Microsoft Word anvar obidjon meshpolvonning janglari lotin ziyouz com doc
Download 411.15 Kb. Pdf ko'rish
|
Meshpolvonning janglari. ekituz
www.ziyouz.com kutubxonasi
40 Shu vohada yashovchi bir qariyaning uch azamat o‘g‘li bor ekan. Ular butunlay kuchga to‘lib, jang ilmini puxta egallab bo‘lishgach, otalari: «Malla jodugardan o‘ch olinglar. To dushman yanchilmaguncha, qasosdan boshqa narsani o‘ylamanglar», deb oq fotiha bilan uchalasini yo‘lga kuzatibdi. Og‘a-inilar yo‘l yurishibdi, yo‘l yursayam mo‘l yurishibdi, kunlardan bir kuni g‘aroyib qal’aga duch kelishibdi. Darvoza oldida ularni chiroyda tengsiz uchta pari qiz kutib olibdi. Yigitlar dunyoga kelib, bunaqa husndor qizlarni ko‘rishmagan ekan: katta o‘g‘il behush yiqilibdi, o‘rtanchasi anqayganicha ulardan ko‘z uzolmay qolibdi, kenjasi esa kiprigini pirpiratib turaveribdi. To‘ng‘ich o‘g‘il hushiga kelib, uchovlon ichkariga kirishgach, battar hayratga tushib, og‘izlari lang ochilib qolibdi. Qal’aning to‘rt tomoni to‘rt xil olam timsoli bo‘lib, bir tarafdagi shinam bog‘da olmaxon-u ohular, sirtloncha-yu tovuslar ahil o‘ynoqlashib yurar; ikkinchi yoqdagi kashtanamo gulzorda yer yuzining borliq sayroqi qushlari xonish qilib turar, uchinchi yondagi bir biridan mo‘jaz ko‘shk-u ayvonlarning naqshi ko‘zni qamashtirar ekan. Qizlar uch og‘a-inini suvliklar olamining ramzi bo‘lgan to‘rtinchi tomonga qarab boshlashibdi. Tagini to‘lqin yuvib turgan uzun ko‘prikchadan o‘tib borib, atrofi tilla baliqlarga to‘la, gilam-u ko‘rpachalari qavat-qavat so‘riga o‘tirishibdi. Dasturxon bir zumda tansiq taomlarga to‘lib ketibdi. Qizlar goh xushbo‘y choy, goh sharbat uzatishib, «toting-ko‘ring» qilib qistashaveribdi. Shu mahal kunbotardan malla jodugarning ovozi kelibdi: – Bu dunyoda mana shu uchala qizimdan bo‘lak quvonchim ham, tayanchim ham yo‘q. Had- hisobsiz boyliklarimni teng uchga bo‘lib, ularning sepiga atab qo‘yganman. Menga mo‘‘tabar kuyov bo‘linglar, azamat yigitlar. Yer yuzini o‘n karra kezib chiqib ham buncha baxt, buncha boylik, buncha nazokatni topolmaysiz. – Ha, men baxtimni topdim, – deya oqbilak qizlardan biriga mahliyo tikilibdi to‘ng‘ich o‘g‘il. Endi kunchiqardan otaning xitobi yangrabdi: – Ko‘zlaringni ochinglar, bolalarim! Malla jodugar o‘z jonini saqlab qolish uchungina qizlarini sizga in’om qilyapti. Shuni esdan chiqarmanglarki, bular baxt-u nomusi poymol etilayotgan ming- minglab cho‘rilar evazigadir. To‘ng‘ich o‘g‘il baribir pari qizdan ko‘ngil uzolmabdi. Katta to‘y-tomosha bilan unga uylanib, shu chamanzorda qolib ketibdi. Ikki og‘a-ini yana bir necha hafta yo‘l bosibdi. Tog‘ dovonidan oshib o‘tishlari bilan, endi biri- biridan fusunkor ikkita shaharchaga yo‘liqishibdi. Suvi oynadek tiniq ko‘lning ikki sohilida qad ko‘targan bu shaharchalarning baland marmar devorlari cheksizlik sari cho‘zilib ketgan emish. Bu obod shaharlarda hamma narsa to‘kin-sochin bo‘lib yotar, odamlari boy-u badavlat yashar, ular malla jodugarni tun-u kun duo qilish bilan band ekanlar. Malla jodugar kunbotar yoqdan yana tovush qilibdi: – E, botir yigitlar! Mana, muruvvatimni ko‘zingiz bilan ko‘rib qo‘ying. Olamdagi biron-bir o‘lkada bundan farovonroq, bundan charog‘onroq joy yo‘q. Sizlarni bu shaharlarda omad kutyapti, bek bo‘linglar. Shu ikkala jannatni sizlarga berdim – yeng, iching, davr suring. Sizlarga yana nima kerak? – To‘g‘ri-da, – debdi o‘rtancha o‘g‘il. – Bizga yana nima kerak? Hamma narsa oshib-toshib yotibdi. Fuqarosini shunchalik yayratib qo‘ygan malla jodugarni o‘ldirsak, barchaning qarg‘ishiga qolamiz. Shunda kunchiqar tarafdan otaning ovozi eshitilibdi: – Aldanmanglar, bolalarim! Mansabga uchmanglar! Malla jodugar hayotiga xavf tug‘ilganini sezib, sizlarni yo‘ldan uryapti. Ikkita shaharni may-chay qilib qo‘yish unga ish bo‘ptimi? Doim esda tutinglar, bu zeb-hashamlar talon-taroj qilinayotgan yuzlab elatlardan keltirilgan, ulardan qonning isi anqib turibdi. O‘rtancha o‘g‘il shahar bekligini qo‘ldan chiqargisi kelmabdi, shu yerda qolib ketibdi. Kenjasi esa otasining yo‘rig‘iga kirib, tanho o‘zi yo‘lga tushibdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling