Mavzu. Oilada ota-ona, farzand munosabatlarining ijtimoiy- psixologik muammolari. Annotatsiya: Dissertatsiyaning kirish


Download 1.03 Mb.
Pdf ko'rish
bet6/24
Sana18.06.2023
Hajmi1.03 Mb.
#1571986
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24
Bog'liq
TO\'LQINJONNING MAGISTRLIK ISHI 111

 
 
 
 
 
 


10 
1.1.Sharq mutafakkirlarini oiladagi er-xotin munosabatlarini farzand 
tarbiyasiga ta’siri to’g’risidagi ilmiy qarashlari. 
Qadimgi Sharq mamlakatlarida yashagan, ijod qilgan va avlodlarga 
o‘zlarining nodir ma’naviy meroslarini qoldirgan allomalar qaysi yo‘nalishda ilmiy 
izlanish bilan shug‘ullangan bo‘lmasinlar, ulardan qolgan ma’naviy merosda eng 
avvalo oila, oila tarbiyasi va shaxsni sog‘lom munosabatlar muhitida 
tarbiyalashning ahamiyatiga bag‘ishlangan qarashlar o‘z ifodasini topgandir. 
Sharq mutaffakirlarining asarlaridagi mafkuraviy hamda g‘oyaviy jihatdan 
uyg‘unlik shundaki, ular shaxs tarbiyasi va kamolotida oilaning, ota-ona 
tarbiyasining rolini yuqori qo‘yishgan, ayniqsa, shaxsning aqliy va axloqiy 
kamolotida oilaning o‘rni, ota-ona va yaqin kishilarning yo‘naltiruvchi va 
tarbiyalovchi vazifalariga alohida e’tibor berganlar. Ular faqat oiladagina 
rivojlanishi 
mumkin 
bo‘lgan sifatlar - mehnatsevarlik, vatanparvarlik, 
yurtparvarlik, halollik, poklik, mardliq, mehribonlik, haqgo‘ylik, yuksak 
madaniyat, ahloqlilik kabi qator fazilatlarni barcha sifatlardan yuqori qo‘yishlari 
bilan birga insondagi insoniy munosabatlarda namoyon bo‘ladigan yuksak 
fazilatlar, avvalo, ota-onadan bolaga o‘tishi mumkin bo‘lgan jihatlarni o‘z
falsafiy-etik, sotsiologik va psixologik qarashlarida ifodalab berganlar. 
Milliy qadriyatlarimiz, jumladan, oilaviy munosabatlarga oid fikrlar buyuk 
allomalar va tarixiy - ma’naviy meroslarimiz bo‘lmish - Avesto mafkurasida, 
O‘rxun-Yenisey bitiklarida, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik”, Abu Nasr 
Farobiyning “Fozil odamlar shahri”, Abu Rayxon Beruniyning “Qadimgi 
xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Ali Abu ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Alisher 
Navoiyning tasavvufiy qarashlarida, Boburiylar davri va Akbarshohlarning 
ijtimoiy - pedagogik tajribasi bayon etilgan kitoblarda, jadidchilarning mafkuraviy 
tarbiyaga oid asarlarida aks ettirilgan. Buyuk mutafakkirlarimiz bo‘lmish Ahmad 
al - Farg‘oniy, Maxmud az- Zamaxshariy, Abu Nasr al- Farobiy, Abu Bakr 
Muxammad ibn Al- Abbos Al Xorazmiy, Abu Rayxon Beruniy, Ibn Sino, Imom 


11 
G‘azzoliylarning sog‘lom oilaviy munosabatlar muhitida tarbiyalanadigan farzand 
xislatlariga, bunda milliy qadriyatlarning o‘rniga alohida e’tibor qaratganlar. 
Bizning fikrimizcha, o‘sha davrlarda ham turli xil yurishlar, urushlar va 
qatag‘onchilik qonunlariga ko‘ra, hamma oila ham to‘liq bo‘lmagan, onasi yoki 
otasi qazo qilgan yoki vaziyat taqozosi bilan noto‘liq bo‘lib qolgan oila muammosi 
jamiyatning eng oldi insonlarini qiziqtirganki, shu bois ular ko‘proq o‘z asarlarida 
yaxshi, ma’naviy jihatdan mustahkam oila va undagi munosabatlarga e’tibor 
qaratganlar. Boshqacha qilib aytganda, Sharq mutafakkirlari shaxs kamoloti, uning 
ma’naviy poklanishi, e’tiqod va dunyoqarashlar teranligiga bevosita aloqador 
bo‘lgan fikrlarini ko‘proq ota-ona ta’siri va oila muhitida ustuvor bo‘lgan 
qadriyatlar timsolida tasavvur etganlar. 
Sharq allomalari orasida shaxs va jamiyat rivoji xususidagi o‘lmas g‘oyalar 
sohibi bo‘lgan Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy qarashlari muhim o‘rin 
tutadi. “Al-muallim as-Soniy” - “Ikkinchi muallim”, Sharq Arestoteli deb nom 
olgan Abu Nasr Forobiy (873-990 y.y.) o‘zining “Fozil odamlar shahri” [61; 
56,60], “Fuqarolik siyosati”, “Baxt-saodatga erishuv haqida” kabi asarlarida 
olijanob jamiyat, adolatli tuzum, fozil, axloqan pok insonlar haqidagi o‘z fikr-
mulohazalarini bayon qilib, o‘z davri uchun izchil ta’limot yaratdi. U har 
tomonlama yetuk, barcha aholini baxt-saodatga, ilm-ma’rifatga olib boruvchi ideal
jamoa va unga munosib insonlar haqidagi g‘oyalarni ilgari surdi. Uning 
ta’limotidagi fozil insonlar bir-biriga hurmatda bo‘ladi. Ota-ona va farzand, ustozu 
shogird o‘rtasida sharqona nazokat, mehr va ehtirom bo‘ladi. Bu fikr sog‘lom 
insoniy munosabatlarning barkamol va fozil shaxs tarbiyasidagi muhim 
ahamiyatini yana bir marotaba ta’kidlaydi. 
Sharqning buyuk allomalaridan bo‘lgan Abu Nasr Al-Forobiy tomonidan 
rivojlantirilgan vorisiylik omili to‘g‘risidagi qarashlar oila va uning muhiti 
ta’sirida shakllanadigan ayrim shaxs fazilatlarini tahlil qilishga asos bo‘lishi 
mumkin. Alloma qarashlarining amaliy ahamiyati shundaki, unga ko‘ra, inson 


12 
qisqa berilgan umri mobaynida hayotning barcha sir-asrorlarini egallay olmaydi. 
Shu boisdan u o‘zidan oldingi ajdodlar tomonidan qoldirilgan qadriyatlar, urf-
odatlar va an’analarga sodiq bo‘lishi, oilani qadrlashi kerak. Buning uchun esa 
odam ilm-ma’rifat borasida yetuk donishmandlarga ergashishi, boobro‘ 
shaxslardan o‘rnak olishi lozim. Oilada - bunday odam - ota va ona, mahallada - 
oqsoqol, jamiyat miqyosida - oqil va dono hukmdorlardir. Demak, bu fikrlar ham 
shaxsning ahloqiy va ma’naviy takomilida oilada asrab-avaylab kelinayotgan 
rasm-rusmlari, odatlarning roli sezilarli ekanligini yana bir marotaba tasdiqlaydi. 
O‘rta asrlar ahloqshunosligi va oilashunosligida mutafakkir Abu Bakr ar-
Roziy (865-925) ta’limoti o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Uning ahloqiy qarashlari 
“Lazzat”, “Falsafiy hayot tarzi”, “Ruhiy tabobat”, “Baxt va farovonlik belgilari” 
kabi qator asarlarida aks etgan [11]. 
Ar-Roziy o‘z asarlarida insondagi xushxulqlikni tarbiyalash va badxulqlikni 
yo‘qotish yo‘llari hamda usullari haqida yozadi, odamlarni aql bilan ish ko‘rishga, 
hissiyotlarni jilovlay olishga, me’yorida lazzatlanishga, lahzalik lazzatga umrini 
baxshida qilmaslikka chaqiradi. Lazzatning bir shartini u farovonlikda, ikkinchi 
shartini esa hamma narsaga aql bilan yondoshuvda ko‘radi. O‘zigacha bo‘lgan 
allomalar, olimlardan farqli, Ar-Roziy insonning axloqan pok bo‘lishida ijtimoiy 
omillar roliga ko‘p e’tibor beradi, hamda odamni ijtimoiy faollikka, jamiyatga 
foyda keltirib yashashga chorlaydi. Uning fikricha, inson ijtimoiy mavjudot. U 
faqat insoniy jamiyatdagina axloqiy yuksaklikka, baxt va farovonlikka erishadi. 
Jamiyatdan tashqarida, yakkalikda, tanholikda insonning yashashi mumkin emas. 
Bordi-yu, yashagan taqdirda ham “yovvoyi, hayvoniy, to‘pos bo‘ladi, zero, u 
bizning mavjudligimizni qulaylashtiradigan, orastalashtiradigan insoniy hamkorlik 
va qo‘llab-quvvatlanish imkonidan mahrum”,- deb yozadi mutafakkir [11, 34]. 
Ko‘rib turganimizdek, bugungi ma’naviy-ma’rifiy tarbiya sharoitida ham Ar-
Roziyning ijtimoiy ta’limoti ko‘plab yaxshi xulosalar chiqarishga imkon beradi. 
Masalan, oila – ijtimoiy muhitning muhim bo‘lagi sifatida yoshlar tarbiyasida, 


13 
ularning istiqbolda qanday insonlar bo‘lib yetishida katta rol o‘ynaydi. Bunda ota 
va onaning o‘rni beqiyosdir. Oila to‘liq bo‘ladimi, yoki taqdir taqozosi bilan 
noto‘liq bo‘lib qoladimi, baribir, uning farzandlarning kelajagini belgilashdagi 
o‘rni ta’sirchandir. Chunki ilk tarbiya asoslari, qadriyatlarga munosabat aynan shu 
maskanda qaror topadi. Biz Ar-Roziy ta’limotidan ana shunday xulosa chiqardik.
Oilaviy munosabatlarning tarbiyaviy mohiyati Sharq mutaffakkirlaridan biri, 
butun Yevropa xalqlari ham uning qomusiy bilimdonligini tan olgan alloma Abu 
Ali Ibn Sino/980-1037/ning asarlarida aks etgandir. Buyuk olim sifatida u barcha
hodisalarning, jumladan, inson umri o‘tadigan oilaviy munosabatlarning ilmiy 
mohiyatini ochib berishga harakat qilgan. Ibn Sinoning pedagogik va psixologik 
qarashlari ijtimoiy asosda qurilgan bo‘lib, u bola tarbiyasida umuminsoniy 
tamoyilning qo‘llanilishini yoqlab chiqqan va tarbiyachi ota-onalarga bolani qattiq 
tana jazosidan ko‘ra, shaxsiy ibrat orqali tarbiyalash ma’qulligini uqtirgan. 
Mutafakkirning qalamiga mansub bo‘lgan "Donishnoma", "Risolai ishq", "Tib 
qonunlari", "Uy xo‘jaligi" kabi qator asarlari O‘rta Osiyo xalqlari axloq-odobi, 
psixologiyasi va tabobat olamida alohida o‘rin tutgan yirik ilmiy tadqiqotlar 
hisoblanadi. Ahloqiy tarbiya masalalarida alloma oilaning o‘rnini alohida 
ta’kidlagan. Oila va oilaviy munosabatlar masalasi uning «Tadbiri manzil» [10] 
asarida o‘ziga xos tarzda bayon etilgan. 
Oilaviy munosabatlarning turli tomonlarini yoritar ekan, Ibn Sino, avvalo 
oila boshlig‘i bo‘lmish ota oldiga qator talablarni qo‘yadi. Oila boshlig‘i, deb 
yozadi u, ham nazariy, ham amaliy jihatdan oilada tarbiya masalalarini mukammal 
o‘zlashtirmog‘i lozim. Agar oila boshlig‘i tajribasiz bo‘lsa, u o‘z a’zolarini yaxshi 
tarbiyalay olmaydi, oxir oqibat u yaxshi ijobiy natijalarga erisha olmaydi, yomon 
tarbiya nafaqat ushbu oila, balki qo‘shnilarga, mahalla-kuyga ham yomon ta’sir 
qilishi mumkin. Oiladagi bola tarbiyasi ota-onaning jamiyatda tutgan mavqeidan 
qat’iy nazar, ularniig birlamchi vazifasidir, deb hisoblaydi Ibn Sino. Ota-ona davlat 
boshlig‘imi, yoki oddiy fuqaromi, baribir, u bola tarbiyasi borasida mas’uldir. 


14 
Davlat boshliqlari, rahbarlar bola tarbiyasi xususida barchaga ibrat bo‘lmoqlari 
lozim. 
Ibn Sinoning bola tarbiyasi, tarbiya psixologiyasi va rahbarlarga qo‘ygan 
ushbu talablari o‘sha davrda qanchalik taraqqiyparvar va zarur bo‘lsa, bizning 
bugungi kunimizda ham u o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Uning fikricha, tarbiyachi, 
ya’ni ota-ona «nafaqat so‘z bilan, balki amalda ham bola ruhiga ta’sir ko‘rsatmog‘i 
lozim» [10;44]. 
Shunday qilib, Ibn Sinoning shaxs tarbiyasidagi ma’naviy hamda axloqiy 
omillar to‘g‘risidagi qarashlari uning “Axloq ilmiga doir risola”, “Burch to‘g‘risida 
risola”, “Nafsni pokiza tutish to‘g‘risida risola”, “Adolat haqida kitob”, “Turar 
joylardagi tadbirlar” singari asarlarida bayon etilgan. 
Bu fikrlardan hozirgi zamon mutaxassislari ham to‘g‘ri xulosalar chiqarib, 
oilaviy psixologiya va tarbiya masalalari borasida tavsiyalar ishlab chiqishlari 
mumkin. Alloma o‘zining oilaviy munosabatlarga oid qarashlarida otaning oilaviy 
tarbiyadagi rolini alohida ta’kidlagan va bu fikrlar bizning dissertatsiyamizdagi 
taxminlarning isbotida o‘ziga xos tarzda isbotini topishi muqarrar. Lekin uning 
asarlarida biz oila noto‘liq bo‘lib, faqat ona shaxsi tarbiyachi bo‘lib qolgan 
sharoitda bolaning qanday tarbiya olishi masalasiga tegishli fikrlarni topmadik. 
Turmush qurgan er-xotinlar munosabati haqida yozar ekan, mutafakkir Ibn 
Sino, «Erkak kishi oila boshlig‘idir, u oilaning barcha ehtiyojlarini qondirmog‘i 
lozim, chunki bu uning birlamchi vazifasidir»,- deb yozadi. Ayol esa erkakning 
yaxshi, munosib yo‘ldoshi, u bola tarbiyasi borasida eng yaxshi voris va 
yordamchidir. Uning er-xotin munosabatlari xususidagi fikrlari ham o‘sha davr 
uchun o‘ta ilg‘or va ahamiyatli edi. U o‘zining "Oila xo‘jaligi" kitobida ayollar 
ahloqan eng maqbul, yuqori sifatlarga ega bo‘lmoqlari lozim, deb yozadi, Shu 
kitobning "Afsofiy bextarin zanxo" /”Ayollarning yaxshi fazilatlari haqida" 
bo‘limida ularning quyidagi fazilatlari ta’kidlanadi: «Ayol aqlan dono, uyatchan, 


15 
iboli, iffatli bo‘lib, ko‘p gapirmasligi lozim: u eriga bo‘ysunmog‘i, uni sevmog‘i, 
farzandlar tug‘ib, doimo halol, pok, to‘g‘ri so‘z, kamtar bo‘lishi kerak; injiq 
bo‘lmasligi, o‘z iffati va obro‘sini to‘kmasligi lozim; u hech qachon eriga 
nisbatan dimog‘dorlik, viqor hissini ko‘rsatmasligi, o‘z ishlarini yaxshi, o‘z 
vaqtida bajarib, oilaning moddiy boyliklarini tejamkorlik bilan ishlatmog‘i lozim; 
o‘z xulq-atvori bilan o‘z erining qalbida xadiksirash hissiga o‘rin qoldirmasligi 
kerak» [10; 38]. 
Umuman, Ibn Sino ayol kishiga insoniy munosabatda bo‘lib, er va xotin 
o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va bir birini tushunishga asoslanmog‘i 
lozimligini himoya qilib chiqqanligi diqqatga sazovordir. Uning oilada mehnat 
tarbiyasi borasidagi fikrlaridan biri, masalan, har bir bola uchun hunarning 
ahamiyati haqida shunday deydi: «Bolani biror hunarga o‘rgatmoq shart, yosh yigit 
biror hunarni o‘rgansa, uni hayotda tadbiq eta olsa va mustaqil hunar tufayli oilani 
ta’minlaydigan bo‘lsagina, otasi uni uylantirib qo‘ymog‘i lozim»,- deb hisoblaydi. 
Demak, allomaning oila qurish uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy yetuklik haqidagi 
fikrlari biz uchun hozir ham zarurdir. Sababi, oilaning mustahkamligi va baxtli 
bo‘lishi aynan oila qurganlarning ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan 
yetukliklariga va ayniqsa, yigitning oila qurishga tayyorgarligiga bog‘liqdir. 
Shunday qilib, Ibn Sinoning tabobat, inson tarbiyasi, oilaviy munosabatlar 
xususidagi fikrlari juda qimmatli bo‘lib, ularni hozirgi zamon yoshlari ongiga 
yetkazish esa katta ilmiy-pedagogik va ijtimoiy-psixologik ahamiyatga egadir. 
Tasavvuf ilmi borasida ibratli fikrlar sohibi bo‘lgan yana bir Sharq allomasi 
Imom G‘azzoliydir [28]. Uning “Ihyoi ulum ad-din”, “Mukoshafat-ul qulub”, “Ey, 
farzand” deb nomlangan kitoblarida e’tiqod va muhabbat, ihtiyor erkinligi va 
taqdir, ishonch va niyat masalalari borasida asosli va ta’sirli fikrlar ilgari surilgan. 
Uning nazariyasidagi eng kuchli jihatlardan biri - barcha fazilatlarning asosida 
muhabbat yotishini yoqlashdir. G‘azzoliy muhabbatni ham bilishning mahsuli, deb 


16 
ataydi. Zero, inson nimaniki bilsa, o‘shanigina sevishi mumkin. Uning fikricha, 
muhabbatning besh turi mavjud:
1) insonning o‘ziga, o‘z kamoloti va sog‘-omonligiga muhabbati;
2) insonning o‘z hayotini davom ettirishini ta’minlovchi, uni asrovchi, undan 
turli muhliqotlarni (halok etuvchilarni) nari tutuvchi valine’matlariga muhabbati;
3) insonning, garchand shaxsan o‘ziga yaxshilik qilgan zotlarga yaxshilik 
qilmagan bo‘lsada, boshqa insonlarga xizmat ko‘rsatgan, yaxshilik qilgan zotlarga 
muhabbati;
4) insonning tashqi va ichki qiyofasidagi barcha go‘zalliklarga muhabbati;
5) insonning o‘zi bilan botiniy (ichki), yashirin o‘hshashligi bor bo‘lgan 
zotlarga muhabbati. Zero, “o‘zini anglab yetgan kishigina o‘z yaratganini anglab 
yetadi, u o‘z-o‘zicha mavjud emas, uning borligi, mavjudligining davomi, 
kamolotga erishuvi Ollohdan, va Olloh vositasidadir”, deydi Imom G‘azzoliy.[28; 
128.] 
Imom G‘azzoliy niyat masalasida ham o‘ziga xos fikrlar bildiradi. U niyatni 
ikki narsa-bilim va harakat qamrovidagi sifat deb ta’riflaydi. Bilim niyatdan oldin 
turadi, u niyatning ildizi va sharti hisoblanadi. Harakat esa niyatdan keyin turadi. 
Biz bu allomaning fikrlaridan xulosa chiqarib, shuni ta’kidlashimiz mumkinki, 
farzandlar tarbiyasida niyat-maqsad qo‘yishga o‘rgatish, uning o‘z harakat kuchiga 
ishonch ruhida tarbiyalashning ahamiyati kattadir. Yaxshi niyat va amallar shaxsda 
Ollohga, uning har bandasiga inoyat qilgan amallarga muhabbatida aks etadi. 
Demak, shaxs tarbiyasida bilimga ixlos va yaxshi ishlarni niyat qilib, bilim bilan 
harakatni uyg‘unlashtirish ma’naviy barkamollikning asoslaridan va bu narsani har 
bir ota-ona farzand tarbiyasida inobatga olmoqlari zarurdir. Shu ma’noda tasavvuf 
ilmi namoyondalarining, jumladan, G‘azzoliyning qarashlari katta ahamiyatga 
egadir. G‘azzoliy ko‘p asarlarida ota-ona va farzandlarning o‘zaro munosabatlari 


17 
masalasiga alohida ahamiyat qaratgan. O‘zining “Mukoshafat-ul qulub”, “Ey, 
farzand” asarlarida ilgari surgan g‘oyalaridan biri – bu onaning qadr-qimmati 
masalasidir. “Mukoshafat-ul qulub” kitobida u shunday yozadi: “Farzandda 
onaning haqqi otaga nisbatan ikki barobar ko‘proq. Onaning duosi ko‘proq qabul 
bo‘ladi” [28;145]. Ibn Muborakning fikrlarini keltirar ekan, u Payg‘ambarimiz 
(sav)ning quyidagi hadisiy ibratini keltiradi: “Marhamat qilmagan – marhamat 
ko‘rmaydi”, ya’ni ota ham ona ham farzandiga mehr ko‘rsatishi lozimki, toki keyin 
farzand ham o‘z ota-onasiga mehr ko‘rsatadi. Ushbu fikrlarning bizning ishimizga 
aloqadorligi shundaki, oila to‘liq bo‘ladimi yoki noto‘liqmi, farzand tarbiyasiga 
mutassaddi bo‘lib qolgan shaxs (bizning misolimizda – ona shaxsi), avvalo 
bolasiga mehr ko‘rsatmog‘i lozimki, toki, bu farzandda istiqbolidagi oila va oilaviy 
munosabatlar to‘g‘risida to‘g‘ri ijobiy fikr va tasavvurlar shakllansin va o‘z 
navbatida turmush o‘rtog‘isiz yolg‘iz o‘zi tarbiya bergan insonga nisbatan unda 
mehr-shafqat bo‘lsin.
Shaxs ma’naviyati va mafkuraviy qarashlarining shakllanishi omillari 
xususida buyuk bobomiz Mir Alisher Navoiyning fanimizga qo‘shgan hissalari 
kattadir [38]. Navoiy o‘z asarlarining markaziga komillikka intiluvchi shaxs va 
uning fazilatlari masalasini qo‘yadi. Zero, uning fikricha, har bir inson Xudo unga 
ne’mat sifatida bergan fazilatlarning egasi bo‘lmog‘i, komillikka intilmog‘i zarur, 
ana o‘shandagina u, o‘z insonlik burchini bajargan, inson degan nomni oqlagan 
sanaladi. 
Ma’lumki, “Mahbub-ul-qulub” asarida Navoiy butun hayoti davomida 
ko‘rgan, bilgan voqealar, oddiy xalqning turmush tarzi, fe’l-atvori, oilaviy urf-
odatlari, yaxshi va yomon xislatlari bo‘yicha to‘plagan kuzatishlar bayon etilgan. 
Asarga “Mahbub-ul-qulub” yoki “Qalblarning sevgisi” deb nom qo‘yilishi bejiz 
emas. Chunki bu asarda alloma insonlarni oilaviy turmushdagi turli hodisalar va 
vaziyatlardan chiqishga imkon beruvchi yaxshi fazilatlar, ularni tarbiyalash 
masalalariga diqqatni qaratgan. Ularni tom ma’noda oilaviy qadriyatlar, deb e’tirof 


18 
etish mumkin. Eng muhimi - alloma tasavvuridagi uylanishning qadriyat ekanligi, 
ayol kishining oiladagi munosib o‘rni, oqilalik, tartib-intizomning bo‘lishi, erning 
hurmat-izzat qilinishi kabi muhim qadriyatlar tabiiy, bola ongida oilaga nisbatan 
ijobiy munosabatni shakllantiruvchi omil sifatida talqin etiladi. “Yaxshi xotin - 
oilaning davlati va baxti. Uyning ozodaligi undan, uy egasi xotirjam va 
osoyishtaligi undan, husnli bo‘lsa-ko‘ngil yozig‘i, xushmuomala bo‘lsa-jon 
ozig‘idir. Oqila bo‘lsa, ro‘zg‘orda tartib-intizom bo‘ladi, asbob-anjomlar saranjom 
turadi” [38; 41]. 
Buyuk shoirimizning oilaviy qadriyatlar, baxt, sevgi va er-xotin 
munosabatlari, ularga zarur bo‘lgan fazilatlar borasidagi fikrlari juda katta 
psixologik ahamiyatga ega bo‘lib, ularni ongli ravishda yoshlar tomonidan idrok 
etilishi, so‘zsiz, oilaga oid noyob qadriyatilarimizga nisbatan ulardagi to‘g‘ri 
tasavvurlarning shaklanishi va shu orqali oilaga nisbatan ijobiy ustanovkalar 
asosida oilaviy hayotga tayyor bo‘lishlari uchun ma’naviy 
ozuqa 
bo‘ladi. 
Qanday oila turidan chiqqan bo‘lishiga qaramay, istiqbol to‘g‘risidagi tasavvurlari 
hamda hayotiy qadriyatlari tizimida oila va nikoh kabi qadriyatlar muhim o‘rin 
tutadi. 
Xulosa qilish mumkinki, buyuk allomaning bu va boshqa asarlari bugungi 
yoshlarni sog‘lom ruhiyat va dunyoqarash ruhida tarbiyalashning nazariy-
metodologik asoslaridan biridir. Uning asarlarida shaxs - o‘ta zamonaviy va uning 
amallari va fikrlari doimo kelajakka, yaxshi kunlarga qaratilgan. Bunda shaxs, oila 
va jamiyat ta’sirlarining uyg‘unligi masalasining qo‘yilganligi psixologiya ilmi 
uchun, oila psixologiyasi uchun katta ahamiyatga egadir. Biz allomaning 
fikrlaridan o‘z tadqiqotimiz maqsadiga erishish uchun metodologik manba sifatida 
foydalandik. Ya’ni, turli tasnifdagi oilada farzandning komillikka intilishi avvalo 
ota yoki onaning (ko‘p holatda ikkalasining) tarbiyalovchi missiyasini qanday ado 
etishiga bog‘liqdir. 


19 
Musulmon Sharqida shaxs ma’naviyati va axloqi borasida yaratilgan ikki 
buyuk pandnoma borki, ulardan biri turkiy tilda yozilgan Yusuf Xos Xojibning 
“Qutadg‘u bilig” (“Yaxshilikka eltuvchi bilim”) [75], asaridir. 
“Qutadg‘u bilig”13000 misrani o‘z ichiga olgan axloqiy normalarga 
bag‘ishlangan monumental asar bo‘lib, uni turkiy xalqlarning axloqiy qomusi deb 
atash mumkin. Kitobda ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, oliyjanoblik 
va tubanlik, halollik va harom singari tushunchalarga sharhlar berilgan. Xususan, 
ezgu odamning ta’rifi quyidagicha bayon etilgan: “Ezguning barcha qilmishi va 
yo‘riqlari xalqqa foyda va manfaat beradigan bo‘ladi. Barchaga birdek yaxshilik 
qiladi, lekin evaziga ulardan mukofot minnatini qilmaydi. Ezgu o‘z manfaatini 
ko‘zlamaydi, boshqalar manfaatini ko‘zlaydi, boshqalarga keltirgan foydasidan 
o‘ziga manfaat tilamaydi” [75; 58]. 
“Qutadg‘u bilig”da oila va jamoatchilik joylarida muomala odobi va etiket 
muammolariga ham katta e’tibor berilgan. Undagi asosiy tamoyil til bilan dil 
birligi ekanligi o‘rtaga tashlangan va bularning barchasida bilimning ahamiyati 
takidlangan: u aql-zakovatni inson qadr-qimmatini yuksaltiruvchi ne’mat deb 
biladi. Biz Yusuf Xos Hojibning fundamental fikrlarini farzandlarimizda 
shakllanadigan hayotiy qadriyatlar to‘g‘risidagi tasavvurlariga baho berish 
maqsadida o‘rgandik va muayyan xulosalar chiqardik. 
Jumladan, yaqin o‘tmishimizda faoliyat ko‘rsatgan ma’rifatparvarlar 
asarlarida ham aynan oilada e’zozlanib, saqlanib qoladigan qadriyatlar ruhida 
bolani tarbiyalash alohida o‘rin egallagan. Ulug‘ pedagoglardan A.Avloniyning 
[12] fikricha, bolalarda axloqiy xislatlarning tarkib topishida ijtimoiy muhit, 
oilaviy sharoit g‘oyat katta ahamiyatga ega. A.Avloniy bolaning shaxs sifatida 
shakllanishiga to‘htalib, bola tarbiyasida oilaning rolini alohida ta’kidlab, “Qush 
uyasida ko‘rganini qiladur”, - deydi. “Inson javhari qobildir. Agar yaxshi tarbiya 
topib, buzuq xulqlardan saqlanib, go‘zal xulqlarga odatlanib katta bo‘lsa, har kim 
qoshida maqbul, baxtiyor bir inson bo‘lib chiqar “Tarbiyani kim qilur?”, “Qayda 


20 
qilinur?” degan savolga birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidir. Ikkinchi maktab 
va madrasa tarbiyasi. “Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidir”, - deydi 
[12;160]. Xulosaga ko‘ra, tarbiya eng avvalo oiladan boshlanadi va bunda onaning 
roli alohida ta’kidlanadi. 
Abdurauf Fitrat “Oila” asarida oila asosini to‘g‘ri qurish, oilada yosh 
avlodga jismoniy, aqliy va axloqiy tarbiya berish orqali mana shu turg‘unlikdan 
qutulish, jamiyatni isloh qilish mumkinligini bayon qilgan. “Millat taqdiri mana 
shu millat vakillari yashagan oilaning holatiga bog‘liqdir. Qaerda oila munosabati 
kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va tartibli 
bo‘ladi”, - deb yozadi Abdurauf Fitrat [60; 112]. 
Fitrat oilaviy hayot o‘z qonun va qoidalariga ega ekanligini, bu qonunlarga 
rioya qilish orqaligina odamlarni jaholatdan qutqarish mumkinligini bayon etadi. 
Fitratning bu asari o‘zbek oilasining o‘ziga xosligi, kamchilik va yutuqlari, 
mamlakatni isloh qilishning oiladan boshlanishi, oilaning asosiy vazifasi, oilada 
ota-ona va farzand tarbiyasi, o‘sha davrda oilada ayollarning mavqei, uni 
o‘zgartirish masalalari ilmiy tahliliga bag‘ishlangan. 
Umuman, sharq xalqlarida, xususan, buyuk Turonda bolaning ma’naviy 
jihatdan oilaviy hamda mustaqil hayotga tayyor bo‘lishida oilaviy rasm-
rusumlarning o‘rniga katta ahamiyat berilgan. Shunday masalaga bag‘ishlangan 
kitoblardan biri turk yozuvchisi va olimi Faxr-ul Banot Sig‘batulloh qizining “Oila 
saboqlari” kitobidir [59]. Asrimizning boshida yashab, ijod qilgan bu olimaning 
risolasida ham bolani oilaviy muhit sharoitida tarbiyalashning turkona rasm-
rusumlari asosida unga to‘g‘ri saboqlar berishga alohida e’tibor qaratilgan va bu 
jarayonda onaning, qaynonaning alohida o‘rni ta’kidlangan. Lekin aslida bu 
jarayonda ota-onaning o‘rnak, na’muna bo‘lishining ahamiyati kattadir. “Bolalarga 
quruq nasihatgina ta’sir qilmas. Yaxshi degan narsani ishlab ko‘rsatmaslik va ul 
ishning yaxshiligiga bolalarni ishontirmaklik lozimdir. Bo‘lmasa, shul yomondir, 
uni ishlama degan odamlar o‘zlari shul yomon ishni ishlasalar, ul tarbiyadan hech 


21 
bir foyda ko‘rinmas, yo‘q yerga suli sochgan bo‘ladir. Shunday bo‘lgach, bolalar 
go‘zal tarbiyani, insoniyat fazilatlarini yolg‘iz tildan eshituv ilagina emas, 
ishlaganni ko‘rib, kasb qiluvlari lozimdir” [59; 96]. Bu fikrlar farzandlarimizni 
to‘g‘ri tarbiyalash uchun dasturulamal bo‘lishi mumkin. 
Sharq mutafakkirlarining shaxsni oilada va oilaviy qadriyatlar asosida 
shakllanishi borasidagi fikrlaridan chiqarish mumkin bo‘lgan umumiy xulosalar 
shundan iboratki, birinchidan, ularda shaxs va jamiyat taraqqiyoti uyg‘unligi 
g‘oyasi birinchi o‘rinda ko‘rinadi. Bu xulosa biz uchun tadqiqotimizning 
metodologiyasini belgilashga ko‘mak beradi. 
Ikkinchidan, 
allomalarimiz 
qarashlarida 
shaxsning 
sog‘lom 
dunyoqarashining muhim omili sifatida uning ma’naviyati va jamiyatdagi 
madaniyati muhimligi fikri ifodalandi va bunda ham oila birlamchi ijtimoiy muhit 
sifatida talqin etiladi, ota-onalarning benazir roli e’tirof etiladi.
Uchinchidan, shaxsning kamoli va undagi sog‘lom qarashlar va 
tasavvurlarda otaning alohida nufuzi ko‘zga tashlanadi, lekin onaning o‘rni va 
maqomi ham kamsitilmaydi, aksincha ko‘p asarlarda uning ta’sir kuchiga alohida 
urg‘u beriladi. 
To‘rtinchidan, barcha qarashlarda oilada takomil topadigan shaxs 
ma’naviyati va dunyoqarashining tamal toshlari sifatida undagi iymon va insof, 
aql-zakovat va farosat, e’tiqod va diyonat masalalari ilgari surilgan. Bular ta’sirida 
shakllangan insoniy fazilatlar esa shaxs komilligining omillaridandir. Demak, 
shaxs va uning komillikka intilishi, bunga eltuvchi oilaviy shart-sharoitlar va 
jamiyatdagi real imkoniyatlarning yoritilishi allomalar fikrlariga tayanib, biz o‘z 
izlanishimizning mafkuraviy tamoyillarini belgiladik. 
Shunday qilib, biz qisqacha tahlil etib o‘tilgan tanlab olgan allomalarimiz 
qarashlarida ijtimoiy psixologiya uchun muhim metodologik tamoyillar borki, 
ulardan eng muhimi - har bir shaxsning jamiyat va uning me’yorlari ijobiy xulq 


22 
shakllariga aylanishi uchun eng avvalo muhim ijtimoiylashuv instituti bo‘lmish 
oila va undagi qadriyatlarni to‘g‘ri idrok etishi yotishini anglashdan iborat.
Ushbu yo‘nalishda izlanishlar olib borgan zamonaviy olimlar ham aynan 
oilaviy ijtimoiylashuvning ijtimoiy-psixologik mohiyatiga alohida e’tibor 
berganlarki, biz ishimizning keyingi bo‘limida ular haqida batafsil to‘htalib 
o‘tishga harakat qilamiz va dissertatsiyamizning nazariy-metodologik asoslarini 
belgilab olamiz.

Download 1.03 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling