Microsoft Word chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com doc
Download 363.1 Kb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
31 Hammasi bekor gap, qachonki bir tiyin uchun bir-birimizning yoqamizdan olib, turmaga tiqishga tayyor bo‘lsak. Qanaqasiga bug‘u avlodidan bo‘laylik, Bug‘u ilgari vaqtda bo‘lgan, odamlar bug‘uga ishonishgan. Naqadar befahm va sodda bo‘lishgan-a o‘sha zamonning odamlari, kulgili! Endi esa hamma madaniyatli, hamma savodli. Kimga keragi bor buni, bu ertakni yosh bolalarga aytsa boshqa gap. Shu voqeadan keyin O‘razqul boshqa hech kimga, hech qanaqa tanishga, hech qanday qabiladoshga, hatto Shoxdor ona bug‘uning ming tuqqani bo‘lsa hamki, bironta novdani, bironta cho‘pni bermaslikka ont ichdi. Yana yoz keldi. Ko‘m-ko‘k tog‘li yaylovlarda o‘tovlar oqarib, yer-ko‘kni podalarning shovqin- suroni tutib, ariqlarda va daryoda suv tortilib qoldi. Quyosh porlagan, sarxush qimiz hidi kelar, gul bo‘yi ufurardi. Ochiq havoda o‘tovlarning oldida, ko‘m-ko‘k maysalar ustida, oshna-og‘aynilar davrasida o‘tirib qimiz ichib, qo‘zi go‘shtiga to‘yib kayf qilishga nima yetsin. Keyin esa boshni aylantirish uchun bir stakan aroqni simirib, shunday kayfga kelasanki, o‘zingni go‘yo daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tashlagudek yoki bo‘lmasa anovi tog‘ning boshini uzib olgudek his qilasan... Bunday kunlarda O‘razqul ichgan ontini unutardi. Katta o‘rmonning katta xo‘jayini deb atashlari unga naqadar xush kelardi. Yana va’dalar berdi, yana hadyalar qabul qildi. Yana qadimiy qarag‘aylar qaysi birlarining kuni bitib, kuz kelganda umri tugashini sezmasdi. Kuz esa hosili o‘rib olingan dalalardan sezdirmay kelib, tog‘ sari pinhona siljidi-da, butun atrofni qoplab oldi. U bosib o‘tgan yo‘lda maysalar sarg‘aydi, o‘rmonni xazonrezgi bosdi. Mevalar pishdi. Qo‘zilar to‘qli bo‘ldi. Ularni alohida otarlarga - to‘qlilarni alohida, qo‘ylarni alohida to‘daga ayirishdi. Ayollar yig‘ilgan sarig‘ yog‘ni meshga joylab olishdi. Erkaklar vodiyga kim birinchi bo‘lib qaytishi haqida gurung qilishardi. Ketish oldidan esa yozda O‘razqul bilan gaplashganlar falon kuni, falon soatda va’da qilingan yog‘ochga mashina olib o‘rmonga kelishlari haqida uni ogohlantirib qo‘ydilar. Mana shu bugun kechqurun ikkita qarag‘ay yog‘och olib ketgani pritsepli mashina keladi. Qarag‘ayning bittasi pastda tayyor turibdi, mashina keladigan joyga daryodan o‘tkazib qo‘yilgan. Ikkinchisini mana, pastga olib tushishyapti. Agar O‘razqul hozir ushbu yog‘och ustidan yeb- ichganlarini qusish imkonini topgandami, hozir chidashga majbur bo‘layotgan bu azob-uqubatlardan qutulish uchun shu zahotiyoq qusib tashlagan bo‘lardi. Afsuski, o‘zining tog‘dagi la’nati bu takdirini o‘zgartirishga qodir emas: mashina tunda yog‘och olib ketish uchun shu bugun kechqurun pritsepi bilan keladi. Hamma ish o‘ngidan kelsa yaxshiku-ya: yo‘l sovxoz o‘rtasidan, to‘g‘ri idoraning oddidan o‘tadi, boshqa yo‘l yo‘q, sovxozga esa militsiya, gosinspektsiya kelib turadi. U yerda yana rayondan kelganlar ham bordir? Ularning ko‘ziga yog‘och ortgan mashina duch kelib qolsami: «Xo‘sh, yog‘ochni qayokdan olib kelyapsiz va qayoqqa?» - deb surishtira boshlashadi. Bu xayoldan O‘razqulni sovuq ter bosib ketdi. Hamma-hamma narsaga - boshi ustida aylanayotgan zag‘chalarga, baxtsiz Mo‘min cholga, bundan uch kun burun shaharga kartoshka sotgani ketgan dangasa Seydahmadga g‘azabi jo‘sh urib ketdi. U tog‘dan yog‘och olib tushilishini bilardi-ku axir! Demak, sezdirmay jo‘nab qolgan... Endi faqat bozordagi ishlarini bitirgandan keyingina qaytadi. Bo‘lmasa O‘razqul, chol bilan ikkalasini yog‘och sudrab kelishga jo‘natib, o‘zi bu azobdan qutulgan bo‘lardi. Lekin Seydahmad uzokda, zag‘chalarga ham qo‘l yetmaydi. Hammasining alamini xotinidan olishi mumkin - lekin uyga yetish amri mahol. Birgina Mo‘min chol bor. Tog‘dan nafasi bo‘g‘ilib, qahr- g‘azabi ortib, har qadamda og‘zidan oq it kirib, qora it chiqib kelayotgan O‘razqul otga ham, uning orqasidan kelayotgan cholga ham rahm qilmay, changallar orasidan yo‘l soldi. Bu ot harom o‘lsa mayli, bu chol o‘lsa ham mayli, yuragi yorilib o‘zi o‘lsa ham mayli. O‘razqulning sha’ni va amaliga yarashmagan, uning ko‘nglidagidek bo‘lmagan bu dunyoga o‘t tushsin. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling