Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
161 birga ishlab, uning bukilmas, o‘tda kuymas, suvda cho‘kmas, bir marta bir umrga yod olingan safsatasining mantig‘ini juda yaxshi o‘rganib olgan edi: uning safsatasiga ko‘ra Bo‘ston O’rkunchiev yangicha nusxadagi quloq va akslinqilobchi, u yana kavagidan chiqib, hammani yo‘ldan aynitmoqchi. Hayot uni o‘lasi qilib necha marta cho‘ziltirib qo‘ydi, u esa hamon o‘z aytganidan kolmaydi. Qaniydi, ilgarigi zamonlar bo‘lsa-yu, uni uzoqroq bir joylarga gumdon qilinsa... O’sha kungi ishlab chiqarish yig‘ilishida raykomning ko‘rinishdan kamtarin yangi instuktori ham ishtirok etar, «Berik»ning xalqi hali uni yaxshi tanimasdilar. U so‘zlovchilarni diqqat bilan eshitar va hammasini yondaftariga qayd qilib borardi. Cho‘tboevning taxminicha, Qo‘chqorboev raykomning yangi xodimi oldida albatta o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi. U haq chiqdi. Bo‘stonning so‘zidan so‘ng Qo‘chqorboev ikki og‘iz so‘zim bor edi, deb ijozat so‘radi. Shu sayrab ketdi: u naq baayni gazetada yozilganday qilib so‘ylar, asli uning kuchi ham mana shunda edi. — Qachongacha, o‘rtoq O’rkunchiev,— deb murojaat qildi u Bo‘stonga qarata har doimgiday rasmiy ravishda «sizlab»,— qachongacha siz shubhali takliflaringiz bilan odamlarning yuragiga vasvasa solasiz? Sotsialistik kollektiv o‘rtasidagi ishlab chiqarish munosabatlari qanday bo‘lishini tarix allaqachonlar belgilab bergan. Siz esa cho‘ponni xo‘jayinga aylantirmoqchisiz. Kim bilan ishlaydi, kim bilan ishlamaydi, kimga qancha haq to‘laydi, hammasini o‘zi hal qilsin deyapsiz. Bu qandoq bo‘ldi? Bu bizning tariximizga, inqilobiy olamshumul zafarlarimizga hujum, to‘g‘rirog‘i, tajovuzdan boshqa narsa emas. Siz iqtisodni siyosatdan yuqori qo‘ymoqchisiz. Siz o‘z qo‘shingizning tor manfaatlaridan kelib chiqmoqdasiz. Siz uchun bu masalalarning masalasi. Biroq, qo‘shning ortida rayon turibdi, axir, oblast, mamlakat turibdi, axir! Siz bizni qaerga eltmoqchisiz — xo‘jalik yuritishning sotsialistik usullaridan voz kechishgami? Zardasi qaynab ketgan Bo‘ston o‘rnidan turdi. — Hech kimni hech yoqqa eltmoqchi emasman. Men buni gapiraverib charchadim. Hech kimni hech qayoqqa boshlayotganim yo‘q. Oblastda nima bo‘lyapti, undan nari mamlakatda nima bo‘lyapti, dunyoda nima bo‘lyapti, mening ishim emas, men oddiy bir cho‘ponman. Mensiz ham aqllilar ko‘p. Mening ishim — poda boqish. Agar partorg mening chorva haqidagi fikrimni bilishni istamasa, unda bunday yig‘inlarga nima keragi bor meni chaqirib, ishdan qoldirib? Taraqa-turuq gaplarga tobim yo‘q. Balkim, kimgadir bunday gaplar kerakdir, lekin mening ularga aqlim yetmaydi. O’rtoq direktor, meni boshqa chaqirma! Nima qilasizlar meni ishdan qoldirib?! Keragi yo‘q menga bunaqa majlislarni! — E, nima deyapsiz, Bo‘ske?— Cho‘tboev o‘tirgan o‘rnida o‘ng‘aysizlanib qimirladi.— Siz sovxozning eng yaxshi, ilg‘or cho‘poni, tajribali kishisiz, biz sizning fikringizni bilishni istaymiz. Shuning uchun chaqiramiz. — Sen meni hayron qilib qo‘yding, direktor.—Azbaroyi qoni qaynab dedi Bo‘ston.— Agar men ilg‘or bo‘lsam, ilg‘orlikni qanday qo‘lga kiritganim hammadan ko‘ra senga yaxshi ma’lum-ku. Shunda, nega axir miq etmaysan? Bir narsa desam, og‘zimni ochmasimdan Qo‘chqorboev og‘zimga uradi, xuddi prokurorday har bir so‘zimdan xato qidiradi. Direktor, sen bo‘lsang, bularning senga aloqasi yo‘qday, hech narsa bo‘lmaganday indamay o‘tirganing-o‘tirgan. — Shoshmang, shoshmang,— uning so‘zini bo‘ldi Cho‘tboev. Direktor rostdan ham o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. U juda ham qiyin ahvolda qoldi. Bu safar endi Bo‘ston bilan Qo‘chqorboev o‘rtasida betaraf turib bo‘lmaydi. Raykom xodimi qoshida direktor ma’lum bir nuqtaga kelishi kerak. Shu «gazet kishi» Qo‘chqorboev bilan hech g‘idi-bidi qilgisi yo‘q-da o‘zi. Buning safsatasi ne-ne kuchlarni harakatga keltirishi mumkin: ko‘r-ko‘rona qiroatxonlikni ish uslubiga aylantirib olganlar ichida Qo‘chqorboev axir yolg‘iz emas-ku. Bu safar ham Qo‘chqorboev muhokamani atay alangalatib yubordi, he, yo‘q-be yo‘q, cho‘ponni «zafarlarimizga tajovuz qilishda» aybladi. Xo‘sh, shundan so‘ng kim unga qarshi chiqa oladi? Lekin qanday bo‘lmasin, vaziyatdan chiqish kerak edi. —Shoshmang, shoshmang, Bo‘ske, siz qizishmang,— dedi direktor va stoldan turib bu yoqqa |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling