiq nazorat ostiga olindi. Mayor unvoniga ega
bo‘lgan harbiy ofitser ota-onamga biriktirib qo‘yildi, har qadamda ularga soyadek ergashdi.
Bularning barchasi otamning kayfiyatini tushirib yubordi va tog‘amga qarab:
— Ehtiyot bo‘ling, bu yerda maxfiy agentlar ko‘p bo‘lishi kerak, — deya tayinladi.
Mening ortimdan kelganlarga ofitserlar mehmonxonasidan uchta xona ajratildi. Barchaning mobil telefonlari yig‘ishtirib olinib, bu xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshirilgani uqtirildi. Menimcha, asl sabab boshqacha edi — shifoxona rahbariyati otamning jurnalistlar bilan gaplashishini istamagan. Har doim ota-onam mehmonxonadan chiqib, kasalxonaga borishni istab qolishsa, ratsiya orqali ruxsat olishlari kerak edi va bu kamida yarim soat vaqtni olardi. Mehmonxonadan ovqat xonasiga borayotganda ham harbiylar ularga soyadek ergashishdi. Albatta, meni ko‘rgani kelgan birorta odam ichkariga qo‘yilmagan. Hattoki, bosh vazir ham. Ushbu ehtiyot choralarining barchasi g‘alati tuyulsa ham, boshqa tomondan o‘ylansa, mantiqiyligi ayon bo‘ladi. Chunki, so‘nggi uch yil ichida Tolibon qattiq qo‘riqlanadigan harbiy obʼektlarga — Mehrondagi dengiz bazasiga, Kamradagi havo kuchlari bazasiga va Ravalpindidagi armiya shtabiga hujum qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Xavfsizlik choralari kuchaytirilganiga qaramay, Tolibon hujumi xavfi ancha yuqori edi. Otamga ukalarimdan ehtiyot bo‘lish tavsiya etildi. Xushalning Mingorada qolgani otamning havotirini yanada oshirdi. Ammo tez orada uni Ravalpindiga olib ketishdi. Mehmonxonada kompyuter yoki Internet aloqasi mavjud emas, lekin oshpazlardan biri Yasim Mama oilamga gazeta-jurnallarni yetkazib berib, ularning mehrini qozondi. Yasim oilam uchun taom tayyorlashni alohida sharaf deb bilishini aytdi. Ota-onam uning mehribonligidan taʼsirlanib, u bilan barcha tajribalarini o‘rtoqlashdi. Oshpaz iloji boricha oilamning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilib, shirin-shirin taomlar tayyorlab turdi.
Otam gazetalar orqali hayotimga qilingan tajovuz xalqaro miqyosda katta reaksiyaga sabab bo‘lganligini bilib oldi. BMT bosh kotibi Pan Gi Mun suiqasdni «jirkanch va qo‘rqoq иш» deya taʼkidlagan bo‘lsa, Prezident Barak Obama “fojiali “ deb izoh berdi. Biroq, Pokistondagi reaksiya u qadar ijobiy bo‘lmadi. Baʼzi gazetalar meni
«tinchlikparvarlarning иконаси» deb atadi, boshqalari esa bu voqeani
«sahnalashtirilgan” deb hisobladi. Baʼzi bloggerlar hattoki suiqasd faktini shubha ostiga olishdi va menga hech kim o‘q uzmagan deya daʼvo qilishgacha borishdi. Aslida, urdu matbuoti har xil uydirmalarga to‘la edi. Masalan, jurnalistlardan biri men erkaklarning soqol qo‘yishiga
qarshi ekanligimni aytdi. Mening eng ashaddiy raqibim «Jamoa-i- Исломий» diniy partiyasidan parlament aʼzosi hisoblangan Rahila Qozi edi. U meni «Amerika қўғирчоғи» deya atadi. Qozi mening Amerika elchisi Richard Xolbrukning yonida o‘tirgan fotosuratimni «Amerika harbiylari boshimni силаётганига» aniq dalil deya eʼlon qildi.
Mana shunaqa vaziyatlarda doktor Fiona oilamning asosiy tasalli beruvchisiga aylandi. Onam faqat pushtun tilida gaplasha olgani bois doktor u bilan faqat imo-ishora orqali gaplashdi. Masalan, xonamdan chiqqanidan so‘ng onamga qarab, “Hammasi yaxshi!“ maʼnosini beradigan bosh barmog‘ini yuqoriga ko‘tarib qo‘yish ishorasini ko‘rsatardi. U mening ahvolimda qanday o‘zgarishlar yuz berganini otamga sabr-toqat bilan tushuntirar, shundan keyin otamning onamga yetkazishini kutardi. Bunday hurmatli munosabat otamni hayratda qoldirdi, chunki bizning mamlakatda shifokorlar odatda bemorning nimanidir tushuntirishni zarur deb hisoblamaydi. Meni davolanishga qabul qilish uchun xorijdan takliflar tinmay kela boshladi. Amerikaning eng yaxshi shifoxonalaridan biri bo‘lgan Jon Xopkins kasalxonasi meni bepul davolashga tayyorligini bildirdi. Ko‘plab amerikaliklar esa shaxsiy yordamlarini taklif qilishdi. Ular orasida Pokistonga ko‘p marta tashrif buyurgan senator Jon Kerri va Kongress aʼzosi Gabriyell Giffords ham bor edi. Shuningdek, Germaniya, Singapur, BAA va Buyuk Britaniya kasalxonalari va fuqarolari ham taqdirimga befarq qarab turishmadi.
Eng qizig‘i, men haqimdagi qarorlar bo‘yicha biror kim ota- onamdan maslahat so‘ramas edi. Barcha qarorlar armiya rahbariyati tomonidan qabul qilindi. Meni davolanish uchun chet elga yuborish yoki yubormaslik to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun general Kayani doktor Javidga murojaat qildi. Armiya qo‘mondoni menga bunchalik katta eʼtibor qaratgani ajablanarli hol edi. Keyinchalik, doktor Javidning eslashicha, ular bu masalani olti soat davomida muhokama qilishgan ekan. General mening o‘limim yomon siyosiy oqibatlarga olib kelishini bilar edi. U toliblar mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, siyosiy kelishuvga rozi bo‘lishiga umid qilgan. Ammo bu faqatgina siyosiy jihatlarga bog‘liq emasdi. Generalni yaqindan biladigan har bir kishi uning odamlarga juda diqqatli va g‘amxo‘r ekanligini eʼtirof etadi. Uning otasi oddiy askar bo‘lgan va bo‘lajak general atigi sakkiz yoshdaligida vafot etgan. To‘ng‘ich o‘g‘il sifatida oilani boqish uning zimmasiga qolib ketgan. Shu sababli ham general Kayani bosh qo‘mondon bo‘lganidan so‘ng birinchi navbatda askarlarning uy-joyi va taʼlimi bilan shug‘ullangan.
Doktor Fiona mening nutqimda nuqsonlar paydo bo‘lishi hamda o‘ng qo‘lim va oyog‘im qisman falajlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ushbu asoratlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun Pokistonda zarur
jihozlar yetishmasligi sababli amalga oshirib bo‘lmaydigan uzoq muddatli reabilitatsiya zarurligini eslatib o‘tdi:

General Kayani meni Amerikaga borishimga yo‘l qo‘ymasligini aytdi, chunki Raymond Devis bilan sodir bo‘lgan voqea va Bin Ladenni yo‘q qilish operatsiyasidan keyin Pokiston va Amerika o‘rtasidagi munosabatlar birmuncha keskinlashgandi. Bundan tashqari, yaqinda chegara hududida bir necha pokistonlik askarlar AQSH havo kuchlari vertolyoti tomonidan o‘ldirib ketilgandi.
Doktor Javid London, Edinburg va Glazgodagi bir nechta ingliz shifoxonalariga borishni maslahat berdi.

  • Nega Birmingemdagi siz ishlaydigan kasalxonani tavsiya qilmayapsiz? -so‘radi general Kayani.

Birmingemdagi Qirolicha Yelizaveta kasalxonasida Afg‘oniston va Iroqdagi harbiy mojarolar paytida yaralangan ingliz askarlari davolanardi. Doktor Javid xo‘jayini Kevin Bolgerga qo‘ng‘iroq qilganida, bosh shifokor dastlab rozi bo‘lgandi. Ammo voyaga etmagan chet el fuqarosini Britaniya shifoxonasiga joylashtirish oson emasligi hamda Pokiston va Buyuk Britaniya byurokratiyasining bir nechta noqulayliklari sababli doktor Fiona boshqa shifoxonani tavsiya bergani ayon bo‘ldi. Bundan tashqari, vaqt o‘tib borayotgan edi. Vaziyat barqarorlashgan bo‘lsa-da, shifokorlar meni ko‘pi bilan uch kun ichida boshqa kasalxonaga o‘tkazish kerak degan xulosaga kelishdi.
Nihoyat, barcha kerakli hujjatlar taxt bo‘ldi. Endi shifokorlar oldida meni boshqa davlatga yetkazish muammosi paydo bo‘ldi. Transport uchun kim mablag‘ ajratishi ham noaniq edi. Doktor Javid Afg‘onistondan yarador askarlarni olib ketadigan qirollik harbiy- havo kuchlarining yordamidan foydalanishni taklif qildi, ammo general Kayani bu haqda eshitishni ham xohlamadi. Kechga yaqin general doktor Javidni uyiga chaqirdi va bu masalani hal qilish uchun xorijiy havo kuchlarini olib kelmaslik kerakligini tushuntirdi. Mening hayotimga qilingan suiqasd allaqachon juda ko‘p taxmin va mish- mishlarni keltirib chiqargandi. Baʼzi odamlar meni Markaziy razvedka boshqarmasi agenti deb hisoblashardi. General olovga moy sepishni istamadi. Doktor Javid nima qilishni bilmay qoldi. Britaniya hukumati yordam taklif qilgan bo‘lsa-da, uni qabul qilish uchun Pokiston hukumatining rasmiy javobi talab qilinardi. Pokiston hukumati buni o‘zi uchun kamsitish deya baholab, taklifni rad etdi. Yaxshiyamki, vaziyatga Birlashgan Arab Amirliklarining qirollik oilasi aralashdi — og‘ir kasallarni tashish uchun zarur jihozlarga ega
bo‘lgan shaxsiy samolyotidan foydalanishni taklif qilishdi. 15-oktabr, dushanba kuni erta tongda samolyot havoga ko‘tarildi. Bu hayotimdagi ilk bora Pokistonni tark etishim edi.
Ota-onamning mamlakatni tark etishim borasida qanday qizg‘in tortishuvlar bo‘lganidan xabarlari yo‘q edi. Ular faqatgina meni davolanish uchun chet elga jo‘natishga qaror qilinganligini bilishardi. Tabiiyki, ular ham menga hamroh bo‘lishga tayyorlanishdi. Ammo onam va ukalarimda na pasport va na boshqa hujjatlar mavjud edi. Yakshanba kuni polkovnik otamga ertasi kuni meni Angliyaga yuborishlarini va menga yolg‘iz otamning o‘zi hamrohlik qilishini, onam va ukalarim bora olmasliklarini aytdi. Bunday qisqa vaqt ichida ularga pasport berishning iloji yo‘q edi. Shuningdek, unga xavfsizlik nuqtai nazaridan yaqinlashayotgan parvoz haqida hech kimga, hatto onamga ham aytmasligi kerakligi uqtirildi. Butun hayoti davomida onamdan sir yashirmagan otam bunday muhim yangiliklarni yashira olarmidi? Shu sababli uyga kelishi bilan onamga men bilan Angliyaga uchayotganini, onam va ukalarim Pokistonda qolishini maʼlum qildi. Ushbu suhbatni tinglab turgan amakim Fayz Muhammad juda g‘azablandi va xavotirga tushdi. To‘g‘rida, bu yerda qolishsa, ularning holi ne kechadi?
-Agar yangam Mingorada ikki o‘g‘li bilan yolg‘iz qolsa, ular bilan hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin, - dedi amakim.
Otam polkovnikka qo‘ng‘iroq qildi va xotini hamda o‘g‘illarini tashlab keta olmasligini, ularni Pokistonda qoldirib, hayotlarini xavf ostida qoldirmasligini aytdi. Otamning men bilan uchishdan bosh tortishi yangi muammo tug‘dirdi: men voyaga yetmaganim sababli yoshi katta qarindoshlarim hamrohligisiz mamlakatni tark eta olmasdim. Polkovnik Junayd, doktor Javid va doktor Fiona otamni ko‘ndirishga urindi. Ammo uni ko‘ndirishdan ko‘ra, xo‘rozdan tuhum kutgan yaxshiroq. Otam bu qanday qiyinchiliklarga olib kelishini tushunib turgan bo‘lsa-da, qarorida qatʼiy turdi.

  • Qizim hozir ishonchli qo‘llarda, — deya tushuntirdi doktor Javidga. — U borayotgan mamlakatda unga hech narsa tahdid solmaydi. Men xotinim va o‘g‘illarimni himoyasiz qoldirib keta olmayman. Bu yerdagi xavf juda katta. Men qizimni Allohning panohiga topshiraman. Faqat uning aytgani bo‘ladi. Men barcha bolalarimni birdek ko‘raman, o‘g‘illarim ham men uchun qizim singari azizdir.

Doktor Javid otam bilan yolg‘iz gaplashish uchun uni o‘z kabinetiga taklif qildi.

  • Malalaga hamrohlik qilishdan bosh tortishingizning yagona sababi oilaviy xavfsizlik ekanligiga aminmisiz?“ — deb so‘radi u.

Doktor Javid xavfsizlik kuchlari otamga yashirincha bosim o‘tkazmoqda deb gumon qilgandi.
-Xotinim mendan yolg‘iz qoldirmasligimni so‘radi, — deb javob berdi otam.
Shifokor qo‘lini otamning yelkasiga qo‘yib, menga g‘amxo‘rlik qilishga va sog‘ayishim uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishiga vaʼda berdi.

  • Malala yaralanganida bizning mamlakatingizda bo‘lganimiz mo‘ʼjiza emasmi? Ishonamanki, xudo odamlarga muammo jo‘natib, u bilan birgalikda albatta yechimini ham yuboradi.

Otam doktor Fiona Reynolds Buyuk Britaniyada ekanligimda menga vasiylik qilishiga rozilik bildirib, xujjat imzoladi. U ko‘zlarida yosh bilan pasportimni uzatdi va doktorga yuzlandi
-Fiona, men sizga to‘liq ishonaman. Iltimos, qizimga g‘amxo‘rlik qiling.
Shundan so‘ng, ota-onam men bilan xayrlashish uchun palataga borishdi. Bu voqea yakshanba kuni soat 23:00 da sodir bo‘ldi. Mening ko‘zlarim yumuq bo‘lib, faqat ko‘krak tarafimning ko‘tarilib-tushishigina tirikligimdan dalolat berardi. Onam palataga kirishi bilan yig‘lay boshladi. Otam xavf o‘tib ketganini, endi tuzalish bosqichiga o‘tganimni aytib, uni yupata boshladi. Bu paytga kelib, miya shishi pasayib, qon testlari sezilarli darajada yaxshilangandi. Doktor Fiona va doktor Javid meni hayotga qaytarishga qodir ekanligiga otamda zarracha shubha bo‘lmagan.
Ota-onam mehmonxonaga qaytib kelishdi, ammo ko‘zlariga uyqu kelmadi. Yarim tunda eshik taqilladi. Bu otamni oilasini tashlab Buyuk Britaniyaga uchib ketishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan ofitserlardan biri edi. U otam men bilan birga uchishi kerakligini aytdi. Aks holda, meni Pokistondan chiqarishmas ekan.

  • Men bu masalani yopdim, — javob qildi otam. — Men oilamni yolg‘iz qoldirib keta olmayman. Siz bizni ortiq bezovta qilmang.

Zobit indamay ketgan bo‘lsada, tez orada telefon jiringladi.

  • Siz Malala bilan birga ketishingiz kerak, — dedi salom-aliksiz harbiy amaldor. — Siz uning otasisiz va agar siz unga hamroh bo‘lmasangiz, Britaniya shifoxonasi uni qabul qila olmaydi.

  • Qaror qabul qilindi, — takrorladi otam. — Men bu qarorimni o‘zgartirmoqchi emasman. Bir necha kundan so‘ng, pasportlar tayyor bo‘lgach, biz butun oilamiz bilan uning oldiga uchamiz.

  • Darhol kasalxonaga boring, baʼzi hujjatlarni imzolashingiz kerak, — buyruq berdi ofitser.

Bu esa otamga shubhali bo‘lib tuyuldi. Yarim kechasi u harbiylarga nega kerak bo‘lishi mumkinligini tushunmadi. U yolg‘iz borishdan hadiksirab, onamni o‘zi bilan hamroh qilishga qaror qildi. Otam xavotirga tushganidan, kasalxonaga ketayotganida Qurʼon oyatlarini takrorlab bordi
Ota-onam kasalxonaga yetib kelganlarida, ofitser ularga agar men Buyuk Britaniyaga yolg‘iz uchsam, baʼzi hujjatlar imzolanishi kerakligini aytdi. Ushbu byurokratik hiyla-nayranglar unchalik qo‘rqinchli bo‘lmasa-da, otam asabiylasha boshladi. Apil-tapil shartnoma imzolagan ota-onam tushkun kayfiyatda mehmonxonaga qaytib kelishdi. Chet elda hech bir yaqinimsiz qolishim, bir necha kun u yerda yashashim haqida o‘ylagan otamning yurak-bag‘ri ezilib ketdi. Maktab avtobusida otib ketilganim va xushimni yo‘qotganimdan so‘ng yurtimdan va jigarlarimdan uzoqda ko‘zimni ochganimda, qanday ahvolga tushishimni o‘ylab, otamning tushkunligi yanada ortdi....
15 oktabr kuni tonggi soat 5 da armiya eskorti hamrohligida meni aeroportga olib borishdi. Kasalxonadan aeroportga boradigan yo‘l to‘sib qo‘yilgan, merganlar eng yaqin uylarning tomlaridan joy olishgandi. BAA qirollik oilasi tomonidan taqdim etilgan samolyot allaqachon uchish-qo‘nish yo‘lagida kutib turgan edi. Salonda o‘n oltita o‘rindiqdan tashqari hashamatli to‘shak ham joylashgan bo‘lib, orqa qismida haqiqiy mini-kasalxona o‘rin olgandi. Shuningdek, menga Germaniyadan kelgan hamshira va shifokor hamroh bo‘lishdi. Bu paytda men behush holatda bo‘lganman va bularning hech birini ko‘rmaganman. Эссиз… Samolyot avval Abu-Dabiga uchib, u yerda yoqilg‘i quydi, so‘ng Birmingemga yo‘l oldi.
Ota-onam esa mehmonxonada qolib, faqat duo qilishdi. Ularga pasportlari bir necha kun ichida tayyor bo‘lishini, passport olishlari bilanoq mening yonimga borishlari mumkinligi haqida vaʼda berishdi. Kutish naqadar azob. Eh.



  1. Download 0.59 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling