Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
86 tushunib turibman. Men ham yashagim keladi. Adam ostonasida turganida odam hayotning qanchalar qimmatli ekanligini anglaydi. Onamga yuragim achiydi. Men uni juda ham yaxshi ko‘raman, bolaligimdan beri yaxshi ko‘raman, lekin buni o‘ziga aytgan emasman. Lekin, nima bo‘lmasin, Rim noyibi, esingda tut: sen bir odamning jonini qutqarishing mumkin edi. Senga buning uchun ming-ming tashakkur. Men esam, ko‘pni xalos etishim, hatto bizdan so‘ng keladiganlarni ham xalos etishim kerak. — Xalos etish deysanmi? Sen yer yuzida bo‘lmasang ham, xalos etasanmi? — Ha, buning uchun jisman odamlar ichida bo‘lishim shart emas. — O’zingdan ko‘r. Bu gapga boshqa qaytmaymiz,— qat’iy qilib dedi Pontiy Pilat yana tavakkal etishlikni istamay.— Ammo oxirgi savolimga javob bersang devdim...— dedi u taxt oldida tik turib qolgancha o‘siq qoshlarini uyub o‘ylanarkan.— Hozir gaplashish senga malol kelmaydimi? — deb so‘radi u bir oz jim qolgandan so‘ng o‘zini Isoga yaqin olib.— Agar og‘irlik qilsa, o‘zingni, mayli, zo‘rlama, men seni ushlab o‘tirmayman. Seni G’ulqofda kutishyapti. — Ixtiyor senda, hukmdor, amringga muntazirman,— deb javob berdi Musohib va hukmdorga tiniq ko‘kko‘zlarini tikdi. Uning nigo-hida aks etgan fikr-hayoli qudratidan prokurator tong qoldi. Go‘yo uni tog‘da o‘lim javri kutmayotganday. — Tashakkur,— deb minnatdorchilik bildirdi Pontiy Pilat kutilmaganda.— Unda mening oxirgi savolimga javob ber. Shuni bilmaguncha tinchimayman. Ozod odamlar kabi ochiq so‘zlashaylik. Men senga bog‘liq emasman. Sen ham butkul erk bo‘sag‘asida turibsan. Demak, ochiq gaplashsak bo‘laveradi,— dedi u o‘z joyiga o‘tirarkan.— Ayt-chi, sen o‘z tarafdorlaringga, shogird - cho‘liqlaringga meni mabodo qatl etsalar, uchinchi kun deganda tirilaman va qutlug‘ bir kunda qayta dunyoga kelaman, barchani, olam yaralgandan beri yorug‘ jahonga mehmon bo‘lgan jamiyki odamlar nasllarini va hatto endi tug‘ilajak avlodlarni qiyomat so‘rog‘iga tutaman, deganmisan? Men sening aqidalaringga ishonmayman. Ammo bu sening olamga ikkinchi bora tashrif buyurishing bo‘larmish. Shundaymi? Iso, gap bu yoqda ekan-da, ana xolos, deganday g‘alati iljaydi. Og‘irligini muzday tosh ustida u oyog‘idan bu oyog‘iga olib, javob bersammikin yoki shart emasmi, degan kabi bir zum sukutga toldi. — Bu havoyi gaplarni Iuda Iskariot aytgandir-da?— so‘radi u kinoya bilan.— Sen bundan juda tashvish chekyapsanmi, hukmdor? — Men Iudaning kimligini bilmayman. Lekin menga zoti bobarakotlar, muhtaram oqsoqollar aytishdi. Demak, bularni bari bekorchi gaplarmi? — Nima deb o‘ylasang, ixtiyoring,— sovuq javob berdi Iso.— Hech kim senga aqlingga to‘g‘ri kelmagan narsani qabul qil, demaydi. — Men hazillashayotganim yo‘q, jiddiy aytyapman,— deb ishontirishga shoshildi hukmdor.— Sen bilan bunday yurakdan gaplashadigan boshqa imkoniyat bo‘lmaydi. Shuning uchun so‘radim. Seni bu yerdan olib ketadilaru so‘ng hech qachon qaytib kelmaysan, axir. Ammo o‘zim uchun bilib olmoqchiman. Tug‘ilmay turib, yana qanday qilib o‘lgandan so‘ng olamga qaytib kelish va tirik jonlarni so‘roqka tutish mumkin? Qaerda bo‘ladi bu so‘roq? Osmondami, yerdami? Abadiy rohat- farog‘at topmoqlik uchun imon keltirganlar seni qancha, uzoq kutishlari kerakmi? Ijozat ber, oldin bu haqdagi o‘z fikrimni aytay? Nimani mo‘ljal qilganingni bilish qiyin emas. Har bir odam narigi dunyoda rohat-farog‘atda, tinchgina bo‘lsam, deydi. Sen shuni nazarda tutgansan. E, bu bebaqo odam, mudom bir narsalarni ta’ma qilib yuradi, mudom nimagadir tashna, och. Mudom uni va’dalar bilan tuzoqqa ilintirish mumkin. Hatto narigi dunyoda ham ular orqangdan itday ergashib boradilar. Ammo, mayli, ey nabiy, sen aytgancha ham bo‘la qolsin, hayot shaming so‘nib tugamoqda, uni faqat ozgina suhbat qilib, cho‘zishga qurbimiz yetadi... — Menga qolsa, cho‘zilmasa ham mayli. — Ammo mening savolimga javob bermay ketmassan, axir. Nazarimda, bunday qilib ketish — o‘limdan ham yomon. — Mayli, so‘ylayver. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling