Мамадалиева Сайёра
Oilada maktabgacha katta yoshdagi bolalarni ma`naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirish vositalari
Download 0.63 Mb.
|
МАМАДАЛИЕВА САЙЁРА
Oilada maktabgacha katta yoshdagi bolalarni ma`naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirish vositalari
Oila sharoitida tarbiya jarayonining samarali kechishida ota-onalarning ta`sirchan pedagogik vositalardan foydalana olishlari ham muhim ahamiyatga ega. Muammoni nazariy va amaliy jihatdan tahlil etish natijasida oilada ma`naviy-axloqiy tarbiyani amalga oshirishda quyidagi tarbiyaviy vositalardan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligiga ishonch hosil qilindi: xalq pedagogikasi g’oyalari; xalq og’zaki ijodi namunalari (ertaklar, topishmoqlar, maqollar, afsonalar, dostonlar, xalq qo’shiqlari, pand-nasihatlar, o’gitlar); taniqli kishilarning hayoti va faoliyatiga oid ibratli misollar; oilaviy an`analar, udumlar (oila a`zolari uchun ahamiyatli bo’lgan sanalarni nishonlash, o’tganlarni yod etish va hokazolar); sulola uchun qadrli bo’lgan moddiy ashyolar (yodgorliklar, kitoblar, sulola vakillarining kasb-koriga dahldor bo’lgan buyumlar, binolar, inshootlar (jumladan, tegirmon, ustaxona) va boshqalar); sulola haqida ma`lumot beruvchi shajara; sulola vakillarining kasb-korlariga oid hayotiy lavhalar, xotiralar; keksa avlod vakillari, ota-onalar hamda katta yoshli oila a`zolarining shaxsiy namunasi; oila va oila tarbiyasiga oid ilmiy, ilmiy-ommabop va ommabop asarlar; vaqtli matbuot materiallari va hokazolar. Ezgu g’oyalarni targ’ib etuvchi hikoya bolaning ma`naviy kamolotini ta`minlashda muhim o’rin tutadi. Shu bois har bir oilaning kitob javonida ertaklar to’plami bo’lsa, juda yaxshi bo’ladi. Keyingi vaqtlarda O’zbekistondagi nashriyotlardan ko’pgina qiziqarli, ezgu g’oyalarni targ’ib etuvchi to’plamlar chop etildi. Yosh bolalarga aytib beriladigan ertaklarning ko’pini qisqartirish, tilini o’zgartirish, ertakni to’la tushunarli qilib berish kerak. Ertakni tanlay bilish katta ahamiyatga ega. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga devu-parilar, shayton, yalmog’iz kampir, alvasti, ajina, suv parisi va shu kabilar gapiriladigan ertaklarni aytmaslik kerak. Bunday ertaklarni katta yoshdagi bolalarga tavsiya qilish mumkin, negaki ular bu vaqtda anchagina bilim olgan bo’ladilar va afsonalarga ishonavermaydilar. Bunday bilim ularning ertakdagi turli-tuman devu parilar, yalmog’iz kampir va umuman boshqa ana shunday bahaybat maxluqlar ertakka atayin kiritilgan obrazlargina ekanligini, bu obrazlarda insonga yomonlik sog’inuvchi yot g’oyalar ifodalanganligini tushunishlariga imkon beradi. Kichik yoshdagi bolalarga esa devu parilar va boshqa shu kabi obrazlar haqiqiy bor obrazlar bo’lib tuyilishi, bolaning xayoliga g’ul-g’ula va dahshat solib, uni chalkashtirib yuborishi mumkin. Yosh bolalar uchun eng yaxshi ertaklar hayvonlar haqidagi ertaklardir. o’zbek xalq ertaklari xazinasida bunday ertaklar juda ko’p va ular juda yaxshi ertaklardir. Xuddi shuningdek, O’zbekistondan boshqa xalqlarda ham yaxshi ertaklar ko’p. Bola katta bo’la borishi bilan kishilarning bir-biriga munosabati haqidagi ertaklarga ko’chish mumkin. Afandi haqida ko’p qiziq ertaklar bor, ammo ulardan odamni g’irt ahmoq qilib ko’rsatmaydigan ertaklarni tanlamoq kerak. Yaxshi kishilar yoki bolalar halok bo’lib ketadigan qayg’uli ertaklarni aytib berish kerak emas. Umuman aytganda, bolani harakatga undaydigan, o’z kuchiga ishonch, hayotga ishonch bilan qarashga odatlantiradigan ertaklarni aytib berish ma`quldir. Yordamga muhtojlarga xayrihohlik ularni notavon va ojiz kishilar, deb tasavvur qilishga aylanib ketmasligi kerak. Zulmning dahshatli holatlarini tasvirlovchi ko’rinishlarni katta yoshdagi bolalargagina ko’rsatish mumkin. Bolalar xayolini boyitish va turmush bilan kengroq tanishtirish uchun suratlar ko’rsatib turish juda katta ahamiyatga egadir. Buning uchun faqat bolalar jurnallaridan olingan rasmlardan foydalanibgina qolmay, balki istagan rasmlar yoki gravyuralar yoxud fotorasmlarning ko’chirmasidan foydalanish mumkin, faqat ular mazmun jihatdan muvofiq bo’lishi kerak, xolos. Bolalar bunday rasmlarni ko’rayotganda, odatda ko’p savollar beradilar, tafsilotlarini, sabablarini, nimalarga bog’liq ekanligini bilib olishga qiziqadilar. Bu savollarga hamma vaqt bola uchun tushunarli qilib javob bermoq kerak. Agar haqiqatan ham javob berib bo’lmaydigan savol berilsa, u holda: sen hali tushunmaysan, katta bo’lganingdan keyin bilib olasan, deyish lozim. Bunday javoblarning hech qanday zarari yo’q, hatto bu javoblar bolalarni berilgan savolga imkoniyati darajasida javob berishga odatlantiradi. Kitoblarni sotib olishda yirik harflar bilan chop etilgan, rasmlari ko’p hamda mazmuni tushunarli bayon etilganlarini olish kerak. Bunday kitoblar bolalarda o’qishga bo’lgan qiziqishni uyg’otadi, shuningdek, savod chiqarish yo’lidagi muayyan qiyinchiliklarni Yengishga yordam beradi. Televizor, video, kino faqat bolalarnigina emas, balki kattalarni ham tarbiyalovchi eng qudratli omildir. Har bir kinofilm davlat kinostudiyalarida yaratilsa, tomoshabin bolalarga ko’p foyda keltiradi. Mustaqillik yillarida yaratilgan kinofilmlarning ko’pi badiiy jihatdan yuksak bo’lib, tarbiya ishlarida juda yaxshi vositadir. Shunday bo’lsa ham, aslo bundan, bolalarning kino-teatrlarga borishlarini cheklamaslik va nazoratsiz qo’yib berish mumkin ekan, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Ota-onalar, avvalo, bolaning kinoga bo’lgan munosabatining o’ziga e`tibor berishlari kerak. Ba`zan shunday holatlar bo’ladiki, bolaning fikri-yodi kinoda bo’lib qoladi, kinoni deb, u boshqa vazifalarni ham, dars tayyorlashni ham unutadi, bitta ham kartinani qoldirmay ko’rib ko’radi, o’z vaqtini televideniye qarshisida o’tkazadi. Odatda, bunday hollarda bu xilda qattiq qiziqishning boshqa yomon tomonlarini ham ko’rish mumkin. Bola zavqsiz tomosha qilib o’tiraverishga odatlanadi, uning kartinadan olgan taassuroti ko’pincha anchayin ko’zini quvontirib olishdan nari o’tmaydi, u faqat «kuzatib» o’tiradi, xolos, badiiy taassuroti yuzaki bo’lib, tez o’tib ketadi, uning shaxsida hech qanday iz qoldirmaydi, fikrini qo’zg’atmaydi, unda hech qanday savol tug’dirmaydi. Bu tariqa film ko’rishning foydasi juda kam bo’ladi, ba`zan esa katta zarar ham keltiradi. Shuning uchun kino masalasida ham ota-onalardan bolaga yo’l-yo’riq ko’rsatib, doim rahbarlik qilib turish talab qilinadi. Bolani qanday filmni ko’rishi ko’proq ma`qul ekanini har holda ota-onalar hal qilishi kerak. Biron kartinani ilgariroq ko’rgan va u to’g’rida ba`zi narsalarni aytib bera oladigan odamni deyarli har vaqt uchratish mumkin. Ba`zi kartinaning mazmuni bolaga og’irlik qiladi, bola undan hech narsa tushunmaydi, boshqa bir xillarining mazmuni bolaga aks ta`sir qilishi mumkin, uchinchi bir xillarida bola uchun hali juda erta bo’lgan muhabbat yoki tibbiyotga doir mavzular ko’rsatiladi, bola bunday lavhalarni ko’rishdan saqlanishi kerak. O’z-o’zidan ravshanki, kartina tanlashda bolaning ahvolini ham, maktabdagi o’qishini, xulqini ham nazarga olish kerak. Oila tarbiyasi samaradorligini oshirish va bu yo’lda muvaffaqiyatlarga erishish omillaridan yana biri ota-onalarga mo’ljallangan tarbiyaviy mazmundagi bukletlardir. Bukletlar mazmunida hayotiylik, hozirgi kun nafasi sezilib turishi kerak. Ana shunda ularning ta`sir kuchi yuqori bo’ladi.29 Oilada jamoa bo’lib gazetalar, jurnallar o’qish bolalar tomonidan jamiyatda ro’y berayotgan ijobiy o’zgarishlar, erishilayotgan yutuqlarni to’g’ri anglash, Vatan himoyasi yo’lida jon bergan fidoiylardek bo’lishga intilish hissiga ega bo’lishlariga yordam beradi.Mamlakat sportchilarining xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlari, musiqa festivallari va boshqa ommaviy tadbirlar to’g’risidagi ma`lumotlarni o’zlashtirishga bo’lgan qiziqishni yuzaga keltiradi. Ota-ona ularni dastlab ana shu xabarlar olamiga olib kirishi va asta-sekin ularni mustaqil mafkuraviy ma`lumot olishga o’rgata borishlari kerak. Oilada ma`naviy tarbiyaning kundalik xotira daftarlari yuritish, do’stlar bilan xat yozishib turish, bolalarning sayr guruhlarida ishtirok etishlari, mahalla, hovlini obod qilish ishlarida bolalarning ishtirok etishlari, hovlidagi bolalarni uyushtirish, uchrashuvlar, o’yinlar, sayrlar tashkil qilish kabi shakllarni qo’llash mumkin. Tadqiqot davomida biz rivoyat maktabgacha yoshdagi bolalarda ma`naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishda keng imkoniyatlarga ega, degan xulosaga keldik. Mashg’ulotlarning tuzilishida mavzu, ko’zlangan tarbiyaviy maqsad, qo’llanadigan metod va ko’rgazmali qurollar, matnni emotsional tarzda so’zlab berish, suhbat (bunda mehnatsevarlik, insonparvarlik, do’stlik, mas`uliyatlilik mazmuniga kiradigan axloqiy sifatlarga urg’u berish), rivoyatlardan parchalarni rollarga bo’lib ijro etish, rasmlar asosida bayon qilish kabilar ko’zda tutildi. Maktabgacha katta yosh guruhida rivoyatlarni o’rganish mashg’ulotlari quyidagicha tuzilishga ega bo’ldi: 1. Bolalarda rivoyat mazmuniga qiziqish uyg’otish, undagi ma`naviy-axloqiy sifatlarni ajratib ko’rsatish maqsadida og’zaki hikoya qilib berish, bolalarda his-hayajon uyg’otish. 2. Bolalardan rivoyat mazmunidagi fazilatlarni bir-biridan so’rashlari orqali o’zlashtirishni talab etish. 4. Rivoyat mazmunini bolalarning o’z so’zlari bilan tushunishlariga erishish maqsadida nutqiy faoliyatni yo’lga qo’yish. 5. Rivoyat mazmuni asosida bolalarning mehnatsevarlik, insonparvarlik, do’stlik, mas`uliyatlilik haqidagi tushunchasini kegaygaytirish va rivojlantirish, amaliy faoliyatda bunga amal qilishlari uchun ma`lum tarbiyaviy vaziyatlarni yaratish. 6. Rivoyat asosida yoki mazmunan shu mavzuga yaqin bo’lgan multimedia vositasida videoroliklar namoyish qilish yo’li bilan mashg’ulotda muammoli vaziyat yaratish va bolalarni undan chiqish yo’lini topishga undash. Rivoyatlar asosida olib borilgan mashg’ulotlarda quyidagi maqsadlarni ko’zda tutdik: 1. Rivoyat mazmunida ifodalangan ma`naviy-axloqiy sifatlarni anglash, his etish, ularga nisbatan bolalarda hissiy-emotsional munosabatni hosil qilish. 2. Bolalarning rivoyatdan keltirilgan parcha mazmunida tasvirlangan ma`naviy-axloqiy fazilatlarni ajrata olishiga, tushuna bilishiga erishish. 3. Rivoyatlardagi qahramonlarni fazilatiga qarab bir-biridan farqlay bilishga, oliyjanoblik, hamdardlik, rostgo’ylik, hamisha yordamga shaylik, kamtarlik, xushmuomalalik yuksak insoniy fazilatlar ekanligini anglashga erishish va uni ifodalovchi harakatlar aks etgan vaziyatlarni vujudga keltirib, bolalarni shu vaziyatlarda ishtirok etishiga erishish. 4. Bolalarni rivoyatlardagi voqea-hodisalarni hayotiy faktlarga, odamlarning o’zaro munosabati, o’zi va o’rtoqlarining xulqi va munosabatiga taqqoslashga undash. 5. Bolalarni kishilarning ma`naviy-axloqiy fazilatlarini baholay olishga o’rgatish. 6. Rivoyatlardagi mazmun va g’oyadan bolalarning xulosa chiqara olish darajasini aniqlash. Xulosa qilib aytganda, maktabgacha katta yoshdagi bolalarda ma`naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishda rivoyatlardan foydalanish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirish, har bir bosqichni alohida-alohida loyihalash, kutiladigan natijalarni aniq belgilash mazkur jarayonning samarali amalga oshirishga imkon beradi. Download 0.63 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling