Microsoft Word chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com doc
Download 363.1 Kb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
66 Bola o‘zida yo‘q shod edi. O‘razqul ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Qulibek eshik oldida gunohkorlarcha turgan boshqa kishilarga qarab: «Shunday odam bilan qanday yashab keldilaring? Uyat emasmi sizlarga!» - dedi. Bola o‘zini yengil his qildi. Adolatli sud bajo keltirildi. U o‘z xayollariga shunchalik berilib ketgan ediki, hatto qaerda yotganini ham, O‘razqulning uyida nima munosabat bilan ichkilikbozlik qilayotganliklarini ham unutgan edi. Qahqahlab kulishlar uni bu orombaxsh holatdan yana o‘ziga keltirdi. Bola ko‘zini ochib yana quloq sola boshladi. Xonada Mo‘min bobosi yo‘q edi. Qayoqqadir chiqib ketgan bo‘lsa kerak. Xotinlar idish-tovoqlarni yig‘ishtirishib, choy keltirishga hozirlik ko‘rayotgan edilar. Seydahmad nimanidir baland ovoz bilan hikoya qilib berardi, o‘tirganlar uning so‘zlarini eshitib kulishardi. - U yog‘i nima bo‘ldi? - Davom et! - Sen shoshilma, bu yoqqa qara, qani yana bir qaytarib ayt, - kulgidan ichagi uzilgan O‘razqul yana so‘ray boshladi, - sen unga javoban nima deding? Uni qanday qo‘rqitding. Voy ichagim! Xa-xa- xa! - U hamon qornini ushlagancha qotib-qotib kulardi. - Shunday qilib, - deya Seydahmad hikoyasini yana boshidan boshlashga jon deb rozi bo‘ldi, - biz bug‘ularga yaqinlashib borsak, o‘rmon yoqasida uchtasi turgan ekan. Otlarni endigina daraxtga bog‘lagan ham edik, chol hamrohim qo‘limdan ushlab: «Biz bug‘ularni otishimiz mumkin emas. Biz Bug‘uboy avlodidanmiz. Shoxdor ona bug‘uning farzandlarimiz!» dedi. O‘zi bo‘lsa bolalardek termilib turardi menga. Ko‘zlari yalinib-yolvorib iltijo qilayotgandek boqardi. Mening esa o‘lgiday kulgim qistardi. Lekin kulib yubormadim. Ha, kulmadim. Aksincha, bu haqiqatan ham shunday-ku: «Sen nima, turmaga tushging kelyapti-mi?» - deyman. «Yo‘q», - deydi u. «Bilasanmi, boylar zamonidagi hikoyalar kambag‘al xalqni qo‘rqitish uchun to‘qilgan», - dedim. Shunda u tilga kirib: «Sen nima deyapsan o‘zi», - dedi. Men bo‘lsam: «Shuni aytyapmanki, sen bunaqa gaplaringni qo‘y, aks holda qariligingga ham qaramay, tegishli joyga yozib yuboraman», - dedim. - Xa-xa-xa, - deb o‘tirganlarning hammasi kulib yuborishdi. Ayniqsa, O‘razqul ularning ichida rohatlanib kulardi. - Keyin biz sezdirmasdan ularga yaqin bordik. Agar ularning o‘rnida boshqa hayvonlar bo‘lgandami, allaqachon xabar topib ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan bo‘lardi. Bu anqov bug‘ular esa bizdan cho‘chimayotganday qochmasdi. Cho‘chimagani yana ham yaxshi deb o‘ylayman, - hikoya qilardi Seydahmad. - Men miltiq bilan oldinda, chol keyinda boryapmiz. Shu ondayoq, menda shubha tug‘ildi. Umrimda chumchuq ham otgan emasdim. Hozir shunday bir holat yuzaga keldiki, agar tekkiza olmasam, o‘rmonga qochadi-ketadi, keyin uning orqasidan yetib bo‘psan, dovonning narigi yog‘iga o‘tib ketadi. Bunday tayyor o‘ljani kim qo‘ldan boy berishni istardi? Bizning chol ovchi bo‘lgan, vaqtida ayiqni ham qulatgan. Men unga miltiqni berib, mana chol, oting, dedim. U bo‘lsa yo‘q, otmayman, o‘zing ot, deydi. Men bo‘lsam unga: Men axir mastman-ku, dedim. O‘zim esa oyokda turolmayotgandek tebranardim. U o‘rmondan yog‘och olib chiqqanimizda siz bilan ichganimizni ko‘rgan edi. Shuning uchun ham men o‘zimni ayyorlikka soldim. - Xa-xa-xa. - Men tekkizolmayman dedim, bug‘ular ketib qoladi, keyin qaytib kelmaydi. Bizning esa quruq qaytib borishimiz yaxshi emas. O‘zing bilasan. O‘ylab ko‘rgin. Nega bizni bu yoqqa yuborishdi? Indamaydi. Miltiqni ham olmaydi. Mayli, o‘zingiz bilasiz, dedim-da, miltiqni tashlab ketmoqchi bo‘ldim. U orqamdan ergashdi. Baribir, O‘razqul meni haydaydi - sovxozga borib ishlayveraman, deydi. Qariganda qayoqqa borasan, dedim? Yana lom-lim demadi. Men sekin xirgoyi qildim: Sariq-sariq tog‘lardan, Sariq otda men keldim. Och eshiging, ey, sariq savdogar... |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling