Microsoft Word chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com doc
Download 363.1 Kb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
33 turgan, o‘rmonlar esa avval kuzga, undan keyin qishga o‘tadi, buning hech qanday mashaqqatli joyi yo‘q. Zag‘chalar ham o‘z erkicha uchib yuradi. Istaganicha chag‘illaydi. Bug‘ular, agar ular haqiqatan ham bug‘ular bo‘lsa, dovonning narigi yog‘idan keladi-da, o‘rmonda daydib yuraveradi, qanday yuradi, qanaqa yuradi, o‘zining ishi. Shaharda odamlar asfalt ko‘chalarda beparvo qadam tashlashadi, taksilarda yurishadi, restoranlarda o‘tirishadi, vaqtichog‘lik qilishadi. Uning peshanasiga mana shu tog‘larda yurish bitilgan, u bebaxt... Hatto uning mana shu hech nimaga yaramaydigan qaynotasi Mo‘min chaqqon ham undan baxtliroq, chunki u ertakka ishonadi. Ovsar odam. Ovsarlar hamisha o‘z hayotidan mamnun. O‘razqul o‘z hayotini ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Hayoti o‘zi istagancha emas. Bu hayot Mo‘min chaqqonga o‘xshaganlarga xos. Unga esa nima ham kerak? Umri mehnatda o‘tyapti, bir kun dam olish yo‘q. Umrida esa biron inson unga qaram bo‘lgan emas, u esa hammaga qaram bo‘lib kelgan, hatto o‘zining kampiriga ham - chol hatto unga bir so‘z qaytarmaydi. Shunday sho‘rpeshana erkak bilan ham baxtiyor bo‘laveradi. O‘rmonda bug‘ularni ko‘rib, xuddi yuz yil dunyoda izlagan aka-ukalarini uchratgandek, ko‘z yoshi qilib yuribdi-ya. Eh, nimasini gapirasan... Ular axiri so‘nggi manzilga chiqishdi, u yerdan uzun tik yo‘l daryoga tushib boradi. Tin olgani to‘xtashdi. Daryoning narigi betida, qorovulxona yonidagi O‘razqulning uyi oldida qandaydir bug‘ ko‘tarilardi. Bug‘ga qarab samovar qaynab turganini bilsa bo‘lardi. Demak, uni xotini kutayotibdi. Lekin bundan O‘razqul yengil tortmadi. U og‘zi bilan entikib nafas olar, havo yetishmasdi. Ko‘kragi, boshi og‘rir, yuragi gupillab urardi. Peshanasidan ter quyilardi. Oldinda esa hali uzoq va tik nishab turibdi. Uyda esa pushtsiz xotin kutib o‘tiribdi, samovar qo‘yib o‘tirganlariga kuyaymi, ko‘nglimni topmoqchi... Birdan chopib borib, bu qorindor samovarni bir tepib, uchirib yuborgisi kelib ketdi. Keyin esa xotiniga tashlanib, o‘lguday ursa. U xayolan xotinining dod-faryodini eshitib, uning baxtsiz qismatini tasavvur qilib, huzur qildi. «Yaxshi bo‘pti, - o‘ylardi u. - Ajab bo‘pti. Men qiynalganimda nega u rohat qilib o‘tirishi kerak?» Uning xayollarini Mo‘min bo‘ldi. - Men esimdan chiqarayozibman, o‘g‘lim, - shosha-pisha xatosini tuzatmoqqa urinib O‘razqulning oldiga keldi, - Men bolani olgani maktabga borishim kerak axir. Darslari tutadi-ku. - Xo‘sh, nima bo‘pti? - atayin vazmin ohangda so‘z qotdi O‘razqul. - Nima qil deysan? - Jahling chiqmasin, bolam. Yog‘ochni shu yerda qoldiramiz. O‘zimiz pastga tushamiz. Sen uyingga borib ovqatlanasan. Men shu paytda otda chopib maktabga borib kelaman. Bolani olib qaytaman. Keyin kelib yog‘ochni olib ketamiz. - Shuni o‘ylab topguncha ancha bosh qotirdingmi g chol? - zaharxandalik bilan gap qotdi O‘razqul. - Bola axir yig‘laydi-da. - Nima bo‘pti shunga? - qizishdi O‘razqul. Nihoyat cholni xumordan chiqquncha so‘kishga bahona topildi. Kun bo‘yi O‘razqul janjalga bahona axtardi, mana endi Mo‘minning o‘zi unga bahona topib berdi. - U yig‘lar ekan deb biz ishimizni tashlab ketaylikmi? Ertalab, maktabga olib boraman, deb boshni qotirding. Olib bording, yaxshi. Endi maktabdan olib kelaman deysan. Men nima senga? Yo biz maynabozchilik o‘ynayapmizmi bu yerda? - Keragi yo‘q, o‘g‘lim, - zorlandi Mo‘min. - Shunday kunda. Menga-ku mayliya, bola kutadi-da, shunday kunda yig‘laydi-da... - Nima shunday kunda? Bu qanaqa xosiyatli kun o‘zi? - Bug‘ular qaytdi. Nima keragi bor edi shunday kunda... O‘razqul dovdirab, hatto hayratidan jim bo‘lib qoldi. U tikanli butalar orasida yumalab, qo‘rquvdan yuragi yorilayozganda sakragan soyalari lip etib o‘tganday ko‘zga tashlangan bu bug‘ularni allaqachon unutgan edi. Yog‘och bilan pastga yumalaganda birgina daqiqada takdiri hal bo‘lib ketardi. Uning bug‘ularga qarashga ham, cholning vaysashiga quloq solishga ham holi kelmay qolgandi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling