Mavzu: byudjet tashkilotlarida kassa va kassa operatsiyalari
Kassa va kassa operatsiyalarini hujjatlashtirish
Download 241.44 Kb.
|
Mavzu byudjet tashkilotlarida kassa va kassa operatsiyalari
2.2. Kassa va kassa operatsiyalarini hujjatlashtirish
Hujjat lotincha «Documentum» so’zdan olingan bo’lib, isbotnoma, guvohnomani anglatadi. Hujjatlashtirish hujjatlar majmuasini anglatadi, hujjatlash deganda esa sodir bo`lgan muomalalarni hujjatlarning tegishli bosma ish qog’ozlari (blank)da rasmiylashtirish tushuniladi. “Naqd pulni qabul qilish va topshirish bo’yicha kassa operatsiyalari O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan tasdiqlangan birlamchi hisob hujjat shakllari bilan rasmiylashtiriladi”12. Hujjatlar tushunchasi o’zi bir alohida mavzu bo’lib, quyida hujjatlar va ularning alohida xususiyatlari yuzasidan qisqacha to’xtalib o’tamiz. Birlamchi hujjatlar – sodir etilgan paytida bitta xo’jalik muomalasiga rasmiylashtiriladigan hujjatlar. Yig’ma hujjatlar muayyan bir hisob ob’yektiga tegishli bo’lgan birlamchi hujjatlar bo’yicha tegishli guruh va tizimlarga ajratish yo’li bilan tuziladi. Qamrab olish usuliga ko’ra hujjatlar bir martalik va jamg’aruv hujjatlariga bo’linadi. Xo’jalik muomalasi bir qabulda amalga oshiriladigan va mazkur muomala ana shu bilan yakunlanganida bir martalik hujjatlar tuziladi. Jamg’aruv hujjatlari ma’lum bir davr mobaynida bir hisob ob’ektiga tegishli bo’lgan xo’jalik muomalalariga doir hujjatlarpni jamg’arish yo’li bilan tuziladi. Maqsadiga ko’ra hujjatlar quyidagi turlarga bo’linadi: farmoyish hujjatlari, tasdiqlovchi hujjatlar, kombinatsiyalashtirilgan hujjatlar, buxgalteriya rasmiylashtirish hujjatlari, axborot hujjatlari. Farmoyish hujjatlari biror-bir xo’jalik muomalasini amalga oshirish uchun buyruq yoki ko’rsatma beradigan hujjatlardir. Ushbu turdagi hujjatlarga xodimni ishga olish va boshqa shu kabi hujjatlar kiradi. Farmoyish hujjatlarida berilayotgan topshiriqning mazmuni, bajarilish muddati va tartibi, shuningdek bajaruvchi shaxs ko’rosatiladi. Bunday hujjatlar asosida buxgalteriya hisobvaraqlarida yozuv qilinmasdan, balki korxona rahbarining xodimlar faoliyati yuzasidan nazorat o’rnatishni ta’minlaydi. Tasdiqlovchi hujjatlar korxonada muayyan bir xo’jalik muomalasining sodir bo’lganligini isbotlovchi hujjatlardir. Bunday turdagi hujjatlarga yukxatlar, dalolatnomalar, kvitansiyalar, hisobvaraq-fakturlar va boshqa shu kabi hujjatlar misol bo’la oladi. Tasdiqlovchi hujjatlar xo’jalik muomalasi sodir bo’lgan paytda tuziladi, shuning uchun ham bo’lib o’tgan xo’jalik muomalasini hisobda aks ettirishda asos bo’lib xizmat qiladi. Kombinatsiyalashtirilgan hujjatlar farmoyish va tasdiqlovchi hujjatlarning xususiyatlari o’zida mujassam qiladi. Ushbu turdagi hujjatlarda xo’jalik muomalasini amalga oshirish uchun berilgan farmon va shu muomala bajarilganligini aks ettiruvchi hisobotning bo’lishi juda qulaydir. Kolmbinatsiyalashtirilgan hujjatlarga kassa chiqim orderi kiradi. Bu hujjatda pulning kassir tomonidan berilganligini isbotlovchi ma’lumot bilan birga pulning to’lanishi zarur ekanligini ko’rsatuvchi farmoyish ham mavjuddir. Buxgalteriya rasmiylashtirish hujjatlari buxgalteriya hisobi xodimlari tomonidan hisob ishlarini tezlashtirish va ixchamlashtirish uchun tuziladi. Bunday hujjatlarga buxgalteriya ma’lumotnomalari, amortizatsiya hisoblash jadvallari, foydani taqsimlash bo’yicha hisob-kitoblar va boshqa hujjatlar kiradi. Axborot hujjatlari korxona rahbarlariga va tegishli yuqori organlarga zarur axborot ma’lumotlarini berish uchun xizmat qiladi. Bunday hujjatlarga moddiy boyliklarni sotib olish uchun tuzilgan shartnomalar, moddiy qiymatliklarning normativlari va boshqa shu kabi hujjatlar kiradi. Hozirgi vaqtda hisob ishlarini avtomatlashtirish keng yo’lga qo’yilmoqda Bu, o’z navbatida, xo’jalik muomalalarini hujjatlashtirishni yangi bosqichga ko’tarmoqda. Xo’jalik muomalalarini hujjatlashtirishning va dastlabki hujjat ma’lumotlarini hisoblash mashinalariga kiritishning yaxshilanishini har xil zamonaviy ma’lumot tashuvchi vositalardan foydalanish yo’li bilan amalga oshirish istiqbolli yo’llardan biri hisoblanadi. Buxgalteriya hisobining xususiyatlaridan biri sodir bo`lgan muomalalarni yoppasiga va uzluksiz aks ettirilishi hisoblanadi. Bu dastlabki hisob axborotning manbai hisoblangan hujjatlashtirish yordamida amalga oshiriladi. Barcha sodir bo`lgan muomalalarga tuziladigan hujjatlar majmuasi hujjatlashtirish deb ataladi. Ulardagi ma’lumotlar keyinchalik joriy buxgalteriya hisobida sodir bo`lgan muomalalarni aks ettirish uchun yagona asos bo’lib xizmat qiladi. Sodir bo`lgan muomalalar ustidan kuzatishni amalga oshirishni ta’minlab va ularni albatta schyotlarda aks ettirilishining sharti bo’lib hisoblangan hujjatlashtirish, buxgalteriya hisobi usulining tarkibiy unsuri bo’lib hisoblanadi. Birorta bir xo’jalik muomalasi ham, agar unga tegishli tartibda tuzilgan va rasmiylashtirilgan hujjat bo’lmasa, hisobga olinishi mumkin emas. Shuning uchun har bir hujjat ma’lum talablarni hisobga olgan holda tuzilgan bo’lishligi va undagi muomalalarning sodir bo’lishi yoki rasmiylashtirilishida qatnashgan hamda shu bilan tegishli jarayonlar haqiqatda tashkilotda sodir bo’lganligini tasdiqlovchi shaxslarni imzolari bilan tasdiqlangan bo’lishi kerak. Tashkilotlarda pul, tovar-moddiy va boshqa boyliklarni qabul qilish va berish uchun asos bo’lib xizmat qiladigan hujjatlar, shuningdek xarajatlar smetasi ijrosiga taalluqli barcha hujjatlar hamda moliyaviy hisobotlar tashkilot rahbari yoki uning o’rinbosari va bosh hisobchi yoki uning o’rinbosari tomonidan imzolanadi. Qonunchilikka muvofiq vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarida birinchi imzo huquqi shu vazirlik, davlat qo’mitasi va idorasining boshqarma yoki mustaqil bo’linmalarining boshliqlariga berilishi mumkin. Bosh hisobchi yoki uning o’rinbosari tomonidan imzolanmagan boshlang’ich hisob hujjatlari ijro uchun yaroqsiz hisoblanadi va ijroga qabul qilinmaydi. Kassa kirim orderlari bosh hisobchi (yoki uning o’rinbosari) va kassir tomonidan imzolangandagina ijro uchun yaroqli hisoblanadi. Hisob registrlarida aks ettiriladigan yozuvlar uchun to’liq rasmiylashtirilgan boshlang’ich hisob hujjatlari asos bo’lib xizmat qiladi. “Buxgalteriya hisobi registrlari ikki yoqlama yozuv qoidalariga muvofiq yuritiladigan jurnallar, qaydnomalar, daftarlar, tasdiqlangan blankalar (shakllar)dir. Registrlar texnika vositalaridan foydalanishda olingan mashinogramma ko’rinishidagi yozuvlar yo’li bilan, shuningdek magnit tasmalari, disklar va boshqa mashinalarda bajarilishi mumkin. Registrlarni shakllantirish tartibi buxgalteriya hisobi standartlari bilan belgilanadi. Buxgalteriya hisobi registrlariga tasdiqlanmagan tuzatishlarning kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi”13. Buxgalteriya yozuvlariga asos bo’lib hisoblangan hujjatlarda sodir bo’lgan xo’jalik jarayonlari to’g’risidagi ma’lumotlar mavjud bo’ladi. Ulardan ko’pchiligi shuningdek tegishli xodimlarga u yoki bu muomalalarni bajarishga ruxsat etuvchi ma’lumotlarga ega bo’ladi. Demak, buxgalteriya hujjati muomalasining haqiqatda sodir bo’lganligi haqida hamda uni amalga oshirishga bo’lgan huquqning yozma guvohnomasidir. Byudjet tashkilotlari kassasiga naqd pul mablag’larini qabul qilish bosh hisobchi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan imzolangan KO-1-son shakldagi kirim kassa orderi bo’yicha amalga oshiriladi. Tashkilotlar kassasidan naqd pul mablag’larini berilishi KO-2-son shakldagi chiqim kassa orderi yoki tegishlicha rasmiylashtirilgan boshqa hujjatlar (to’lov qaydnomalari, pul berish bo’yicha arizalar, hisobvaraqlar va hokazolar) bo’yicha, ushbu hujjatlarga chiqim kassa orderining rekvizitlari bo’lgan shtamp qo’yilgan holda amalga oshiriladi. Pul mablag’larini berishga doir hujjatlar tashkilot rahbari va bosh hisobchisi yoki ular vakolat bergan shaxslar tomonidan imzolangan bo’lishi kerak. Chiqim kassa orderlariga ilova qilinadigan hujjatlar (arizalar, hisobvaraqlar va hokazolar)da tashkilot rahbarining ijozat beruvchi yozuvi bo’lgan taqdirda, chiqim kassa orderlarida rahbarning imzosi bo’lishi shart emas. Kirim va chiqim kassa orderlari yoki ularning o’rnini bosuvchi hujjatlar ular bo’yicha pul olinganidan yoki berilganidan so’ng darhol kassir tomonidan imzolanadi, ularga ilova qilingan hujjatlarga esa sana (kun, oy, yil) ko’rsatilgan holda “To’langan” shtampi qo’yiladi yoki so’z bilan yozib qo’yiladi. Kirim va chiqim kassa orderlari yoki ular o’rnini bosuvchi hujjatlar kassaga topshirilguniga qadar buxgalteriya tomonidan KO-3-son shakldagi kirim va chiqim kassa orderlarini ro’yxatga olish jurnalida qayd etiladi. Ish haqini berish to’lov (hisob-kitob-to’lov) qaydnomalarida rasmiylashtirilgan chiqim kassa orderlari ish haqi berilgandan keyin ro’yxatga olinadi. Tashkilot naqd pullarining tushumlari va berilishi KO-4-son yoki 440-son shakldagi kassa daftarida hisobga olinadi. Bunda chet el valyutasi mablag’lari bo’yicha alohida kassa daftari yuritiladi. Kassa daftaridagi yozuvlar qoraqog’oz vositasida sharikli ruchka, siyohqalam yoki siyoh bilan ikki nusxada amalga oshiriladi. Varaqlarning ikkinchi nusxalari qirqiladigan bo’lishi kerak, ular kassirning hisoboti bo’lib xizmat qiladi. Varaqlarning birinchi nusxalari kassa daftarida qoladi. Varaqlarning birinchi va ikkinchi nusxalari bir xil raqamlar bilan belgilanadi. Kassa daftarida o’chirishlar va ta’kidlanmagan tuzatishlar qilish man etiladi. Qilingan tuzatishlar tashkilot kassiri, shuningdek, bosh hisobchining yoki uning o’rnini bosuvchi shaxsning imzolari bilan tasdiqlanadi. Kassa daftaridagi yozuvlar kassir tomonidan har bir order yoki uning o’rnini bosuvchi boshqa hujjat bo’yicha pul olingan yoxud berilganidan keyin darhol amalga oshiriladi. Har kuni, ish kuni oxirida kassir kun uchun operatsiyalar yakunini hisoblaydi, kassadagi keyingi kun uchun pullar qoldig’ini chiqaradi va keyingi kuni buxgalteriyaga kassir hisoboti sifatida kassa daftarida imzo chektirgan holda kirim va chiqim kassa hujjatlari bilan birga ikkinchi yirtma varaqni (kassa daftaridagi bir kun uchun yozuvlar ko’chirma nusxasini) topshiradi. Quyidagi 3 - rasmda byudjet tashkilotlarida kassa muomalalari hisobini hujjatlashtirish tartibi hamda ketma-ketligini ko`rishimiz mumkin. Topshirilgan kassa hisoboti buxgalteriyada tekshiriladi va uning asosida kassa operatsiyalariga doir 381-son shakldagi jamlanma qaydnomaga (1-son memorial order) va analitik hisobning boshqa registrlariga yoziladi. 1-son memorial order bo’yicha oylik aylanmalarning umumiy summasidan byudjetdagi (byudjetdan tashqari) hisobvaraqlar bo’yicha aylanmalar chiqarib tashlanadi. Kassa daftarini to’g’ri yuritilishi ustidan nazorat qilish tashkilot bosh hisobchisi zimmasiga yuklanadi. Download 241.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling